O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Fransiya Respublikasida bo‘lib turibdi.
12 mart kuni Parijdagi Faxriylar uyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi.
Mamlakatimiz yetakchisini Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron kutib oldi.
Maydonda oliy martabali mehmon sharafiga Fransiya Respublika gvardiyasi, quruqlik qo‘shinlari, harbiy-dengiz va harbiy-havo kuchlari xizmatchilaridan iborat faxriy qorovul saf tortdi.
Harbiy orkestr ijrosida ikki mamlakat madhiyalari yangradi. Gvardiyachilar davlatimiz rahbari oldidan tantanali yurib o‘tdi.
Prezidentlar faxriy qorovul safi oldidan o‘tdilar va rasmiy delegatsiyalar a’zolarini qutladilar.
So‘ng davlatimiz rahbari otliq gvardiyachilar va mototsiklchilar hamrohligida oliy darajada muzokara o‘tkazish uchun Fransiya Prezidentining qarorgohi – Yelisey saroyiga yo‘l oldi.
Yelisey saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronning muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
Davlat rahbarlari ko‘p qirrali O‘zbekiston – Fransiya munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalarini yuzma-yuz va delegatsiyalar ishtirokida atroflicha muhokama qildilar.
Ikki mamlakat yetakchilarining 2023 yil noyabr oyida Samarqand shahrida o‘tgan uchrashuvi davomida erishilgan kelishuvlar amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Turli darajalarda faol muloqotlar davom etmoqda. O‘tgan yilda tovar ayirboshlash hajmi ilk bor 1 milliard yevrodan oshdi, qo‘shma korxonalar soni 4 barobar ko‘paydi.
Yurtimizda Fransiyaning “Orano”, “EDF”, “Total”, “SUEZ”, “Voltalia”, “Veolia” va ko‘plab boshqa yetakchi kompaniyalari muvaffaqiyatli ish olib bormoqda. Fransiya taraqqiyot agentligi bilan hamkorlik yangi sifat kasb etdi, u bilan yangi Hamkorlik dasturi qabul qilinmoqda.
Tashrifga tayyorgarlik doirasida Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi va "MEDEF" biznes missiyasi samarali o‘tdi, Ishbilarmonlar palatasi o‘z ishini boshladi.
Shu kunlarda Parij, Tuluza, Lion va Nitssa shaharlarida hududlarning faol ishtirokida qo‘shma tadbirlar o‘tkazilmoqda. Kuni kecha qo‘shma tibbiyot forumi hamda fan va ta’lim bo‘yicha konferensiya, O‘zbekistonning turizm salohiyati va madaniyatiga bag‘ishlangan taqdimotlar o‘tkazildi. Grets-Armenvil shahrida buyuk alloma Abu Rayhon Beruniy byusti ochildi.
Savdo-iqtisodiy va investitsiya-moliyaviy sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, Fransiyaning yetakchi kompaniya va korxonalari bilan kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga ustuvor ahamiyat qaratildi.
Bu galgi sammitga yangi Innovatsiya va sanoat sherikligi dasturi tayyorlangan. Muhim mineral xomashyo resurslarini qazib olish va qayta ishlash, energetika, infratuzilmani rivojlantirish, transport va boshqa tarmoqlarda umumiy qiymati 6,5 milliard yevrolik qo‘shma loyihalarni ilgari surish ko‘zda tutilgan.
Umuman, qo‘shma loyihalar portfeli 12 milliard yevrodan ziyodni tashkil etmoqda.
Shu ma’noda, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash vositalarini kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari uzoq muddatli kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish maqsadida O‘zbekiston – Fransiya investitsiya kengashini ta’sis etish va uning birinchi yig‘ilishini joriy yil iyun oyida Toshkent investitsiya forumi doirasida o‘tkazishni taklif etdi.
Hududlararo aloqalarni rag‘batlantirish maqsadida kelgusi yilda Samarqand shahrida ikki mamlakat hududlarining birinchi forumini o‘tkazishga kelishib olindi.
Yetakchilar gumanitar yo‘nalishdagi amaliy hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratdilar. Parij shahrida Savitskiy muzeyi to‘plamidagi avangard asarlar ko‘rgazmasini tashkil etish, madaniy yodgorliklarni saqlash va restavratsiya qilish bo‘yicha hamkorlik uchun mamlakatimizda Fransiya merosi instituti vakolatxonasini ochish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.
Joriy yilda Toshkent shahrida Fransiyadan tajribali mutaxassislarni jalb qilgan holda O‘zbekiston – Fransiya universiteti ochilishi ta’lim sohasidagi asosiy kelishuv bo‘lgani ta’kidlandi. Fransuz tili o‘qituvchilarini tayyorlash sohasida ham samarali hamkorlik davom ettiriladi.
Ishbilarmonlik, turizm va madaniy almashinuvlarni faollashtirish maqsadida tomonlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar sonini ko‘paytirish masalasini ko‘rib chiqadilar.
Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar. Ko‘p tomonlama tashkilotlar doirasida bir-birini qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish, terrorizm, ekstremizm, radikalizm, kiberjinoyatchilik va xavfsizlikka tahdid solayotgan boshqa zamonaviy xatarlarga qarshi kurashishda sa’y-harakatlarni birlashtirish muhim ekani ta’kidlandi.
Tizimli muloqotni yo‘lga qo‘yish va muvofiqlashtirish maqsadida tashqi ishlar vazirliklari boshchiligida iqtisodiy idoralarni jalb qilgan holda Strategik rejalashtirish guruhini tuzishga kelishib olindi.
Muzokaralar yakunida davlat rahbarlari ikki mamlakat o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida tarixiy qarorga keldilar.
Uchrashuv yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev Prezident Emmanuel Makronni o‘zi uchun qulay vaqtda javob tashrifi bilan O‘zbekistonga kelishga taklif etdi.
Parij shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makron Strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani qabul qildilar.
Davlat rahbarlari huzurida Mutaxassislar va talabalar harakatchanligi to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim, Diplomatik pasport egalarini viza talablaridan o‘zaro ozod qilish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim hamda Fransiyaning yetakchi kompaniyalari bilan O‘zbekistonda 6,5 milliard yevrolik istiqbolli kooperatsiya loyihalarini amalga oshirishni nazarda tutuvchi Investitsiya va innovatsiya sohalaridagi hamkorlik dasturi almashildi.
Davlat tashrifi davomida quyidagilar ham imzolandi:
– O‘zbekiston – Fransiya universitetini tashkil etish to‘g‘risida hukumatlararo bitim;
– Readmissiya to‘g‘risida hukumatlararo bitim;
– Tashqi ishlar vazirliklarining 2025-2026 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi;
– 2026-2030 yillarda Fransiya taraqqiyot agentligi bilan hamkorlik dasturi;
– Xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik to‘g‘risida deklaratsiya;
– Sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlik to‘g‘risida deklaratsiya;
– Fransuz tilini o‘qitishni kengaytirish to‘g‘risida bayonnoma;
– Musiqa, kino va teatr sohalarida hamkorlik to‘g‘risida deklaratsiya;
– Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi bilan Fransiya Madaniyat vazirligi, Madaniy meros milliy instituti va Markaziy Osiyo tadqiqotlari instituti o‘rtasidagi hamkorlik bitimlari;
– Toshkent va Parij shaharlari o‘rtasida sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida bayonnoma va boshqa ikki tomonlama hujjatlar.
Yelisey saroyidagi oliy darajadagi uchrashuv chog‘ida Prezident Shavkat Mirziyoyev Prezident Emmanuel Makronga buyuk fransuz yozuvchisi Viktor Gyugoning o‘zbek tiliga tarjima qilingan "Kulayotgan odam" romanining ilk nusxasini sovg‘a qildi.
Ushbu kitob ommaviy nashrdan chiqishi va tez orada kitobxonlar e’tiboriga havola etilishi kutilmoqda.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Fransiya ishbilarmon doiralarining yetakchi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Davlatimiz rahbari 2018 va 2022 yillarda ushbu mamlakatga rasmiy tashriflari hamda 2023 yilgi Samarqand sammitida ham Fransiya tadbirkorlari bilan uchrashgan edi.
Forum ana shu ochiq va konstruktiv muloqotning davomi bo‘ldi. Bu galgi uchrashuv unda O‘zbekistonning xususiy kompaniyalari rahbarlari va vakillari ham ishtirok etgani bilan ajralib turadi.
Tadbirda Fransiyaning tashqi savdo va xorijdagi fransuz fuqarolari ishlari bo‘yicha vazir-delegati Loran Sen-Marten, Fransiya taraqqiyot agentligi bosh direktori Remi Riu, "MEDEF International" rahbari – "Orano Mining" kompaniyasi boshqaruvi raisi Klod Imoven, shuningdek, ikki mamlakat yetakchi kompaniyalari, investitsiya va bank-moliya institutlarining 60 dan ortiq rahbarlari va vakillari ishtirok etdi.
Fransiya biznesi tomonidan SUEZ, Veolia, Total, EDF, Voltalia, Orano, Meridiam, Saint-Gobain, Imerys, Natixis, Societe Generale, BPI France, Airbus, MND, Eiffage, Schneider Electric, Total Energies, Alstom, Technip Energies, Egis, ADP Group, Ellipse Projects, Assystem, ATR va boshqa kompaniyalar qatnashdi.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan o‘tgan samarali muzokaralarni yuksak baholab, ishbilarmonlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va qo‘shma kooperatsiya loyihalarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilganini ta’kidladi.
Uchrashuvning asosiy natijasi sifatida O‘zbekiston – Fransiya munosabatlarini strategik sheriklik darajasiga ko‘tarish haqida tarixiy qaror qabul qilindi.
Ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishda ikki mamlakat yetakchi kompaniyalari muhim o‘rin tutayotgani qayd etildi.
Fransiya ishbilarmon doiralari vakillariga Yangi O‘zbekistondagi ortga qaytmas iqtisodiy islohotlar strategiyasini qo‘llab-quvvatlayotgani uchun minnatdorlik bildirildi.
Joriy yil yanvar oyida "MEDEF" tarkibidagi yirik kompaniyalar rahbarlarining Toshkent shahriga tashrifi natijalari yuksak baholandi.
Fransiya kompaniyalari bilan mamlakatimiz iqtisodiyotining strategik tarmoqlarida qator qo‘shma loyihalar amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Ushbu mamlakat investitsiyalarini faol jalb etish va ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, Fransiya korxonalarining yechimlari, to‘plangan katta tajriba va bilimlarini qo‘llashdan O‘zbekiston manfaatdor.
O‘zbekiston Prezidenti Fransiya bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish muhimligini ta’kidladi.
Fransiya kompaniyalari bilan 2027 yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan innovatsion va sanoat kooperatsiyasi dasturi bunga xizmat qiladi. Unga umumiy qiymati 6,5 milliard yevro bo‘lgan aniq yo‘nalish va loyihalar kiritilgan.
Dasturni amalga oshirish doirasida Fransiyaning yetakchi bank va moliya tashkilotlarini faol jalb qilgan holda biznes tashabbuslarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning samarali vositalari keng joriy etilishi ko‘zda tutilgan.
Davlatimiz rahbari muhim mineral resurslarning istiqbolli konlarini o‘zlashtirish va ularni chuqur qayta ishlash, qurilish materiallari, kimyo va farmatsevtika tarmoqlari, elektrotexnika sanoati, qishloq xo‘jaligida zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil etish va boshqalarni O‘zbekiston – Fransiya ishbilarmonlik hamkorligini yanada rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari sifatida ko‘rsatib o‘tdi.
Energetikada energiya ishlab chiqarish va saqlash quvvatlarini kengaytirish, O‘zbekiston hududlarida suv xo‘jaligi, kommunal, turizm, transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish hamkorlikni rivojlantirishda katta salohiyatga ega.
– Ikki mamlakat kompaniyalari ishtirokidagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va jadallashtirish maqsadida doimiy faoliyat yuritadigan O‘zbekiston – Fransiya investitsiya kengashini ta’sis etishni taklif qilaman. Biz tomondan unga O‘zbekiston Bosh vaziri rahbarlik qiladi. Birinchi uchrashuvni iyun oyida Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida o‘tkazishimiz mumkin. Barchangizni tashkil etilayotgan kengashning to‘la huquqli a’zosi sifatida bo‘lajak tadbirda faol ishtirok etishga taklif etaman, – dedi davlatimiz rahbari.
O‘z navbatida, Fransiya ishbilarmon doiralari vakillari hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha aniq taklif va rejalarini bayon qildi.
Davlatimiz rahbari ishbilarmon doiralar vakillariga muvaffaqiyatlar tilab, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga O‘zbekiston Hukumati tomonidan tasdiqlanadigan "yo‘l xaritalari" asosida erishilgan kelishuvlar ijrosi ustidan nazoratni ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Tashrif doirasida Parij shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Fransiya Respublikasining oliy mukofoti – Faxriy legion ordeni bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Yuksak mukofotni davlatimiz rahbariga Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron tantanali ravishda topshirdi.
O‘zbekiston Prezidenti ikki mamlakat hamkorligini rivojlantirish, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga qo‘shgan ulkan hissasi uchun ushbu ordenga sazovor bo‘ldi.
Mamlakatimiz yetakchisi mukofot uchun Fransiya rahbariga samimiy minnatdorlik bildirib, keyingi yillarda sermahsul hamkorlikda yuksak natijalarga erishilgani, ikki mamlakat munosabatlari strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Faxriy legion ordeni 1802 yilda ta’sis etilgan. Fransiyada ushbu orden alohida xizmatlarning davlat darajasida e’tirof etilishi va shon-sharafning eng yuqori belgisi hisoblanadi.
Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makron Yelisey saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev sharafiga davlat qabul marosimini uyushtirdi.
Qabulda O‘zbekiston va Fransiya rasmiy delegatsiyalari a’zolari, taniqli madaniyat, san’at va fan arboblari, ishbilarmon doiralar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari Emmanuel Makron va uning rafiqasi Brijit Makronga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, bugun bo‘lib o‘tgan muzokaralar tarixiy ahamiyatga ega ekanini, ularning natijasida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Fransiya yetakchisi bugun o‘tkazilgan muzokaralar natijalarini va imzolangan bitimlarni olqishladi.
– Bir necha yil ichida biz energetika, suv resurslarini boshqarish, kommunal xizmatlar, transport, barqaror turizm kabi muhim sohalarda uzoq muddatli hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga erishdik. Buning dalili sifatida Fransiya hukumati va Fransiya taraqqiyot agentligi ko‘magida fransuz kompaniyalari O‘zbekistonga investitsiya kiritayotgani, hududlarda qo‘shilgan qiymat va ish o‘rinlari yaratilayotgani, yoshlar kasb o‘rganib, hayotda o‘z o‘rnini topayotganini keltirishim mumkin, – dedi Emmanuel Makron.
Tomonlar xalqlarimiz farovonligi yo‘lida O‘zbekiston – Fransiya hamkorligini yanada mustahkamlashga qat’iy intilishlarini bildirdilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Fransiyaga davlat tashrifi doirasida BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (YUNESKO) bosh direktori Odri Azuleni qabul qildi.
BMT tizimidagi ushbu nufuzli tuzilma bilan samarali hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari, shuningdek, joriy yilning kuzida Samarqand shahrida tashkilot Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.
Ko‘p qirrali sheriklik bugungi kunda yuksak darajada ekani mamnuniyat bilan qayd etildi.
O‘zbekiston tashabbusi bilan axborotdan foydalanish va bolalar ta’limi masalalari bo‘yicha rezolyutsiyalar qabul qilindi.
Mamlakatimiz Madaniy boyliklarni saqlash va restavratsiya qilish bo‘yicha xalqaro markazga a’zo bo‘ldi. Buxoro "Kreativ shaharlar tarmog‘i"ga qo‘shildi. Samarqanddagi Ipak yo‘li universitetida YUNESKO kafedrasi ochildi. O‘tgan yili ta’lim, madaniyat, raqamli va innovatsion texnologiyalar sohalarida 7 ta yangi loyihani amalga oshirish boshlandi.
Turon cho‘llari va Zarafshon-Qoraqum yo‘lagi, ipakchilik, kulolchilik, rubob chalish va iftorlik an’analari, "Buxoro amiri devonxonasi arxivi", "Turkiston albomi", "Xudoybergan Devonov fotoalbomi" YUNESKOning maxsus ro‘yxatlariga kiritildi.
Ta’kidlash joizki, Samarqand shahrida bo‘lajak Bosh konferensiyaning 43-sessiyasi so‘nggi 40 yil ichida birinchi marta YUNESKOning Parij shahridagi qarorgohidan boshqa joyda o‘tkaziladi. Bu voqea tashkilotning 80 yilligiga to‘g‘ri keladi.
Bosh direktor Odri Azule O‘zbekiston bilan sermahsul hamkorlikni yuksak baholab, bo‘lajak tadbirga keng ko‘lamli tayyorgarlik ko‘rilayotgani uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.
Amaliy hamkorlik dasturlarini yanada kengaytirish, shuningdek, YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasidagi forum va tadbirlarni tashkil etish bo‘yicha yaqindan hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga davlat tashrifi davom etmoqda.
O‘zA
- Qo'shildi: 13.03.2025
- Ko'rishlar: 592
- Chop etish