23-dekabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi xodimlari O‘zbekiston prokuraturasi tarixi muzeyida bo‘ldilar. Bu sayohat hamkasblarimizga prokuratura tizimining ham shonli tarixi, ham sobiq mustabid tuzumning qatag‘on siyosati davridagi qonli o‘tmishi bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.
Muzey dastlab 2009-yilda tashkil etilgan bo‘lsa-da, qisqa muddatdan so‘ng o‘z faoliyatini to‘xtatgan. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining 2020-yil 27-yanvardagi farmoyishi bilan prokuratura organlarining ko‘p yillik tarixini aholiga xolis va haqqoniy tarzda yetkazish maqsadida muzeyni qayta tashkil etish, uning ekspozitsiyasini boyitish va bu borada tadqiqotlar olib borishga kirishilgan.
O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasining 30-yilligi nishonlangan 2022-yilda zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan hamda nodir tarixiy eksponatlar bilan boyitilgan O‘zbekiston prokuraturasi tarixi muzeyi rasman faoliyat boshlagan.
Bugungi kunda muzey 7 bo‘limdan iborat. Uning fondida 5 mingga yaqin hujjat, 7 mingdan ortiq foto va videomateriallar, 2 mingga yaqin eksponat jamlangan.
Muzeyda 36 ta asosiy ekspozitsiya stendlari joylashgan. Ularda Markaziy Osiyo hududida ilk davlatlar shakllanishidan to hozirgi kungacha bo‘lgan davrni qamrab olgan prokuratura tarixi aks etgan.
Muzeyning “Yangi O‘zbekiston prokuraturasi faoliyati” nomli bo‘limidan so‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan prokuratura sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, shu jumladan qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar haqida ma’lumot beruvchi eksponatlar joy olgan.
Milliy markaz xodimlarida muzeyning qatag‘on qurboni bo‘lgan prokuratura fidoyilariga bag‘ishlangan eksponatlari, ayniqsa, katta taassurot qoldirdi. Muhammadjon Mo‘minov, Diloro Yusupova, Mirzo Qo‘qonboy Abduxoliqov, Sa’dulla Po‘latxo‘jayev, Habibulla Salomov kabi jasur va haqiqatparvar prokurorlarning og‘ir qismatlari, har qanday qaltis vaziyatda ham vijdonlariga xiyonat qilmasdan, yuksak jasorat ko‘rsatganlaridan bugungi kunda har birimiz ibrat olsak, arziydi.
Muzeyning ushbu bo‘limidan qatag‘onga uchragan prokuratura xodimlarining hayoti va faoliyatini aks ettiruvchi 20 ga yaqin stend, 30 dan ortiq maxsus mulyaj hamda zamonaviy texnologiyalar asosida aks ettirilgan ovozli-ko‘rgazmali tasvirlar o‘rin olgan.
Milliy markaz xodimlari sobiq mustabid tuzum davrida turli soxta ayblovlar, tuhmat va ig‘volar bilan qatag‘on qilingan 100 dan ortiq prokuratura xodimining taqdiri haqida tarixiy hujjatlar va dalillar orqali ma’lumotga ega bo‘ldilar.
O‘zbekiston prokuraturasi tarixi muzeyining yana bir o‘ziga xos jihati shundaki, uning tarkibida axborot-kutubxona markazi tashkil etilgan. O‘zaro do‘stona hamkorlik timsoli sifatida Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazda nashr etilgan huquqiy adabiyotlar muzeyning axborot-kutubxona markaziga topshirildi.
O‘zbekiston prokuraturasi tarixi muzeyi tomonidan ham kitoblar jamlanmasi Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazda tashkil etilgan “Inson huquqlari uyi”ga sovg‘a qilindi.
Azizbek RAMAZONOV,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali bosh muharririning o‘rinbosari
- Qo'shildi: 24.12.2024
- Ko'rishlar: 171
- Chop etish