Oliy sudda “Munosib uy-joyga bo‘lgan huquqni ta’minlash, jumladan, majburiy ko‘chirishni amalga oshirish bo‘yicha sud amaliyoti” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘linmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda Oliy sud va quyi sudlar sudyalari ishtirok etdi.
Davra suhbati BMTning yetarli uy-joyga bo‘lgan huquqni ta’minlash masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Balakirshnan Rajagopalning 2024 yil avgust oyida O‘zbekistonga tashrifi yakunlari bo‘yicha taqdim etgan tavsiyalarini amalga oshirish doirasida bo‘lib o‘tdi.
Uning BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 40-sessiyasida taqdim etgan hisobotiga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 1,8 milliardga yaqin odam uy-joy bilan bog‘liq muammolarga duch kelmoqda. Shahar aholisining 25 foizi norasmiy aholi punktlarida yashaydi.
Shu bois, bu masala dolzarb ahamiyatga ega bo‘lib, xalqaro standartlar va eng yaxshi huquqni qo‘llash amaliyotiga asoslangan tizimli yondashuvni talab qiladi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, BMT Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi a’zosi, akademik Akmal Saidov munosib uy-joyga ega bo‘lish huquqini himoya qilish sohasida milliy qonunchilik va sud amaliyotini yanada takomillashtirish muhimligini ta’kidladi. BMT tavsiyalari O‘zbekistonda fuqarolar huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Oliy sud raisining o‘rinbosari Olimjon Ismoilov munosib uy-joyga bo‘lgan huquqni ta’minlash sud-huquq islohotlarining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi. Oliy sud bu borada fuqarolarning huquqlarini himoya qilishda xalqaro standartlarni hisobga olmoqda. Ushbu sohadagi sud amaliyotini takomillashtirish ishlari davom etmoqda.
BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakili Matilda Bogner o‘zining onlayn murojaatida O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Inson huquqlari, xususan, munosib uy-joyga bo‘lgan huquq sohasidagi xalqaro standartlarni joriy etish muhimligini ta’kidladi. Bu esa, fuqarolarni himoya qilishning eng samarali mexanizmlarini joriy etish imkonini beradi.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘limi Inson huquqlari bo‘yicha maslahatchisi Omer Fisher BMT Maxsus ma’ruzachisining asosiy xulosa va tavsiyalarini taqdim etib, sud jarayonlarining shaffofligi va aholining zaif qatlamlariga tizimli huquqiy yordam ko‘rsatish zarurligiga e’tibor qaratdi.
Davra suhbati davomida ishtirokchilar majburiy ko‘chirish va uy-joy huquqini ta’minlash bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha sud amaliyotidagi dolzarb masalalarni muhokama qildi. Sudlar o‘z qarorlarida nafaqat qonun, balki insonparvarlik va ijtimoiy adolat tamoyillariga amal qilib, fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlari va manfaatlarini inobatga olishi zarurligi ta’kidlandi.
Muhokamalarda uy-joy masalalari bo‘yicha sudyalar malakasini oshirish, huquqni qo‘llash ko‘nikmalarini takomillashtirish va ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish zarurligi qayd etildi. Fuqarolarga o‘z vaqtida huquqiy yordam ko‘rsatilishini ta’minlash uchun sud organlari, tegishli davlat muassasalari va huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash ham kerak.
Muhokamalar yakunida bunday tadbirlar ilg‘or tajriba almashish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish sifatini oshirish, shuningdek, O‘zbekistonda huquqiy davlatni mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
N.Abduraimova, R.Nazarmatov (surat), O‘zA
- Qo'shildi: 03.03.2025
- Ko'rishlar: 718
- Chop etish