20-noyabr – Butunjahon bolalar kuni
Bugun Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qabul qilinganiga ham roppa-rosa 35-yil to‘ldi. Ushbu Konvensiya BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1989-yil 20-noyabrda qabul qilingan va 1990-yil sentyabrida kuchga kirgan. Hozirgi vaqtda 196 ta davlat mazkur Konvensiya ishtirokchilari hisoblanadi.
O‘zbekiston BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasiga 1992-yil 9-dekabrda qo‘shilgan. Ya’ni, mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan so‘ng birinchi bo‘lib inson huquqlari sohasidagi konvensiyalar ichida aynan ushbu xalqaro hujjatni ratifikatsiya qilgan.
Binobarin, aholisining qariyb 40 foizini bolalar va yoshlar tashkil etadigan yurtimizda bola huquqlarini ta’minlash prinsipial ahamiyatga ega. Shu ma’noda, 20-noyabr – Butunjahon bolalar kuni arafasida ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ushbu mavzuning nozik jihatlariga yana bir bor jamoatchilik e’tiborini qaratgani bejiz emas.
“Bugungi kunda imkoniyati cheklangan bolalarning aksariyati ijtimoiy muhitdan ajralgan holda ta’lim olmoqda. Ularning umumta’lim maktablariga qatnashi uchun to‘siqsiz muhit va zarur sharoit yaratiladi, maxsus pedagog va psixologlar jalb qilinadi”. Bu fikrlar Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2024-yil 19-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining birinchi yalpi majlisida so‘zlagan nutqida aytildi.
Davlatimiz rahbari jamiyatimizda bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlari uchrab turganidan tashvish bildirar ekan, madaniyatimizga xos bo‘lmagan bunday illatlarga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lishimiz va ayovsiz kurashishimiz shartligini ta’kidladi. Bu masala shaxsan Prezident nazoratida bo‘ladi, dedi O‘zbekiston rahbari.
Yaqinda bolaning hayoti, sog‘lig‘i, sha’ni va qadr qimmatiga tajovuz qiladigan, jismoniy va ruhiy azob yetkazishi mumkin bo‘lgan barcha holatlarda davlat tomonidan tegishli huquqiy va ijtimoiy choralar ko‘rilishi qonun bilan mustahkamlab qo‘yilgani bejiz emas. Shu munosabat bilan prokuratura organlari zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha ta’sirchan choralarni yanada kuchaytirishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Bu o‘rinda 2024-yil 14-noyabrda qabul qilingan va 2025-yil 15-maydan kuchga kiradigan «Bolalarni barcha turdagi zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun haqida so‘z bormoqda. Ushbu qonunga ko‘ra, bolaning hayoti, sog‘lig‘i, jinsiy daxlsizligi, sha’ni, qadr-qimmati hamda qonun bilan himoyalanadigan boshqa huquq va erkinliklariga tajovuz qiladigan, jismoniy yoki ruhiy azob yetkazayotgan yoki yetkazishi mumkin bo‘lgan va uning asosiy ehtiyojlariga zid bo‘lgan harakatlar yoki harakatsizlik, shu jumladan, internetdan foydalangan holda sodir etilgan harakatlar (harakatsizlik) bolalarga nisbatan zo‘ravonlik deb e’tirof etiladi.
Yangi qonunda zo‘ravonlik turlari aniq belgilab berildi. Xususan:
Jismoniy zo‘ravonlik — bolalarga turli darajadagi tan jarohatlarini yetkazish, ularni xavf ostida qoldirish, hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfli ahvolda bo‘lgan bolalarga yordam ko‘rsatmaslik.
Jinsiy zo‘ravonlik — bolaga nisbatan shahvoniy xususiyatga ega bo‘lgan harakatlar qilish orqali uning jinsiy daxlsizligiga tajovuz qilish, shu jumladan:
- nomusga tegish;
- jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish;
- jinsiy aloqa qilishga majburlash;
- 16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish;
- voyaga yetmagan shaxsni pornografik xususiyatga ega bo‘lgan harakatlarga ijrochi sifatida jalb qilish;
- voyaga yetmagan shaxsni jalb qilgan holda qo‘shmachilik qilish, fohishaxonalar tashkil etish yoxud unga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etish;
- aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yoxud bolaning ojizligidan foydalangan holda shahvoniy xususiyatga ega harakatlarni sodir etish;
- shahvoniy shilqimlik, shuningdek, qonunda taqiqlangan, shahvoniy xususiyatga ega bo‘lgan har qanday boshqa jinsiy harakatlar.
Ruhiy zo‘ravonlik — bolalarni haqoratlash, ularga tuhmat qilish, tahdid qilish, ularning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish, ularni tahqirlash, shuningdek, bolalarning asosiy ehtiyojlarini cheklashga qaratilgan boshqa harakatlarda ifodalangan zo‘ravonlik shakli, shu jumladan zo‘ravonlikdan jabrlanuvchida o‘z xavfsizligidan xavotir uyg‘otadigan, o‘zini himoya qila olmasligiga olib keladigan yoki ruhiy salomatligiga zarar yetkazadigan harakatlar (harakatsizlik).
G‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik — zarur imkoniyatlarga, bilim va ko‘nikmalarga, shu jumladan, buning uchun tegishli xizmatlardan (davlat, tibbiy, ta’lim, ijtimoiy va boshqa xizmatlardan) foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lgan ota-ona (ular o‘rnini bosuvchi yoki bolaga qarab turgan shaxslar) tomonidan bolaning sog‘lig‘i, jismoniy, aqliy va axloqiy rivojlanishining buzilishiga olib kelishi.
Bolaning asosiy ehtiyojlari — bolaning to‘laqonli rivojlanishi, jismoniy va ruhiy salomatligi uchun oziq-ovqat, uy-joy va boshqa zarur sharoitlar bilan ta’minlash, xavfsizlik, ta’lim olish, ijtimoiy aloqalarni o‘rnatish, hayotiy ko‘nikmalarni rivojlantirish va imkoniyatlarni ro‘yobga chiqarish uchun shart-sharoitlar yaratish.
Bolalarni ekspluatatsiya qilish — boladan iqtisodiy, jinsiy va boshqa maqsadlarda foydalanish, shu jumladan, odam savdosi, g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga va tilanchilik qilishga jalb etish, jinsiy ekspluatatsiya, shuningdek, nikohga yoki er-xotin bo‘lib yashashga majburlash, ma’lum bir diniy ta’lim olishga undash, har qanday shaklda mehnatga majburlash uchun jismoniy yoki ruhiy ta’sir o‘tkazish kiradi.
Ta’qib qilish (bulling) — bir guruh bolalar yoki bitta bola tomonidan boshqa bolaga yoki bolalarga nisbatan haqoratli laqablardan foydalanishi, u bilan har qanday muloqotni rad etishi, uning mulkini tortib olishi va zarar yetkazishi, jismoniy, ruhiy yoki aqliy xususiyatlarini omma oldida muhokama qilishi, sha’ni va qadr-qimmatini kamsitishi yoki sog‘lig‘i va hayotiga zarar yetkazishi, shu jumladan, internet orqali amalga oshiriladigan uzoq muddatli ruhiy va jismoniy tajovuzkor ta’sir o‘tkazishidir.
Qonun talabiga ko‘ra, har qanday turdagi zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan bola zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi deb tan olinadi. Zo‘ravonlik qurboni quyidagi huquqlarga ega:
- zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoyalanish;
- o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilganligi yoki tahdid qilinganligi to‘g‘risida davlat organlariga, tashkilotlariga yoxud sudga bevosita yoki qonuniy vakili orqali ariza bilan murojaat qilish;
- tekin huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, ruhiy, tibbiy va boshqa yordam olish, shu jumladan, ishonch telefoni orqali ko‘rsatiladigan yordam olish;
- davlat organlariga himoya orderi berish to‘g‘risidagi talab bilan bevosita yoki o‘zining qonuniy vakili orqali murojaat qilish, himoya orderi shartlari buzilgan taqdirda esa bu haqda xabar berish;
- zo‘ravonlik oqibatida yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni qoplash.
Bola huquqlarini himoya qilish uning ota-onasi yoki vasiylari, vasiylik va homiylik organlari, prokuror yoki sud tomonidan amalga oshiriladi.
Shuningdek, qonunda zo‘ravonlik qurbonlari huquqlarini himoya qilishning turli sohalariga taalluqli normalar aniq va qat’iy mustahkamlab qo‘yilgan. Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish choralari, zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan va uni sodir etish xavfi ostida bo‘lgan bolalarni aniqlash, zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan bolalarga yordam ko‘rsatish, sog‘liq va jinsiy erkinlikka, oilaga, yoshlarga va axloqqa qarshi jinoyatlar sodir etgan shaxslarning huquqlarini cheklash, maktablarda bulling va zo‘ravonlikdan himoya qilish masalalari shular qatoriga kiradi.
Qonunga muvofiq, davlat bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish uchun huquqiy, ma’muriy, ijtimoiy, iqtisodiy va boshqa choralarni ko‘radi. Shu jumladan, davlat bola va uning oilasini qo‘llab-quvvatlashi hamda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini aniqlash va oldini olish, zo‘ravonlik holatlari haqida xabar berish, ushbu holatlarni tergov qilish, aybdorlarni javobgarlikka tortishning muqarrarligini ta’minlash, zo‘ravonlik qurbonlarini reabilitatsiya qilish, ularning huquqlarini tiklash va ijtimoiy moslashtirishni ta’minlash mexanizmlarini yaratishi kerakligi belgilangan.
Xulosa qilib aytganda, yangi qonunning asosiy maqsadi zo‘ravonlikning oldini olish, undan jabr ko‘rgan bolalar bilan ishlash va oilalarda farovonlikni ta’minlash tizimini yaratishdan iborat. Zero, so‘nggi yillarda Prezidentimiz izchillik bilan olib borayotgan bolalar manfaatlariga qaratilgan davlat siyosati, yangi tahrirdagi Konstitutsiya va mamlakatimiz qo‘shilgan xalqaro konvensiyalar talablaridan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston “Hech bir bola e’tibordan chetda qolmaydi”, degan tamoyilga amal qilmoqda.
G‘ulom Mirzo
- Qo'shildi: 20.11.2024
- Ko'rishlar: 689
- Chop etish