Majlisda Konstitutsiyaviy sudning 2024-yilda mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylik holati toʻgʻrisidagi axboroti koʻrib chiqildi.
Shu bilan birga Konstitutsiyaviy sud axborotida Asosiy Qonunimizni amalga oshirish boʻyicha bir qator takliflar ham ilgari surildi:
- birinchidan, birinchi navbatda davlat xizmatchilari oʻrtasida Konstitutsiya targʻibotini kuchaytirish, huquqshunoslik yoʻnalishida darslik va qoʻllanmalarni Konstitutsiya asosida yangilash boʻyicha ishlarni yakuniga yetkazish;
- ikkinchidan, “Yangi Oʻzbekiston – maʼrifiy jamiyat” konsepsiyasi asosida konstitutsiyaviy taʼlim masalasiga alohida eʼtibor qaratish, xususan, parlament tomonidan Konstitutsiyani oʻqib-oʻrganish boʻyicha Milliy faoliyat dasturi qabul qilish, Asosiy qonunimizni oʻrganishni bolalar bogʻchasidan boshlash, barcha darajadagi taʼlim muassasalari, aholining turli qatlamlari, ayniqsa, davlat xizmatchilarini ushbu jarayonga toʻliq jalb etib, davlat xizmatiga ishga kirishda Konstitutsiya asoslari boʻyicha imtihonlar oʻtkazish tizimini amalda tatbiq etish boʻyicha ishlarni jadallashtirish;
- uchinchidan, viloyat va Toshkent shahrida Kengash raislari va hokimlar boshchilik qiladigan vakillik va ijro etuvchi hokimiyat tarmoqlari alohida ajratilganligini inobatga olib, qonunlardagi mahalliy davlat hokimiyati vakolatlariga oid umumiy normalarni hokimlik va mahalliy Kengashlar oʻrtasida ajratgan holda aniq tahrirda bayon etish;
- toʻrtinchidan, Konstitutsiyaning shaxsning yozishmalar, telefon orqali soʻzlashuvlar, pochta, elektron va boshqa xabarlarini sir saqlashga boʻlgan huquqini cheklashni, uy-joyda tintuv oʻtkazishni faqat sud qaroriga asosan amalga oshirishga oid qoidalari asosida Jinoyat-protsessual kodeksi tegishli normalarini qayta koʻrib chiqish va tegishli qonun loyihasini qisqa fursatlarda Qonunchilik palatasiga kiritish;
- beshinchidan, shaxsning sukut saqlashga oid konstitutsiyaviy huquqlarini jinoyat protsessida va maʼmuriy huquqbuzarliklar boʻyicha ish yuritish jarayonida toʻlaqonli taʼminlash maqsadida ushbu institutni jinoyat-protsessual, maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi qonunchilikda batafsil aks ettirish;
- oltinchidan, vazirlik va idoralarning nizomlarini qayta koʻrib chiqib, ularda Konstitutsiyani amalga oshirish boʻyicha ushbu tashkilot masʼul boʻlgan vazifa va funksiyalarini aniq belgilab qoʻyishga qaratilgan alohida normalarni belgilash;
- yettinchidan, “Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida”gi Qonunda kam taʼminlangan shaxslarning normativ-huquqiy hujjatlarning konstitutsiyaviyligini tekshirish boʻyicha murojaatlarini Konstitutsiyaviy sud majlisida koʻrib chiqishda ham davlat hisobidan yuridik yordam taqdim etishni belgilash;
- sakkizinchidan, mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati toʻgʻrisidagi axborotida vazirlik va idoralar faoliyatiga oid tavsiyalar mazkur vazirlik va idoralar tomonidan koʻrib chiqilishini majburiy etib belgilash;
- toʻqqizinchidan, inson huquq va erkinliklarini cheklovchi choralarni joriy etishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda konstitutsiyaviy talablarga (mutanosiblik, yetarlilik konstitutsiyaviy prinsiplari, insonning huquq va erkinliklarini cheklash mumkin boʻlgan konstitutsiyaviy doirasi) rioya etish;
- oʻninchidan, Oliy Majlis palatalari va barcha vazirlik va idoralar yuridik xizmatlari tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini huquqiy ekspertizadan oʻtkazishda ularning Konstitutsiyaga muvofiqligini baholashni alohida mezon sifatida belgilash, vazirlik va idoralar huquqshunos kadrlarini malakasini oshirish jarayonida ham ularning ushbu masala boʻyicha koʻnikmalarini shakllantirishga alohida eʼtibor qaratish;
- oʻn birinchidan, tartibsiz qurilishlar, qurilish ishlarida xavfsizlik choralari koʻrilmaganligi aholi hayoti sifat darajasiga salbiy taʼsir koʻrsatishini, shu jumladan, yosh bolalar oʻlimiga sabab boʻlganligini inobatga olib, barcha yirik qurilish ishlarida xavfsizlik kafolatlarini hamda ushbu masalada quruvchi tashkilotlar faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirish, renovatsiyaga oid munosabatlarni qonun darajasida tartibga solish;
- oʻn ikkinchidan, tergov va sud jarayonida vaqtincha tergov hibsxonalarida saqlanayotgan shaxslarga bayram kunlarida oziq-ovqat, kiyim-kechak kiritish, toza havoda sayr qilish, yaqin qarindoshlari va advokatlari bilan uchrashuvga ruxsat beradigan tizimni joriy etish masalasiga eʼtibor qaratish;
- oʻn uchinchidan, baʼzi hududlarda fermerlar oʻzlari yetishtirgan mahsulotni erkin tasarruf etishda toʻsqinliklarga uchrashi holatlarini eʼtiborga olib, barcha masʼullardan tovar va xizmatlarning erkin harakatlanishi boʻyicha konstitutsiyaviy kafolatlarga soʻzsiz rioya etish;
- oʻn toʻrtinchidan, Konstitutsiyadan kelib chiqib, maxsus qonunlarda xalqaro shartnomalarning yuridik kuchi masalasi aniq tartibga solish, xalqaro shartnomalar normalarining Konstitutsiyaga muvofiqligini aniqlash mexanizmlarini ochib berish, xalqaro shartnomalarni sudlar tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri qoʻllash uchun huquqiy va protsessual asoslarni takomillashtirish;
- oʻn beshinchidan, tergov sudyasi vakolatlarining qonuniy asoslarini yaratish choralarini tezlashtirish;
- oʻn oltinchidan, “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonunida boshqa shaxslarning manfaatlarini koʻzlab qilingan daʼvolar yuzasidan davlat bojini toʻlash masalasi boʻyicha huquqiy boʻshliqni bartaraf etish.
Konstitutsiyaviy sud muhokama qilingan masalani har tomonlama oʻrganib chiqib, mutaxassis va ekspertlarning fikr-mulohazalarini hisobga olib, mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati toʻgʻrisida axborotni tasdiqlash hamda uni Oliy Majlis palatalari va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga yuborish haqida qaror qabul qildi.
Konstitutsiyaviy sud qarori Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasida va Konstitutsiyaviy sudning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati»