Konstitutsiyaviy taraqqiyotning muhim bosqichi

(A. X. Saidov tomonidan tayyorlangan “Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi: Darslik-xrestomatiya. – Toshkent: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Davlat va huquq instituti, 2025. – 796 bet.” nomli kitobini o‘qiganda tug‘ilgan mulohazalar)

  

Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha xalqimizning orzu-umidlari va intilishlari Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida o‘z aksini topdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev ta’kidlaganidek: “Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada Yangi O‘zbekistonning siyosiy-huquqiy asoslari mustahkamlanib, milliy davlatchilik taraqqiyotining hozirgi muhim tarixiy bosqichida davlat va jamiyatni yanada rivojlantirishga oid ustuvor yo‘nalishlar belgilab berildi”[1].

Bugungi kunda fuqarolarimiz yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasining ishlab chiqilishi va qabul qilinishi tarixi, bosqichlari, faktologik hujjatlarining mazmun-mohiyatini yaxshi anglashlari, uning normalaridan kundalik hayotlari va faoliyatlari davomida keng foydalanish bo‘yicha ko‘nikmalarga ega bo‘lishlari muhim. Yuridik fanlar doktori, professor, akademik A. X. Saidov tomonidan tayyorlangan mazkur darslik-xrestomatiya yangi tahrirdagi Konstitutsiyani uning g‘oyasi paydo bo‘lishidan tortib qabul qilinishigacha bo‘lgan tarixiy va siyosiy-huquqiy jarayonni har tomonlama o‘rganishga xizmat qiladi. 

Aytish joizki, akademik A. X. Saidov boy tajribaga ega taniqli olim, xalqaro va qiyosiy huquq professori, qator xorijiy va xalqaro yuridik uyushmalar a’zosi, 2025-yildan BMTning Inson huquqlari qo‘mitasi a’zosi, qiyosiy huquqshunoslik, xalqaro huquq, konstitutsiyaviy huquq, inson huquqlari, davlat va huquq nazariyasi va tarixi bo‘yicha nufuzli mutaxassisdir. Asarlari AQSH, Buyuk Britaniya, Avstriya, Germaniya, Fransiya, Polsha, Belgiya, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Janubiy Koreya, Yaponiya va boshqa davlatlarda chop etilgan. Muallif yuzdan ortiq xalqaro anjumanlarda ekspert sifatida qatnashgan.

Muallif O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan konstitutsiyaviy komissiya raisi lavozimida faoliyat ko‘rsatib, o‘zining milliy konstitutsiyaviy qurilish sohasidagi boy tajribadan foydalandi. A.Saidov rahbarligi ostida Konstitutsiyaviy komissiya Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha fuqarolarning takliflari, fikr-mulohazalarini o‘rganish, Bosh qomusimizning yangi tahririni shakllantirish va takomillashtirish ishlarini tashkil qilgan.

Muallif Yangi O‘zbekiston taqdiri va istiqboli uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan konstitutsiyaviy islohotlar jarayonini sirtdan emas, balki ularning bevosita tashkilotchilaridan biri, guvohi va ishtirokchisi sifatida tahlil qilish imkoniyatidan foydalanib, “Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi: Darslik-xrestomatiya” kitobini yaratgan. Mazkur darslik-xrestomatiya muallifning 2017-yilda nashrdan chiqqan “O‘zbekiston Konstitutsiyasi tarixi” kitobining mantiqiy davomi bo‘lib, ular birgalikda mamlakatimiz zamonaviy konstitutsiyaviy taraqqiyotining asosiy voqealari talqinini qamrab olgan.

Akademik A.X.Saidov tomonidan mazkur kitobning yaratilishi yana ikki jihati bilan ahamiyatli hisoblanadi:

birinchidan, olimning qiyosiy va xalqaro huquq sohasidagi nazariy va amaliy tajribasi, xalqaro darajadagi taniqli mutaxassis olim ekanligi uni xulosalarining yuqori nufuzini belgilaydi;

ikkinchidan, olimning milliy konstitutsiyaviy islohotlarning bevosita tashkilotchilaridan biri sifatidagi qarashlari alohida ahamiyat kasb etadi.

Darslik-xrestomatiyada mamlakatimiz taraqqiyotining bevosita uzviy tarkibiy qismi bo‘lgan konstitutsiyaviy islohot g‘oyasining tug‘ilishi, rivojlanishi, amalga oshirilishi va natijalari haqida atroflicha so‘z boradi. Darslikni yaratishda Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi g‘oyasining tashabbus qilinishi, ishlab chiqilishi, keng muhokamalardan o‘tkazilishi va qabul qilinishi jarayonlari haqidagi arxiv va ilmiy materiallar hamda ommaviy axborot vositalari ma’lumotlaridan keng foydalanilgan.

Muallif yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinishi zaruratini mamlakatda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar va jarayonlar bilan birga, jahon konstitutsiyaviy rivojlanishining zamonaviy tendensiyalari bilan bog‘lab tushuntirgan. Asarda Yangi O‘zbekiston qiyofasi O‘zbekistonda amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohotlar jarayoni va uning mazmunini tahlil qilish vositasida ochilgan. Bunda mamlakatning strategik rivojlanishida konstitutsiyaviy qurilishning ahamiyati, uning amalga oshirilish jarayoni va natijalari tahlil qilingan.

Kitob ikki katta qismga ajratilgan: birinchi qismi Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasining yaratilishi tarixi, mazmuni, maqsadlariga bag‘ishlangan bo‘lsa, ikkinchi qismi xrestomatiyadan iborat bo‘lib, unda yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinishi jarayoniga taalluqli rasmiy hujjatlar, tahliliy materiallar, metodologik g‘oyalar o‘z aksini topgan. Jumladan, xrestomatiya qismida Prezident Sh.M.Mirziyoyevning Konstitutsiya to‘g‘risidagi fikrlari, konstitutsiyaviy islohot jarayonlariga taalluqli rasmiy hujjatlar matnlari hamda konstitutsiyaviy islohot jarayonlarining ommaviy axboro  vositalarida yoritilishiga oid infografika, chizma va jadvallar taqdim qilingan.

Kitobning birinchi qismi 11 ta mavzuni o‘z ichiga oladi. “Yangi O‘zbekiston harakatlar strategiyasi: 10 ta konstitutsiyaviy qadam” deb nomlangan birinchi mavzuda sud hokimiyatining konstitutsiyaviy asoslarini mustahkamlash, ijroiya hokimiyat tizimini takomillashtirish, Konstitutsiyaviy sud faoliyatining konstitutsiyaviy asoslari, Toshkent shahri tumanlari faoliyatining konstitutsiyaviy asoslari, mahalla faoliyatining konstitutsiyaviy asoslari, Vazirlar Mahkamasining konstitutsiyaviy maqomi, saylovlarning konstitutsiyaviy asoslari kabi masalalar yoritilgan.  

“Yangi O‘zbekiston va konstitutsiyaviy islohot” deb nomlangan ikkinchi mavzuda O‘zbekiston xalqi konstitutsiyaviy islohotning asosiy tashabbuskori ekanligi, O‘zbekiston Prezidentining saylovchilar bilan uchrashuvlari chog‘ida konstitutsiyaviy islohotni amalga oshirish taklifining ilgari surilganligi, siyosiy partiyalar tomonidan aholining kayfiyatini o‘rganib, Konstitutsiyani takomillashtirish masalasini Oliy Majlis palatalari muhokamasiga kiritilishi masalalari tavsiflangan.

“O‘zbekiston Prezidenti – konstitutsiyaviy islohotning bosh g‘oyaviy ilhomlantiruvchisi” deb nomlangan uchinchi mavzuda Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi konsepsiyasi muallifi Prezident Sh.M.Mirziyoyev ekanligi, konstitutsiyaviy islohotning maqsadi va ustuvor yo‘nalishlari, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi obyektiv zarurat muhokama qilingan.

“Konstitutsiyaviy komissiya: tashkil etilishi va faoliyati” deb nomlangan uchinchi mavzuda Konstitutsiyaviy komissiyaning tashkil etilishi va faoliyatining uch bosqichi, Konstitutsiyaviy komissiyaning asosiy vazifalari va tamoyillari, Konstitutsiyaviy komissiyaning faoliyati va uning ilk natijalari tahlil qilingan.

“O‘zbekiston Prezidentining Konstitutsiyani yangilash bo‘yicha takliflari va tashabbuslari” deb nomlangan beshinchi mavzuda inson qadrini ulug‘lash – konstitutsiyaviy islohotning asosiy maqsadi ekanligi, Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat, Yangi O‘zbekiston – huquqiy davlat, Yangi O‘zbekiston – adolatli fuqarolik jamiyati sari kabi g‘oyalarning ilgari surilishi jarayoni bayon qilingan.

“Umumxalq muhokamasi: haqiqiy xalq Konstitutsiyasi sari” deb nomlangan oltinchi mavzuda Konstitutsiyaviy qonun loyihasining siyosiy partiyalar fraksiyalari tomonidan muhokama qilinishi, uni tayyorlash, umumxalq muhokamasi jarayonlari, Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasining milliy taraqqiyotdagi o‘rni va ahamiyati tahlil qilingan.

“Konstitutsiyaviy islohot: xalqaro konferensiya va jamoatchilik eshituvlari” deb nomlangan yettinchi mavzuda zamonaviy konstitutsionalizm sohasida milliy va xorijiy tajriba, ijtimoiy davlat faoliyatining konstitutsiyaviy asoslari, Konstitutsiya va mulk huquqlari, fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va maqomi, “inson – jamiyat – davlat” konstitutsiyaviy tamoyili, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha xalqaro jamoatchilik eshituvlari, xotin-qizlar huquqlari, bola huquqlari, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini jahon konstitutsiyalarida mustahkamlanishi o‘rganilgan.

“Yangi tahrirdagi Konstitutsiya: xalq fikri, ilmiy muassasalar takliflari, xalqaro tashkilotlar tavsiyalari” deb nomlangan sakkizinchi mavzuda  Keng jamoatchilikdan kelib tushgan taklif va mulohazalarning Konstitutsiya yangi tahririda o‘z aksini topishi, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha fuqarolar bildirgan takliflarning tahlili, Konstitutsiyaviy komissiyaga kelgan jamoaviy takliflarning o‘ziga xos xususiyatlari, davlat hokimiyati organlaridan yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasiga bildirilgan takliflarning tasnifi, fuqarolik jamiyati institutlarining konstitutsiyaviy islohotdagi ishtiroki, ilmiy muassasa va ta’lim tashkilotlarining taklif va xulosalari, xalqaro tashkilotlar tavsiyalari va xalqaro shartnomalar talablarining yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasida aks etishi, konstitutsiyaviy islohot jarayonlarida BMT va uning tuzilmalari ishtiroki, xorijiy ekspertlarning Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasiga oid taklif va tavsiyalari yoritilgan.

“Konstitutsiyaviy referendum: tayyorgarlik, targ‘ibot jarayoni va natija” deb nomlangan to‘qqizinchi mavzuda O‘zbekiston Prezidentining Konstitutsiyaga takliflar yakunlari bo‘yicha maslahatlashuvi, Konstitutsiyaviy qonun loyihasining referendumga qo‘yilishi, Konstitutsiyaviy sudning xulosasi, Senatning qarori va referendumning yakunlari tahlil qilingan.

“Konstitutsiyaviy islohot – jahon jamoatchiligi e’tiborida” deb nomlangan o‘ninchi mavzuda O‘zbekiston Konstitutsiyasi to‘g‘risida xorijiy va xalqaro ekspertlarning fikr-mulohazalari bayon qilingan.

“Yangi tahrirdagi Konstitutsiya asosida Yangi O‘zbekistonni barpo etish istiqbollari” deb nomlangan o‘n birinchi mavzuda Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi – keng ko‘lamli islohotlarimizning mustahkam huquqiy kafolati, xalq irodasining ifodasi, milliy va umuminsoniy qadriyatlar in’ikosi, bevosita amal qiluvchi qonun ekanligi yoritilgan.

Kitobning xrestomatiya qismida yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinishi va amalga oshirilishi jarayonlariga taalluqli jami 60 dan ortiq rasmiy hujjatlar va tahliliy materiallar, jumladan yangi tahrirdagi Konstitutsiya to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining nutqlari (20 ta), yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 2022-yil 25-iyun, 4-iyul hamda 2023-yil 15-mart kunlari umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan matnlari (3 ta), O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari va qo‘shma qarorlari (20 ta), Prezident farmon, qaror va farmoyishlari (4 ta), Markaziy saylov komissiyasi, Konstitutsiyaviy sud va Oliy sud qarorlari (3 ta), konstitutsiyaviy islohot jarayonlarining ommaviy axborot vositalarida yoritilishiga oid infografika, chizma va jadvallar (13 ta) to‘plangan.

Shunday qilib, kitobda yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasining ishlab chiqilishi va qabul qilinishi tarixini o‘rganish uchun muhim bo‘lgan barcha nazariy va faktologik ma’lumotlar o‘z aksini topgan. Darslik matnidagi ma’lumotlar chizmalar vositasida to‘ldirilgan, har bir mavzu bo‘yicha xulosalar berilgan. Darslik-xrestomatiya matnining oddiy va ravon tilda bayon etilishi Konstitutsiya to‘g‘risida yetarli ma’lumotga ega bo‘lmagan insonga uni osongina o‘zlashtirish, savollariga kerakli javoblarni tezda topish imkonini beradi.

Darslik-xremtomatiyadan talabalar, o‘quvchilar, tadqiqotchilar va o‘qituvchilar, bilan bir qatorda O‘zbekiston taraqqiyotining Yangi O‘zbekiston bosqichi va Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi yaratilishi jarayonlariga qiziqqan amaliyotchi-huquqshunoslar, siyosatchilar, davlat xodimlari, mutaxassislar, ekspertlar va umuman keng aholi uchun juda foydali manba bo‘lib xizmat qiladi.

 

Yuridik fanlar doktorlari A.B. G‘afurov va O‘.S.Ochilov

 «Xalq so‘zi» gazetasining 2025-yil 31-yanvar kungi 22 (8917)-soni

 

[1] Mirziyoyev Sh.M. Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston. – Toshkent: “O‘zbekiston” nashriyoti, 2024. – 73- bet.

Powered by GSpeech