Orxus Konvensiyasi va insonning sog‘lom atrof-muhitga bo‘lgan huquqlari himoyasi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining to‘rtinchi yalpi majlisida “Atrof-muhit bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilish jarayonida jamoatchilikning axborot olish imkoniyati, ishtiroki va odil sudlovga erishish imkoniyati to‘g‘risidagi Konvensiyaga (Orxus, 1998-yil 25-iyun) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi haqida”gi qonun muhokama qilindi hamda ma’qullandi.

Shu tariqa mamlakatimizda atrof-muhit muhofazasi va ekologik huquqlar himoyasi yangi qonuniy asosga ega bo‘ldi. Ushbu xalqaro hujjat 1998-yil 25-iyunda Daniyaning Orxus shahrida Yevropa Iqtisodiy Komissiyasiga a’zo mamlakatlar tomonidan imzolangan.  

Mazkur Konvensiya insonning sog‘lom atrof-muhitga bo‘lgan huquqlarini himoya qilishga qaratilgan muhim xalqaro hujjat hisoblanib, u tegishli davlat organlari, fuqarolar va jamoatchilik o‘rtasida ekologik axborotlarni olish va ulardan foydalanishni ta’minlashga qaratilgan.

Qayd etilganidek, xalqaro maqomdagi hujjatning asosiy maqsadi – ekologiya, atrof-muhit va fuqarolarning sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan qarorlarni qabul qilishda jamoatchilikning ishtiroki bilan bog‘liq o‘zaro munosabatlarni tartibga solish hamda odil sudlovga erishishni ta’minlashdan iborat.

Konvensiyada davlat idoralari va tashkilotlari tomonidan keng jamoatchilik so‘roviga binoan havo, atmosfera, suv va tuproq kabi atrof-muhit elementlarining tarkibiy qismlariga doir zarur ma’lumotlarni taqdim etish, sohani rivojlantirishga qaratilgan dastur va rejalarni ishlab chiqishda jamoatchilikning ishtirokini ta’minlash belgilangan.

Senatorlarning fikriga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining mazkur Konvensiyaga qo‘shilishi ekologiya va atrof-muhit sohasida  inson huquq va erkinliklarini munosib ta’minlashga, xorijiy hamkor davlatlar bilan hamjihatlikda ekologik xavfsizlikka erishish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni amalga oshirishga, shuningdek, mamlakatimizning xalqaro maydondagi ijobiy imiji va nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Joriy yil 21-22-fevral kunlari bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Senatining to‘rtinchi yalpi majlisida, Senat Axborot xizmati xabarida qayd etilganidek, jamiyat hayotining barcha sohalari huquqiy asoslarini mustahkamlashga va mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaradorligini oshirishga, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 19 ta masala, shu jumladan, 17 ta qonun ko‘rib chiqildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech