Yangi O‘zbekistonning yangi Davlat dasturi hayotimizning barcha sohalarini shu negizda yangilashga qaratilgan
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2025-yil 7-fevralda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Farmonda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida va Oliy Majlis palatalarining majlislarida belgilangan vazifalarning ijrosini og‘ishmay tashkil etish, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risida hadli konvensiyasining Kioto protokoli va Parij bitimi doirasida mamlakatning global hamjamiyat oldida olgan majburiyatlarini bajarishda tarmoq va sohalarning uyg‘un “yashil transformatsiya”sini amalga oshirish, ularning raqobatbardoshligi va resurs tejamkorligini ta’minlash, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va unga moslashish hamda aholining yashash sifatini yaxshilash va iqtisodiy o‘sishning yangi “yashil rivojlanish” modeliga o‘tish masalalari asosiy maqsad etib belgilandi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal SAIDOV bilan ushbu Farmonning mazmun-mohiyati va yangi Davlat dasturining ahamiyati haqida suhbatlashdik.
– Davlatimiz rahbari Farmoni bilan tasdiqlangan 2025-yil bo‘yicha Davlat dasturi, avvalo, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirishga qaratilganligi e’tiborlidir, – dedi akademik A.Saidov. – Ushbu Strategiya tashabbuskori shaxsan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev hisoblanadi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bunga qadar ham ikkita Strategiya ishlab chiqilgani va qabul qilinganidan xabardorsiz. Ya’ni, Yangi O‘zbekistonning birinchi strategik dasturi – O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi 2017-2021-yillarda amalga oshirildi. Ikkinchi strategik dastur – Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan bo‘lib, bugungi kunda hayotimizning barcha sohalariga izchil tatbiq etilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning uchala strategik dasturi ham yurtdoshlarimiz va xalqaro hamkorlar taklif-tavsiyalari asosida ishlab chiqilgan. Shuning uchun ular nihoyatda xalqchil va amaliydir. Bu strategik dasturlar davlatimiz va jamiyatimiz hayotining barcha sohalarini tugal qamrab olgan.
– Yangi O‘zbekistonning uchinchi strategik dasturi haqida muxtasar ma’lumot berish mumkinmi?
– Bu haqda fikr yuritganda, birinchi navbatda, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi hayotimizning eng ustuvor yo‘nalishlarini qamragan beshta asosiy maqsadni zikr etish o‘rinlidir. Ya’ni: birinchi maqsad – ta’lim yo‘nalishi; ikkinchi maqsad – barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash; uchinchi maqsad – suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish; to‘rtinchi maqsad – qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish; beshinchi maqsad – tashqi siyosat va Qurolli Kuchlarimizning harbiy salohiyatini yanada oshirishdan iborat.
Prezidentimiz qayd etganidek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi” – xalqimizning erkin va farovon, qudratli Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha xohish-irodasini ro‘yobga chiqarish, har bir fuqaroga o‘z salohiyatini rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlarni yaratish, sog‘lom, bilimli va ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalash, kuchli iqtisodiyotni shakllantirish, adolat, qonun ustuvorligi, xavfsizlik va barqarorlikni kafolatli ta’minlashga qaratilgan strategik va ustuvor ahamiyatga ega hujjat”.
Ushbu Strategiyadagi 100 ta ustuvor maqsad zamirida xalqimizning:
- Yangi O‘zbekistonni barpo etish;
- har bir fuqaroning o‘z salohiyatini rivojlantirishi uchun imkoniyatlar yaratish;
- sog‘lom, bilimli va ma’naviy yetuk avlodni voyaga yetkazish;
- jahon ishlab chiqarishining muhim bo‘g‘ini bo‘lgan, adolat va qonun ustuvorligini, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlayotgan qudratli iqtisodiyotni shakllantirish;
- har bir fuqaroning o‘z salohiyatini yuksaltirishga bo‘lgan intilishlari mujassamdir.
Har bir maqsad muayyan chora-tadbirlar va qat’iy vazifalarni ko‘zda tutadi. Bu vazifalarning ko‘lami va miqyosi qanchalik qamrovdor bo‘lsa, ijrosini ta’minlash mexanizmlari shunchalik aniq.
Strategiya tadbirlari BMTning 2030 yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlarining “hech kimni ortda qoldirmaslik” tamoyiliga hamohang amalga oshirilmoqda. Shu jihatdan, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish 2024-yil 30-iyun – 1-iyul kunlari mamlakatimizga amalga oshirgan rasmiy tashrifi asnosida, jumladan, o‘z tashrifi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlar BMT tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganligining tasdig‘i” ekanini ta’kidlagani tahsinga sazovor.
E’tiborli jihati shundaki, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi mamlakatimizda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Qisqa davrda ushbu strategik dastur ijrosi doirasida – yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi talablariga muvofiq hamda BMTning ustav organlari va shartnoma qo‘mitalari tavsiyalarini hisobga olgan holda –inson huquq va erkinliklarini, xususan, bolalar, ayollar, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini ishonchli himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha muhim tadbirlar amalga oshirildi.
Bunga birgina yorqin misol: yangi tahrirdagi Konstitutsiyada har bir insonning o‘z huquqlarini himoya qilish uchun milliy va xalqaro institutlarga murojaat qilish huquqi kafolatlandi. Konstitutsiyaviy shikoyat instituti konstitutsiyaviy darajada mustahkamlanib, fuqarolar Konstitutsiyaviy sudga bevosita murojaat qilish huquqiga ega bo‘ldi. Jahon mamlakatlari orasida birinchilardan bo‘lib inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning maqomi konstitutsiyaviy darajada ta’minlandi.
– Aynan o‘tgan yilda bu borada amalga oshirilgan ishlar qanday samaralar berdi?
– «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi doirasida 2024 yil davomida bajarilishi lozim bo‘lgan 691 ta topshiriqdan 580 tasi to‘la amalga oshirildi. Jumladan, 2024-yilda 235 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan bo‘lib, shundan 6 tasi – qonun, 30 tasi – Prezident hujjatlari, 33 tasi – Hukumat qarori, 166 tasi boshqa turdagi hujjatlardir.
Qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish sohasida sezilarli natijalarga erishildi. Bu borada, jumladan, aholi uchun “Servis davlat” tizimini joriy qilish, fuqaro va davlat o‘rtasidagi munosabatlarda byurokratik tartibotlarga barham berish borasida bir qator amaliy ishlar bajarildi.
Inson huquqlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan yangi chora-tadbirlar qabul qilindi. Xususan, 2025-yil 1-yanvardan jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida tergov sudyasi lavozimi joriy etildi. Ushbu sudyaga “xabeas korpus” institutini qo‘llash borasida bir qator vakolatlar berildi.
O‘z navbatida, 2024-yilda O‘zbekiston birinchi marta BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi (ECOSOC) hamda Xalqaro mehnat tashkiloti Ma’muriy kengashi a’zoligiga saylandi. Shuningdek, O‘zbekiston vakili ilk bor BMT Inson huquqlari qo‘mitasiga a’zo bo‘ldi.
Mamlakatimizga 2024-yil avgust oyida BMTning Munosib turar joy masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi B.Radjagopal tashrif buyurdi. BMT Maxsus ma’ruzachisi bilan tegishli davlat tashkilotlari va turli muassasalarda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda mamlakatimizda aholini munosib uy-joy bilan ta’minlash, infratuzilmani yaxshilash sohasida amalga oshirilgan ishlar atroflicha muhokama qilindi.
O‘zbekiston BMT tuzilmalari, boshqa xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan inson huquqlarini ilgari surish va himoya qilish masalalari bo‘yicha ham faol hamkorlik qilmoqda. Mamlakatimiz tomonidan ratifikatsiya qilingan shartnomalarning bajarilishi bo‘yicha BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalariga milliy ma’ruzalar o‘z vaqtida taqdim etib kelinmoqda.
O‘zbekiston va Xalqaro mehnat tashkiloti o‘rtasidagi hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini alohida qayd etish lozim. Ayni xalqaro tashkilot ko‘magida mamlakatimizda mehnat sohasida 40 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi, 24 ta xalqaro konvensiya ratifikatsiya qilindi.
Inson huquqlarini himoya qilish va huquqiy ta’lim samaradorligini oshirish, shuningdek, BMTning Inson huquqlari sohasidagi ta’limga oid Jahon dasturining to‘rtinchi bosqichida belgilangan vazifalarni bajarish bo‘yicha ishlar faol davom ettirilmoqda. Shu maqsadda Yangi O‘zbekistonda Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim milliy dasturi izchil amalga oshirilmoqda.
Yana bir muhim tadbir: 2024-yil iyun oyida Samarqand shahrida o‘tkazilgan Inson huquqlari bo‘yicha to‘rtinchi forum “Ekologik tahdidlar: o‘zgarayotgan dunyoda inson huquqlarining istiqboli va barqaror yechimlarni izlash” mavzusiga bag‘ishlandi. O‘zbekiston Prezidentining Forum ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida 2018-yilda tashkil etilgan Inson huquqlari bo‘yicha birinchi Osiyo forumi jahon amaliyotiga o‘ziga xos “Samarqand ruhi”ni olib kirgani ta’kidlandi.
Shu bilan birga, 2024-yilda Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya qabul qilinganining 45-yilligi, Qiynoqlarga hamda muomala va jazolashning boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsitadigan turlariga qarshi konvensiya qabul qilinganining 40-yilligi va Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qabul qilinganining 35-yilligini nishonlashga qaratilgan ko‘lamdor tadbirlar o‘tkazildi.
Qonun ijodkorligi sohasida, ayniqsa, yangi tahrirdagi Konstitutsiya normalarini hayotga tatbiq etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
– Joriy yilning “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili deb e’lon qilinishi bilan bog‘liq ustuvor maqsadlar bu boradagi Davlat dasturida qay darajada to‘liq aks etdi?
– Prezidentimiz 2025-yilni yurtimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili deb e’lon qilishi zamirida, shubhasiz, Yangi O‘zbekistonni barpo etish va Uchinchi Renessans poydevorini qo‘yish yo‘lida boshlagan ishlarimizni yangi, yanada yuksak bosqichga ko‘tarish maqsadi o‘z mujassamini topgan. Bu maqsadni ro‘yobga chiqarishning joriy yil bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlari va asosiy vazifalari Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi va Senati birinchi majlislarida hamda har ikki palataning ilk qo‘shma majlisida so‘zlagan nutqlarida aniq belgilab berildi.
Shuni ham ta’kidlash kerakki, parlamentimizda, Millat Sardori ta’biri bilan aytganda, “Xalq uyi”da deputatlar va senatorlar bilan muhokama qilingan ana shu barcha tashabbusu rejalar, ilgari surilgan g‘oya, maqsad va vazifalar, mohiyat e’tiboriga ko‘ra, O‘zbekiston Prezidentining Oliy Majlis va xalqimizga navbatdagi – beshinchi Murojaatnomasi maqomiga ega. Ushbu Murojaatnoma o‘ziga xos ikkita xususiyatiga ko‘ra bu borada orttirilgan milliy tajriba va ko‘p yillik xorijiy amaliyotdan mutlaqo farq qiladi.
Birinchi xususiyati: Murojaatnomada mamlakatimiz hayotining barcha sohalarida yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning ta’siri va ilk amaliy natijalari chuqur tahlil etildi. Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasini hayotimizning barcha sohalariga teran tatbiq etish istiqbollari belgilab berildi.
Ikkinchi xususiyati: Murojaatnoma parlamentga yaxlit va yagona dasturiy hujjat sifatida taqdim etilmasdan, balki Prezidentning “parlament haftaligi” doirasida uch kun davomida – yangi saylangan Qonunchilik palatasi va Senatning birinchi majlislarida hamda har ikki palata qo‘shma majlisida alohida nutqlar tarzida e’lon qilindi.
Prezidentimizning Murojaatnomasida Yangi O‘zbekiston milliy taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlari va eng asosiy vazifalari belgilab berildi. Istiqboldagi qonun ijodkorligi dasturi doirasida yaqin yillarda parlament ishlab chiqishi va qabul qilishi hamda hukumat amalga oshirishi kerak bo‘lgan eng muhim qonunlar ro‘yxati taklif etildi.
Murojaatnomada, shuningdek, aholining ma’naviy-ma’rifiy madaniyatini yuksaltirish, ayniqsa, yoshlarni davlat ramzlariga hurmat ruhida tarbiyalash, jamiyatda vatanparvarlik tuyg‘usini oshirish yuzasidan amaliy takliflar bildirildi. Davlatimiz tashqi siyosatining tinchlik, barqarorlik va o‘zaro manfaatli hamkorlik tamoyillariga asoslangan ustuvor sohalari rivojini ta’minlashga e’tibor qaratildi.
– Yangi Davlat dasturi ishlab chiqilishi va umumxalq muhokamasidan o‘tkazilishi jarayonlariga oid qanday eng muhim ma’lumotlarni taqdim eta olasiz?
– Davlat dasturi loyihasi Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi va Senatida ko‘rib chiqildi. O‘rnatilgan tartibda, loyiha matni tegishli ekspertizalardan o‘tkazildi. Joriy yil 8-22-yanvar kunlari Dastur loyihasi matni keng jamoatchilik muhokamasi uchun Internet tarmog‘idagi uzbekistan2030.uz, regulation.gov.uz veb-saytlari, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilindi.
E’tiborli ikkita jihat: birinchisi – Davlat dasturi loyihasi muhokamasi yangi davr talablariga hamohang, ya’ni keng va ochiq tarzda tashkil etildi. Ikkinchi jihat – ushbu muhokamalar juda natijador bo‘ldi. Jamoatchilik fikri asosida salkam 100 ta konseptual taklif va mingdan ziyod aniqlashtiruvchi va tahririy tavsiyalar loyiha matnini takomillashtirishda hisobga olindi.
Internet va ijtimoiy tarmoqlarda qariyb 11 mln foydalanuvchi loyiha matni bilan tanishib, o‘z taklif va izohlarini qoldirdi. Katta auditoriyaga ega “Gazeta.uz”, “Kun.uz”, “Qalampir.uz” kabi saytlar va “Feysbuk”, “Instagram”, “Telegram” singari ijtimoiy tarmoqlarda 3 mingdan ziyod tahliliy maqola joylashtirildi. Oliy o‘quv yurtlari va davlat tashkilotlarida o‘tkazilgan 50 dan ortiq muhokama tadbirida qariyb 10 ming nafar talaba va professor-o‘qituvchi hamda davlat xizmatchilari ishtirok etdi.
– Davlat dasturi loyihasiga munosabatning mazmun-mohiyatini ochib beradigan qanday amaliy misollar bor?
– Loyihaga xalqimiz juda katta qiziqish bildirdi. Hujjatda o‘z aksini topgan bir qator ekologik tashabbuslar keng qo‘llab-quvvatlandi. Bu o‘rinda, ayniqsa:
- mahallalarni yashillashtirish, jumladan, “Soyali sayr ko‘chalari” tarmog‘ini yaratish, velosiped va piyoda yo‘llari alohida ajratilishi;
- “Toza qo‘llar” dasturi doirasida aholi tomonidan sanitariya-gigiyena vositalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish;
- plastik chiqindilarni kamaytirish, xususan, ularni qabul qiluvchi avtomatlar o‘rnatish va plastik idishlarga muqobil mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish;
- suv resurslarini tejash, jumladan, oqova, yomg‘ir va texnik suvlardan sug‘orishda foydalanish tizimlarini tashkil etishga oid tashabbuslar yurtdoshlarimizga nihoyatda maqbul va manzur bo‘lganini ta’kidlash lozim.
Dastur loyihasiga xorijdagi vatandoshlarimiz ham katta qiziqish bildirdilar. AQSH, Germaniya, Turkiya, Fransiya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Niderlandiya, Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Tojikiston kabi mamlakatlarda ulkan muvaffaqiyatlarga erishgan vatandoshlar ishtirokida ayni mavzuda tashkil etilgan ko‘plab muhokamalar shundan dalolat beradi.
Xususan, Buyuk Britaniyadagi “To‘maris” o‘zbek ayollari jamoat birlashmasi rahbari Zamira Artikova ushbu Dasturda “ayollarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan harakatlar Buyuk Britaniya va butun dunyoda yashayotgan o‘zbek ayollarini juda xursand qildi”, deb e’tirof etadi.
AQSHdagi Kaliforniya universiteti professori Sharof Tugizov Davlat dasturiga munosabat bildirar ekan, jumladan, shunday deydi: “Aholi salomatligini yaxshilash, kasalliklarni barvaqt aniqlash va davolash tizimini rivojlantirish jamiyat farovonligi uchun muhimdir. Bu borada, ayniqsa, raqamli texnologiyalarni joriy etish va skrining tadbirlarini ommaviy ravishda o‘tkazish muhim natijalarga erishishga xizmat qiladi”.
Daniyaning Orxus shahridagi “O‘zbek tashabbuslari” uyushmasi rahbari Ma’rifat Akbarova Davlat dasturida ko‘zda tutilgan “chiqindilarni saralash madaniyatini bolalarga bog‘cha va maktabdan boshlab o‘rgatish, chiqindi konteynerlarini maktab va shahar ko‘chalarida ko‘proq qo‘yish orqali chiqindilar xom ashyo resursiga aylanishi”ga erishish g‘oyasi isrofning oldini olishga xizmat qiladi”, deya uqtiradi.
O‘z navbatida, xalqaro hamjamiyat namoyandalari tomonidan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasi yuqori baholanib, Dasturni amalga oshirish borasida keng ko‘lamli hamkorlik taklif qilindi. Jumladan:
Sabina Maxl (BMT): “Dasturdagi tashabbuslar global darajada ekologik siyosatda O‘zbekistonning alohida o‘rnini ko‘rsatadi”;
Sara Noshadi (YUNESKO): “Asosiy urg‘u ekologiya va “yashil iqtisodiyot” masalalariga qaratilgani mamlakatning mintaqada ekologiya muammolarini hal etishda yetakchi davlatga aylanayotganidan dalolat beradi;
Ashina Xalakdina (JST): “Dasturdagi iqlim o‘zgarishining inson salomatligiga ta’sirini yumshatish choralari muhim ahamiyat kasb etadi”;
Akiko Fudzi (BMT): “Yoshlar, ayollar va ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa insonlarni qo‘llab-quvvatlashga oid tashabbuslarni amalga oshirishda BMT har tomonlama ko‘mak ko‘rsatadi”;
Manfred Xuterer (Germaniya): “Farmondagi tashabbuslar fuqarolarning ekologiya va atrof-muhitni asrashga bo‘lgan dunyoqarashini o‘zgartirishga xizmat qiladi”, degan mazmunda bayonotlar berdi.
Bir so‘z bilan aytganda, keng jamoatchilik muhokamasi asnosida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasi xalqimizning dilidagi orzu-istaklari ijobatiga qaratilgani o‘z tasdig‘ini topdi. Shu bilan birga, chet ellardagi vatandoshlarimiz, xorijiy ekspertlar va xalqaro tashkilotlar namoyandalari ayni loyihani yuqori baholadilar.
– “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi nihoyatda qamrovdor va sertarmoq hujjat. Unga qisqa, ayni chog‘da, tushunarli tarzda qanday ta’rif berish mumkin?
– Davlat dasturida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining 5 ta yo‘nalishi kesimida 2025-yilda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar belgilab berildi. Bu, o‘z navbatida, joriy yilda:
birinchidan, 295 ta amaliy chora-tadbirni bajarish;
ikkinchidan, 87 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish va qabul qilish;
uchinchidan, har bir yo‘nalish kesimida o‘nlab-yuzlab maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish zarurligini nazarda tutadi.
Xususan, Davlat dasturida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markaziga inson huquqlarini ta’minlash bo‘yicha uzoq muddatli milliy strategiyani tasdiqlashga oid normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlash vazifasi yuklangan. Ayni vaqtda hamkor vazirlik va tashkilotlar bilan hamjihatlikda ushbu vazifani bajarishga kirishdik.
Xulosa qilib aytganda, Davlat dasturidagi ustuvor maqsad va asosiy vazifalarning barchasi “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili talab va mezonlaridan kelib chiqqan holda belgilab berildi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Biz tabiat haqida so‘z yuritganda, ko‘pincha “ona tabiat” degan iborani ishlatamiz. O‘ylaymanki, bu shunchaki chiroyli, shoirona so‘z emas, balki uning zamirida chuqur hayotiy haqiqat bor. Biz mo‘tabar ona zotini qanday yuksak hurmat-ehtirom qilsak, o‘zimizni qurshab turgan tabiatga ham shunday munosabatda bo‘lishimiz zarur. Zero, tabiatni asrash – insonni asrash demakdir”.
G‘ulom MIRZO suhbatlashdi
“Yangi O‘zbekiston” gazetasining 2025-yil 18-fevral kungi 34 (1360)-soni
- Qo'shildi: 18.02.2025
- Ko'rishlar: 938
- Chop etish