2024 йил 6 декабрь куни Ўзбекистон Республикаси Конституциявий судининг мажлиси бўлиб ўтди.
Majlisda Oliy Majlis palatalari, Hukumat, Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, nodavlat notijorat tashkilotlari, ta’lim va ilmiy tashkilotlar vakillari hamda Konstitutsiyaviy sud Ilmiy-maslahat kengashi a’zolari qatnashdilar.
Majlisda Konstitutsiyaviy sudning 2024-yilda mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylik holati to‘g‘risidagi axboroti ko‘rib chiqildi.
Mamlakatimizda konstitutsiyaviy qonuniylikni ta’minlash davlatchilikni mustahkamlash va uning barqaror rivojlanishining muhim sharti hisoblanadi. 2023-yil 30-aprel kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi referendumida umumxalq ovoz berish orqali qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatimizning kelgusidagi konstitutsiyaviy rivojlanish yo‘lini hamda xalq irodasiga asoslangan va xalq manfaatlariga xizmat qiladigan zamonaviy o‘zbek davlatchiligining asoslarini belgilab berdi.
Bosh qomusimizdagi norma va prinsiplarni hayotga tatbiq etish, shu jumladan, jamiyat va davlatni Konstitutsiyaga muvofiq, huquqiy modernizatsiya qilish, mamlakatda konstitutsiyaviy qonuniylikni yanada mustahkamlash bo‘yicha ishlar 2024-yilda ham faol davom ettirildi.
Konstitutsiyaviy sud axborotida Asosiy Qonunimizni amalga oshirish bo‘yicha 15 ta yo‘nalishda olib borilgan islohotlarga alohida to‘xtalib o‘tildi:
– hokimiyatlar bo‘linishi prinsipi hamda o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanati tizimining yangi konstitutsiyaviy konsepsiyasidan kelib chiqib, davlat organlarining faoliyati yangicha konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarda yo‘lga qo‘yildi;
– siyosiy institutlar va vakillik hokimiyati organlarining huquqiy maqomini yanada mustahkamlash, ularning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish bo‘yicha islohotlar muvaffaqiyatli amalga oshirildi;
– inson huquq va erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmati daxlsizligi, shaxsning sudlanganligi uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lishi mumkin emasligiga oid kafolatlar kuchaytirildi;
– Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanishni ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratishga oid konstitutsiyaviy norma asosida ushbu sohada yangi texnologiyalarni joriy etish, respublika hududida Internet va zamonaviy sifatli aloqa qamrovini kengaytirish choralari ko‘rildi;
– davlatning kambag‘allikni qisqartirish choralarini ko‘rish bo‘yicha konstitutsiyaviy majburiyati doirasida “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish boshlandi;
– shaxsning sog‘lig‘ini saqlash va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqi, davlatning sog‘liqni saqlash tizimini, tibbiy sug‘urtani rivojlantirish choralarini ko‘rish majburiyati doirasida xospislar tashkil etish, davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etish boshlandi;
– davlatning yangi konstitutsiyaviy ekologik majburiyatlari doirasida Qizil kitobga kiritilgan kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi o‘simlik va hayvonlar turlarini tabiiy muhitdan ajratib olish cheklandi, chang bo‘ronlariga qarshi kurashish va atmosfera havosi sifatini yaxshilash chora-tadbirlari kuchaytirildi, 2025-yilning “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilinishi ham bu boradagi konstitutsiyaviy normalarni hayotga tatbiq etishga xizmat qiladi;
– ta’lim olish konstitutsiyaviy huquqini, alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bo‘lgan bolalar uchun inklyuziv ta’lim va tarbiyani ta’minlash maqsadida oliy va professional ta’lim tashkilotlari talabalari va o‘quvchilariga byudjet mablag‘lari hisobidan ta’lim kreditini ajratish tartibi takomillashtirildi, alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarning ta’lim olishlarini tashkil etish va ularni reabilitatsiya qilish sohasida ma’muriy to‘siqlar bartaraf etildi;
– davlat o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishi haqidagi konstitutsiyaviy norma doirasida “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi, maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari rahbar, pedagog va mutaxassis kadrlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish, kasbiy bilim, ko‘nikma va mahoratini muntazam oshirib borishning yangi tizimi yo‘lga qo‘yildi;
– intellektual mulk qonun bilan muhofaza qilinishi haqidagi konstitutsiyaviy normani rivojlantirishga qaratilgan huquqiy mexanizmlar yaratildi, xususan, intellektual mulk obyektlaridan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun huquq egasining talabiga ko‘ra huquqbuzar tomonidan tovon to‘lash tartibi joriy etildi;
– sud orqali himoyalanish va sudga shikoyat qilishga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarni ta’minlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi, xususan, davlat organlari, tashkilotlar, ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan ma’muriy sudlarga murojaat qilishda davlat boji fuqarolardan oldindan undirmasdan, ishni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra aybdor tarafdan undirish tartibi joriy etildi, soliq organlarining sayyor soliq tekshiruvlari va soliq auditi natijalari bo‘yicha qabul qilingan qarorlari ustidan tadbirkorlarning to‘g‘ridan to‘g‘ri sudga shikoyat qilishiga doir cheklovlar bekor qilindi;
– mehnatga layoqatsiz va yolg‘iz keksalar, pensionerlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarining huquqlarini davlat tomonidan himoya qilishga hamda ijtimoiy davlat prinsipini amalga oshirishga qaratilgan tizimli ishlar olib borildi, xususan, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalarga, yolg‘iz yashovchi keksalarga va nogironligi bo‘lgan shaxslarga shahar yo‘lovchilar transportidan bepul foydalanish huquqi berildi, ular yo‘qolgan yoxud yaroqsiz holga kelgan ID-karta yoki biometrik pasportini almashtirishda davlat bojidan ozod etildi, nogironligi bo‘lgan shaxslarning xavfsiz va to‘siqlarsiz harakatlanishi uchun qulay muhit yaratish choralari belgilandi;
– iqtisodiy faoliyat va tadbirkorlik erkinligining konstitutsiyaviy kafolatlaridan kelib chiqib, bu boradagi huquqiy mexanizmlar ham sezilarli darajada kuchaytirildi, xususan, litsenziyalanadigan faoliyat va ruxsat etish xususiyatiga ega 22 ta hujjat hamda 4 ta tartib va talablar, tadbirkorlik subyektlaridan talab qilinadigan 8 ta hisobot va statistika ma’lumotlari bekor qilindi, soliqqa oid ayrim huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralari maqbullashtirildi;
– sudyalar mustaqilligi konstitutsiyaviy kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan islohotlar doirasida sudlar raislarining xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga axborot taqdim etishi haqidagi qoida bekor qilinib, sudlarning o‘z faoliyati to‘g‘risida jamoatchilikni har chorakda ommaviy axborot vositalari orqali xabardor qilib borish tartibi belgilandi, ishni sudga qadar yuritishda taraflarning tengligi va tortishuvi prinsipini amalda ta’minlash maqsadida tergov sudyalari institutini joriy etildi;
– huquqiy davlat konstitutsiyaviy prinsipidan kelib chiqib, qonuniylik muhitini ta’minlash va norma ijodkorligi sifatini yaxshilash, ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning barqarorligini ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirildi, xususan, qonunlarning ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishdagi rolini oshirish, loyihalarning tartibga solish ta’sirini baholash mexanizmlari takomillashtirildi, qonunlardagi havolaki normalarni amalga oshirish bo‘yicha yangicha tizim joriy etildi, jamiyatda huquqiy ong va madaniyatni yuksaltirish tizimi takomillashtirildi.
Konstitutsiyaviy sud davlat organlari sudlar tomonidan yangi tahrirdagi Konstitutsiyani bevosita qo‘llagan holda qarorlar qabul qilish amaliyotini qo‘llab-quvvatlaydi. Xususan, sud amaliyoti tahlili Konstitutsiya va uning moddalariga jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarning 73 mingdan ziyod (2023-yilga nisbatan 4,8 baravar ko‘p), fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarning 25 mingdan ortiq (2023-yilga nisbatan 5,6 baravar ko‘p), iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlarning 30 mingdan ziyod (2023-yilga nisbatan 13,6 baravar ko‘p) hamda ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlarning 9 mingga yaqin (2023-yilga nisbatan 13 baravar ko‘p) hujjatlarida to‘g‘ridan to‘g‘ri havola qilganliklarini ko‘rsatmoqda.
2024-yil davomida Konstitutsiyaviy sudga jami 1400 ta murojaatlar, shundan 1 350 tasi fuqarolar, 50 tasi yuridik shaxslardan kelib tushgan. Fuqarolar pensiya, fuqarolik, uy-joy, mehnat qonunchiligining alohida normalarini konstitutsiyaviyligini tekshirish yuzasidan murojaat qilgan.
Konstitutsiyaviy sud tomonidan 2024-yilda konstitutsiyaviy nazorat tartibida 70 ta qonun va 218 ta boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning Konstitutsiyaga muvofiqligi o‘rganilgan.
Shu bilan birga Konstitutsiyaviy sud axborotida Asosiy Qonunimizni amalga oshirish bo‘yicha bir qator takliflar ham ilgari surildi:
birinchidan, birinchi navbatda davlat xizmatchilari o‘rtasida Konstitutsiya targ‘ibotini kuchaytirish, huquqshunoslik yo‘nalishida darslik va qo‘llanmalarni Konstitutsiya asosida yangilash bo‘yicha ishlarni yakuniga yetkazish;
ikkinchidan, “Yangi O‘zbekiston – ma’rifiy jamiyat” konsepsiyasi asosida konstitutsiyaviy ta’lim masalasiga alohida e’tibor qaratish, xususan, parlament tomonidan Konstitutsiyani o‘qib-o‘rganish bo‘yicha Milliy faoliyat dasturi qabul qilish, Asosiy qonunimizni o‘rganishni bolalar bog‘chasidan boshlash, barcha darajadagi ta’lim muassasalari, aholining turli qatlamlari, ayniqsa, davlat xizmatchilarini ushbu jarayonga to‘liq jalb etib, davlat xizmatiga ishga kirishda Konstitutsiya asoslari bo‘yicha imtihonlar o‘tkazish tizimini amalda tatbiq etish bo‘yicha ishlarni jadallashtirish;
uchinchidan, viloyat va Toshkent shahrida Kengash raislari va hokimlar boshchilik qiladigan vakillik va ijro etuvchi hokimiyat tarmoqlari alohida ajratilganligini inobatga olib, qonunlardagi mahalliy davlat hokimiyati vakolatlariga oid umumiy normalarni hokimlik va mahalliy Kengashlar o‘rtasida ajratgan holda aniq tahrirda bayon etish;
to‘rtinchidan, Konstitutsiyaning shaxsning yozishmalar, telefon orqali so‘zlashuvlar, pochta, elektron va boshqa xabarlarini sir saqlashga bo‘lgan huquqini cheklashni, uy-joyda tintuv o‘tkazishni faqat sud qaroriga asosan amalga oshirishga oid qoidalari asosida Jinoyat-protsessual kodeksi tegishli normalarini qayta ko‘rib chiqish va tegishli qonun loyihasini qisqa fursatlarda Qonunchilik palatasiga kiritish;
beshinchidan, shaxsning sukut saqlashga oid konstitutsiyaviy huquqlarini jinoyat protsessida va ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha ish yuritish jarayonida to‘laqonli ta’minlash maqsadida ushbu institutni jinoyat-protsessual, ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qonunchilikda batafsil aks ettirish;
oltinchidan, vazirlik va idoralarning nizomlarini qayta ko‘rib chiqib, ularda Konstitutsiyani amalga oshirish bo‘yicha ushbu tashkilot mas’ul bo‘lgan vazifa va funksiyalarini aniq belgilab qo‘yishga qaratilgan alohida normalarni belgilash;
yettinchidan, “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi Qonunda kam ta’minlangan shaxslarning normativ-huquqiy hujjatlarning konstitutsiyaviyligini tekshirish bo‘yicha murojaatlarini Konstitutsiyaviy sud majlisida ko‘rib chiqishda ham davlat hisobidan yuridik yordam taqdim etishni belgilash;
sakkizinchidan, mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risidagi axborotida vazirlik va idoralar faoliyatiga oid tavsiyalar mazkur vazirlik va idoralar tomonidan ko‘rib chiqilishini majburiy etib belgilash;
to‘qqizinchidan, inson huquq va erkinliklarini cheklovchi choralarni joriy etishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda konstitutsiyaviy talablarga (mutanosiblik, yetarlilik konstitutsiyaviy prinsiplari, insonning huquq va erkinliklarini cheklash mumkin bo‘lgan konstitutsiyaviy doirasi) rioya etish;
o‘ninchidan, Oliy Majlis palatalari va barcha vazirlik va idoralar yuridik xizmatlari tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini huquqiy ekspertizadan o‘tkazishda ularning Konstitutsiyaga muvofiqligini baholashni alohida mezon sifatida belgilash, vazirlik va idoralar huquqshunos kadrlarini malakasini oshirish jarayonida ham ularning ushbu masala bo‘yicha ko‘nikmalarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratish;
o‘n birinchidan, tartibsiz qurilishlar, qurilish ishlarida xavfsizlik choralari ko‘rilmaganligi aholi hayoti sifat darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini, shu jumladan, yosh bolalar o‘limiga sabab bo‘lganligini inobatga olib, barcha yirik qurilish ishlarida xavfsizlik kafolatlarini hamda ushbu masalada quruvchi tashkilotlar faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirish, renovatsiyaga oid munosabatlarni qonun darajasida tartibga solish;
o‘n ikkinchidan, tergov va sud jarayonida vaqtincha tergov hibsxonalarida saqlanayotgan shaxslarga bayram kunlarida oziq-ovqat, kiyim-kechak kiritish, toza havoda sayr qilish, yaqin qarindoshlari va advokatlari bilan uchrashuvga ruxsat beradigan tizimni joriy etish masalasiga e’tibor qaratish;
o‘n uchinchidan, ba’zi hududlarda fermerlar o‘zlari yetishtirgan mahsulotni erkin tasarruf etishda to‘sqinliklarga uchrashi holatlarini e’tiborga olib, barcha mas’ullardan tovar va xizmatlarning erkin harakatlanishi bo‘yicha konstitutsiyaviy kafolatlarga so‘zsiz rioya etish;
o‘n to‘rtinchidan, Konstitutsiyadan kelib chiqib, maxsus qonunlarda xalqaro shartnomalarning yuridik kuchi masalasi aniq tartibga solish, xalqaro shartnomalar normalarining Konstitutsiyaga muvofiqligini aniqlash mexanizmlarini ochib berish, xalqaro shartnomalarni sudlar tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘llash uchun huquqiy va protsessual asoslarni takomillashtirish;
o‘n beshinchidan, tergov sudyasi vakolatlarining qonuniy asoslarini yaratish choralarini tezlashtirish;
o‘n oltinchidan, “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunida boshqa shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab qilingan da’volar yuzasidan davlat bojini to‘lash masalasi bo‘yicha huquqiy bo‘shliqni bartaraf etish.
Konstitutsiyaviy sud muhokama qilingan masalani har tomonlama o‘rganib chiqib, mutaxassis va ekspertlarning fikr-mulohazalarini hisobga olib, mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risida axborotni tasdiqlash hamda uni Oliy Majlis palatalari va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga yuborish haqida qaror qabul qildi.
Konstitutsiyaviy sud qarori Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasida va Konstitutsiyaviy sudning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi
- Qo'shildi: 06.12.2024
- Ko'rishlar: 488
- Chop etish