“O‘zbekiston diplomatiyasi tarixi” kitobi taqdimoti o‘tkazildi

Bugun Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “O‘zbekiston diplomatiyasi tarixi” kitobining taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va senatorlar, Tashqi ishlar vazirligi rahbariyati, mamlakatimizda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillari, mahalliy va xorijiy ekspertlar, shuningdek universitet professor-o‘qituvchilari, talabalar ishtirok etdi.

Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev ushbu nashr mustaqillik yillaridagi diplomatiyamizning sermazmun tarixi va rivojlanish jarayoni o‘rganiladigan ilmiy tadqiqot o‘tkazish zarurligini ko‘rsatib bergan davlatimiz rahbari tashabbusi bilan dunyo yuzini ko‘rganini ta’kidladi.

Qayd etilishicha, yetakchi olimlarimiz – tarixchi, siyosatshunos, sharqshunos, etnograf, madaniyatshunoslar mehnati natijasi hisoblangan ushbu keng qamrovli qo‘llanmaga faxriy hamda amaldagi o‘zbek diplomatlari ham munosib hissa qo‘shgan.

– Davlatimiz rahbarining muhim tashabbusi mahsuli bo‘lmish mazkur kitob ilmiy va siyosiy hayotimizdagi o‘ziga xos voqea, desam mubolag‘a bo‘lmaydi, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Komilov. – Tadqiqotda eng qadimgi davrlardan to hozirgi kungacha bo‘lgan xalqaro munosabatlarning murakkab, ba’zan o‘ta nozik qirralari, burilish nuqtalari, davlatlaro munosabatlarning dunyo tarixiga ta’siri, mintaqamiz va jahondagi hodisalarning bir-biriga chambarchas bog‘liqligi aniq-ravshan yoritib berilgan. Asar bilan yaqindan tanisharkansiz, xalqaro va mintaqaviy taraqqiyotning murakkab bosqichida, shiddat bilan rivojlanayotgan ziddiyatli dunyoda diplomatiya, jumladan O‘zbekiston tashqi siyosatining keng qamrovi to‘g‘risida muxtasar fikr hosil bo‘ladi. Ahil jamoa mashaqqatli mehnati o‘laroq shakllangan tugal mazmun-mohiyat Yangi O‘zbekiston diplomatiyasining ustuvor vazifa va maqsadlariga hamohangligi bilan beqiyos ahamiyatga ega.

Davra suhbati davomida mualliflar matn tuzish, arxiv materiallarini yig‘ish, noyob tarixiy hujjatlar bilan ishlash, mustaqillikning ilk kunlaridan boshlangan O‘zbekiston diplomatiyasi maktabi solnomasini tahlil qilish jarayoni haqida so‘zlab berdilar.

Ishtirokchilar fikricha, ehtiyotkorlik bilan tanlangan va o‘rganilgan tarixiy manbalar diplomatiyamiz shakllanishining asosiy bosqichlari milliy tarix va ko‘p asrlik an’analar hamda zamonaviy davlat qurilishi tendensiyalariga chambarchas bog‘liq ravishda taraqqiy etayotganidan hikoya qiladi.

– Tarixga nazar tashlash bugungi kunning mohiyatini anglash, kelajakni yorqin tasavvur etish uchun zarur kalit, – deydi Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev. – Buyuk o‘tmish izsiz emas va hargiz zoye ketmaydi. Bil’aks, xalqning genetik kodida saqlanadi, xotirasi, sa’y-haraktida qayta ro‘yobga chiqadi. Va shuning uchun ham qudratli kuchdir. Binobarin, tarixiy merosni saqlash, o‘rganish, anglash va avloddan avlodga o‘tkazish, jumladan, diplomatiya sohasida ham o‘ta muhim.

Bugun taqdim etilayotgan kitobning qiymati ham bahosiz bo‘lib, bizga tarix sabog‘ini mujassam holda ifodalaydi. Modomiki, bugun ilmiy hamjamiyat oldida zamonamizning murakkab muammolarini tahlil qilish, mamlakatimiz tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilash vazifasi turarkan, tarixni o‘rganish, o‘tmishdan xulosa chiqara bilish juda zarur.

So‘nggi yillar mobaynida zamonaviy xalqaro munosabatlar tizimida yuz bergan eng yirik o‘zgarishlaridan biri, shubhasiz, dunyo xaritasida Yangi O‘zbekiston vujudga kelishidir. Bu jarayon, birinchi navbatda, dovyuraklik bilan ulkan ijobiy o‘zgarishlar davrini boshlab bergan Prezident Shavkat Mirziyoyev nomi bilan bog‘liq. Aynan shu jihat jamiyatimiz rivojining yangi mafkurasini belgilaydi.

Mustaqillik davrining ilk yillaridagi O‘zbekiston diplomatiyasi tajribasi, yutuq va muammolarini chuqur, tanqidiy o‘rganish asnosida 2017 yildan ishlab chiqila boshlagan mamlakatimizning yangilangan tashqi siyosati xususiyati mazmunan tubdan o‘zgardi.

E’tiborli jihati, nashrda Markaziy Osiyoning dunyo madaniy-tarixiy, iqtisodiy va siyosiy jarayonidagi o‘ziga xos o‘rnini ko‘rsatadigan boy tarixiy va noyob hujjatlar keltirilgan. Shuningdek, Yangi O‘zbekistonda iqtisodiyot, savdo, aloqa, yangi texnologiyalar va g‘oyalar almashinuvi rivojiga xizmat qilgan o‘zbek diplomatiyasining asosiy tamoyillari qayta tiklanayotgani alohida ta’kidlangan.

– Diplomatiya insoniyat faoliyatining asrlar davomida yer yuzidagi barcha mamlakatlar, xalqlarni qamrab olgan eng muhim, mas’uliyatli sohalaridan biri bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi, – dedi Qozog‘iston Respublikasining yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Beybut Atamqulov. – Shu nuqtai nazardan asarda to‘plangan tarixiy faktlar diplomatiya nafaqat muloqot usuli, balki xalqlararo tinchlik va hamjihatlikni saqlash, mustahkamlash san’ati sifatidagi ahamiyatini ham eslatib turadi.

O‘zbek va qozoq diplomatiyasi tarixi ko‘p jihatdan bir-biriga o‘xshash. Bizning xonlarimiz Buxoro va Qo‘qon hukmdorlari bilan birga teran aloqalar asosida xalqlarimiz o‘rtasidagi madaniy, iqtisodiy va siyosiy aloqalarni rivojlantirganlar. Xullas, mintaqada tinchlik va barqarorlikni saqlashda diplomatiya hamisha hal qiluvchi rol o‘ynagan. Bu an’analar bugungi kunda ham izchillik kasb etib, Qozog‘iston va O‘zbekiston hamkorligi butun Markaziy Osiyo uchun namuna bo‘lmoqda.

Anjuman yakunida zamonaviy o‘zbek diplomatiyasi rivojlanishi jarayonidagi yangi davrni inobatga olgan holda, ayni yo‘nalishdagi tadqiqotni davom ettirish, xususan “O‘zbekiston diplomatiyasi tarixi” kitobining yangi, to‘ldirilgan nashrlarini ham chop etish zarurligini ma’qulladilar.

O‘tkir Alimov, O‘zA

Powered by GSpeech