2-mart – O‘zbekiston Respublikasi BMTga a’zo bo‘lgan kun

Mamlakatimiz Birlashgan Millatlar Tashkiloti safiga kirganiga 33-yil to‘ldi. O‘zbekiston 1992-yil 2-mart kuni mazkur nufuzli xalqaro tashkilotga to‘la huquqli a’zo sifatida qabul qilingan.

Shundan buyon Nyu-York shahridagi BMT Bosh qarorgohida mustaqil davlatimiz bayrog‘i hilpirab turibdi; Vatanimiz nomi oliy minbarlarda mag‘rur jaranglamoqda. O‘zbekiston BMTning barcha tadbirlarida faol ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston BMTga a’zo bo‘lganligining 33-yilligi ushbu xalqaro tashkilot faoliyatiga daxldor qizg‘in voqealarga boy bir davrga to‘g‘ri keldi. Ya’ni, bir tomondan, AQSH va Isroil davlatlarining BMT a’zoligidan chiqish harakati kuchaygan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, Jenevada BMT Inson huquqlari qo‘mitasining 143-sessiyasi boshlandi. Shuningdek, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 58-sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda.

Ushbu sessiyaning Oliy darajadagi segmentida so‘zga chiqqan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov hozirgi paytda mamlakatimiz Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining 2030-yilgacha bo‘lgan Milliy strategiyasini tayyorlash jarayonida turganligini ma’lum qildi. Bu hujjatda Universal davriy hisobot va BMT shartnomaviy organlarining tavsiyalari hamda Barqaror rivojlanish maqsadlari tamoyillariga muvofiq ravishda amalga oshiriladigan muhim chora-tadbirlar qamrab olingan. O‘zbekiston vakili, shuningdek, BMT Bosh Assambleyasining "Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlariga qarshi kurashish sharoitida inson huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi rezolyutsiyasini ishlab chiqish tashabbusiga oid mamlakatimiz hukumatining taklifini ilgari surdi.

BMT hozirgi vaqtda 193 davlatni birlashtirgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qayd etganidek, “1945-yilda tashkil etilganidan buyon BMT xalqaro miqyosda tinchlik va xavfsizlikni saqlash, barqaror rivojlanishni ta’minlash, inson huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirishda markaziy muvofiqlashtiruvchi rol o‘ynaydigan chinakam universal xalqaro tuzilmaga aylandi”.

O‘zbekiston o‘z tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilagan asosiy xalqaro tashkilot bilan hamkorlikka katta ahamiyat qaratadi. Davlatimiz BMT Ustavi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va boshqa asosiy xalqaro shartnomalardagi maqsad va prinsiplarga sodiq bo‘lib, o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni og‘ishmay bajarib kelmoqda. 

BMTning teng huquqli va to‘laqonli a’zosi sifatida O‘zbekiston tenglik, hamkorlik, ko‘ptomonlamalik va xalqaro siyosiy tizimni himoya qilish prinsiplariga so‘zsiz amal qilishini namoyish etmoqda. So‘nggi vaqtlarda xalqaro nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, yangi global qurolli to‘qnashuvlarning oldini olish, mamlakatlar o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, global muloqot, global harakatlar va butun dunyoda inson huquqlarini himoya qilish kabi g‘oyalarni faol ilgari surmoqda. 

Bundan 32-yil ilgari – 1993-yil 24-oktyabrda Toshkentda BMT vakolatxonasi ochilgan. O‘zbekistonda BMTning o‘ndan ortiq dasturi, fond va agentliklari, shu jumladan, BMT Taraqqiyot dasturi, Aholishunoslik fondi (YUNFPA), Bolalar fondi (YUNISEF), Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi, OIV/OITS bo‘yicha birlashgan dastur, Gender tenglik, Ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish masalalari bo‘yicha tuzilmalari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Mamlakatimiz BMT va uning qator ixtisoslashtirilgan muassasalari, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Xalqaro mehnat tashkiloti, Jahon intellektual mulk tashkiloti, Fan, ta’lim va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkilot, Jahon oziq-ovqat tashkiloti, Jahon banki, MAGATE va boshqa xalqaro tashkilotlar ishida faol ishtirok etayotir. 

Turli yillarda O‘zbekistonga BMT bosh kotiblari – Kofi Annan, Pan Gi Mun, 2017-yili – amaldagi Bosh kotib Antoniu Guterrish tashrif buyurgan. O‘zbekiston BMTning maxsus protseduralari bilan o‘zaro hamkorlik borasida ham sezilarli yutuqlarga erishdi. Bu o‘rinda 2021-yil dekabrida O‘zbekistonga BMTning Terrorizmga qarshi kurash sharoitida inson huquqlari va asosiy erkinliklarni himoya qilish va rag‘batlantirish masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Fionnuala Ni Aolayn tashrif buyurganini alohida qayd etish lozim.

Mamlakatimiz BMTning teng huquqli a’zosi sifatida uning maqsad va vakolatlariga qat’iy rioya etadi. O‘zbekiston o‘z ovozi va maqomidan foydalanib, BMT faoliyatining barcha sohalariga doir o‘ta muhim va dolzarb tashabbuslarni ilgari suradi. 

O‘zbekistonning BMT huzuridagi doimiy vakolatxonalari Nyu-York (AQSH), Jeneva (Shveysariya) shaharlaridagi BMT bo‘limlari huzurida, boshqa xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonamiz Vena shahridagi (Avstriya) BMT bo‘limida faoliyat ko‘rsatadi. 

O‘zbekistonning BMT bilan hamkorligi so‘nggi yillarda mutlaqo yangi darajaga ko‘tarildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida, 2020-yil 25-sentyabrda videokonferensiya shaklida tashkil etilgan 75-yubiley sessiyasida, shuningdek, 2021-yilda BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46- sessiyasida onlayn shaklda va Bosh Assambleyaning 76-sessiyasida ma’ruza qildi. Bu nufuzli anjumanlarda davlatimiz rahbari O‘zbekistonning xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, ta’lim, ma’naviyat, ekologiya, turizmni yanada rivojlantirish, inson huquqlarini himoya qilish va boshqa sohalardagi tashabbuslarini e’lon qildi. O‘zbekiston Prezidenti 2023-yil 19-sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasining umumiy munozaralari doirasida Tashkilot Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuv o‘tkazdi.

O‘zbekistonning keyingi yillardagi sa’y-harakatlarining xalqaro e’tirofi BMT Bosh Assambleyasi qator maxsus rezolyutsiyalarining qabul qilinishida namoyon bo‘ldi. Jumladan, qisqa davrda: «Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash», «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik», «Barqaror turizm va Markaziy Osiyoda barqaror taraqqiyot», «Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb e’lon qilish» bo‘yicha rezolyutsiyalar qabul qilingani bu fikrimizni yaqqol tasdiqlaydi.

BMT shafeligida yurtimizda bir qancha xalqaro konferensiya va forumlar o‘tkazildi. Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Maslahatlashuv uchrashuvlari tashkil etildi. Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik trast fondi tuzildi. BMT Bosh Assambleyasining rasmiy hujjati sifatida Pandemiya davridagi davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari xalqaro kodeksi tasdiqlandi. Unda har bir davlatning fuqarolari va xalqaro hamkorlari oldidagi majburiyatlari aks etishi kerakligi belgilangan.

Shuni ham ta’kidlash joizki, 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida inson huquqlari mamlakatni siyosiy-huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy modernizatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarda markaziy o‘rin egallaydi. Binobarin, O‘zbekiston “BMTning inson manfaatlari yo‘lida sa’y-harakatga da’vati” ni qo‘llab-quvvatlaydi.

O‘zbekistonda inson huquqlari himoyasi BMT bilan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘riladi. Bugun mamlakatimizda demokratiyaning zamonaviy va inson huquqlari mezonlariga javob beradigan barqaror siyosiy tizimi barpo etilgan. Qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi organlar va barcha darajadagi sud hokimiyati faol ishlamoqda.

 Eng muhimi, jamiyatimizda Konstitutsiyaga va mamlakat qonunlariga hurmat tuyg‘usi kuchaymoqda, “Inson sha’ni va qadr-qimmati yo‘lida” ustuvor prinsipi hayotda o‘z tasdig‘ini topmoqda. BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida 2020-yil 13-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan saylovlarda O‘zbekiston milliy davlatchiligimiz tarixida ilk bor BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zoligiga uch yil muddatga – 2021-2023-yillarga saylangach, o‘zining ayni prinsipga sodiqligini xalqaro miqyosda ham amalda namoyon qilishda izchil davom etdi.

O‘zbekiston nafaqat Inson huquqlari bo‘yicha kengash, balki Iqtisodiy va ijtimoiy kengash komissiyasi, YUNESKOning madaniy meros bo‘yicha qo‘mitasi va ko‘plab boshqa tuzilmalarda ham faol ishtirok etmoqda. Mamlakatimiz bilan BMT va uning tuzilmalari o‘zaro hamkorligining keyingi davrdagi amaliy natijalari haqida uzoq to‘xtalish mumkin.

Shu bois ayrim misollarnigina keltirish bilan kifoyalanamiz. Xususan, 2024-yilda O‘zbekiston birinchi marta BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi (ECOSOC) hamda Xalqaro mehnat tashkiloti Ma’muriy kengashi a’zoligiga saylandi. Shuningdek, O‘zbekiston vakili ilk bor BMT Inson huquqlari qo‘mitasiga a’zo bo‘ldi.

O‘zbekiston BMT tuzilmalari, boshqa xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan inson huquqlarini ilgari surish va himoya qilish masalalari bo‘yicha ham faol hamkorlik qilmoqda. Mamlakatimiz tomonidan ratifikatsiya qilingan shartnomalarning bajarilishi bo‘yicha BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalariga milliy ma’ruzalar o‘z vaqtida taqdim etib kelinmoqda.

O‘zbekiston bilan BMT o‘rtasida bunday samarali hamkorlik aloqalari izchil rivojlanayotgani bejiz emas. Zero, bugungi murakkab sharoitlarda, miqyosiga ko‘ra misli ko‘rilmagan qurolli ziddiyatlar hamda xalqaro tinchlik va barqarorlikka oshib borayotgan tahdid sahnida tinchlik va xavfsizlikni, inson huquqlarini himoya qilish va barqaror taraqqiyotni ta’minlash yo‘lida a’zo davlatlarning sa’y-harakatlarini birlashtirishni maqsad qilgan universal xalqaro tuzilma sifatida BMTning roli va mas’uliyati juda muhim. 

         Xulosa qilib aytganda, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz, Taraqqiyot strategiyasi va “O‘zbekiston-2030” strategiyasida mamlakatimiz dunyoning barcha mamlakatlari bilan manfaatli hamkorlik qilishga, BMT hamda uning institutlari bilan amaliy muloqotga hamisha tayyorligi yana bir bor o‘z tasdig‘ini topgan.

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech