“O‘shanda 16 yoshda edim. Tushunmasdim hech narsani... Amakimni o‘g‘illari biznikiga mehmonga kelishdi... Men o‘zimni himoya qilishim kerakligini bilmaganman va hayotim shu kundan keyin jahannamga aylandi. Zo‘ravon jazolanmadi. Bir yildan so‘ng esa meni dahshatga solib yurgan yigitga turmushga berishdi. Bundan boshqa chora bizning mentalitetga to‘g‘ri kelmasdi...Endi esa umuman ota uyimga qaytolmayman. Farzandlarim bor. Mening ovozim devordan tashqariga chiqsa qizimni hech kim kelin qilmaydi”
Hozirda ham har deyarli har kuni erining zo‘ravonligi ostida kun kechirayotgan Gulnora shaxsini ochiqlashni istamaydi. Lekin unga yordam berilishi kerak. Bu yordam uning tasavvurida ajrim emas.
Dildora 28 yoshda(Ismi xavfsizlik nuqtai nazaridan o‘zgartirildi). Turmushga chiqib ajrashgan. Davlat idorasida ishlaydi. Rahbari har kuni unga turli topshiriqlar berish bahonasida xonasiga chaqiradi va bir kun unga shilqimlik qiladi. Dildoraga u yoqmaydi va e’tiroz bildiradi. Rahbar esa bu e’tiroz uchun uni ishdan bo‘shatadi. U o‘z huquqini tiklash uchun sudga berdi va sudda yutib chiqdi uni ishga qayta tiklashdi. Lekin u asosiy jinoyat –tajovuz qilganlik uchun rahbariga hech qanday jazo tayinlanmaganini aytadi. Sudya Dildoraning e’tiroziga nisbatan “ajrashgan ayollar erkaklar bilan kulib gaplashmasligi kerak edi” deb tavsiya bergan. Dildora bu haqoratdan so‘ng ishni yana qayta ko‘rib chiqilishini so‘rab sudga bermoqchi edi. Lekin, oilasi talabi bilan arizasini qaytarib olgan. Ish yopildi.
Maqolani tayyorlash jarayonida Feysbukdagi ayollarning yopiq guruhlarida ayollar va bolalarga nisbatan sodir bo‘ladigan jinsiy zo‘ravonliklar borasidagi shu kabi anonim postlar va ularga bildirilgan izohlar o‘rganib chiqildi. Ularda o‘z fikrini bildirgan ko‘p ayollar aynan jinsiy zo‘ravonliklarga duch kelishganida, buni sir saqlashni afzal bilishlarini bildirishgan. Chunki, o‘zbek jamoatchiligida ayollar sha’ni bilan bog‘liq har qanday holat juda nozik masala ekanligini, hatto taqdirini o‘zgartirib yuborishi mumkinligini ular yaxshi biladi.
Rasmiy statistika qanday?
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lum qilishicha, jamiyatda har uch ayoldan biri zo‘ravonlikning muayyan shakliga uchramoqda. JSSTning ma’lumotiga ko‘ra, dunyodagi har uchinchi ayolga o‘z umr yo‘ldoshi tomonidan jismoniy tazyiq o‘tkaziladi. Tazyiq va zo‘ravonlik oqibatida o‘lim kelib chiqqan hollarning 38 foizida uning turmush o‘rtog‘i yoki u bilan birga ro‘zg‘or qurib yashayotgan shaxsning aybi bo‘ladi.
Ривожлaнgaн davlatlarda bunday shaxslarga tezkor psixologik, tibbiy va huquqiy yordam ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan.
O‘zbekistonda 2023 yil va joriy yilning may oyiga qadar sodir etilgan 894 ta oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlarning 55,6 foizi, ya’ni 506 tasi taraflar yarashganligi munosabati bilan tugatilgan. Qolgan 44,4 foizi, ya’ni 388 tasi bo‘yicha sud tomonidan tegishli jazolar tayinlangan(https://senat.uz/oz/plenary-sessions/post-2700).
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi matbuot xizmati rahbari Saodat Бoyмирзaеvaнинг bizga ma’lum qilishicha, joriy yilning o‘tgan 6 oyi mobaynida 21818 nafar tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga himoya orderi berilgan bo‘lib, bu 2023 yilning olti oyiga nisbatan 3 mingga ko‘paygan, o‘tgan yilning yarmida 18704 nafar xotin qizlarga himoya orderi berilgan.
Ma’lumot uchun: tazyiq va zo‘ravonlik holatlari oilada – 18915 ta (+3089), ko‘chada – 2004 ta (+15), jamoat joyida – 603 ta(+15), ish joyida – 183 ta (+31) oshgan. Ta’lim muassasasida – 113 ta (-36) kamaygan.
Tazyiq va zo‘ravonlik turlari bo‘yicha statistikada ruhiy zo‘ravonlik holatlari sezilarli darajada ortgani, jismoniy va jinsiy zo‘ravonlik kamayganiga guvoh bo‘lish mumkin. Shuningdek, qonunchilikdagi o‘zgarishlar sabab ta’qib etish ko‘rinishidagi zo‘ravonlik statistikasi ham yuritila boshlangan:
Lekin, jinsiy zo‘ravonlikning sonini kamligi bu jinoyatning kamayganini anglatmaydi, balki hanuz bu mavzuning tabu ekanligiga dalolat bo‘la oladi.
Ayni mavzuda fikr bildirgan Nemolchi.uz mualliflaridan bo‘lgan Nigora Adizovaning ta’kidlashicha, ularga kelgan aksariyat murojaatlar egalari umuman huquq tartibot idoralariga murojaat etishni istashmaydi.
- O‘zbekiston qonunchiligi go‘yoki xotin-qizlarni himoya qilishga qaratilmaganday. Ichki ishlar organlariga murojaat qilgan ayolga xodimlarning o‘zi ishonmaydi va u zo‘ravonlik qurboni bo‘lganini har bir bosqichda isbotlashi kerak. Chaqiruvga kelgan IIO xodimlari zo‘ravonlik qurbonini darhol ekspertizaga yuborish, unga tezkorlik bilan himoya orderi rasmiylashtirish haqida o‘ylamaydilar, go‘yo u arizasini qaytib olishini kutadiganday. Oilaviy zo‘ravonlik bilan bog‘liq holatlar bo‘lsa, IIO xodimlarining o‘zi ayolni eri bilan yarashtirishga harakat qiladi. Kaltaklardan aziyat chekkan ayol xodimdan shunday munosabatni ko‘rsa, u keyinchalik o‘z haq-huquqi uchun kurashadimi? Ayniqsa viloyatlarda ekspertizaga yuborishni kechiktirish, himoya orderini vaqtida bermaslik, jabrlanuvchiga haq-huquqlarini tushuntirmaslik holatlari juda ko‘p uchraydi. Va loyihamizga murojaat qilgan aksariyat ayollar zo‘ravonning ustidan ariza yozishdan qo‘rqadi. Chunki uni zo‘ravondan himoya qiluvchi tizimning o‘zi yo‘q. Zo‘ravonning qo‘lidan o‘lim topgan juda ko‘p ayollar IIO tizimlariga bir necha bor murojaat qilgani ma’lum bo‘lgan, deydi Nigora Adizova.
Bu holatlar statistik raqamlarni shubha ostiga oladi. Biz maqola yozish davomida suhbatlashgan boshqa faollar ham aslida jinsiy zo‘ravonlik bilan bog‘liq holatlar ko‘proq bo‘lishi mumkinligini aytishdi.
Qonunchilikdagi o‘zgarishlar davom etadi
O‘zbekiston qonunchiligida takomillashuv masalasini alohida qayd etish kerak. Bir necha yillar mobaynida uni yangilashga harakatlar bo‘layapti. Lekin, xalqaro mutaxassislar hali qilinadigan ishlar ko‘pligini ta’kidlashmoqda.
Senatning 21 sentyabr kuni o‘tgan 57-yalpi majlisida “Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan himoya qilish choralari kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi Qonun qizg‘in muhokama qilindi.
Yaqinda esa, aniqrog‘i 14 noyabr kuni uzoq kutilgan «Bolalarni barcha turdagi zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunni Prezident imzoladi.
Qonunni ishlab chiqish bilan 2023 yil oktyabr oyidan boshlab prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Adliya vazirligi va YUNISEF shug‘ullanib kelayotgandi.
Jismoniy zo‘ravonlik, jinsiy zo‘ravonlik, ruhiy zo‘ravonlik, g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik, ekspluatatsiya qilish va ta’qib etish (bulling) bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning shakllari bo‘lib, qonun bilan taqiqlanadi va ta’qib qilinadi, deyiladi hujjatda.
Qonunda Jinsiy zo‘ravonlikka aniq ta’rif berilgan bo‘lib, bolaga nisbatan shahvoniy xususiyatga ega bo‘lgan harakatlar qilish orqali uning jinsiy daxlsizligiga tajovuz qilish, shu jumladan:
- nomusga tegish;
- jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish;
- jinsiy aloqa qilishga majburlash;
- 16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish;
- voyaga yetmagan shaxsni pornografik xususiyatga ega bo‘lgan harakatlarga ijrochi sifatida jalb qilish;
- voyaga yetmagan shaxsni jalb qilgan holda qo‘shmachilik qilish, fohishaxonalar tashkil etish yoxud unga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etish;
- aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yoxud bolaning ojizligidan foydalangan holda shahvoniy xususiyatga ega harakatlarni sodir etish;
- shahvoniy shilqimlik, shuningdek, qonunda taqiqlangan, shahvoniy xususiyatga ega bo‘lgan har qanday boshqa jinsiy harakatlar kiritildi.
Zo‘ravonlikka nisbatan jazo choralarini kuchaytirishga ketma -ket harakatlar bo‘layapti.
O‘tgan yili, aniqrog‘i 2023 yil 11 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilingandi. Mazkur hujjat asosida 11 ta kodeks va qonunga, jumladan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi hamda ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga ham o‘zgartirishlar kiritilib javobgarlik kuchaytirilgan.
Qonunda oilaviy va maishiy zo‘ravonlik uchun, ta’qib qilish, shahvoniy shilqimlik, ayolni o‘z homilasini sun’iy ravishda tushirishga majburlaganlik uchun javobgarlik ko‘zda tutilgan. Ayni chog‘da, ayollarni jinsiy aloqa qilishga majbur etish, turmush qurishga majburlash yoki to‘sqinlik qilish uchun yarashish institutini qo‘llamaslik ham belgilangan.
Jinoyat kodeksi 1413-modda, ya’ni shaxs sha’nini va qadr-qimmatini kamsituvchi, inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi ma’lumotlarni oshkor qilganlik uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi modda bilan to‘ldirildi. Unga ko‘ra, tovlamachilik alomatlari mavjud bo‘lmagan taqdirda, shaxsiy roziligisiz yalang‘och holdagi foto, videotasvirni o‘z ichiga olgan axborotni tarqatish, shu jumladan, ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish yoki bunday axborotni tarqatish bilan qo‘rqitish – bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravaridan 600 baravarigacha jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks shahvoniy shilqimlik qilganlik uchun javobgarlikni belgilovchi 411-modda bilan to‘ldirildi.
Bu normalar ishlay boshladi va buni raqamlarda ham ko‘rish mumkin: birgina 2024 yil 1-choragida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 411-moddasi bilan shahvoniy shilqimlik qilishda ayblangan 318 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 592-moddasi bilan oilaviy va maishiy zo‘ravonlikda ayblangan 4 ming 343 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi. Ularning 2 ming 344 nafariga jarima jazosi, 1 ming 999 nafariga ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanildi.
Jinoyat kodeksining 1261-1 va 1413-moddalari asosida ham bir qator aybdor shaxslar sudlandi. Ularning ayrimlariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan bo‘lsa, muayyan qismiga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlandi (http://nhrc.uz/uz/news/m13250).
Biz O‘zbekistonda ayni shu yo‘nalishda tahlillarni amalga oshirayotgan Equality Now loyihasidan munosabat so‘radik.
“Biz O‘zbekistonda 2020 yildan beri ishlaymiz. 2021 yildan boshlab Equality Now va “NIHOL” jamoat tashkiloti hamkorligida va Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasi tomonidan moliyalashtiriladigan «O‘zbekistonda gender tengligini ta’minlashda fuqarolik jamiyati rolini kuchaytirish va barqaror hamkorlikni shakllantirish» loyihasi amalga oshirilmoqda. Aksariyat postsovet mamlakatlari singari O‘zbekistonda ham keng qamrovli huquqiy va protsessual islohotlarga ehtiyoj bor. Loyiha orqali biz O‘zbekistondagi fuqarolik jamiyati tashkilotlarini inson huquqlari va gender asosidagi zo‘ravonlik sohasida bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishda qo‘llab-quvvatlaymiz. Bu zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan ayollar va qizlarning odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilashga qaratilgan. Biz jamoatchilik xabardorligini oshirish, ayollar va qizlarning odil sudlovdan foydalanish imkoniyatini kengaytirish hamda O‘zbekistonda ayollar va qizlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha qonunlar va amaliyotlarga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha birgalikda ishlash uchun norasmiy tarmoq yaratishga muvaffaq bo‘ldik.
Loyihamizning muhim tarkibiy qismi xalqaro advokatlik – xalqaro shartnoma organlariga murojaatlar va hisobotlar, huquqiy va protsessual o‘zgarishlar bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish hisoblanadi. Biz huquq sohasida ixtisoslashgan tashkilotmiz va qonunlar muhim deb hisoblaymiz – ular jamiyatda standartlarni belgilaydi. Garchi gender zo‘ravonligini yo‘q qilish uchun faqat qonunlarni qabul qilishning o‘zi yetarli emasligi aniq, chunki stereotiplar va an’analar bir kunda o‘zgarmaydi va hatto eng ilg‘or qonunlarning amalga kiritilishiga sezilarli darajada to‘sqinlik qilishi mumkin. Shu bois, ommaviy kampaniyalar jamiyatning zo‘ravonlikka munosabatini o‘zgartirishda muhim ahamiyatga ega. Loyihamiz doirasida O‘zbekistonning turli hududlarida, hatto eng chekka hududlarida ham ayollar va qizlarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari haqida aholining xabardorligini oshirishga qaratilgan targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Shu o‘rinda, shuni ta’kidlab o‘tishim kerakki, O‘zbekiston hukumati fuqarolarning teng huquqliligini ta’minlash, ularni kamsitishlardan himoya qilish borasida olib borayotgan yo‘l g‘oyat ilhomlantiruvchi, chunki har tomonlama o‘zgarishlar uchun siyosiy irodaning mavjudligi juda muhim, –deydi Equality Now loyihasi Yevroosiyo mamlakatlari bo‘yicha maslahatchisi Djanet Axilgova.
Xalqaro tashkilotlar tavsiyasiga ko‘ra, qonunchilik muntazam yangilanib borayapti. Equality Now tashkiloti o‘tgan yili O‘zbekistondagi bu yo‘nalishda qilinayotgan ishlar haqida hisobotida (https://equalitynow.org/news_and_insights/uzbekistans-strides-against-gender-based-violence-strengthened-protections-and-the-path-to-further-reforms/) ham buni alohida qayd etgandi. Qonunchilikdagi jiddiy o‘zgarishlar hisobotda yuqori baholanar ekan, bir necha tavsiyalar ham berib o‘tilgan:
“Xotin-qizlar himoyasini kuchaytirish uchun o‘zgarishlarni davom ettirish zarur. Yangi qonun muhim qadam bo‘lsa-da, hali ko‘p ishlar qilinishi kerak. Xususan, jinsiy zo‘ravonlikka oid jinoyatlar ta’riflari hali ham rozilikning yo‘qligiga asoslanmagan. Shuningdek, ta’qibning qonunda aniqlashtirilgani ijobiy qadam bo‘lsa-da, u inson huquqlari standartlariga mos kelmaydi va jabrlanuvchining xatti-harakatlariga emas, balki huquqbuzarning xatti-harakatlariga e’tibor qaratilishi uchun o‘zgartirilishi kerak”, deyiladi hisobotda.
O‘zbekistondagi o‘zgarishlar xususida so‘z borar ekan, bayonotda zo‘ravonlik harakatlarining barcha ko‘rinishlarida jinoiy javobgarlikka tortilish, bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik bilan bog‘liq ayrim jinoyatlar uchun qat’iyroq jazolar qo‘llanilgani va himoya orderini bir yil davomida uzaytirish imkoniyati yaratilgani va order berish tizimi yaxshilanganini alohida qayd etilgan.
Qonunchilikdagi o‘zgarishlarga oid tavsiyalar:
– Ayollarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha shakllarini jinoiy javobgarlikka tortishni ta’minlash; ex officio sud ta’qibini qo‘llash (shu jumladan, uchinchi tomonning arizasi asosida ish qo‘zg‘ash imkoniyati, va jabrlanuvchi arizasi mavjud bo‘lmagan hollarda ham) va harakat oqibatiga mos keladigan munosib jazolarni nazoratga olish.
– Jinsiy zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlarning ta’riflari rosmana va ixtiyoriy rozilikning yo‘qligi asosida belgilanishini ta’minlash, kuch qo‘llash yoki uning tahdidi emas.
Zo‘rlash uchun jinoiy javobgarlikka tortishda:
a) voyaga yetmaganlarga (16 yoshgacha) qarshi kattalar tomonidan sodir etilgan har qanday jinsiy harakatlar;
b) 18 yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmaganlarga nisbatan ishonch, vakolat, ta’sir yoki qaramlikdan foydalangan holda sodir etilgan har qanday jinsiy harakatlar.
Ikkala holatda ham kuch qo‘llash, tahdid kabilarni isbotlash talabi bo‘lmasligi va harakat zo‘rlash deb, kvalifikatsiya qilinishi kerak, har qanday taxmin qilingan rozilik juda yosh bo‘lganligi sababli ahamiyatsiz deb talqin qilingan bo‘lishi kerak.
Davlat oilaviy zo‘ravonlikka qarshi qanday kurashmoqda?
Joriy yil may oyida o‘tgan videoselektor davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan O‘zbekistonda tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan ayollarga mahalla darajasida ko‘rsatiladigan xizmatlar yo‘qligi va tuman darajasidagi amaliy yordam sifati ham «yuqori emas»ligi tanqid qilindi.
Yig‘inda zo‘ravonlik holatlarida ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishning 3 bosqichli yangi tizimini joriy etish taklif qilindi.
Oradan bir oy o‘tib, 25 iyun kuni Hukumat qarori [354-son] bilan «Tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlariga ijtimoiy xizmat ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti» tasdiqlandi.
Yaqinda, aniqrog‘i 14 noyabr kuni qonunchilikda yana bir jiddiy o‘zgarish bo‘ldi. Prezident "Bolalarni barcha turdagi zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida"gi Qonunniimzoladi. Qonun 6 oydan so‘ng kuchga kiradi.
Bu bilan Bolalarga nisbatan sodir etilayotgan zo‘ravonlik holatlari ko‘payishi munosabati bilan Qonun bilan bolalar huquqlari va qonuniy manfaatlarini oldini olish va himoya qilish choralari kuchaytirilmoqda.
Zo‘ravonlikning barcha shakllari, jumladan jismoniy, jinsiy, ruhiy, g‘amxo‘rlik qilmaslik, ekspluatatsiya va qo‘rqitish (bulling) taqiqlangan va qonun bilan ta’qib qilinadi, – deydi Ijtimoiy himoya Milliy agentligi mutaxassisi Dilnoza Husanova. – Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan shaxslarni va ularning voyaga yetmagan farzandlarini reabilitatsiya qilish, ularga maslahat berish hamda yordam ko‘rsatish uchun maxsus markazlarga joylashtirish bo‘yicha xalqaro tajriba va qonunchiliklarni o‘rganish asosida Prezidentning 2024 yil 10 maydagi “Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishni takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori qabul (https://lex.uz/docs/6916638)qilingan.
Hozirgi kunda uchta viloyatda (Jizzax, Navoiy va Xorazm) ayollarga shoshilinch birinchi yordam, shu jumladan ruhiy, psixoterapevtik yordam ko‘rsatilib kelinmoqda. O‘tqazilgan tahlillar natijasida reabilitatsiyaga muhtoj bo‘lgan xotin qizlarni Respublika reabilitatsiya markazi hamda uning hududiy bo‘limlariga joylashtirish “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan amalga oshirilmoqda.
2024 yil iyun–avgust oylarida Jizzax, Navoiy va Xorazm viloyatlarida 793 nafar shaxslar, shundan 418 nafar xotin-qizlar va 375 nafar ularning voyaga yetmagan farzandlari shoshilinch qabul bo‘limlaridagi birlamchi ko‘mak xonalariga joylashtirildi.
Shuningdek, 2024 yilning o‘tgan 8 oyi davomida respublika bo‘yicha 2 108 nafar shaxslar, shundan, 985 nafar xotin-qizlar va 1 123 nafar ularning voyaga yetmagan farzandlari reabilitatsiya markazlariga joylashtirilgan.
Jinsiy zo‘ravonlik uchun jazolar yengil emasmi?
Buni bir voqea asosida ko‘rib chiqamiz:
Shu yil iyul oyida Navoiy shahrida bir nechta yosh yigit va ichki ishlar bo‘limi tergovchisi 16 yoshga to‘lmagan qiz bilan jinsiy aloqada bo‘lgani haqidagi tarqalgan xabar jamoatchilikni keng muhokamasiga sabab bo‘ldi. Qayd etilishicha, 2023 yilning dekabr oyida Navoiy shahrida joylashgan muzqaymoq shoxobchasi yerto‘lasida bir nechta yigit 2008 yilda tug‘ilgan qiz bilan navbati bilan jinsiy aloqa qilgan. Ayblangan yigitlarning eng kattasi 23, eng kichigi esa 18 yoshda bo‘lgan.
Holat yuzasidan 6 nafar yigitga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahar sudining 2024 yil 7 iyundagi hukmi bilan yigitlarning uchtasi Jinoyat kodeksining 128-moddasi 3-qismi «a» bandida (Takroran, xavfli retsidivist tomonidan o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish), ikkitasi Jinoyat kodeksining 128-moddasi 1-qismida (O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish yoki jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilgan.
Sud hukmi bilan sudlanuvchilarning ikki nafariga 3,5 yil, bir nafariga 4,5 yil va bir nafariga 5 yil 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Navoiy shahar IIB tergovchisi mazkur ishni tergov qilish jarayonida, ya’ni 2024 yilning yanvar oyida Toshkentda malaka oshirish o‘quv kursida bo‘lib turgan vaqtda, ushbu voyaga yetmagan qizni Toshkent shahriga chaqirib, u bilan jinsiy aloqa qilgan. Mazkur holat yuzasidan Navoiy viloyat prokuraturasi tomonidan ish ochilib, tergovchi ham qamoqqa olingan.
Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsuddinovning ma’lum qilishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 128−1-moddasi (O‘n olti yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxs bilan moddiy qimmatliklar berish yoki mulkiy yoxud boshqacha tarzda manfaatdor etish orqali jinsiy aloqa qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Guvoh bo‘lganingizdek, belgilangan jazo 3 yarim 5 yil atrofida. Vaholanki, shu kabi jinoyatga ayrim davlatlarda 10 yildan ortiq muddatga jazo olishi mumkin edi. https://meduza.io/feature/2023/03/08/tolko-da-oznachaet-da-uzhe-v-15-stranah-evropy-rabotayut-novye-zakony-o-soglasii-na-seks.
Eng achinarlisi, bu xabarga yozilgan sharhlarda voyaga yetmagan qizni o‘zini ayblab bildirilgan munosabatlarning ko‘p bo‘lganidir. Zo‘ravonlikka qarshi davlat darajasida e’tibor qaratilayotgan bo‘lsa-da, jamiyatda erkaklarga “imtiyoz”lar tamg‘alanaveradi. Va afsuski, qurbonlarning o‘zlari aybdor sanalaveradi.
Gender masalalari bo‘yicha shug‘ullanuvchi jamoat faoli Aqida Mohirovaning qayd etishicha, jinsiy zo‘ravonlikka jazo qachonki jamoatchilik tomonidan keng muhokama qilinsa, bu jinoyatga nisbatan hukm qat’iyroq bo‘ladi.
- Toshkent viloyatida turmush o‘rtog‘i Rossiyaga ishlagani ketgan ayolni ikki nafar farzandlari ko‘z o‘ngida 4 ta mahalladosh erkaklar zo‘rlashgani haqidagi keysni olib chiqqandim. Ular bu ayolni eri yo‘qligidan foydalanib uyiga bostirib kirishadi va o‘lasi qilib kaltaklab, baravariga zo‘rlab, kamiga bu ishlarni guvohi bo‘lgan farzandlariga xam zug‘um o‘tkazishadi. Ayol o‘zini himoya qilaman deb, narsa bilan ularni urib qarshilik qilganda, undan battar kaltaklab, bolta va pichoq tirab, yana hayvoniy nafsini qondirishadi. Bu holat jamoatchilik muhokamasiga olib chiqilmaguncha jiddiy qaralmagan. Ayolni tinglashmagan ham. Jamoatchilik muhokamasidan keyingina, qat’iy jazo tayinlashga erishdik. Bizning talabimiz bilan 62 ta ekspertiza tayinlandi. Zo‘ravonlarning bittasiga 9 yarim yil, qolgan 3 nafariga 7 yildan ko‘p jazo tayinlandi. Agar biz unga kurashmaganimizda va ekspertiza o‘tkazilmaganda, bu jazo tayinlanmasdi. Chunki biologik qoldiq chiqmagan va faqat urish sifatida baholangan. Lekin bu kabi faqat jamoatchilik e’tiboridagi emas, balki barcha holatlarda jazolarni kuchaytirilishiga erishishish kerak. Biz hali bunga yetib kelganimiz yo‘q, – dedi Aqida Mohirova.
Aqidaxonimning blogida bu voqea haqidagi postda bir necha kishilar, asosan erkaklar tomonidan “ayolning o‘zi ham ko‘z suzgan”, “u ko‘chada ko‘p yurmasligi kerak edi”, deb yozilgan sharhlar ham bor. Bu jamiyatda ayollarning jinsiy zo‘rlanishiga ularning o‘zlari aybdor degan tushuncha borligini bir ishorasidir. Hatto oxiri o‘lim bilan tugagan Sergelidagi 12 yoshli qizaloqning zo‘rlanishihaqidagi xabar izohlarida ham jinoyatchini emas, qizning kiyimi, yoki o‘zini tutishi muhokamasiga o‘tilgani jamoatchilikdagi xotin qizlarga nisbatan stereotip fikrlarni o‘zgartirishga katta ehtiyoj borligini ko‘rsatadi.
Xulosa qilib aytganda, qonunchilik takomillashyapti, loyihalar qilinyapti. Lekin, hali ijro borasida qilinadigan ishlar ko‘p. Hanuz jazolar yengil, jinoyatchini jazolashda eski prinsiplar asosida qarorlar chiqariladi yoki mentalitet sababli umuman jazodan qutulib qoladi.
Ma’lumot uchun: Respublikada zo‘ravonlikka uchragan ayollarga yordam ko‘rsatuvchi 10 dan ortiq tashkilotlar bor.
Jismoniy hamda yuridik shaxslar tomonidan tazyiq va zo‘ravonlik holati to‘g‘risida quyidagi shakllarda murojaat qilinadi:
- «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari yoki ijtimoiy xodimga;
- ichki ishlar organlari navbatchilik qismining «102» telefon raqamlariga yoki bevosita profilaktika inspektorlariga;
- «112» yagona dispetcherlik xizmati hamda 1146 qisqa raqamli «ishonch telefoni»ga.
- IIV Ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish ishonch raqami – 1259;
- IIV ishonch telefoni – 1102;
- IIV Xotin-qizlar bilan ishlash boshqarmasi – +998 (71) 256-14-18.
Materialni jurnalist Nozima Toshpo‘latova tayyorladi
O‘zA
- Qo'shildi: 22.11.2024
- Ko'rishlar: 184
- Chop etish