1-oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni
Xalq ta’limi a’lochisi, jurnalist, shoir va tarjimon G‘ulom Mirzo bilan suhbat
– G‘ulom aka, ustoz va muallimlar haqida so‘z borganda, birinchi navbatda, o‘sha mashhur maqol esga tushadi: “Ustoz – otangdek ulug‘”. Shu iboraning sal boshqacharoq shakli ham bor ekanmi?
– Aslida, bolalik yillarimizda biz kabi tengqurlarning ongu shuuriga ushbu ibora “Ustoz – otangdan ulug‘” degan tarzda o‘rnashib qolgan. Nazarimda, shu mazmunda aytilgani ma’quldek.
– Bu fikringizni qanday izohlab bera olasiz?
– Avvalo, ayni iboraning ma’no-mazmuni bilan bog‘liq mantiqiy izohga to‘xtalaylik. Bu hayoti dunyoda ota o‘z farzandining unib-o‘sishi va kamol topishi uchun hamma narsaga tayyor. Chunki farzand – otaning zurriyodi, ya’ni qondosh bolasi, avlodlarining davomchisi, betobligida labiga suv tomizguvchi, vafot etganida esa hamisha xotirlab va uyidagi chirog‘ini yoqib turguvchi eng yaqin jigargo‘shasidir.
Albatta, ustoz ham shogirdi o‘sib-ulg‘ayishi va ilm-fan, kasb-hunar, mansab-martaba pog‘onalaridan yuksalishi uchun o‘zi to‘plagan bilim va tajriba, ko‘nikma va mahorat, vaqt va sog‘lik – boringki, hech narsasini ayamaydi. Biroq, shogird – ustozning zurriyodi emas. Bu, birinchidan.
Ikkinchidan, ustozning saboq berishi zamirida, har holda, o‘z shogirdi unga bu hayotda farzandidek mehribonlik qilishidan bevosita umidvorlik yotmaydi. Qisqasi, o‘z shogirdlariga aynan otalardek mehribonlik va g‘amxo‘rlik ko‘rsatar ekan, bunda ustozlar asosan xolis, beg‘araz va beta’ma ish tutadi. Shuning uchun ham “Ustoz – otangdan ulug‘” deyilgani bejiz emas.
– Bu iboraning yana boshqacha talqini bormi?
– Albatta, ushbu maqolni shaklidan kelib chiqib ham izohlasa bo‘ladi. Maqolning Siz keltirgan shaklida “otangdek” so‘zi, e’tibor bering, boshqa shaklda “otangdan” degan tarzda qo‘llangan. Qaysi biri to‘g‘ri, deb anchadan buyon ko‘pchilikning boshi qotadi.
Gap shundaki, maqolning birinchi shakli tarafdorlari, odatda, inson hayotida otaning maqomi ustozlar maqomiga nisbatan yuqoriligi uchun “Ustoz – otangdek ulug‘” tarzida qo‘llanishi maqsadga muvofiq, deb hisoblaydilar. Sodda qilib aytganda, maqolning aynan shu shakli qo‘llanganda ustozning maqomi yuksaladi, otaning maqomi esa pasaymaydi, degan qarash bor bu yerda.
Maqolning ikkinchi shakli tarafdorlari fikricha esa, “Ustoz – otangdan ulug‘” degan ibora o‘z mazmuniga ko‘ra, bir tomondan, shunday begidir ustozlarni ulug‘lashga chorlasa, ikkinchi tomondan, otalarning ulug‘ligi har qanday shubhadan xoliligini ta’kidlaydi. Chunki, mohiyatan olib qaraganda, ustoz va otaning qadri birdek ulug‘lanmoqda. O‘zbek tilining jumla tuzish qoidasi taqozosi bu.
Keling misol keltiramiz. Masalan, agar men “G‘ururim – tog‘dan baland”, desam, bu ibora bo‘y-basti ikki metrga yetmaydigan insonning g‘ururi necha ming metrlik tog‘dan ko‘ra balandlab ketibdi, degan ma’noni bermaydi-ku? Aksincha, “g‘urur” tuyg‘usiga tog‘larga xos bo‘lgan viqor va buyuklik mahobati baxsh etiladi.
Atoqli shoir G‘afur G‘ulomning bir she’rida “Kelajak siznikidir, ishonchim tog‘dan baland”, degan misra bor. Ijodkor she’riy san’atning mubolag‘a usulini qo‘llagan holda, o‘z ishonchini tog‘lardan ham baland deb ta’riflagan. Bunda, shubhasiz, ishonchning purviqorligi ta’kidlangan, lekin purviqor tog‘lar “pasaytirib” qo‘yilmagan, aslo.
– Zamon va muallim mavzusida qanday fikr-mulohazalar bildirishingiz mumkin?
– Yaqinda "Sharq hikoyat va rivoyatlari" kitobida shu mavzuga hamohang bir rivoyat o‘qidim. Qisqaligi uchun uni to‘liq keltiraman:
“Mirzo Ulug‘bekdan so‘radilar:
– Siz nega siyosatni qo‘yib, ilm bilan mashg‘ul bo‘ldingiz?
Mirzo javob berdilarki:
– Men ilmning qudratini bobomdan bildim. Bir safar men bobomning tizzasida o‘tirar edim, shu payt huzuriga bir kishi kirdi, bobom shoshib uning istiqboliga o‘rnidan turdi – men tizzasidan tushib ketdim. Keyin bilsam, u zot olim ekan, bobomning piri komili ekan. Ilmning obro‘-nufuzini men ana o‘shanda ko‘rdim”.
Ushbu ixchamgina rivoyat avvalambor Amir Temur bobomizga nisbatan go‘yoki “savodsiz bo‘lgan, kitob o‘qimagan, ustoz ko‘rmagan, ilmni qadrlamagan” qabilidagi bo‘htonlarni inkor etishi bilan e’tiborlidir. Yanada muhimi, olimu fozillarning hurmat-izzatini joyiga qo‘yganligi ulug‘ Sohibqiron ajdodimiz ham o‘z ustozu muallimlaridan yaxshi ta’lim-tarbiya olganligini ko‘rsatadi.
O‘z navbatida, ana shu buyuk bobokalonimiz asos solgan Temuriylar davri Renessansi butun dunyo ilm-fani va ma’rifati ravnaqiga nechog‘lik salmoqli hissa qo‘shganligini bir chamalab boqing!
– Yaqin tarixdan ham muallim maqomini ulug‘laydigan shunga o‘xshash misollar keltirsa bo‘ladimi?
– Ustozimiz akademik Akmal Saidov o‘zining “G‘alaba bog‘i falsafasi” nomli muhtasham kitobida Ikkinchi jahon urushi davrida fashistlar istilo qilgan Gollandiyaga maxsus poyezdda olib kelingan 101 nafar o‘zbek askarining asirlikdagi achchiq qismati haqida niderlandiyalik mashhur jurnalist Remko Reyding tadqiqotlariga asoslangan qiziqarli tarixiy ma’lumotlarni qayd etgan. Ushbu harbiy asirlar Moskvaga boshlanadigan hujum oldidan fashist armiyasining ruhini ko‘tarishga qaratilgan "targ‘ibot filmi"da "jonli va ta’sirchan rol" o‘ynab berishlari kerak bo‘lgan.
Fashistlarning fikricha, "inson qatorida ko‘rilmaydigan", lagerdagi "sharoitlar" tufayli esa odamiylik qiyofasini ham yo‘qotayozgan och-nahor va xastahol asirlar o‘zaro non talashib, kinobop tomosha ko‘rsatishlari kerak edi. Bu, o‘z navbatida, Gitlerning nemislar – oliy irq, boshqa millatlarda esa insoniylikka xos zig‘ircha ham xislat yo‘q, degan manfur g‘oyasini tasdiqlab berardi.
Ammo ushbu qabih reja amalga oshmagan. Kitobning aynan o‘sha joyidan mazkur lavhalarni keltiramiz:
“Atrofga jimjitlik cho‘kadi. Bir muddatdan keyin asirlardan biri yerda yotgan nonni qo‘liga olib, uch marta o‘padi va ko‘ziga surtadi. So‘ngra nonni keng davrada chordona qurib o‘tirgan o‘zbek asirlarning yoshi ulug‘iga – muallimga olib boradi. Muallim nonni bo‘laklab, dastlabki ushog‘ini eng kichik yoshli mahbusga uzatadi.
Shu tariqa non bo‘laklari hammaga teng taqsimlanadi. Muallim oxirgi bo‘lakni o‘ziga oladi. O‘zbek birodarlarimiz shoshmasdan, hovliqmasdan, odob saqlab, birin-keyin navbat bilan rizqlanishadi. Oxirida Xudoning ne’mati uchun shukronalik fotihasi o‘qilgach, ular tarqalishadi.
Bunday kutilmagan ssenariy fashistlar taxmin qilgandek yakun topmaydi. Oqibatda yurtdoshlarimiz juda qattiq jazolanadi. O‘zbek asirlarning hammasini o‘rmonga olib borib, otib tashlashadi”.
Ko‘rayapsizmi, o‘shanda muallim, ha, aynan muallim millatimizning matonati va jasoratini, xalqimizning mehribonligi va ulug‘vorligini amalda baralla namoyon etgan. Ya’ni, ustoz muallimlar har qanday razolat va qabohat zamonlarida ham ma’rifat nurini taratishdan to‘xtamaydilar.
– Sizning ta’lim va tahsil yillaringiz sobiq sho‘rolar zamoniga to‘g‘ri kelgan. O‘sha mustamlaka davrda ta’lim-tarbiya bergan ustozu muallimlar haqida qanday fikrdasiz?
– Xalqimizda shunday maqol bor: “Bir o‘zing dono bo‘lguncha, ko‘p bilan devona bo‘l”. Yanada aniq qilib aytganda, sho‘rolar zamonida sho‘rocha siyosatga zid ta’lim-tarbiya berish mumkin bo‘lmagan. Qanchadan-qancha o‘qituvchilar o‘sha zamonning siyosatiga ko‘r-ko‘rona ishongani, boz ustiga boshqalarni ham bunga ishontirish uchun ta’lim-tarbiya va targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borgani faktidan ko‘z yumib bo‘lmaydi, albatta.
Ayni chog‘da, “yaltiroq siyosat” o‘ramining tagidagi “qaltiroq hayot” haqiqatlarini ko‘rib-bilib turgan haqiqiy muallimlar ham kam bo‘lmagan. Aytaylik, 1949-yili ota-bobom GULAG lagerlariga hukm qilingach, oilamiz “xalq dushmanlari” sifatida qanday qiyinchiliklarga duchor bo‘lgani haqida “Ey, darvesh” nomli qissamda yozganman.
Lekin shunday qaltis vaziyatga qaramay ota-onamning yetti farzandidan besh nafari oliy ma’lumot olishga erishgan. Yana deng, ikki nafarimiz sho‘rolar zamonining eng mo‘tabar oliy o‘quv yurtlari – Toshkent davlat va Samarqand davlat universitetlarida tahsil olganmiz.
Agar o‘sha zamonaning zayliga uchib, hamma o‘qituvchi va muallimlar “salla deganda, kallani olib keladigan” tarzda ish tutganida shunday natija bo‘larmidi? Yo‘q. Aksincha, biz “xalq dushmanlari”ning bolalari sifatida bilimsiz – hech kim bo‘lib qolardik.
– O‘z hayotingizda uchragan fidoyi muallimlardan birontasi bilan bog‘liq xotiralaringiz haqida so‘zlab bera olasizmi?
– Esimda, 1979-yil 7-sentyabr kuni qishloq maktabining 9-sinf o‘quvchilari safida paxta-yig‘im terimiga safarbar etilgandik. O‘sha zamonda darslarni o‘zlashtirishda no‘noq va xulq-atvori namunali bo‘lmagan o‘g‘il bolalar 8-yillik o‘rta maktab ta’limidan so‘ng tumandagi SPTU, ya’ni Qishloq professional-texnika bilim yurtiga o‘qishga yuborilardi.
SPTUda kasb-hunar egallash o‘rniga xulqi badtar buzilgan o‘smirlar, oqibatda, ko‘chadagi bezorilar safiga qo‘shilgan. Shuning uchun aksariyat ota-onalar bolalarining o‘sha nomaqbul bilim yurtiga yuborilishiga yo‘l qo‘yishmaydi. Natijada terim mavsumi boshlangach, SPTU nomidan nihoyatda kam miqdorda paxta topshirilayotgani ayon bo‘ladi. Sobiq kompartiyaning mahalliy faollari bu muammoni hal qilish uchun tezda tumandagi maktablardan tengqurlarimizni yana majburan SPTUga “safarbar” qila boshlaydi.
O‘shanda biz 9B-sinfda yetti nafar o‘g‘il va 11 nafar qiz bola o‘qirdik. Yigitlarning hammasini SPTUga olib ketadigan bo‘lishdi. Biz e’tiroz bildirdik, to‘g‘rirog‘i, “sinfkom” bo‘lganim va sinfdoshlarim iltimos qilganlari uchun hammaning nomidan men gapirdim. O‘n yillik maktabni bitirib, oliy o‘quv yurtiga kirish, so‘ngra yetuk kasb sohiblari bo‘lish orzularimiz haqida va hokazo. Shundan keyin menga, oilamizga tazyiq boshlandi.
Ana shunday qaltis paytda otam ishlaydigan brigada dalasida paxta terayotgan shahar maktabi 9-sinf o‘quvchilarining sinf rahbari Rajab muallim To‘ychiyev jonimga ora kirganlar. Ustoz meni o‘z sinfiga qabul qilish uchun maktab direktori, hatto tuman xalq ta’limi bo‘limi rahbariyati bilan o‘zi muzokara olib borgan va masalani ijobiy hal qilgan. Qishloq maktabimiz rahbariyati bilan ham Rajab muallim shunday gaplashganlarki, natijada hech qanday muammo tug‘ilmagan.
Kamina paxta yig‘im-terimi tugaganidan keyin shahar maktabiga qatnab, 9-10-sinflar tahsilini olgan. E’tibor bering: qishloqdagi maktabim – hovlimizdan atigi 150 metr masofada joylashgan bo‘lsa, shahardagi maktab – uyimizdan naq 15 km olisda edi. Kuniga 30 km masofali borib-kelish yo‘lni bir yil davomida velosipedda qatnadim, ba’zan – o‘ta yog‘in-sochin kunlarda muallimning uyida yotib qolardim. Keyinchalik otam mototsikl olib berdilar.
Eng asosiysi, muallimim Rajab To‘ychiyev rahmatlik sharofati bilan adolat va haqiqatga sadoqat ruhida ta’lim-tarbiya topdim. Aynan o‘sha olis maktabdagi sinfdoshlarim tahririyatga yetaklab borgach, o‘quvchilik yillarimdayoq tuman gazetasida she’rlarim e’lon qilina boshladi.
– O‘sha muallimingiz hayoti va faoliyati haqida batafsilroq bilishni istardik.
– Rajab ota To‘ychiyev 1930-yili tug‘ilib, 2017-yili 87 yoshda vafot etgan. Ustozdan 7 farzand – 2 o‘g‘il va 5 qiz qolgan. Butun umr Qashqadaryo viloyati, Qarshi tumani Beshkent shaharchasining Oybek nomidagi 12-maktabida geografiya fani o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan.
Bilasizmi, Rajab muallim nainki geografiya o‘qituvchisi, ayni chog‘da, o‘z maktabi va shaharchasining qoyilmaqom diplomati ham edi. Ushbu fikrlarimni qadrli muallimim paxta terimi davrida brigada rahbariyati va maktab ma’muriyati o‘rtasida o‘ziga xos elchilik vazifasini bajarganligi bilan bog‘liq hayot haqiqatlari yaqqol isbotlaydi.
Bu haqda otam rahmatlik so‘zlab bergandilar. Ayonki, shaharda tug‘ilib-o‘sgan bolalar paxta terishda qishloq bolalariga nisbatan anchayin no‘noq bo‘ladi. Oqibatda talab etilgan mo‘ljalga yeta olmagan shaharlik shovvoz yigitlar paxtani o‘qariqdagi suvga obdan ho‘llab yoki unga loy va tuproq qo‘shib, vaznni oshirish harakatiga tushadi.
Tarozibon bunday qing‘irlikni darhol payqaydi. Qitmirlar tergan hosildan kamida 5-7 kg paxta qirqib, ya’ni o‘chirib tashlanadi. Rajab muallim tarozibonlar bilan tortishib, har gal bu ishga birinchi marta aralashib qolgan o‘quvchilarini qutqazib qolish payida bo‘ladi. Bu – Rajab muallim To‘ychiyev diplomatik himoya yo‘lining birinchi bosqichi, desam, ishoning.
Keyingi bosqichda muallim tegishli brigada, kerak bo‘lsa, jamoa xo‘jaligi rahbariyati bilan muzokara olib borib, tergan paxtasiga suv yoki kesak qo‘shilganligi uchun shunga qo‘l urgan o‘quvchidan 5 kilogacha ko‘rsatkichi hisobga olinmagani o‘rinsizligini isbotlab beradi. Tonggacha bahs-munozara qilsa ham, o‘quvchilarining o‘sha “o‘chirilgan” kilogramlarini qaytarib oladi va ehtiyojmand oilalarning terim ko‘rsatkichi eng kam bo‘lgan farzandlari hisobiga yozdiradi...
– Ustozlarga bayram tilaklaringizni aytish dami yetdi.
– Fursatdan foydalanib, o‘zim ta’lim va tahsil olgan maktablar, hozirgi Milliy Universitet, Prezident Akademiyasidagi barcha o‘qituvchi va muallimlarimni, hayotim yo‘llarida zarur saboqlarni beribgina qolmay, balki hamisha ma’nan qo‘llab-quvvatlagan aziz ustozlarimni O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan chin qalbimdan tabriklayman!
Foniy dunyodan boqiy dunyoga o‘tgan mehribon muallimlarimizning oxiratlari obod bo‘lishini Yaratgandan tilab qolaman. Omin.
Saidakmal Mamasoliyev suhbatlashdi
- Qo'shildi: 30.09.2024
- Ko'rishlar: 839
- Chop etish