09.11.2024. Kasaba uyushmasi – fuqarolarning o‘z faoliyati yoki o‘qishi turi bo‘yicha umumiy kasbiy manfaatlari bilan bog‘liq bo‘lgan, ularning mehnatga oid, boshqa ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini ifodalash hamda himoya qilish maqsadida tuziladigan, o‘z ustavi asosida faoliyat ko‘rsatadigan ixtiyoriy jamoat birlashmasidir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev 2020-yilda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining sakkizinchi qurultoyi ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida kasaba uyushmalari tizimida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilganini, mehnat jamoalarida xodimlarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash ishlari yangi bosqichga ko‘tarilganini, mamlakatimizdagi eng yirik fuqarolik instituti bo‘lgan kasaba uyushmalarining o‘rni va roli oshib borayotganini alohida e’tirof etib, mustaqil davlatimiz tarixida ilk bor 11-noyabrni – “Kasaba uyushmalari kuni” etib belgilash taklifini bildirgan edi.
2020-yilning 23-noyabrida O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston kasaba uyushmalari kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilinib, 11-noyabr – Kasaba uyushmalari kuni etib belgilandi. O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi 6 milliondan ortiq a’zoni o‘z ichiga olgan 14 tarmoq kasaba uyushmasi tarkibida 35 mingdan ortiq boshlang‘ich tashkilotni, jumladan, 3 millionga yaqik nafar xotin-qiz va 2 million nafardan ortiq 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarni birlashtirgan.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda ishtirok etish huquqining O‘zbekiston Respublikasining “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi qonunida mustahkamlab qo‘yilganligi mehnatga oid va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy masalalarga doir ushbu organning tashabbuskorlik faoliyatini rag‘batlantiribgina qolmasdan, balki sohaga daxldor normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilinishida davlat organlari bilan muzokaralar olib borish uchun imkoniyatlarini yanada kengaytirdi.
Qonunning maqsadi fuqarolarning kasaba uyushmalariga birlashish huquqini amalga oshirish, shuningdek, kasaba uyushmalarini tuzish va ularning faoliyatini tashkil etish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iboratdir. Yana bir jihat, Qonunda kasaba uyushmalari faoliyatining asosiy prinsiplari belgilangan. Bular: qonuniylik, ixtiyoriylik, kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik, mustaqillik va o‘zini o‘zi boshqarish, teng huquqlilik, oshkoralik va ochiqlikdir. Kasaba uyushmalari o‘z faoliyatida, shu jumladan moliyaviy faoliyatida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlaridan mustaqildir, ular oldida hisobdor emas hamda ular tomonidan nazorat qilinmaydi.
Shuni qayd etish lozimki, hozirgi kunda kasaba uyushmalarining mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o‘rni va ta’siri tobora ortib bormoqda. Buning sababi, eng avvalo, tashkilotning xalq ichiga chuqur kirib borayotgani, odamlarning og‘irini yengil qilish, el-yurt xizmatiga kamarbasta bo‘lishini o‘zining ustuvor vazifasi sifatida belgilab olganidadir.
Mamlakatimizdagi kasaba uyushmalari fuqarolik jamiyati instituti sifatida demokratlashtirishdagi muhim vazifalardan biri – bu xalqaro tajribalardan kelib chiqib, mehnat jamoalaridagi boshlang‘ich kasaba uyushmalarining tashkiliy va ijtimoiy himoyaga taalluqli faoliyatini yuksaltirish, ijtimoiy sherikchilikda ham ularning hal qiluvchilik rolini ko‘tarish, ularni mustaqil tashkilot sifatidagi maqomini ta’minlash, shuningdek, tarmoqlar kasaba uyushmalari atrofiga jipslashtirish fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga muhim e’tibor berishdir.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada davlat qurilishining yangi strategik maqsadi – ijtimoiy davlat qurish, ijtimoiy adolat va birdamlik prinsiplarini joriy etish, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish kabi mutlaqo yangi mexanizmlarini nazarda tutuvchi konstitutsiyaviy asoslar mustahkamlandi. Xususan, Konstitutsiyaning 73-moddasida “Kasaba uyushmalari xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini va manfaatlarini ifoda etadilar va himoya qiladilar. Kasaba uyushmalariga a’zo bo‘lish ixtiyoriydir” – deb mustahkamlab qo‘yilgan.
Mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolar, shuningdek o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida ta’lim olayotgan, o‘n besh yoshga to‘lgan shaxslar hech qanday tafovutsiz o‘z tanloviga ko‘ra va oldindan ruxsat olmay turib, ixtiyoriy ravishda kasaba uyushmalarini tuzish huquqiga, shuningdek kasaba uyushmalariga ularning ustavlariga rioya etish sharti bilan a’zo bo‘lish huquqiga egadir.
Fuqarolarning kasaba uyushmalariga birlashishga bo‘lgan huquqini amalga oshirishga to‘sqinlik qilishga, shuningdek ularni kasaba uyushmasiga a’zo bo‘lishga yoki a’zolikdan chiqishga majburlashga yo‘l qo‘yilmaydi. Davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari, ish beruvchilar kasaba uyushmalarining, ular birlashmalarining huquqlariga rioya etilishini ta’minlaydi. Kasaba uyushmalarining, ular birlashmalarining faoliyatiga aralashishga, shu jumladan ularning faoliyati to‘g‘risida biror-bir hujjat taqdim etishni talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Kasaba uyushmalari o‘z a’zolarining mehnat huquqlarini himoya qilish va, ayniqsa, ish bilan ta’minlash borasidagi davlat siyosatini ishlab chiqishda ishtirok etishi, ish beruvchilar tomonidan mehnat va sohaga taalluqli qonun hujjatlari normalariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishi, shuningdek, xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilib sudga da’vo arizasi bilan, zarur hollarda sud buyrug‘ini chiqarish to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat qilish huquqining belgilanganligi ahamiyatlidir.
Iqtisodiy islohotlar va bozor munosabatlari sharoitida Kasaba uyushmalarini tashkiliy jihatdan mustahkamlash, kuch va mablag‘larni birlashtirishga ehtiyoj kuchaydi. Endilikda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi o‘z faoliyatini ijtimoiy sherikchilik asosiga qurmoqda va hukumat, vazirliklar, idoralar va viloyat hokimliklari bilan ikki tomonlama hududiy va tarmoq bitimlari tuza boshladi. Mehnatga layoqatli aholini ish bilan ta’minlash, ishsizlikni oldini olish, mehnatkashlarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish, mehnatkashlar va ularning oila a’zolarini sog‘lomlashtirish masalalari bilan shug‘ullanish Kasaba uyushmalari faoliyatining eng muhim yo‘nalishlari bo‘lib qoldi.
Bugungi kunda mehnatkashlarimiz qalbida shukronalik tuyg‘usi kundan kunga oshmoqda. Kasaba uyushmalari olib borayotgan har bir ish va harakatlar zamirida har bir mehnatkash uchun munosib mehnat sharoitini yaratish, oilasi va farzandini kelajagini ta’minlashda ko‘maklashish, ma’naviy jihatdan sog‘lomligi hamda baxtu-saodatini mujassamlashtirishga yo‘naltirilgan.
Xulosa qilib aytish mumkinki, inson qadri yo‘lida amalga oshirilayotgan ulkan ishlar davlatimiz va jamiyatimizni taraqqiyotning mutlaqo yangi bosqichiga olib chiqdi. Yangi O‘zbekistonning bu boradagi yutuqlari bugun xalqaro miqyosda ham tan olinib, yuksak baholanyapti. Tabiiyki, olib borilayotgan yangilanish va o‘zgarishlarda kasaba uyushmalari ham faol ishtirok etib, islohotlarni qo‘llab-quvvatlagan holda turli soha xodimlarining ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari hamda mehnat sohasidagi huquqlarini himoyalash borasida xizmat qilmoqda.
Dilafruz Umarova
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi xodimi
- Qo'shildi: 11.11.2024
- Ko'rishlar: 626
- Chop etish