Nogironligi bo‘lgan bolalar uchun kunduzgi parvarish xizmatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Nogironligi bo‘lgan bolalar uchun kunduzgi parvarish xizmatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq: 

Nogironligi bo‘lgan bolalar uchun kunduzgi parvarish xizmatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom;

Nogironligi bo‘lgan bolalar uchun kunduzgi parvarish xizmatini tashkil etgan tadbirkorlik sub’ektlariga subsidiya ajratish va kompensatsiya to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. 

Qarorga ko‘ra: 

kunduzgi parvarish xizmati yakka tartibdagi tadbirkorlar yoki yuridik shaxslar tomonidan amalga oshirilishi mumkin; 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari tegishlicha davlat sherigi hisoblanadi; 

kunduzgi parvarish xizmatining davlat xususiy-sheriklik to‘g‘risidagi bitimlari Agentlikning “Kunduzgi parvarish xizmatini boshqarish” axborot modulida elektron shaklda tuziladi va tomonlarning elektron raqamli imzolari bilan tasdiqlanadi. 

“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim shartlari xususiy sherik tomonidan lozim darajada bajarilishini monitoring qiladi. 

2025 yil 1 martdan boshlab kunduzgi parvarish xizmatiga jalb etilgan xodimlar uchun Agentlik huzuridagi Ijtimoiy himoya tizimi xodimlarining malakasini oshirish markazida malaka oshirish kurslari tashkil etiladi. 

Malaka oshirish kurslari 36 soatdan kam bo‘lmagan o‘quv dasturi (onlayn yoki oflayn shaklda) bo‘yicha bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdoridagi to‘lov-shartnoma asosida tashkil etiladi va malaka oshirish kursini muvaffaqiyatli yakunlagan shaxslarga amal qilish muddati uch yil bo‘lgan sertifikat beriladi. 

Kunduzgi parvarish xizmatiga birinchi marta ishga qabul qilingan shaxslar ikki oy ichida malaka oshirish kurslaridan o‘tishi shart. 

Malaka oshirish kursida o‘quv jarayoni Ijtimoiy himoya tizimi xodimlarining malakasini oshirish markazi tomonidan tasdiqlangan o‘quv reja va dasturga muvofiq tashkil etiladi. 

2025 yil 1 martdan boshlab tajriba-sinov tariqasida davlat muassasasi shaklida Andijon viloyati Hududiy ijtimoiy xizmatlar markazi tashkil etiladi.  

Markazda bosqichma-bosqich nogironligi bo‘lgan shaxslar, yoshlar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa qatlamlari uchun ijtimoiy va tibbiy reabilitatsiya xizmati, kasbga yo‘naltirish, xorijiy tillarni o‘qitish xizmatlari hamda Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalarning bolalari uchun qo‘shimcha ta’lim xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi.

O‘zA

Powered by GSpeech