Bugungi kunda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida demokratik yangilanishlar yo‘lidan dadil odimlayotgan Yangi O‘zbekistonning eng ulug‘ maqsadi, avvalo, xalqimizni rozi qilish, inson qadrini ta’minlashga qaratilgani bilan e’tiborlidir.
Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasi va qonunlari, Taraqqiyot strategiyasi hamda “O‘zbekiston-2030” strategiyasi asosida yurtimizda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan shiddatli islohotlarga hamohang tarzda faoliyat yuritayotgan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi ham shu kabi ezgu ishlarni amalga oshirishga kamarbastalik qilib kelmoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi 1996-yil 31-oktyabrda tashkil etilgan bo‘lib, bugun ushbu muhim sanaga roppa-rosa 28-yil to‘ldi. O‘tgan davrda O‘zbekiston Prezidentining tegishli farmon va qarorlari hamda Hukumatning bir necha qarori bilan Milliy markaz faoliyatining muayyan sohalari izchil rivojlantirib borilmoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining tashkil etilishi va shakllantirilishida BMTning Inson huquqlari va boshqaruv tizimini demokratlashtirishni qo‘llab-quvvatlash dasturi ham muhim ahamiyatga ega.
O‘z navbatida, 2018-yil 10-dekabrda – Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 70-yilligi nishonlangan kunda davlatimiz rahbari “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Ushbu qaror inson huquqlariga doir ma’ruzalarni tayyorlash bo‘yicha milliy mexanizmlarni mustahkamlash hamda kelgusida ularning faoliyatini amalga oshirish borasida BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissarining chaqirig‘iga munosib javob bo‘ldi.
Eng muhimi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 10-dekabrdagi qaroriga muvofiq, Milliy markazning maqomi tubdan oshirildi, vakolat va faoliyat ko‘lami yanada kengaytirildi. Milliy markaz Nizomi va shtatlar jadvali qayta tasdiqlandi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi inson huquqlari sohasidagi davlat siyosatini samarali amalga oshirish doirasida O‘zbekistonning ushbu sohadagi xalqaro majburiyatlarining bajarilishi bo‘yicha davlat organlari bilan hamkorlik qilib va ularning bu boradagi faoliyatiga yaqindan ko‘maklashib kelmoqda.
Shuningdek, Milliy markaz inson huquqlarini himoya qilish va amalga oshirish masalalari bo‘yicha davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ta’lim, ilmiy-tadqiqot muassasalari va boshqa tashkilotlarga maslahat beradi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik munosabatlarida 2018-yilga qadar aniq tizim mavjud emasdi. Endilikda O‘zbekiston Prezidentining 2018-yil 10-dekabrdagi qaroriga muvofiq:
birinchidan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi inson huquqlari sohasidagi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarini bajarish bo‘yicha davlat organlari va boshqa tashkilotlarning o‘zaro hamkorligini, milliy ma’ruzalar tayyorlanishini, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirishni ta’minlovchi davlat organi hisoblanadi;
ikkinchidan, Milliy markaz o‘z vakolatlarini barcha davlat organlari va tashkilotlar, ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda amalga oshiradi;
uchinchidan, Milliy markaz har yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga inson huquqlari sohasidagi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi holati to‘g‘risida axborot taqdim etadi;
to‘rtinchidan, Milliy markaz davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ta’lim, ilmiy-tadqiqot va boshqa tashkilotlarning faoliyatiga inson huquqlari sohasidagi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarini bajarish masalalari bo‘yicha ko‘maklashadi;
beshinchidan, inson huquqlarini himoya qilish sohasida davlat organlari, shu jumladan, sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri – inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarni bajarishda faol va bevosita ishtirok etish, idoralararo hamkorlik qilish hisoblanadi.
Shuni ham ta’kidlash kerakki, 2022-yil 25-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatining moddiy-texnika ta’minotini yanada yaxshilash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qarorga ko‘ra, Milliy markaz tarkibida Inson huquqlari bo‘yicha axborot-kutubxona markazi – “Inson huquqlari uyi” tashkil etildi.
Milliy markazga qo‘shimcha asosiy vazifalar ham yuklatildi. Bu o‘rinda, jumladan, inson huquqlari sohasida ilmiy-huquqiy bazani tizimlashtirish; inson huquqlarini ta’minlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning xronologiyasini yuritish; fuqarolar va ilmiy tadqiqotchilarga inson huquqlari bo‘yicha tizimlashgan ilmiy-huquqiy manbalardan foydalanish uchun keng imkoniyatlar yaratish haqida so‘z bormoqda.
Bugungi kunda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi:
- inson huquqlari sohasidagi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarini bajarish bo‘yicha davlat organlari va boshqa tashkilotlarning o‘zaro hamkorligini;
- milliy ma’ruzalar tayyorlanishini;
- inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirishni ta’minlovchi davlat organidir.
Milliy markaz o‘z vakolatlarini barcha davlat organlari va tashkilotlar, ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda amalga oshiradi.
O‘zbekistonda inson huquqlari sohasidagi davlat siyosatining samarali amalga oshirilishida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi o‘z o‘rni va ahamiyatiga ega. Ayniqsa, keyingi yillarda Milliy markazning bu boradagi muvofiqlashtiruvchilik faoliyati doirasi yanada kengaydi.
Bu o‘rinda mustaqillikning o‘tgan davri mobaynida O‘zbekistonda inson huquqlari sohasini rivojlantirishning idoraviy dasturlari muntazam ishlab chiqilgani va qabul qilingani holda, bu borada davlatning strategik dasturiy hujjatini tasdiqlash tajribasi kuzatilmaganini ochiq aytish lozim. Shu ma’noda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 22-iyundagi Farmoni bilan tasdiqlangan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi ulkan ahamiyatga ega bo‘ldi.
BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi ekspertlari ishtirokida ishlab chiqilgan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish mexanizmini takomillashtirish va inson huquqlari madaniyatini shakllantirishda katta ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu hujjatda inson huquqlari masalasiga tizimli yondashish va mavjud bo‘shliqlarni, kamchiliklarni bartaraf etish ochiq-oydin ko‘rsatilgan.
O‘zbekistonda inson huquqlariga rioya etish va ularni himoya qilish bo‘yicha milliy ma’ruzalar tayyorlash, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy tuzilmalarning tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha milliy harakat rejalarini («yo‘l xaritalari»ni) ishlab chiqish Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining eng asosiy vazifalari qatoriga kiradi. Bunday milliy ma’ruzalar 1999-yildan buyon tayyorlanmoqda va muntazam ravishda tegishli xalqaro tashkilotlarga yuborilmoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish, inson huquqlari sohasidagi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini milliy qonunchilikka va huquqni qo‘llash amaliyotiga implementatsiya qilishni ta’minlash bo‘yicha takliflar tayyorlab, tegishli tartibda taqdim etib kelmoqda.
Istiqlol yillarida mamlakatimizda inson huquqlarining xalqaro standartlarini milliy qonunchilikka va huquqni qo‘llash amaliyotiga tizimli va bosqichma-bosqich tatbiq etishning o‘z modeli shakllantirildi. Bu haqda so‘z borganda, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi normalari Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qoidalariga to‘la mos kelishini ta’kidlash lozim.
Keyingi davrda Milliy markazning qonun loyihalarini tayyorlashda ishtirok etish ko‘lami yanada kengaydi. Ayniqsa, inson huquqlari sohasidagi xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilish va ularning normalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
So‘nggi yillarda inson huquqlari sohasidagi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlari bajarilishini ta’minlash bo‘yicha kompleks choralar qabul qilindi. Natijada mamlakatimizda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka va huquqni qo‘llash amaliyotiga tizimli va bosqichma-bosqich implementatsiya qilishning o‘zbek modeli shakllandi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan mamlakatimizning turli davlat va nodavlat tashkilotlari o‘rtasida izchil hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan. Bundan tashqari, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy tuzilmalarning tavsiyalariga izchil amal qilinmoqda.
Istiqlol sharofati bilan mamlakatimizda inson huquqlari masalalari bilan shug‘ullanuvchi milliy institutlar tizimiga asos solindi. Mustaqillikning 33-yili davomida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Bolalar ombudsmani, Biznes-ombudsman kabi inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Milliy markaz aholining huquqiy savodxonligini oshirishga ko‘maklashish, inson huquqlariga rioya qilish masalalari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni tashkil etishga alohida e’tibor qaratmoqda. Milliy markaz huzurida inson huquqlari bo‘yicha ommaviy kutubxona tashkil etilgan. U inson huquqlari sohasidagi noyob adabiyotlarni o‘zida jamlagan Markaziy Osiyo mintaqasidagi yagona kutubxona hisoblanadi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatida, umuman, mamlakatimizda inson huquqlari sohasidagi yutuqlari uchun rag‘batlantirishni ko‘zda tutadigan alohida mukofot mustaqillikning o‘tgan 25-yili davomida mavjud emasdi. O‘zbekiston Prezidentining tashabbusi bilan 2018-yil 10-dekabrda “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni ta’sis etildi.
Endilikda har yili 10-dekabr – Xalqaro inson huquqlari kunida “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni sovrindorlari Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan tantanali ravishda taqdirlab borilmoqda.
E’tibor bering: har 5-yilda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi e’lon qilingan kun – 10-dekabrda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha mukofotini topshirish marosimi bo‘lib o‘tadi. Ushbu mukofot 1966-yilda Inson huquqlarini himoya qilishga ulkan hissa qo‘shgan insonlarni taqdirlash uchun tashkil etilgan. Binobarin, O‘zbekiston ham inson huquqlari bo‘yicha o‘z milliy mukofoti bilan har yili munosib sovrindorlarni taqdirlamoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 31.10.2024
- Ko'rishlar: 1024
- Chop etish