Keyingi kunlarda ommaviy axborot vositalari va Internet sahifalarida yurtimizda to‘ylarni tartibli o‘tkazish mavzusiga bag‘ishlangan bir qator maqolalar izma-iz e’lon qilindi[1]. Bunda manbalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-aprelda qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga havola qilmoqda.
Farmonning qabul qilinishidan asosiy maqsad joriy yilning 5-martida davlatimiz rahbari Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning kengaytirilgan yig‘ilishida belgilab bergan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yangi tizimni joriy etishdir. Ayni chog‘da, bu jarayonlarga jamoatchilik, parlament va fuqarolik jamiyati institutlari keng safarbar etilmoqda.
Farmon bilan mazkur ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash doirasida ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar ro‘yxati tasdiqlandi. Ro‘yxatga 21 ta hujjat loyihasi kiritilgan bo‘lib, har bir loyihaning mazmuni, ishlab chiqish muddati va mas’ullar aniq belgilangan.
Xususan, joriy yilning avgust oyigacha to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’rakalar va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish bo‘yicha parlament palatalari kengashlarining qo‘shma qarori qabul qilinishi ko‘zda tutilgan. Hujjat loyihasi isrofgarchilikka qarshi kurashish va yoshlarni tejamkorlikka o‘rgatish choralarini ham o‘zida qamraydi.
Gap shundaki, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi va Senati Kengashining 2019-yil 14-sentyabrdagi qo‘shma qarori bilan “To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni o‘tkazishni tartibga solish to‘g‘risidagi nizom” tasdiqlangan. Ushbu Nizom 2020-yil 1-yanvardan kuchga kirgan va hozir ham qonuniy kuchga ega hisoblanadi.
Qo‘shma qaror va Nizomga muvofiq, joylarda to‘y-hashamlarni 200-250 odamdan ko‘p bo‘lmagan, san’atkorlar ishtiroki ikki guruhdan oshmagan, dabdababozlik, isrofgarchilik, ortiqcha hashamdorlik, pul sochish, shuhratparastlik kabi illatlarga yo‘l qo‘ymagan holda o‘tkazish belgilangan. Ma’rakalar ortiqcha isrofgarchiliksiz, milliy qadriyatlarimizga mos tarzda o‘tkazilishi darkor.
Bundan tashqari, 2020-yil mart oyida to‘y va boshqa oilaviy tadbirlarni o‘tkazish tartibini buzganlik uchun javobgarlik joriy etilgan. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1921-moddasiga ko‘ra, to‘ylar, oilaviy tantanalar, marosim va urf-odatlarni o‘tkazuvchi shaxs tomonidan ushbu tadbirlarni o‘tkazish tartibiga doir talablarga rioya qilmaslik:
-
fuqarolarga – bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari (3,75 million so‘m);
-
mansabdor shaxslar va muassasalar egalariga 30 baravari (11,25 million so‘m);
-
takroran buzilganda esa 50 baravari (18,75 million so‘m) miqdorida jarima solishga olib keladi.
Shunday ekan, bu borada yangi huquqiy hujjat ishlab chiqish zarurati nimada, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Bu borada biz tilga olgan maqolalarda turlicha talqinlar ilgari surilgan.
Jumladan, gazeta.uz yozishicha, mazkur hujjatlarda ko‘rsatilgan talablar amalda ko‘pincha bajarilmaydi va nazorat qilinmaydi. Joriy yil boshidan beri to‘ylar, oilaviy tantanalar, marosim va urf-odatlarni o‘tkazuvchi shaxs tomonidan ushbu tadbirlarni o‘tkazish tartibiga doir talablarga rioya qilmaslik bilan bog‘liq atigi 4 ta ish ko‘rib chiqilgan, 2024-yilda jami 9 ta, 2023-yilda 4 ta, 2021-yilda 15 ta shunday ish ko‘rib chiqilgan bo‘lsa, 2022 va 2020-yillarda bu borada birorta ham ish ko‘rilmagan.
O‘z navbatida, tegishli Farmon imzolanishidan ikki kun oldin, 2025-yil 19-mart kuni “Yangi O‘zbekiston” gazetasida e’lon qilingan maqolada qayd etilganidek, bu boradagi tartib qog‘oz va hujjatlar bilan emas, inson ongi, tafakkuri va zakovati, qalb amri bilan qo‘llanishiga erishmog‘imiz maqsadga muvofiq. Zero, bugun to‘y-hashamlar bilan bog‘liq ortiqcha xarajat ming-minglab oilalarning nafaqat iqtisodiy ahvoliga, balki butun hayotiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Shu o‘rinda maqoladagi to‘ylarga doir ayrim raqamlarni keltiramiz:
-
mamlakatimizdagi 208 tumanning har biriga o‘rtacha 4 tadan, poytaxtimizdagi 585 ta mahallaning har uchinchisiga 1 tadan to‘yxona to‘g‘ri keladi;
-
birgina Toshkent shahrining o‘zida 200 ga yaqin to‘yxona mavjud;
-
yurtimizda bir yilda o‘rtacha 300 ming atrofida o‘tkaziladigan to‘yga 3 milliard dollar atrofida mablag‘ sarflanadi;
-
2024-yilda poytaxtimizning o‘zida aholi 3 trillion so‘m sarflab, to‘y marosimlarini o‘tkazgan[2].
Mazkur raqam va dalillarga qo‘shimcha sifatida shuni ham xolisona qayd etish joizki, yuqorida zikr etilgan hujjatlar amal qilishi hisobiga ko‘p yillar, asrlar davomida to‘y, marosim o‘tkazish bilan bog‘liq ravishda xalqimizni qiynab kelgan dabdababozlik, isrofgarchilik, marosimbozlik kabi illatlar barham topa boshlagan, to‘ylarimiz milliy qadriyatlarimiz ifodasiga aylanayotgan edi. Ammo....
Koronavirus balosi bu boradagi ezgu amallarni ham barbod qildi. Pandemiya avj olgan dastlabki davrda to‘y-ma’rakalar butunlay to‘xtatilgan, vaziyatning yumshashi bilan esa asta-sekin 50-100 kishilik to‘ylarni o‘tkazishga ruxsat berilgan bo‘lsa, keyinchalik bu borada yangidan yangi “rekord”larga navbat yetib keldi.
Xalqimizda bir yomon tushuncha, qarash bor. Biron ish, tadbir boshlasa, “Shunday qilmasam odamlar nima deydi?” degan katta savolni oldiga qo‘yadi. Xo‘sh, nima desa deyaversin, demaydi. Falon qarindoshimiz yoki qo‘shnimiz shuncha odam chaqirib to‘y qildi, biz ham shunday qilamiz, deb gapiradi. Va otning kallasiday qarz ko‘taradi.
Aslida, to‘y – har bir xalq, millat hayotida nihoyatda e’zozlanadigan, baxt-quvonch olib keladigan, insonlarni bir-birlariga yaqinlashtirishga, do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qiladigan, barchani yaxshilikka undaydigan, shodlik, xursandchilik bag‘ishlaydigan marosim. To‘y jarayonida insonparvarlik, izzat-ikrom, mehribonlik, mehmonnavozlik, inoqlik kabi oliyjanob fazilatlar o‘z ifodasini topadi. Inson zotini qadrlash, hurmatlash va ulug‘lashda to‘ylar beqiyos ahamiyatga ega.
Nuroniylarimiz “Topganing to‘ylarga buyursin!” deb duo qiladi. To‘y bilan bog‘liq chiroyli urf-odatlarimiz azal-azaldan shakllanib kelgan va bu ezgu qadriyat xalqimizning boy ma’naviy merosi, madaniyati darajasiga ko‘tarilgan.
Ammo keyingi paytlarda dabdababozlik, manmanlik, kim o‘zarga to‘y qilish, katta isrofgarchilikka yo‘l qo‘yish kabi ortiqcha illatlar, turli odamlar tomonidan o‘ylab topilib, joriy etilayotgani va qadriyatlarimizga mutlaqo mos kelmaydigan urf-odatlar avj olayotgani dilni xira qiladi. Ayniqsa, to‘y o‘tkazishda: insonparvarlik – narsaparastlikka, izzat-ikrom – manmanlikka, mehribonlik – ta’na-yu zug‘umga, mehmonnavozlik – tilyog‘lamalikka, inoqlik – gina-kuduratga o‘rin bo‘shatib berayotgani achinarlidir.
Bundan qariyb 111-yil oldin ulug‘ ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy: «Oyina» jurnalining 1914 yilgi 21-sonida e’lon qilingan “Yoshlarg‘a murojaat” maqolasida “...Hamvatanlarimiz mulkini sotib to‘y qilganidek siz-da, hatto, lozim bo‘lganda mulkingizni sotsangiz-da o‘g‘lingizni zamoncha o‘qumoqig‘a sa’y qilsangiz. To‘yga isrof qilinaturgon oqchalarni o‘qumoq yo‘lig‘a sarf qilsangiz!..”, deb nido qilgan.
Aytmoqchimizki, baribir, bu boradagi kamchilik va illatlar oradan bir asrdan ortiq vaqt o‘tib ham to‘liq bartaraf bo‘lmadi. Zotan, to‘y-tantanalar, ma’raka-marosimlar o‘tkazishda isrofgarchilik, bazmbozlik, ortiqcha xarajatbozlik kabi bema’ni odatlar birdaniga paydo bo‘lgan emas. Ular yillar, asrlar davomida yig‘ilib illatga aylangan. Bu illatlar har bir davrda shakl-shamoyilini, qiyofasini o‘zgartirgan holda o‘zini turli ko‘rinishlarda namoyon qilib turadi.
To‘g‘ri, to‘y-marosim, ma’rakani qanday o‘tkazish har bir shaxsning huquqi. Ammo shaxsning jamiyat, davlat, xalq oldidagi, minglab yillar davomida shakllangan qadriyatlar, milliy an’analar oldidagi burchi-chi? Sening huquqing – o‘zganing huquqi boshlangan joyda tugaydi, deydilar.
Binobarin, to‘y – bir kishining shaxsiy ishi bo‘lmay, u keng jamoatchilik tashabbusi va ishtiroki bilan o‘tadigan tantana. Shuning uchun to‘ylarni zamon talabi darajasiga ko‘tarish doimo muhim hisoblanadi. Va, albatta, to‘ylarni o‘ziga xos bayram tarzida tashkil etish, har tomonlama tartibga solish, ixchamlashtirish, ayniqsa, badiiy jihatdan boyitish hozirgi davr – Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan izchil isohotlarning dolzarb talabidir.
Xulosa qilib aytganda, to‘ylarni tartibli tarzda o‘tkazish masalasiga yaqin yuz yildan buyon qayta-qayta murojaat qilinayotganiga guvoh bo‘lib turibmiz. Bu, bir tomondan, yaxshi – chunki bunday hayotiy masalaga jamiyatimiz va davlatimiz befarq emasligi diqqatga loyiqdir.
Ikkinchi tomondan, ayni muammoga haligacha eng maqbul, har tomonlama jo‘yali va mo‘tadil yechim topilmaganligi tashvish uyg‘otmasdan qolmaydi. Shu ma’noda, O‘zbekiston Prezidenti ta’biri bilan aytganda, korrupsiyani yengish uchun, birinchi navbatda, uning ortiqcha hashamat va dabdaba degan o‘qildizlarini quritish shart.
Davlatimiz rahbarining “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni doirasida ishlab chiqiladigan yigirmadan ortiq muhim hujjat orasida aynan to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’rakalar va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish bo‘yicha qaror loyihasi ham borligining asl sababi shunda.
G‘ulom MIRZO
[1] Qarang: O‘zbekistonda to‘y qilish tartibi yangilanadi/https://kun.uz/kr/news/2025/04/22/ozbekistonda-toy-otkazish-tartibi-yangilanadi; O‘zbekistonda to‘y-hashamlarni tartibga solishga yana bir bor urinib ko‘riladi/https://www.gazeta.uz/uz/2025/04/22/wedding; Navbatdagi urinish. To‘ylar tartibga solinadi/t.me/davletovuz
[2] Nodir Mahmudov. Illatning o‘qildizi – hasham va dabdaba. Uni qo‘porib tashlash vaqti keldi // “Yangi O‘zbekiston” gazetasi, 2025-yil 19-mart.
- Qo'shildi: 24.04.2025
- Ko'rishlar: 266
- Chop etish