Ma’rifatparvar inson

Kitob – insoniyatning eng ulug‘ kashfiyotlaridan biri. U zamonlar osha tafakkur durdonalarini ajdodlardan avlodlarga bezavol yetkazadi. Kitobxon inson hayot yo‘llarida qoqilmaydi, oq-qorani taniydi. Kitobni suygan va qadrlagan xalqdan esa daholar yetishib chiqadi. Zero, davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek: “Dunyodagi har qaysi davlat, har qaysi xalq birinchi navbatda o‘zining intellektual salohiyati, yuksak ma’naviyati bilan qudratlidir. Bunday yengilmas kuch manbai esa avvalo insoniyat tafakkurining buyuk kashfiyoti – kitob va kutubxonalarda”.

Odamlarga kitob ulashish – ziyo va ma’rifat tarqatish demakdir. Shuning uchun ham ilmu ijod sohiblarini va ularning mehnati mahsulini kitob shaklida elimizga yetkazuvchi kasb egalari – noshirlarni ziyokorlar, ma’rifatparvarlar deb ataymiz. Kitobni nondek aziz bilgan xalqimiz azaldan kitobdorlarni – noshirlarni e’zozlagan. “Yangi asr avlodi” nashriyot-matbaa markazi ta’sischisi, O‘zbekiston noshirlari va kitob savdosi tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi raisi Erkin Abdurahmonov ham bolaligidan kitobga mehr qo‘yib, noshirlik kasbini puxta egallagan va kasbi bilan elu yurtda qadr topgan ma’rifatparvarlardan biridir.

Erkin Abdurahmonov 1965-yil 7-martda Toshkent shahrida ziyoli oilada tavallud topgan. Ota-onasi Muxtorxo‘ja ota va Ilhomiya ona olti farzandning eng kenjasi Erkinjonda mutolaaga bo‘lgan kuchli ishtiyoq borligini juda erta ilg‘ashgan, bayramlarda muntazam ravishda kitob sovg‘a qilib, doimo qo‘llab-quvvatlashgan.

Maktabni a’lo baholar bilan tamomlagan Erkin Abdurahmonov Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zbekiston Milliy universitetining) filologiya fakultetiga o‘qishga kirgan. Talabalik davridayoq o‘sha paytdagi nufuzli nashriyotlardan biri – “Yosh gvardiya”da mehnat faoliyatini olib borgan.

Universitet ta’limini tugatgach, “Yosh gvardiya” nashriyotida muharrir, “Yoshlar matbuoti” kichik korxonasida direktor, “Yosh kuch” jurnalida bosh muharrir lavozimlarida ishlagan.

1999-yilda “Yangi asr avlodi” nashriyot-matbaa markaziga asos solgan. Ushbu nashriyot bugungi kunda mamlakatimizdagi eng yetakchi va ilg‘or nashriyotlardan biri sanaladi.

Erkin Abdurahmonov noshirlik malakasi bilan bir qatorda boshqaruvchilik salohiyatini ham oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasida ta’lim olgan.

U 2017-2018-yillarda “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” nashriyotida direktor bo‘lib ishlagan. 2018-yildan boshlab O‘zbekiston noshirlari va kitob savdosi tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi raisi sifatida samarali faoliyat olib bormoqda.

Bundan bir necha yil muqaddam “Yangi asr avlodi” nashriyotiga qo‘lyozmamni olib borganda Erkin Abdurahmonov bilan ilk bor tanishganman. Uning noshirlik bo‘yicha yuksak bilim va malakaga ega ekani, kasbining nozik sir-asrorlarini puxta egallagani va o‘z sohasida yangilikka intiluvchanligi diqqatimni tortgan. Hozirga qadar “Yangi asr avlodi” nashriyotida “O‘n bir fransuz yurist-adiblari”, “Hofman nemis va o‘zbek yuristi nigohida”, “Lev Tolstoy hikmatlari” kabi bir qator kitoblarim nashr etildi. Shuningdek, ushbu nashriyotda chop etilgan F. Dostoyevskiyning “Hayotiy hikmatlar va tanbehlar”, V. Gyotening “G‘arbu Sharq devoni” (Sadriddin Salim Buxoriy tarjimasida) kabi ko‘plab kitoblarni nashrga tayyorlashga hissam qo‘shildi. Siyosiy-ijtimoiy, huquqiy va adabiy yo‘nalishdagi kitoblarni nashr etish bo‘yicha samarali hamkorligimiz davom etmoqda.

Katta salohiyat va tajribaga ega mahoratli noshir Erkin Abdurahmonov fidokorona xizmatlari uchun davlatimizning yuksak mukofotlari – “Shuhrat” medali, “O‘zbekiston mustaqilligiga 25-yil” esdalik nishoni bilan taqdirlangan.

“Kitob – barcha bunyodkorlik, yaratuvchilik va aql-idrokning, ilmu donishning asosidir. Hayotni o‘rgatuvchi murabbiydir”, – degan edi jahonni bo‘ysundirgan buyuk podshoh Amir Temur. Kitob nashr etishdek ezgu va savobli amalni umr mazmuni deb bilgan Erkin Abdurahmonovning omad va muvaffaqiyatlari bardavom bo‘lsin.

Akmal Saidov,

akademik

«Ishonch» gazetasining 2025-yil 4-mart kungi 28 (5092)-soni

Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi

Powered by GSpeech