8-dekabr — O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun
Mamlakatimizda 2024-yil 27-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan saylovlar natijasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylangan deputatlarning 38 foizini xotin-qizlar tashkil etdi. Bu O‘zbekiston tarixida eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar va tuman (shahar)lar Kengashlariga saylov natijalariga ko‘ra mahalliy Kengashlar tarkibiga yangi saylangan deputatlarning 32,6 foizi xotin-qizlarni tashkil qildi.
Ushbu samaralarga, hech shubhasiz, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining sharofati bilan erishildi. Chunki Asosiy Qonunimizning 58-moddasida: “Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar. Davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, shuningdek, jamiyat va davlat hayotining boshqa sohalarida teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlaydi”, deb belgilangan.
Mazkur konstitutsiyaviy kafolatlar bugungi kunda hayotimizning barcha sohasida o‘z ijobatini topmoqda. Xususan, shu asosda Saylov kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra endilikda xotin-qizlar siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodlar sonining kamida 40 foizini tashkil qilishi shart. Avval bu talab bo‘yicha ko‘rsatkich 30 foiz edi.
Bunday muhim talab yaqinda bo‘lib o‘tgan saylovlarda ishtirok etgan ayol nomzodlar soni izchil ko‘payishiga turtki berdi. Shunga yarasha natija ham, ta’bir joiz bo‘lsa, yurtimizda gender siyosati doirasida xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy mavqeini mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan jadal islohotlar mohiyatiga mos darajada bo‘ldi.
Bularning barchasi bejiz emas. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasi 75-yubiley sessiyasida qayd etganidek, biz uchun gender tenglik siyosati ustuvor masalaga aylandi. Xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi o‘rni tobora kuchaymoqda.
Bu haqda fikr yuritganda, 2023-yilda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlashga qaratilgan qonunchilik asoslarini takomillashtirish yo‘nalishida 13 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilinganini ta’kidlash lozim. Jumladan, 3 ta qonun, Prezidentning 2 ta Farmoni va 2 ta qarori hamda hukumatning 6 ta qarori tasdiqlandi.
Yanada aniq aytganda, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”, “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida” hamda “Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash to‘g‘risida”gi yangi qonunlar qabul qilindi. Mamlakatimizda xotin-qizlarning hukumat va jamiyatdagi rolini oshirishga, bandligini ta’minlashga, ayollar tadbirkorligini hamda ilm-fan va texnologiyalar sohasidagi ishtirokini rivojlantirishga, muhtoj ayollarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan o‘nlab normativ-huquqiy hujjatlar amal qilmoqda.
Shuningdek, Prezidentimizning 2022-yil 7-martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan 2022 — 2026-yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhasida faolligini oshirish bo‘yicha milliy dastur tasdiqlandi. Mazkur hujjat bilan xotin-qizlarning ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy huquqlarini ta’minlashga qaratilgan qator chora-tadbirlar belgilab olindi va amaliy ijrosi ta’minlanyapti.
Yanada muhimi, Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida ayollarimizga bo‘lgan e’tiborni eng quyi bo‘g‘in — mahallagacha yetkazib, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimi yaratilishi belgilandi. Shu maqsadda Taraqqiyot strategiyasining 69-maqsadi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash” deb nomlandi.
O‘z navbatida, Taraqqiyot strategiyasining 60-maqsadida reproduktiv yoshdagi va homilador ayollar, bolalar uchun yuqori texnologik tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha dolzarb masalalar qamrab olingan. Shuningdek, 85-maqsad doirasida ayollar orasidagi ishsizlik darajasini 2 barobar kamaytirish, 80 mingdan ziyod ishsiz xotin-qizlarni davlat hisobidan kasb-hunarga o‘qitish, xotin-qizlarni tadbirkorlik va o‘zini o‘zi band qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, 2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasi gender tenglikka erishish strategiyasi hayotga keng tatbiq etilmoqda. Gender tenglikka erishish strategiyasini 2024-yilda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturidan istiqboldagi yanada muhim masalalar o‘rin olgani, ayniqsa, e’tiborga loyiq. Ayni shu dasturiy hujjatlar ijrosi doirasida, jumladan, xotin-qizlarning ta’lim olishiga qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish, ilm-fan sohasida ayollarning o‘rnini yanada oshirishga katta e’tibor qaratilyapti.
Joylarda imtiyozli kreditlar va lizing ajratish, xotin-qizlarni ishga jalb qilgan holda kooperatsiya usulida tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari doimiy diqqat markazida turibdi. Ayniqsa, “ayollar daftari”ga kiritilgan va jarrohlik amaliyoti o‘tkazishi lozim bo‘lgan xotin-qizlarning tibbiy muolaja xarajatlarini qoplab berishdek ezgu amallar izchil bajarilmoqda.
Bularning barchasi gender tenglik masalasi O‘zbekistonda davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganining o‘ziga xos isbotidir. Mamlakatimiz xotin-qizlarni kamsitish va ta’qib qilishning barcha shaklidan huquqiy, ijtimoiy va iqtisodiy himoya etishni nazarda tutuvchi xalqaro shartnomalarga qo‘shildi.
Mehnat kodeksi va boshqa tegishli normativ-huquqiy hujjatlarga xotin-qizlar uchun taqiqlangan kasbiy faoliyat sohalarini qisqartirish, qonunchilikdagi gender-asimmetrik qoidalarni bartaraf etishga qaratilgan qo‘shimchalar va o‘zgartirishlar kiritildi. Ayollar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlashning institutsiyaviy asoslari yanada mustahkamlandi. Bu dasturiy hujjatlarning ijrosi Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar rejasi, Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya, Barqaror rivojlanish maqsadlari kabi xalqaro shartnomalar doirasidagi majburiyatlarimizni bajarishga ham ko‘maklashadi.
Mamlakatimizda xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, davlat va jamiyat boshqaruvidagi o‘rni hamda nufuzini yanada oshirish, ularning o‘z salohiyatini namoyon etishlari uchun sharoitlarni kengaytirish, gender tenglik, oila, onalik va bolalikni himoya qilish borasidagi ishlar yangi bosqichga ko‘tarilib bormoqda.
Farida HAQBERDIYEVA,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo‘limi bosh mutaxassisi.
«Xalq so‘zi» gazetasining 2024-yil 22-noyabr kungi 241 (8864)-soni
- Qo'shildi: 25.11.2024
- Ko'rishlar: 723
- Chop etish