Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturining bajarilishi yuzasidan 

AOKAda o‘tkazilgan brifingda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi axborot xizmati rahbari G‘ulom Mirzayev ma’lumot berdi.

O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi amalga oshirilayotganiga 2-yil bo‘ldi. Ushbu Dastur O‘zbekiston Prezidentining 2023-yil 7-fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan.

Dastur Inson huquqlari sohasida ta’lim bo‘yicha Jahon dasturining to‘rtinchi bosqichi talablarini milliy huquqiy muhitda amalga oshirishga qaratilgan. Ya’ni, ayni huquqiy hujjat bu boradagi jahon tajribasi va milliy amaliyotni uyg‘unlashtirgan holda ishlab chiqilgan.

Dasturning har bitta yo‘nalishi bo‘yicha parlament, hukumat va mahalliy hokimliklar hamda fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunga qadar Dastur ijrosi bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ning 30 bandidan 17 tasi to‘liq bajarilgan.

Dasturning birinchi yo‘nalishi doirasida, xususan, “Inson huquqlari haftaligi” o‘tkazilib, poytaxtda va viloyatlarda xalqaro konferensiya hamda davra suhbatlari tashkil etildi. Mahallalarda “Inson huquqlari – oliy qadriyat” mavzusida uchrashuvlar o‘tkazildi.

Huquqni muhofaza qilish organlari, oliy ta’lim muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa idoralar ham samarali targ‘ibot ishlarini olib bordi. Milliy markaz tashabbusi bilan 2023-2024-yillar mobaynida 2 marotaba «Inson huquqlari va erkinliklari sohasida ta’lim va innovatsiyalar» milliy tanlovi o‘tkazildi.

Dastlab oltita oliy ta’lim muassasasida “Inson huquqlari”, “Ayollar huquqlari”, “Bola huquqlari” bo‘yicha maxsus kurslar ochildi. Bunday kurslar 14 ta hududdagi 114 ta oliy ta’lim muassasasi va 330 ta professional ta’lim tashkilotida ham tatbiq etildi.

Shu bilan birga, 2023/2024-o‘quv yilidan boshlab 11 ta tibbiyot oliy ta’lim muassasasida “Inson huquqlari” bo‘yicha 60 soatlik maxsus o‘quv moduli joriy etildi.

Dasturning ikkinchi yo‘nalishi doirasida, jumladan, Milliy markaz, Sudyalar oliy maktabi, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi va Oliy sud hamkorligida “Odil sudlovni amalga oshirishda inson huquqlarini ta’minlash” mavzusida 4 haftalik “Yozgi maktab” tashkil etildi.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi va hududlardagi 14 ta axborot-kutubxona markazida “Konstitutsiya va inson huquqlari” burchagi ochildi. Ularga Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz tomonidan 1 ming 600 nusxa huquqiy adabiyot taqdim etildi.

Milliy markaz tomonidan 2023-2024-yillarda 10 ta yangi to‘plam nashr etildi. Jumladan, 2024-yilda 45 ta xalqaro hujjat tarjima qilinib, 4 ta xalqaro shartnomalar to‘plami chop etildi.

Ichki ishlar va prokuratura organlari, jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusidagi o‘quv kursi 2023-yilda – 10 ta, 2024-yilda – 11 ta hududda o‘tkazildi.

Keyingi ikki yil davomida “Inson huquqlariga rioya etish va uni himoya qilishning xalqaro standartlari: amaliyot va hisobot” mavzusida kurslar tashkil etildi. Bu mashg‘ulotlarda 40 dan ortiq davlat organlari va tashkilotlari vakillari milliy hisobotlar tayyorlash, xalqaro tavsiyalarni amaliyotga joriy etish bo‘yicha ko‘nikma hosil qildi.

Dasturning uchinchi yo‘nalishi doirasida, xususan, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan pedagog kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimida “Inson huquqlari”, “Ayollar huquqlari”, “Bola huquqlari”, “Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari” kurslari bo‘yicha ta’lim tashkil etildi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining ishchi guruhi ayni sohadagi darsliklar, o‘quv dasturlari holatini tanqidiy ko‘rib chiqib, tegishli takliflar tayyorladi. Natijada yangilangan modullar amaliyotga joriy etildi.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga mansub yurtdoshlarimizning inson huquqlari sohasidagi xabardorligini oshirish borasidagi chora-tadbirlar Dasturning to‘rtinchi yo‘nalishida belgilangan. Ushbu bandlardagi vazifalar doimiy bo‘lganligi uchun tegishli topshiriqlar bo‘yicha ishlar muntazam davom ettirilmoqda.

Jumladan, o‘tgan davrda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan barcha viloyatlar va Qoraqalpog‘istonda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlariga bag‘ishlab 143 marta seminar-trening o‘tkazildi.

BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi bajarilishi ustidan 3 ta jamoatchilik monitoringi hamda 10 ta turli tadbirlar tashkil etildi.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75-yilligi, shuningdek, Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyaning 45-yilligi, Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning 35-yilligi munosabati bilan qator chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Milliy markaz tomonidan Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan hamkorlikda “Ayollar huquqlari” o‘quv kursi o‘tkazildi.

Shu o‘rinda Ichki ishlar vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Migratsiya agentligi bilan hamkorlikda “Migrantlar huquqlari: xalqaro standartlar va milliy qonunchilik” mavzusida maxsus o‘quv kursi tashkil qilinganini ham qayd etish lozim.

Dasturning beshinchi yo‘nalishi doirasida fuqarolik jamiyati institutlari bilan birgalikda yurtimiz bo‘ylab 2023-2024-yillar davomida 187 ta tadbir o‘tkazildi. Shuningdek, muqobil ma’ruzalar tayyorlash bo‘yicha uchta seminar-trening tashkil etildi.

Savdo-sanoat palatasi hamda boshqa tashkilotlar tomonidan Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Surxondaryo, Jizzax, Samarqand viloyatlarida “Biznes va inson huquqlari” bo‘yicha o‘quv kursi o‘tkazilib, mashg‘ulotlarga 12 ming 695 nafar tadbirkor va fermer qamrab olindi.

Kasaba uyushmalari tizimida inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasida 7 ta ta’lim yo‘nalishida “Inson huquqlari” fanini o‘qitish yo‘lga qo‘yildi.

Dasturning oltinchi yo‘nalishi doirasida, xususan, Milliy markaz tomonidan maktabgacha ta’lim muassasalarining pedagog xodimlari hamda tarbiyalanuvchilari uchun 2 ta qo‘llanma tayyorlandi.

Davlat organlari va mahalliy hokimliklar axborot xizmatlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun o‘tkazilgan “Inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi davlat siyosati va bu borada xalqaro majburiyatlarning bajarilishi” mavzusidagi o‘quv kursida 79 nafar mutaxassis qatnashdi.

Dasturning oxirgi, yettinchi yo‘nalishi doirasida Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi, Yevropa Kengashi bilan birgalikda 2023–2024-yillarda qariyb 40 ta tadbir o‘tkazildi.

Jumladan, Milliy markaz xalqaro hamkorlar bilan birga ayollar yetakchiligini rag‘batlantirish, fuqarosizlikka barham berish, milliy ozchiliklar huquqi, xalqaro tavsiyalarni bajarish mexanizmlari, mahkuma ayollar bilan muomala qilish qoidalari, xotin-qizlarning tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashdagi roli kabi mavzularda qator seminarlar tashkil etdi.

Dastur ijrosi doirasida, bir tomondan, aholining inson huquqlari haqidagi ma’lumotlardan xabardorligi oshdi, davlat organlari xodimlari, talaba-yoshlar, nodavlat tashkilotlar jarayonga keng jalb etildi. Ikkinchi tomondan, xalqaro anjumanlar, o‘quv kurslari, seminarlar tarzida ko‘plab amaliy tadbirlar bajarildi.

Yanada muhimi, ayni jarayonda BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 2024-yil 9-oktyabrdagi rezolyutsiyasi bilan e’lon qilingan Inson huquqlari bo‘yicha Jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichini mamlakatimizda izchil amalga oshirish uchun mustahkam asos yaratildi.

Powered by GSpeech