26-27-fevral kunlari “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusidagi o‘quv kursi Sirdaryo viloyatida davom etdi.
Mashg‘ulotlar avvalida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev hamda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Ramazon Ashropovning videomurojaati tinglandi.
So‘zga chiqqanlar o‘quv kursidan ko‘zlangan ustuvor maqsad va vazifalarga to‘xtalib o‘tdilar. Shu jumladan, tadbir BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari tavsiyalarini hisobga olgan holda tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlarida qiynoqqa solishga qarshi kurashish sohasida bilim va amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga mo‘ljallanganligi ta’kidlandi.
Qayd etish joizki, Birlashgan Millatlar Tashkilotining teng huquqli a’zosi hisoblanuvchi O‘zbekiston qiynoqlarni muayyan odamlar tomonidan boshqalarga nisbatan qo‘llanadigan eng g‘ayriinsoniy qilmish sifatida har doim qoralab keladi.
O‘quv kursi dasturi doirasida bir qator dolzarb mavzularda ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Xususan, “Inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlar, asosiy tamoyillar”, “Qiynoq hamda muomala va jazolashning qattiq, shafqatsiz, insoniylikka zid yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlariga qarshi konvensiyaning mazmun-mohiyati”, “Qiynoqqa solish bilan bog‘liq qilmishlar sodir etilishining oldini olishga oid qonunchilikning rivojlanishi”, “Qiynoqqa oid ishlari bo‘yicha sud amaliyoti” “Nelson Mandela qoidalarining mazmun-mohiyati” mavzularida ma’ruzalar taqdim etildi.
O‘quv kursida Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Davlat va huquq instituti, Ichki ishlar vazirligining Akademiyasi va Malaka oshirish instituti rahbariyati hamda professor-o‘qituvchilari o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.
Shuningdek, “Qiynoqqa solishga qarshi kurashishda voyaga yetmaganlar va ayollarga oid xalqaro va milliy standartlar”,“Qiynoqqa solishga qarshi kurashishda kamsitmaslik, aybsizlik prezumpsiyasi, qamoqqa olish, qiynoq to‘g‘risida xabar berishga oid xalqaro standartlar va O‘zbekiston Respublikasi jinoiy-huquqiy tizimida mazkur standartlarning qo‘llanilishi” “Ushlab turish, qamoqqa olishga oid xalqaro standartlar, mahbuslar huquqlarini ta’minlash kafolatlari”,“Qiynoqqa solish jinoyati uchun javobgarlik masalalari” mavzularida ham ma’ruzalar taqdim etildi.
O‘quv kursi davomida O‘zbekistonning xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan majburiyatlariga rioya qilish bo‘yicha xodimlarning mas’ulligini oshirish bo‘yicha ko‘nikmalari mustahkamlandi. Mashg‘ulotlar yakunida tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
Sirdaryo viloyati
ichki ishlar boshqarmasi
- Qo'shildi: 28.02.2025
- Ko'rishlar: 806
- Chop etish