Yangi O‘zbekiston va fuqarolik jamiyati rivoji

27-fevral – Butunjahon nodavlat notijorat tashkilotlari kuni

 

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga hayotimizning boshqa muhim sohalari va ustuvor yo‘nalishlari qatori faol fuqarolik jamiyatini shakllantirish, jamoatchilik nazorati institutini yanada rivojlantirishga oid normalar ham kiritilgan. Bundan ko‘zlangan maqsad, shubhasiz, mamlakatimizda ochiqlik siyosatini davom ettirishdir.

Inson qadri ustuvor bo‘lgan jamiyat va xalqparvar davlat qurayapmiz. Fuqarolik jamiyati institutlari faoliyati kafolatlarining konstitutsiyaviy negizda belgilanishi timsolida ana shu mas’uliyatli jarayonlarda jamiyatimizda ochiqlik, oshkoralik va qonuniylik muhitini, davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash hamda kuchli jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish uchun mustahkam huquqiy zamin hozirlandi.

Avvalo, Konstitutsiyamizga ilk marotaba fuqarolik jamiyati institutlariga bag‘ishlangan alohida bob kiritildi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning XIII bobi «Fuqarolik jamiyati institutlari» deb nomlandi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya timsolida milliy qonunchiligimizda birinchi marotaba fuqarolik jamiyati institutlarining tarkibi ochib berildi. Ushbu institutlar fuqarolik jamiyatining asosini tashkil etishi mustahkamlandi.

Asosiy qonunimizning 69-moddasiga ko‘ra: «Fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari fuqarolik jamiyatining asosini tashkil etadi. Fuqarolik jamiyati institutlarining faoliyati qonunga muvofiq amalga oshiriladi».

Konstitutsiyaning eski matnida «jamoat birlashmalari» tushunchasiga berilgan ta’rif yanada aniqlashtirildi. Bosh qomusimizning 70-moddasi jamoat birlashmalari faoliyatini kafolatlovchi norma bilan to‘ldirildi.

Endilikda ushbu konstitutsiyaviy moddaga binoan: «O‘zbekiston Respublikasida kasaba uyushmalari, siyosiy partiyalar, olimlarning jamiyatlari, xotin-qizlar tashkilotlari, faxriylar, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar tashkilotlari, ijodiy uyushmalar, ommaviy harakatlar hamda fuqarolarning boshqa birlashmalari jamoat birlashmalari sifatida e’tirof etiladi. Jamoat birlashmalarini tarqatib yuborish, ularning faoliyatini taqiqlab yoki cheklab qo‘yish faqat sud qarori asosidagina amalga oshiriladi».

Davlat zimmasiga fuqarolik jamiyati institutlarining faoliyatini ta’minlash bilan bog‘liq muayyan majburiyatlar yuklandi. Konstitutsiyaning 72-moddasi birinchi bandiga muvofiq: «Davlat nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini ta’minlaydi, ularga jamiyat hayotida ishtirok etish uchun teng huquqiy imkoniyatlar yaratadi».

Shu bilan birga, davlat organlari va mansabdor shaxslarning nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatiga aralashmasligi, demakki davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bir-biridan mustaqil ravishda faoliyat olib borishi kafolatlab qo‘yildi.

Yangi tahrirdagi Bosh qomusimizning 72-moddasi ikkinchi bandiga asosan: «Davlat organlari va mansabdor shaxslarning nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatiga aralashishiga, shuningdek nodavlat notijorat tashkilotlarining davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatiga aralashishiga yo‘l qo‘yilmaydi».

Bundan tashqari, Asosiy qonunda fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash masalasi Vazirlar Mahkamasining vakolatlari qatoridan joy oldi. Konstitutsiyaning 115-moddasi oltinchi bandiga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi: «fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini amalga oshiradi, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda ijtimoiy sheriklik dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ularning ishtirok etishini ta’minlaydi».

Konstitutsiyaning 36-moddasida belgilanganidek, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga ega. Bunday ishtirok etish o‘zini o‘zi boshqarish, referendumlar o‘tkazish va davlat organlarini demokratik tarzda shakllantirish, shuningdek davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati vositasida amalga oshiriladi.

Shuni ham qayd etish joizki, Konstitutsiyaning 115-moddasi o‘ninchi bandida hukumatning asosiy vakolatlaridan biri sifatida: «ijro hokimiyati organlarining ishida ochiqlik va shaffoflikni, qonuniylik va samaradorlikni ta’minlash, ularning faoliyatida korrupsiya ko‘rinishlariga qarshi kurashish» vazifasi belgilangan. Bu, o‘z navbatida, ayni jarayonlarda fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan jamoatchilik nazorati olib borilishini ham nazarda tutadi.

Mamlakatimizda fuqarolik jamiyati institutlari o‘rni va ahamiyatini oshirishga qaratilgan barcha ezgu amallar zamirida Prezident Shavkat Mirziyoyevning ushbu tizimni yanada taraqqiy ettirish, xususan, baxtli va osoyishta, obod va farovon, to‘kis va munosib hayot kechirishimizga bog‘liq barcha masalalar yechimini xalq ovozi bo‘lgan mahalla darajasiga tushirishga oid tashabbusi mujassam. Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, «Yangi O‘zbekistonni barpo etishda biz uchun eng muhim va asosiy poydevor bu – xalq ovozi, xalq fikri ustuvor bo‘lgan mahalladir».

Shu ma’noda, yangilangan Konstitutsiyamizning 127-moddasi ikkinchi bandida: «Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmaydi hamda mahalliy ahamiyatga molik masalalarni fuqarolarning manfaatlaridan, rivojlanishning tarixiy o‘ziga xos xususiyatlaridan, shuningdek milliy qadriyatlardan, mahalliy urf-odatlar va an’analardan kelib chiqqan holda, qonunga muvofiq mustaqil ravishda hal etishga haqli», degan normalar mustahkamlangani juda muhim. Bunda, bir tomondan, mahalla tizimining davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmasligi qat’iy belgilangan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, mahallalarning qonunga muvofiq va mustaqil faoliyat olib borishi kafolatlangan.

O‘z navbatida, Asosiy qonunimizning 127-moddasi uchinchi bandida davlatning mahallalar faoliyati uchun mas’ul ekani ta’kidlangan. Ya’ni: «Davlat fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini amalga oshirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi, ularga qonunda belgilangan vakolatlarini amalga oshirishida ko‘maklashadi».

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda bunday kafolatlarning belgilanishi mahallalarga: birinchidan, o‘z hududini mustaqil boshqarish; ikkinchidan, aholi manfaatlaridan kelib chiqib davlat bilan sheriklik asosida muammolarni hal etib borish; uchinchidan, hududni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirish; to‘rtinchidan, samarali jamoatchilik nazoratini amalga oshirish; beshinchidan, aholi farovonligini ta’minlash borasida muhim imkoniyatlarni taqdim etadi.

Mazkur yangi konstitutsiyaviy normalar fuqarolik jamiyati institutlarining mamlakatimiz hayotidagi rolini yanada oshirish bundan buyon ham e’tibor markazida bo‘lishidan dalolat beradi. Bu bejiz emas. Chunki mahallalar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari mamlakatimiz hayotining barcha sohalaridagi qamrovdor islohotlar ustidan jamoatchilik nazorati samaradorligini, shuningdek, fuqarolarning demokratik o‘zgartirishlardagi faolligini oshirishda beqiyos o‘rin tutadi.

Bu haqda fikr yuritganda, xususan, fuqarolik jamiyati institutlari faoliyat ko‘rsatadigan huquqiy makonni kengaytirish maqsadida, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi talablaridan kelib chiqib, 2018-yil 12-aprelda «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi qonun qabul qilinganini qayd etish lozim. Ayni yo‘nalishda, shuningdek, bir qator qonunlar yangi davr talablari asosida takomillashtirildi, Prezident farmon va qarorlari qabul qilindi hamda ijroga qaratildi.

O‘z navbatida, 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida ushbu sohaning joriy va istiqboldagi ustuvor maqsadlari hamda asosiy vazifalari belgilab berildi. Bunda, avvalambor, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining 1-maqsadi «Mahalla instituti faoliyatining samaradorligini oshirish, uni jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tayanch bo‘g‘iniga aylantirish», deb nomlanganiga e’tibor qaratish zarur.

Taraqqiyot strategiyasining 4-maqsadi «Davlat boshqaruvi organlari faoliyatini «fuqarolarga xizmat qilishga yo‘naltirish» tamoyili asosida transformatsiya qilish» deb nomlangan. Unda, xususan, davlat boshqaruvi organlari faoliyati ustidan davlat nazoratini amalga oshirishda manfaatlar to‘qnashuvi vujudga kelishini bartaraf etish, mazkur jarayonga keng jamoatchilikni jalb qilish; vazirlik va idoralar faoliyatining barcha yo‘nalishlarini «Davlat – xalq xizmatchisi» tamoyili asosida fuqarolarga xizmat qilishga yo‘naltirish vazifalari belgilangan.

Eng asosiysi, Taraqqiyot strategiyasining «Ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish» deb nomlangan 12-maqsadida bu boradagi bevosita muhim bir qator vazifalar nazarda tutilgan. Jumladan, jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning zamonaviy shakllarini rivojlantirish uchun, xususan, Taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishda hududiy, tarmoq va davlat dasturlari loyihalarini ochiq e’lon qilib, keng jamoatchilik fikri asosida ishlab chiqish amaliyoti yo‘lga qo‘yilayotgani ahamiyatlidir.

Bugungi kunda jamoatchilik nazoratining qonuniy asoslari yanada mustahkamlanmoqda. Shu asosda jamoatchilik nazoratining samarali va ta’sirchan shakllari, ularni amalga oshirish mexanizmlari izchil joriy etilayotgani juda muhim. Zero, O‘zbekiston Prezidenti ta’biri bilan aytganda, «jamoatchilik nazorati bu — faqatgina davlat idoralari faoliyati ustidan nazorat emas, balki jamiyatning o‘zini o‘zi boshqarish usuli, boshqacha aytganda, fuqarolik jamiyatini taraqqiy toptirishning muhim omillaridan biridir».

Ommaviy axborot vositalarining roli va jurnalistlar kasbiy faoliyatining himoyasi ham izchil kuchaytirilmoqda. Bu maqsadga erish uchun, birinchi navbatda, fuqarolarni qiynayotgan muammolar hamda islohotlarning samaradorligini o‘rganishda ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish tartibi joriy qilinayotgani e’tiborlidir.

Shu bilan birga, ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga noqonuniy aralashganlik va to‘sqinlik qilganlik, jumladan, mansabdor shaxslar tomonidan senzura o‘rnatish, tahririyat xodimlariga bosim va tazyiq o‘tkazish, materiallar va texnik vositalarni ulardan g‘ayriqonuniy ravishda olib qo‘yish harakatlari sodir etilgani uchun javobgarlikni yanada kuchaytirilmoqda. Shu nuqtayi nazardan, Taraqqiyot strategiyasining 89-maqsadi «Fuqarolarning axborot olish va tarqatish erkinligi borasidagi huquqlarini yanada mustahkamlash» deb atalgani katta ahamiyatga ega.

Ayni yo‘nalishda “O‘zbekiston–2030” strategiyasida ham muhim maqsad va vazifalar nazarda tutilgan. Bunga Prezidentimizning 2025-yil 7-fevraldagi Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi yaqqol misoldir.

Avvalo ushbu hujjatlar loyihasi keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilishi jarayonida ko‘plab takliflar va yangi tashabbuslar kelib tushgani mamlakatimizda faol fuqarolik jamiyati rivojlanayotganidan dalolat beradi. Akademik Akmal Saidov ta’biri bilan aytganda, Davlat dasturi loyihasi muhokamasi yangi davr talablariga hamohang, ya’ni keng va ochiq tarzda tashkil etilgani uchun juda natijador bo‘ldi. Jamoatchilik fikri asosida salkam 100 ta konseptual taklif va mingdan ziyod aniqlashtiruvchi va tahririy tavsiyalar loyiha matnini takomillashtirishda hisobga olindi.

Prezident Farmoni va Davlat dasturining o‘zida ham fuqarolik jamiyati institutlariga ulkan ishonch bilan yondashilgani e’tiborga sazovor. Xususan, Farmonning 34-bandida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va “Yuksalish” harakatiga Davlat dasturining amalga oshirilishini, shu jumladan, joylarga chiqib, jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda tanqidiy o‘rganib borish hamda bu boradagi natijalar bo‘yicha har oyda Prezident Administratsiyasiga axborot kiritib borish tavsiya etilgan bo‘lib, o‘z navbatida, davlat hokimiyati organlari, vazirlik va idoralar, mahalliy ijro hokimiyati organlari zimmasiga ushbu fuqarolik jamiyati institutlarining ayni sohadagi faoliyatiga har tomonlama ko‘maklashish vazifasi yuklangan.

Davlat dasturining Amaliy tadbirlar rejasidagi 74-maqsad aholi farovonligini ta’minlash va hududlarda kundalik masalalarni hal etishda mahallani jamoatchilik hamda davlat organlari o‘rtasidagi “tayanch ko‘prik”ga aylantirishga qaratilgan. Shu asosda bugungi kunda hududiy ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlarini ishlab chiqishda mahalla institutining rolini oshirishga qaratilgan tegishli chora-tadbirlarni hayotga tatbiq etishga kirishildi.

Shuningdek, Amaliy tadbirlar rejasidagi 83-maqsad erkin fuqarolik jamiyatini va ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada rivojlantirish, O‘zbekistonni fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha xabga aylantirish vazifalarini o‘zida qamraydi. Ushbu maqsadga erishish uchun uchta yo‘nalishda:

birinchi yo‘nalish – har yili “Eng yaxshi axborot xizmati” tanlovini yo‘lga qo‘yish;

ikkinchi yo‘nalish – davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish, soha va tarmoqda saqlanib qolayotgan muammolarni birgalikda hal qilish mexanizmlarini kengaytirish;

uchinchi yo‘nalish – davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining shaffofligini oshirishda parlament nazorati samaradorligini kuchaytirishga qaratilgan izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 26-avgustda qabul qilingan “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni katta ahamiyat kasb etayotganligini alohida ta’kidlash maqsadga muvofiqdir. Bundan tashqari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2025-yil 27-yanvardagi qarori bilan “Aholi va davlat xizmatchilarining huquqiy ongi hamda madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasizlik muhitini shakllantirish bo‘yicha 2025-yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasi” tasdiqlandi.

 Shuni ham qayd etish joizki, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan ushbu muhim hujjatlar ijrosi bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi, Milliy markaz huzuridagi Jamoatchilik kengashi qayta tashkil etildi. Zero, inson huquqlarini himoya qilish, inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarni amalga oshirish borasidagi sa’y-harakatlar fuqarolik jamiyati institutlari, fuqarolar, ommaviy axborot vositalari – keng jamoatchilik vakillari ayni jarayonlarga jalb qilingandagina kutilgan samaralarini beradi.

Bularning barchasi, shubhasiz, fuqarolik jamiyati institutlarining mamlakatimizni sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlantirish hamda jamiyat va davlat ishlarini boshqarishdagi ishtiroki va ta’sirchan rolini oshiradi. Binobarin, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining yanada ochiqligini ta’minlash, boshqaruv qarorlari qabul qilinishini sifat jihatdan yangi darajaga ko‘tarishda aynan fuqarolik jamiyati institutlari beqiyos ahamiyat kasb etadi.

Darvoqe, har yili 27-fevral – Butunjahon nodavlat notijorat tashkilotlari kuni sifatida dunyo bo‘ylab keng nishonlanadi. Ushbu sana sayyoramizdagi jamiyatlar manfaatlari yo‘lida faoliyat olib borayotgan barcha milliy, mintaqaviy va xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ta’sis etilgan. Bugungi kunda butun dunyodagi bunday tashkilotlar soni qariyb 10 milliontadir.

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech