O‘tgan 35-yil davomida BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi bolalar huquqlarini himoya qilish va ta’minlashda katta ahamiyat kasb etib kelmoqda. Shuningdek, milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga moslashtirishda muhim manba bo‘lib xizmat qilmoqda.
Bola huquqlarini ta’minlash masalasi O‘zbekiston uchun hamisha ustuvor maqsadlar sirasiga kiradi. Chunki aholisining 40 foiziga yaqinini bolalar va yoshlar tashkil qilgan mamlakatimizda bola huquqlarini har jihatdan ta’minlash prinsipial ahamiyatga ega. O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng, birinchi bo‘lib 1992-yil 9-dekabrda inson huquqlari sohasidagi xalqaro konvensiyalarning ichida Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga qo‘shilishi buning yaqqol namunasidir.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston bolalar manfaatlariga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirar ekan, “Hech bir bola e’tibordan chetda qolmaydi” tamoyiliga amal qilmoqda. Bunday yondashuv, shubhasiz, «Inson qadri uchun» g‘oyasi hamda “Hech kimni orqada qoldirmaslik” tamoyiliga muvofiq o‘tkazilgan konstitutsiyaviy islohot ruhiga to‘la mosdir.
Bugungi kunda izchillik bilan amalga oshirilayotgan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi 2020-yil 22-iyunda tasdiqlangan bo‘lib, uning qator bandlari bola huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan. Milliy strategiyada, jumladan, bolalar himoyasiga bag‘ishlangan ustuvor yo‘nalishlar va bolalar manfaatlarini birinchi navbatda ta’minlash prinsipini qonunchilik va amaliyotga yanada samarali joriy etish hamda Bola huquqlari bo‘yicha vakilning huquqiy maqomi va faoliyatini takomillashtirish ko‘zda tutilgan.
Konvensiya qoidalariga ko‘ra, O‘zbekiston BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasiga Konvensiyaning bajarilishi to‘g‘risida doimiy ravishda hisobotlar ham taqdim etib bormoqda. Bugungi kunga qadar O‘zbekiston Respublikasi tomonidan Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya bajarilishi yuzasidan BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasiga 5 ta davriy hisobot taqdim etildi.
Shu o‘rinda so‘nggi yillarda O‘zbekistonda voyaga yetmaganlar uchun odil sudlov tizimini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilganini ta’kidlash ayni muddaodir. Xususan, 2019-yilda O‘zbekiston Hukumati YUNISEF ko‘magida Toshkent shahrining Chilonzor tumanida qonun bilan ziddiyatda bo‘lgan voyaga yetmaganlar uchun huquqbuzarliklarni bartaraf etish choralari va javobgarlikka tortilishini tiklash tizimini kiritish bo‘yicha innovatsion loyihani ishga tushirdi.
Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha kafolatlar kuchaytirildi. Yanada muhimi, bu borada davlatning majburiyatlari kengaytirildi.
Bunda Bosh qomusimizga bola huquqlarini ta’minlashning kafolatlariga qaratilgan konstitutsiyaviy normalar fuqarolarimizning takliflari asosida, milliy va xalqaro tajriba, ekspertlarning fikrlari, shuningdek, BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasida aks etgan xalqaro standart – “Bolaning eng yaxshi manfaatlari” prinsipini hisobga olgan holda kiritilgani e’tiborga loyiqdir.
Raxshonaxon Ziyoviddinova,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) xodimi
«TONG YULDUZI» gazetasining 2024-yil 48-soni
- Qo'shildi: 25.11.2024
- Ko'rishlar: 798
- Chop etish