Konstitutsiya va bola huquqlari

Shu kunlarda butun dunyoda, jumladan mamlakatimizda ham BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1989-yil 20-noyabrda qabul qilingan muhim xalqaro hujjat – Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning 35-yilligi nishonlanmoqda. O‘tgan 35-yil davomida Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya bolalar huquqlarini himoya qilish va ta’minlashda katta ahamiyat kasb etib kelmoqda. Shuningdek, milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga moslashtirishda muhim manba bo‘lib xizmat qilmoqda.

Bola huquqlarini ta’minlash masalasi O‘zbekiston uchun hamisha ustuvor maqsadlar sirasiga kiradi. Chunki aholisining 40 foiziga yaqinini bolalar va yoshlar tashkil qilgan mamlakatimizda bola huquqlarini har jihatdan ta’minlash prinsipial ahamiyatga ega. O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng, birinchi bo‘lib 1992-yil 9-dekabrda inson huquqlari sohasidagi xalqaro konvensiyalarning ichida Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga qo‘shilishi buning yaqqol namunasidir.

O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi 2008-yil 11-dekabrda Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga doir Bolalar savdosi, bolalar fohishabozligi va bolalar pornografiyasiga taalluqli Fakultativ protokolni, 2008-yil 12-dekabrda Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga doir Bolalarning qurolli mojarolarda ishtirokiga taalluqli Fakultativ protokolni ratifikatsiya qildi.

Hozirgi kunda Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning murojaat qilish jarayonlariga taalluqli 3-Fakultativ protokoliga O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi masalasi ekspertlar darajasida o‘rganib chiqilmoqda. Mamlakatimizning mazkur hujjatga qo‘shilishi bo‘yicha tegishli tayyorgarlik ishlari ko‘rilmoqda.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston bolalar manfaatlariga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirar ekan, “Hech bir bola e’tibordan chetda qolmaydi” tamoyiliga amal qilmoqda. Bunday yondashuv, shubhasiz, «Inson qadri uchun» g‘oyasi hamda “Hech kimni orqada qoldirmaslik” tamoyiliga muvofiq o‘tkazilgan konstitutsiyaviy islohot ruhiga to‘la mosdir.

Binobarin, ayni shu konstitutsiyaviy islohot doirasida yangi tahrirda qabul qilingan Asosiy qonunimizga bolaning huquq va manfaatlarini ta’minlash kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan ilg‘or normalar kiritildi. Milliy qonunchilik bola huquqlariga doir xalqaro normalarga to‘la-to‘kis muvofiqlashtirilmoqda.

Shuni ham qayd etish joizki, keyingi yillarda mamlakatimizda bolalar huquqlarini ta’minlashga doir 40 dan ortiq qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilinib, ular asosida bolalarning ma’naviy, intellektual, jismoniy va axloqiy jihatdan kamol topishiga ko‘maklashishning huquqiy mexanizmi yaratildi. Qabul qilinayotgan qonunlar aynan “Bolaning eng yaxshi manfaatlari” prinsipini hayotga joriy qilishga qaratilmoqda.

Bugungi kunda izchillik bilan amalga oshirilayotgan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi 2020-yil 22-iyunda tasdiqlangan bo‘lib, uning qator bandlari bola huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan. Milliy strategiyada, jumladan, bolalar himoyasiga bag‘ishlangan ustuvor yo‘nalishlar va bolalar manfaatlarini birinchi navbatda ta’minlash prinsipini qonunchilik va amaliyotga yanada samarali joriy etish hamda Bola huquqlari bo‘yicha vakilning huquqiy maqomi va faoliyatini takomillashtirish ko‘zda tutilgan.

Sohaga oid yana bir hujjat – 2020-yilda qabul qilingan “Bola huquqlarining qo‘shimcha kafolatlari belgilanishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun hisoblanadi. Unda bola o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini so‘rab davlat organlariga mustaqil ravishda murojaat qilishga haqliligi, vakolatli organlar bolaning manfaatlariga taalluqli masalalarni hal etishda uning fikrini, yoshidan qat’i nazar, ko‘rib chiqishi hamda bolaning eng ustun manfaatlaridan kelib chiqqan holda qarorlar qabul qilishi belgilangan.

Yanada muhimi, 2021-yil 7-dekabrda qabul qilingan “Bola huquqlarining kafolatlarini ta’minlash tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, 13 yoshga to‘lgan shaxslarning jinoiy javobgarlikka tortilishi bekor qilindi. Jinoiy javobgarlikka tortish 14 yoshdan boshlanishi va voyaga yetmagan guvoh yoki jabrlanuvchini so‘roq qilishda pedagog bilan bir qatorda psixolog ham qatnashishi belgilandi.

Milliy qonunchilikka 2023-yil 12-aprelda kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish tariqasidagi insonparvarlik aktlari tatbiq etilmasligi belgilandi. Qolaversa, bunday jinoyatlar uchun jazo choralari yanada og‘irlashtirildi.

Haqiqatan ham, keyingi davrda O‘zbekistonda bolalarga nisbatan zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish bo‘yicha muhim qadamlar tashlandi. Joriy yilning 14-noyabrida “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingani bunga yana bir yaqqol misol bo‘la oladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining saylovdan keyingi ilk majlisida davlatimiz rahbari alohida e’tibor qaratgan masalalardan biri – yosh avlod himoyasi bo‘ldi. Prezidentimiz jamiyatda bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlari kuzatilayotganidan tashvish bildirib, milliy qadriyatlarimizga zid bunday illatlarga qarshi murosasiz kurash olib borish zarurligini qat’iy ta’kidladi.

O‘zbekiston Prezidenti ushbu masalani shaxsan o‘z nazoratiga oldi. Bu ham – mamlakatimizda bola huquqlarini himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligining o‘ziga xos ifodasidir.

Bu haqda fikr yuritganda, xususan, sohadagi islohotlarni muvofiqlashtirib borish maqsadida mamlakatimizda Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar Ombudsmani) lavozimi joriy qiliganini alohida ta’kidlash lozim. Shuningdek, Bolalar Ombudsmani huzurida Bola huquqlarini himoya qilish bo‘yicha jamoatchilik kengashi tuzildi.

Hozirgi kunda Bola huquqlari bo‘yicha vakil BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini bajarish strategiyasi va bola huquqlari masalalari bo‘yicha boshqa hujjatlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etmoqda. Aholi o‘rtasida bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari masalalari bo‘yicha huquqiy ong va huquqiy madaniyatni oshirishga ko‘maklashish kabi ko‘pgina muhim vazifalarni ham izchil amalga oshirmoqda.

Mamlakatimiz o‘zining xalqaro majburiyatlariga, jumladan, Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya doirasidagi majburiyatlariga hamisha sodiqdir. Mazkur siyosatni takomillashtirishda BMT konvensiyaviy organlari, YUNISEF va xalqaro ekspertlarning tavsiyalariga katta e’tibor qaratilmoqda.

Konvensiya qoidalariga ko‘ra, O‘zbekiston BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasiga Konvensiyaning bajarilishi to‘g‘risida doimiy ravishda hisobotlar ham taqdim etib bormoqda. Bugungi kunga qadar O‘zbekiston Respublikasi tomonidan Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya bajarilishi yuzasidan BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasiga 5 ta davriy hisobot taqdim etildi.

Xulosa qilib aytganda, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha kafolatlar kuchaytirildi. Yanada muhimi, bu borada davlatning majburiyatlari kengaytirildi.

Bunda Bosh qomusimizga bola huquqlarini ta’minlashning kafolatlariga qaratilgan konstitutsiyaviy normalar fuqarolarimizning takliflari asosida, milliy va xalqaro tajriba, ekspertlarning fikrlari, shuningdek, BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasida aks etgan xalqaro standart – “Bolaning eng yaxshi manfaatlari” prinsipini hisobga olgan holda kiritilgani e’tiborga loyiqdir.

 

Raxshonaxon Ziyoviddinova,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) xodimi

Powered by GSpeech