YANGI O‘ZBEKISTON KONSTITUTSIYASI: yaratilishi, qabul qilinishi va ijro etilishi

 

Konstitutsiya – erkin va farovon hayot garovi!

 

Bu  yil mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayrami "Konstitutsiya – erkin va farovon hayot garovi!" degan bosh g‘oya asosida keng nishonlanadi. Yangi O‘zbekiston hayotining turli sohalarida izchil davom etayotgan keng ko‘lamli, qamrovdor va shiddatli islohotlar natijalarini mustahkamlashda yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning o‘rni va ahamiyati beqiyosdir.

O‘zbekiston Prezidentining “Yangi tahrirdagi Konstitutsiya bizga inson huquqlari, demokratiya, erkinlik, barqarorlik, tenglik va taraqqiyot tamoyillariga asoslangan huquqiy va adolatli davlat qurish yo‘llarini keng ochib berdi”, deb ta’kidlagani zamirida g‘oyat ulug‘vor haqiqatlar mujassam. Konstitutsiyamizda davlat va jamiyat taraqqiyotining huquqiy mafkurasi, xalqimiz Yangi O‘zbekistonni bunyod etish yo‘lida tayanadigan konstitutsiyaviy qadriyatlar va tamoyillar qat’iy belgilab berilgani bu fikrning yaqqol isbotidir.

 

Yangi O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohot tayangan hayotiy mezonlar

 

Bu haqda fikr yuritganda, dastavval, Prezidentimiz tashabbusi bilan so‘nggi yillarda qabul qilingan uchta kompleks taraqqiyot strategiyasini alohida ta’kidlash lozim. Chunki:

birinchisi, “2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi” doirasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining normalari yanada takomillashtirildi;

ikkinchisi,  “2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi” asosida izchil konstitutsiyaviy islohot amalga oshirildi;

uchinchisi, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini hayotga tatbiq etishda yangilangan Asosiy qonunimizning to‘g‘ridan to‘g‘ri ijrosini ta’minlashga qaratilgan ta’sirchan choralar ko‘rilmoqda.

Konstitutsiyamiz mustaqillik yillarida ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va ma’naviy-madaniy hayotning barcha sohalarida izchil va bosqichma-bosqich, uzviy va tizimli ravishda amalga oshirilayotgan keng qamrovli demokratik islohotlarning mustahkam yuridik manbai hamda asosiy huquqiy kafolatidir. Huquqiy davlatchilik sari intilgan har qanday demokratik jamiyatda Konstitutsiya ustuvor ahamiyat kasb etadi.

Binobarin, Konstitutsiya insoniyatning ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solish va tashkil etish borasida kashf etgan eng muhim yutuqlaridan biridir. Konstitutsiya o‘z-o‘zicha, ya’ni alohida, jamiyatdan ajralgan holda mavjud bo‘lishi mumkin emas.

Konstitutsiyani qotib qolgan qoidalar yig‘indisi, deb ham bo‘lmaydi. Konstitutsiya – dinamik, ya’ni doimiy harakatdagi, o‘sish va rivojlanish jarayonidagi hujjatdir. U hayot jo‘shqinligi va o‘zgarishlarini o‘zida aks etiradi. Shu ma’noda, xususan, Harakatlar strategiyasi Yangi O‘zbekistonning yangi konstitutsiyaviy qiyofasiga asos bo‘lib xizmat qildi.

 

Konstitutsiyaviy islohotning asosiy tashabbuskori – xalqimiz, bosh g‘oyaviy ilhomlantiruvchisi – O‘zbekiston Prezidenti

 

Ma’lumki, 2021-yilgi O‘zbekiston Prezidenti saylovi jarayonida barcha nomzodlarning elektorat vakillari bilan uchrashuvlari chog‘ida hayotiy talabdan kelib chiqqan va mamlakatimizdagi demokratik islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lgan muhim taklif ilgari surildi. Bu – konstitutsiyaviy islohotni amalga oshirish.

O‘z navbatida, 2021-yil 6-noyabrdagi Yangi saylangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev lavozimga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisida so‘zlagan nutqida konstitutsiyaviy islohotning nazariy asosi sifatida Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi belgilab berildi. Prezidentimizning “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” kitobida ham konstitutsiyaviy islohotga alohida bir fasl bag‘ishlangan.

E’tibor bering: Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2022-yilda nashrdan chiqqan “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” kitobidagi alohida bir fasl  aynan “Konstitutsiyaviy islohotlar – Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi obyektiv zarurat”, deb nomlangan. Unda saylovoldi uchrashuvlari paytida xalq bilan muloqot jarayonida o‘rtaga tashlangan muhim taklif va tashabbuslar, bugungi taraqqiyotimiz va istiqbol rejalariga oid xulosalar o‘z aksini topgan. 

Shu ma’noda, O‘zbekistonda konstitutsiyaviy islohotning bosh g‘oyaviy ilhomlantiruvchisi, shubhasiz, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev hisoblanadi. Konstitutsiyaviy islohotning asosiy tashabbuskori esa mamlakatimiz aholisining keng qatlamidir.

Zamonga mos harakat va o‘zgarishlarni talab etayotgan bugungi shiddatli davr mezonlariga javob beradigan mukammal Konstitutsiyaga ega bo‘lish – milliy davlatchilik an’analarimizga, xalqimiz manfaatlariga munosib ishdir. Dunyo mamlakatlarining rivojlanish amaliyoti ham konstitutsiyaviy qonunchilik izchil va muttasil takomillashib borishi zarurligini ko‘rsatadi.

Huquqiy davlatda Konstitutsiya bilan jamiyat rivoji o‘rtasida uzilish bo‘lmasligi kerak. Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi talabiga ko‘ra, milliy qonunchilik va huquqiy amaliyotda “inson – jamiyat – davlat” tamoyilini mustahkamlash lozim.

Shu nuqtayi nazardan, Konstitutsiyaviy islohot – Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi taqozosiga aylandi. Binobarin, “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyiliga asosan ishlab chiqilgan 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishda Bosh qomusimiz – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini takomillashtirish dolzarb ahamiyat kasb etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini jamiyatdagi bugungi real voqelikka moslashtirish – mamlakatimizdagi shiddatli va izchil islohotlar talabi sifatida maydonga chiqdi. Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasidagi keng ko‘lamli vazifalar, xususan, adolatli va xalqparvar davlatni barpo etish, inson huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini yanada samarali ta’minlash kabi ulug‘vor maqsadlar bu borada zarur huquqiy asosni ta’minlovchi konstitutsiyaviy makonni yanada takomillashtirish ehtiyojini kun tartibiga qo‘ydi.

 

Konstitutsiyaviy komissiyaning tashkil etilishi

va faoliyati

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi va Qonunchilik palatasi Kengashining 2022-yil 20-may kuni bo‘lib o‘tgan qo‘shma majlisida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya tuzilib, uning tarkibi va vazifalari belgilandi. Komissiyaga aholining barcha qatlamlaridan Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflarni olish borasida vazifalar qo‘yildi.

Komissiya tarkibiga deputatlar, senatorlar, O‘zbekistonning barcha hududlaridan vakillar, fuqarolik jamiyati institutlari, huquqshunoslar, siyosatshunoslar va  mutaxassislar kiritildi. Konstitutsiyaviy komissiya o‘z faoliyatida «jamiyat – islohotlar tashabbuskori» degan g‘oyaga tayandi.

O‘zbekiston Prezidenti tomonidan Konstitutsiyaviy komissiya faoliyatining uchta bosqichi aniq belgilab berildi. Shu asosda Konstitutsiyaviy komissiya:

birinchidan, Konstitutsiyani o‘zgartirish bo‘yicha takliflarni qabul qilish, jamlash va tahlil qilishni tashkillashtirish;

ikkinchidan, Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan ishlab chiqilgan yangilangan Konstitutsiya loyihasini keng jamoatchilik ishtirokida ko‘rib chiqish va umumxalq muhokamasini o‘tkazish;

uchinchidan, umumxalq muhokamasi natijasida maromiga yetkazilgan Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini referendum o‘tkazish yo‘li bilan qabul qilish bosqichlari doirasida izchil faoliyat olib bordi.

Davlatimiz rahbari bu haqda to‘xtalar ekan, jumladan, shunday dedi: “konstitutsiyaviy islohotni fuqarolarimiz fikri va qo‘llab-quvvatlashi asosida referendum orqali amalga oshirsak, bu tom ma’noda xalqimiz xohish-irodasining ifodasi – haqiqiy xalq Konstitutsiyasi bo‘ladi”.

Shu asosda Konstitutsiyaviy komissiya konstitutsiyaviy islohotning 2023-yil 30-aprelda bo‘lib o‘tgan referendumgacha bo‘lgan barcha tashkiliy-huquqiy tadbirlarida bosh-qosh bo‘ldi.

 

O‘zbekiston Prezidenti Konstitutsiyani yangilash bo‘yicha ilgari surgan takliflar va tashabbuslarning  ro‘yobi

 

Prezidentimiz O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan 2022-yil 20-iyunda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda inson qadrini konstitutsiyaviy mustahkamlashning to‘qqizta asosiy yo‘nalishi bo‘yicha Konstitutsiyaga kiritiladigan aniq takliflarini jamoatchilik e’tiboriga havola etdi. Shu muhim taklif va tashabbuslarning barchasi yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda o‘z aksini topdi.

Xususan, O‘zbekiston Prezidenti inson – davlat va jamiyat uchun maqsadga erishish vositasi emas, aksincha, ana shu maqsadning bosh mazmuni va manbai hamda eng oliy qadriyat bo‘lishi lozim, degan tashabbus bilan chiqdi. Natijada endilikda inson qadrini yuksaltirish haqiqatda davlat hokimiyati organlarining konstitutsiyaviy burchi va ustuvor vazifasiga aylandi.

Asosiy qonunda “O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” degan g‘oya mustahkamlandi. Binobarin, ijtimoiy davlat – ijtimoiy tafovutlarni kamaytirish, muhtojlarga yordam berish bo‘yicha samarali siyosat olib boradigan davlat modelidir.

 “O‘zbekiston – huquqiy davlat” degan g‘oya Konstitutsiyamizda qat’iy mustahkamlab qo‘yildi. Huquqiy davlat – insoniyatning ming yillar mobaynidagi mashaqqatli mehnati evaziga shakllangan taraqqiyot g‘oyasi va buyuk kashfiyotidir.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga ilk bor “fuqarolik jamiyati institutlari” iborasi kiritildi. Mahallalar va ommaviy axborot vositalari fuqarolik jamiyati institutlari qatorida qayd etildi.

Konstitutsiyada “O‘zbekiston – dunyoviy davlat”, deb belgilandi. Dunyoviy davlat – davlat boshqaruvi Konstitutsiya va qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadigan davlat, deganidir.

 

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasining umumxalq muhokamalari

 

Birinchi navbatda, mamlakatimiz siyosiy partiyalarining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyalari tomonidan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi loyihasi atroflicha muhokama qilingani muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Ayni jarayonda fuqarolarimiz, keng jamoatchilik vakillari, ayniqsa yoshlar befarq bo‘lmasdan, o‘z taklif va mulohazalari bilan faol qatnashdi.

O‘tkazilgan sotsiologik tadqiqot respondentlarning 88 foizi Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan qanday takliflar bildirilganidan xabardor ekanligini ko‘rsatdi.

Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan Asosiy qonunimizni takomillashtirish yuzasidan keng qamrovli ishlar amalga oshirildi. Komissiya faoliyatiga ilmiy-tadqiqot muassasalari, tegishli vazirlik va idoralar mutaxassislari, soha ekspertlari keng jalb qilindi, rivojlangan davlatlarning konstitutsiyaviy tajribasi chuqur va har tomonlama o‘rganildi.

Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy qonun loyihasi umumxalq muhokamasiga qo‘yildi. Loyiha muhokamalarida fuqarolarning faolligi kuchaygani, takliflar soni tobora oshayotgani tufayli umumxalq muhokamasi muddati bir necha bor uzaytirildi.

Umumxalq muhokamasi davrida vazirlik, idora va tashkilotlarda, respublika bo‘yicha barcha tuman va shaharlarda, shuningdek, Oliy Majlis deputatlari va senatorlar, siyosiy partiyalar, mahalliy Kengash deputatlari ishtirokida 20 mingga yaqin tadbirlar tashkil etildi. Konstitutsiyamizga kiritilayotgan o‘zgarishlar hamda olib borilayotgan ishlarni aholining keng qatlamiga yetkazish maqsadida ommaviy axborot vositalari orqali ko‘plab materiallar chiqarildi.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha uchta xalqaro jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi. Bulardan biri – Konstitutsiyalarda xotin-qizlar huquqi to‘g‘risidagi qoidalarning aks etishi; yana biri – Konstitutsiyalarda bola huquqlarining kafolatlanishi va keyingisi – Konstitutsiyalarda nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarining mustahkamlanishi bilan bog‘liq mavzularga bag‘ishlandi.

Xalqaro jamoatchilik eshituvlarida O‘zbekistonda yaratilgan siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy shart-sharoitlar xotin-qizlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va bolalarning fundamental huquqlarini samarali muhofaza qilishga imkon berishi ta’kid­landi. Konstitutsiyaviy  islohot davomida bu boradagi ibratli xorijiy va xalqaro tajribalarni o‘rganish muhimligiga e’tibor qaratildi.

O‘z navbatida, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonun talablari asosida loyihaga berilgan takliflarni belgilangan tartibda ko‘rib chiqish ishlari davom ettirildi. Mehnat jamoalari, oliygohlar, mahalla faollari va ziyolilar bilan bo‘lib o‘tgan muhokamalarda ham yana qariyb 10 mingta qo‘shimcha taklif kelib tushdi. Ayni paytda xalqaro-huquqiy hujjatlar va 193 davlat tajribasi o‘rganildi.

Shu tariqa O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini yangilash bo‘yicha jami 222 ming 715 ta taklif olindi. Umumxalq muhokamasi uchun e’lon qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan nafaqat fuqarolarning yakka tartibdagi, balki ko‘plab jamoaviy takliflari ham Konstitutsiyaviy komissiyaga kelib tushdi.

Bularning hammasi yangi tahrirdagi Konstitutsiyada jamiyatning barcha qatlamlari manfaatlari inobatga olingani, Yangi O‘zbekistonni qurish g‘oyasi atrofida butun jamiyat jipslashgani, Bosh Qomusimiz tom ma’noda xalq Konstitutsiyasi bo‘layotganidan dalolat beradi.

Konstitutsiya loyihasidagi moddalar soni amaldagi 128 tadan 155 taga, normalar soni 275 tadan 434 taga oshdi. Ya’ni, Asosiy qonunimiz matni qariyb 65 foizga ortdi va xalqimiz takliflari asosida yangilandi.

Yangi    tahrirdagi     Konstitutsiya   loyihasi  7 turdagi nazariy va amaliy, ilmiy va huquqiy ekspertizadan o‘tkazildi. Ayniqsa, ilmiy muassasa va ta’lim tashkilotlari yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasi yuzasidan takliflar kiritish borasida alohida peshqadamlik ko‘rsatdi. O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohot jarayonida Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning tegishli tuzilmalari, ayniqsa, faol hamkorlik qildi.

Xalqaro hamjamiyat namoyandalari O‘zbekiston konstitutsiyaviy islohotning o‘ziga xos modelini yaratish uchun betakror tajriba to‘plaganini e’tirof etdilar. Asosiysi, mamlakatimizda amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohot yuqori baholanib, bu borada O‘zbekistonning tutgan yo‘li to‘liq qo‘llab-quvvatlandi.

Konstitutsiyamiz loyihasini muhokama qilishdan boshlab to uni qabul qilguncha bo‘lgan davrda o‘tkazilgan umumxalq muhokamalarida millionlab yurtdoshlarimiz faol va munosib ishtirok etdilar. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, O‘zbekiston Prezidenti ta’kidlaganidek, “yangilangan Konstitutsiyamizning chinakam muallifi xalqimiz bo‘ldi, deb aytishga barcha asoslarimiz bor. Eng muhimi, endi islohotlarimiz yo‘lidan hech qachon ortga qaytmaymiz, “inson – jamiyat – davlat” degan yangi tizim asosida faqat va faqat oldinga qarab boramiz”.

 

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi loyihasi bo‘yicha referendum tashkil etilishi

 

Dastavval, 2023-yil 9-10-mart kunlari bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazish haqida”gi qaror qabul qilindi. Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha referendumni o‘tkazish sanasi – 2023-yil 30-aprel deb belgilandi.

Deputatlar tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining referendumni o‘tkazish to‘g‘risidagi qarori yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi xulosasini olish to‘g‘risidagi masala ham qo‘llab-quvvatlandi. Binobarin, 2023-yil 13-mart kuni mazkur qarorning Konstitutsiyaga muvofiqligini aniqlash to‘g‘risidagi ish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi qarori qabul qilindi.

Ya’ni, Konstitutsiyaviy sud tomonidan  tegishli Konstitutsiyaviy qonun loyihasini referendumga qo‘yishga to‘sqinlik qiluvchi holatlar aniqlanmadi. Konstitutsiyaviy qonun loyihasini referendumga qo‘yish Konstitutsiyaga muvofiq deb topildi. Konstitutsiyaviy sud qarori Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi va Senatiga yuborildi.

Shundan so‘ng “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi 2023-yil 14 mart kuni Oliy Majlis Senatida ko‘rib chiqildi. Majlisda, ta’kidlanganidek, konstitutsiyaviy islohot mamlakat hayotining barcha jabhalarida kechayotgan tub o‘zgarishlarning uzviy qismi bo‘lib, ularning mustahkam huquqiy asosini yaratadi hamda Asosiy qonunimizni jamiyatdagi bugungi real voqeilikka va shiddatli islohotlarimiz mantig‘iga moslashtiradi.

Muhokamalar natijasida senatorlar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazish haqida”gi qaror qabul qilinib, unga ko‘ra referendum 2023-yil 30-aprel kuniga tayinlandi. Shu asosda mamlakatimizda tarixiy referendum o‘tkazildi.

Markaziy saylov komissiyasining tegishli qaroriga ko‘ra, referendumda ovoz beruvchilarning 84,51 foizi ishtirok etgani inobatga olinib, 30-aprel kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha referendum O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq haqiqiy, deb topildi. Shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni referendumda umumxalq ovozi bilan qabul qilingan, deb hisoblandi.

“O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni ushbu qaror rasmiy e’lon qilinganidan keyin kuchga kirdi. Mazkur qaror rasmiy e’lon qilingan kunning o‘zida uning ijrosini tashkil etish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga yuborildi.

 

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya ijrosi bo‘yicha dastlabki va muhim qadamlar

 

Keyingi 16 oy davomida Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi doirasida mamlakatimizda Konstitutsiya va qonunlar ustuvorligini ta’minlash, davlat organlari faoliyatini yangicha konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitga mos holda yo‘lga qo‘yish borasida izchil hamda tizimli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Chunki Konstitutsiya va qonun ustunligi barqaror taraqqiyotning asosiy mezoni hisoblanadi.

Bu haqda so‘z borganda, birinchi navbatda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston” nomli navbatdagi kitobini alohida ta’kidlash lozim. Chunki davlatimiz rahbari ushbu salmoqli siyosiy asarida xalqimizning xohish-irodasiga binoan Asosiy qonunimizda o‘z aksini topgan tamoyillarni to‘liq ro‘yobga chiqarish va ularni hayotimizning ajralmas qismiga aylantirish bo‘yicha amalga oshiriladigan bir qator asosiy chora-tadbirlar haqida batafsil to‘xtalgan.

Xalqimizning xohish-irodasiga binoan yangilangan Konstitutsiyamizda o‘z aksini topgan hayotiy tamoyillarni to‘liq ro‘yobga chiqarish va hayotimizning ajralmas qismiga aylantirish zarur. Binobarin, O‘zbekiston Prezidenti qayd etganidek, “Biz keyingi vaqtlarda “Qonun – muqaddas, har qanday holatda ham adolatni qaror toptirish shart!” degan ezgu tamoyilni jamiyatning har bir a’zosi, ayniqsa, mansabdorlar uchun hayotiy qoidaga aylantirish borasida tizimli ishlarni amalga oshirmoqdamiz”.

O‘zbekiston Prezidentining dasturiy ma’ruza va nutqlari hamda farmon va qarorlari, milliy taraqqiyot strategiyalari va davlat dasturlarida Yangi tahrirdagi Konstitutsiya normalarini mamlakatimiz hayotining barcha sohalariga izchillik bilan joriy etishning tub siyosiy-nazariy mohiyati, tashkiliy-amaliy mexanizmlari chuqur ochib berilgan.

Shu o‘rinda 2023-yil 8-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilinganini ta’kidlash maqsadga muvofiq. Unda belgilanganidek, yangi tahrirdagi Konstitutsiya oliy yuridik kuchga ega ekanligidan kelib chiqib, davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida to‘g‘ridan to‘g‘ri va so‘zsiz qo‘llaniladi.

Farmon asosida o‘nlab qonun va qonunosti hujjatlari yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyaga muvofiqlashtirildi. Ushbu Farmon bilan “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasidan kelib chiqadigan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi” tasdiqlandi.

Shuningdek, 2023-yil 7-noyabrda Prezidentimizning “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Farmon bilan davlat rahbarining 10 ta farmoni va 4 ta qaroriga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada belgilangan hokimlar va xalq deputatlari Kengashlari vakolatlari taqsimlanishiga asoslangan davlat hokimiyatini tashkil etishning yangi modelini to‘liq amalga oshirish, mahalliy Kengashlarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi rolini kuchaytirish, mahalliy davlat hokimiyatini yangicha konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarda yo‘lga qo‘yish maqsadida O‘zbekiston Prezidenti 2024-yil 2-fevralda “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni ham qabul qildi. Farmon bilan 4 ta hujjat:

birinchisi, “Jamiyat va davlat hayotining muhim masalalarini hal etishda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining rolini oshirish maqsadida xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga o‘tkazilishi taklif etilayotgan vakolatlar ro‘yxati”;

ikkinchisi, “Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining tizimlashtirish taklif etilayotgan vakolat va funksiyalari”;

uchinchisi, “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini «Kuchli Kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim» tamoyili asosida tashkil etish yuzasidan qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”;

to‘rtinchisi, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan o‘zgartirishlar” tasdiqlandi.

O‘zbekiston Prezidenti 2024-yil 19-fevralda “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Qonun bilan tegishli qonun hujjatlariga, jumladan:

· «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida»;

· «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi to‘g‘risida»;

· «Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida»gi konstitutsiyaviy qonunlarga;

· shuningdek, «Prokuratura to‘g‘risida»;

· «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida»;

· «Referendum yakunlari hamda davlat hokimiyati tashkil etilishining asosiy prinsiplari to‘g‘risida»;

· «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risida»;

· «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti to‘g‘risida»;

· «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a’zosining maqomi to‘g‘risida»;

· «Qonunlar loyihalarini tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi to‘g‘risida»;

· «Parlament nazorati to‘g‘risida»;

· «O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida»;

· «O‘zbekiston Respublikasining Hisob palatasi to‘g‘risida»;

·  «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi qonunlarga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining va Senatining yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan mutlaq vakolatlarini hamda parlament nazoratini amalga oshirishning huquqiy asoslari takomillashtirilishini, qonunchilik takliflarini ilgari surish tartibi va qonunlarni qabul qilishning yangi tartibi amaldagi qonunchilikda belgilanishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Qonunning 17-moddasida qayd etilganidek, “Ushbu qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi. Ushbu Qonun 3-moddasining 1-bandi, 4-moddasining 1 va 2-bandlari 2024-yilda navbatdagi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatini shakllantirish boshlanganidan e’tiboran amalga kiritiladi. Ushbu Qonun 5-moddasining 6-bandi, 6-moddasining 2-bandi, 10-moddasining 2-bandi navbatdagi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining birinchi majlisi chaqirilgan kundan e’tiboran amalga kiritiladi”.

Shuningdek, 2024-yil 17-oktyabrda “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.

Qonun muqaddimasida qayd etilganidek, yangi konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarda hokim va xalq deputatlari Kengashi raisi lavozimlari ajratilayotganligi amaldagi huquqiy hujjatlarning qayta ko‘rib chiqilishi hamda takomillashtirilishini talab qilmoqda. Xususan, hududlarni rivojlantirish borasida xalq deputatlari Kengashlarining rolini yanada oshirish talab etilmoqda, bugungi kun talablariga asosan vakillik nazoratining yangi shakllarini joriy etish, hokimlarning tegishli Kengashlar oldidagi mas’uliyati va hisobdorligini kuchaytirish borasidagi islohotlarni izchil davom ettirish zarur.

Ushbu Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga hokimlarning hamda xalq deputatlari Kengashlarining vakolatlarini aniqlashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Jumladan, «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi qonunning viloyat, tuman, shahar hokimi bir vaqtning o‘zida tegishli hududdagi vakillik hokimiyatiga boshchilik qilishi haqidagi normasi chiqarib tashlandi. Hokimlarga tegishli xalq deputatlari Kengashlari sessiyasiga masalalar kiritish, zarurat bo‘lganda Kengash sessiyasi chaqirilishini talab qilish va tegishli xalq deputatlari Kengashining qonunchilikka zid bo‘lgan qarorlarini bekor qilish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yoki sudga murojaat qilish kabi qator yangi vakolatlar berildi.

Xalq deputatlari Kengashlariga deputatlar orasidan saylanadigan rais boshchilik qilishi, u o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshirishi belgilandi. Uni vakolatlari muddati tugaguniga qadar lavozimidan ozod qilish tartibi nazarda tutildi.

Bundan tashqari xalq deputatlari Kengashlari va hokimlar tomonidan qabul qilinadigan hujjatlarni Mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlarini ishlab chiqish, kelishish va ro‘yxatdan o‘tkazishning yagona elektron tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi talab mustahkamlandi. Bunda ushbu tizimda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan hujjatlar haqiqiy emas deb hisoblanadi hamda huquqiy oqibatlarga olib kelmaydi.

«Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi qonunga Mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlarini ishlab chiqish, kelishish va ro‘yxatdan o‘tkazishning yagona elektron tizimiga mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari e’lon qilinadigan rasmiy manba maqomi berilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish kiritildi.

Ushbu qonun qonunchilikni yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqlashtirishga, joylarda hokimiyatlar bo‘linishi prinsipini to‘laqonli ro‘yobga chiqarishga va hududlarni boshqarishni aholi manfaatlariga xizmat qilish prinsipi asosida yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi.

Ayni yo‘nalishda milliy parlament palatalari tomonidan ham tegishli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi tomonidan 2023-yil 15-mayda yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» qabul qilinib, 10 mingga yaqin targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi hamda bepul onlayn kurs yaratildi.

O‘z navbatida, Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2023-yil 3-oktyabrda “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi. Qaror bilan hukumat qarorlari bilan tasdiqlangan muayyan nizom va reglamentlarning ayrim bandlariga tegishli  o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi 2023-yil 23-iyunda “Odil sudlovni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi normalarini to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi. Unda Konstitutsiyaning oliy yuridik kuchga egaligi haqidagi qoida uning normalari barcha qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjatlardan ustun turishini inobatga olib, sudlar ko‘rib chiqilayotgan huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi qonun va boshqa normativ hujjatning mazmunini baholashi va zarur hollarda Konstitutsiya normalarini to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiluvchi oliy yuridik kuchga ega normativ huquqiy asos sifatida qo‘llashi lozimligi yuzasidan muhim tushuntirishlar berildi.

Plenum qarorida sud hujjatlarida huquqiy asos sifatida birinchi navbatda, qoida tariqasida Konstitutsiyaning tegishli normalariga va undan keyin yuridik kuchiga qarab boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga, basharti sohaviy qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar Konstitutsiya normalariga zid bo‘lganligi aniqlansa, faqatgina Konstitutsiya normalariga asoslanilishi lozimligi qayd etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi 2023-yil 5-dekabrda “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risidagi axborotini tasdiqlash haqida”gi qarorini e’lon qildi. Axborotning dastlabki bandlarida ta’kidlanganidek, “2023-yil 30-aprel kuni umumxalq referendumida qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi (keyingi o‘rinlarda — Konstitutsiya) davlat va jamiyat hayotini modernizatsiya qilish va mamlakatda konstitutsiyaviy qonuniylik muhitini yanada mustahkamlash uchun huquqiy asos bo‘ldi. Konstitutsiyaning referendum yo‘li bilan qabul qilinishi xalq hokimiyatchiligi prinsipining eng oliy ko‘rinishi sifatida unga yuqori legitimlik bag‘ishlaydi. Asosiy qonun davlat organlarining faoliyatini demokratlashtirishga, inson huquq va erkinliklarini himoya qilishga qaratilgan yangicha konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarni yaratdi”.

 

Yangi tahg‘rirdagi Konstitutsiya – amalda!

 

Bugungi kunda yangilangan Asosiy qonunimizning konstitutsiyaviy normalari jamiyatimiz va davlatimiz, ta’bir joiz bo‘lsa, mamlakatimizda yashaydigan har qaysi inson hayotida amal qilmoqda.

Mamlakatimizda keyingi davrda bo‘lib o‘tgan ikkita saylovni olib ko‘raylik. Avvalambor, 2023-yili bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi jamiyatimizning siyosiy yetukligini, Yangi O‘zbekistonni qurish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar qo‘llab-quvvatlanayotganini yana bir bor baralla namoyon etdi.

Bunda Prezident sayloviga qadar, ya’ni 2019-yilda bo‘lib o‘tgan parlament saylovida orttirilgan tajribalar va xalqaro tashkilotlarning ayrim maqbul tavsiyalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish asnosida O‘zbekiston Konstitutsiyasiga saylovlarga oid muhim qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilganiga e’tibor qaratish zarur.

Jumladan, yangi qonun asosida Konstitutsiyaning 117-moddasiga kiritilgan o‘zgartishga muvofiq, Prezident saylovi, Oliy Majlisning Qonunchilik palatasiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov tegishincha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda – oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazilishi belgilandi. Sodda qilib aytganda, mamlakatimizda saylovlarning muddati dekabr oyidan oktyabr oyiga ko‘chirildi.

Yanada muhimi, Konstitutsiya normalariga ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslarning saylovlarda ishtirokiga taalluqli aniqlashtiruvchi o‘zgartirishlar kiritildi. Ya’ni, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan, shuningdek og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etmaydi. Boshqa har qanday hollarda fuqarolarning saylov huquqlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar, tuman va shahar kengashlariga 2024-yil 27-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan saylovlar – bu borada navbatdagi muhim qadamdir. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning zamonaviy konstitutsiyaviy normalari va umume’tirof etilgan xalqaro saylov standartlari asosida milliy saylov qonunchiligi tubdan takomillashtirilgani ushbu saylov jarayonlarining yanada ochiq va oshkora o‘tishini ta’minladi.

Yangilangan saylov qonunchiligi saylov komissiyalari va aholining saylov madaniyatini yuksaltirish, siyosiy partiyalarning o‘z elektorati bilan ishlash tizimini yanada mukammallashtirish, partiyalarning siyosiy faolligini oshirishda alohida rol o‘ynadi. Eng asosiysi, davlatimiz tarixida birinchi marotaba aralash saylov tizimi asosida o‘tgan parlament saylovida yangi tahrirdagi Konstitutsiya asosida katta vakolatlarga ega bo‘lgan Oliy Majlis tarkibi saylandi.

Har ikki saylov mamlakatimizda demokratik davlatchilik amal qilayotganligining yorqin namunasi bo‘ldi. Ushbu muhim ijtimoiy-siyosiy jarayonlar fuqarolarning saylash va saylanish bo‘yicha konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishda, davlat organlarini milliy qonunchilik va xalqaro saylov standartlariga to‘la mos ravishda demokratik tarzda shakllantirishda hamyurtlarimizning yanada faol ishtirok etishini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etdi.

Xulosa qilib aytganda, har qanday qonun avvalo uni bilish va hurmat qilish, unga so‘zsiz rioya etish orqali tom ma’noda qonuniylik hamda amaliylik kasb etadi. Konstitutsiyaning normalarini ham aynan ana shu ongli itoatkorlik harakatga keltiradi.

Bu, avvalambor, mansabdor shaxslarning ham, fuqarolarning ham Konstitutsiyani bilishlarini qat’iy talab etadi. Yuksak huquqiy madaniyatsiz Konstitutsiyaning boy salohiyatini to‘liq amalga oshirish mumkin emas. Ammo, Konstitutsiyani bilishning o‘zi bilan ham kifoyalanib bo‘lmaydi. Shu bois jamiyatda konstitutsiyaviy madaniyatni shakllantirish ustuvor ahamiyat kasb etadi.

Shu ma’noda, mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kunini munosib kutib olish va yuksak saviyada nishonlash bilan bog‘liq xayrli an’ana Asosiy qonunimizda belgilangan demokratiya, erkinlik va tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik g‘oyalari atrofida fuqarolarni jipslashtirishga xizmat qilishini ta’kidlash o‘rinlidir. Bu borada davlat rahbarining Konstitutsiya kunini nishonlashga oid farmoyishlarni tasdiqlash amaliyoti alohida ahamiyat kasb etadi.

Shu kunlarda Prezidentimizning 2024-yil 17-oktyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoyishiga asosan joylarda qiziqarli ma’naviy-ma’rifiy va huquqiy tadbirlar tashkil etilayotgani o‘z samarasini bermay qolmaydi. Jumladan, «Konstitutsiya oyligi» doirasida umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim tashkilotlarida barcha o‘quvchi va talabalarni qamrab olgan holda o‘tkaziladigan Konstitutsiya darslari katta ahamiyat kasb etishi tayin.

 

Akmal SAIDOV,

Konstitutsiyaviy komissiya raisi

«Xalq so‘zi» gazetasining 2024-yil 30-noyabr kungi 249 (8872)-soni

Powered by GSpeech