Akademik Akmal Saidov Rishtonda yoshlar bilan uchrashdi

Inson uchun ona tili bilan birga xorijiy tillarni bilish dunyoga chiqishda juda muhim, ayniqsa, tijoratda buning o‘rni beqiyos. Bu fikrlarni Prezident Shavkat Mirziyoyev 2025-yil 14-fevralda  Ko‘ksaroy qarorgohida mamlakat yoshlari bilan muloqoti chog‘ida bildirgandi. Davlatimiz rahbari qayd etganidek, endi xorijiy tillardan “S1” darajasiga ega bo‘lgan yoshlar tashabbus ko‘rsatib, olis va chekka hududlarda chet tillariga ixtisoslashgan o‘quv markazlarini ochsa, ularga 120 million so‘mgacha foizsiz ssuda beriladi.

Shuningdek, mehnat bozoriga til biladigan yoshlar kirib kelishini rag‘batlantirish uchun xususiy o‘quv markazlarida xorijiy tillarni o‘rganadigan yoshlarga xarajatlari “2+6” shaklida qoplab beriladi. Bunda o‘quv xarajatlarining dastlabki 2 oyi o‘quvchilarning o‘z mablag‘idan, qolgan 6 oyi davlat hisobidan to‘lanadi.

24-aprel kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati akademik Akmal Saidov bilan Farg‘ona viloyati Rishton tumanidagi «Cambridge School» innovatsion xususiy maktabida bo‘lib o‘tgan uchrashuv avvalida shu haqda so‘z bordi. Tadbirda maktab rahbariyati, o‘qituvchilar va o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi.

Maktab direktori, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) O‘rinboy Abduolimov akademik A.Saidovning jamiyatimizda huquqiy dunyoqarashni yuksaltirish, yoshlarda yuridik tafakkurni shakllantirish, yangi tizimdagi akademik darsliklarni yaratish borasidagi ulkan xizmatlari mamlakatimiz ilmiy hamjamiyati tomonidan e’tirof etilganini ta’kidladi. Akmal Xolmatovich – taniqli davlat va jamoat arbobi, nafaqat O‘zbekistonda, ayni chog‘da, xorijda ham e’tirof etilgan yetakchi huquqshunos, bir qator xalqaro va xorijiy yuristlar assotsiatsiyalarining a’zosi hisoblanadi.

O‘z navbatida, Akmal Saidov xorijiy tillarni o‘rganishning ahamiyati haqida to‘xtalar ekan, bolalik davridanoq darsliklardan tashqari, turli badiiy asarlarni o‘zbek tili bilan bir qatorda ingliz va rus tillarida o‘qib, mag‘zini chaqa bilganini qayd etdi. Keyinchalik erkin muloqot qila oladigan tillari soni nemis va fransuz tillari hisobiga yanada ko‘paygan. Bu esa unga ana shu tillarni nafaqat tushunish, balki ularni o‘zaro qiyoslash orqali, qay biri qaysi jihatlari bilan o‘ziga xos ekanini anglash imkonini ham bergan.

Yana bir muhim jihat – har qanday kitobni qaysi tilda yozilgan bo‘lsa, o‘sha tilda o‘qigan ma’qul, dedi A.Saidov. Shuning uchun xorijiy tillarni o‘rganish lozim. Chet tillarni o‘rganish – hayotiy ehtiyoj. Ayni vaqtda til o‘rganish jarayonining o‘zini ham lug‘atsiz, kitobsiz tasavvur etish mumkin emas. Binobarin, xalqimizda: “Kitobsiz aql – qanotsiz qush”, degan naql borligi bejiz emas.

Shuningdek, akademik A.Saidov huquqiy bilim va konstitutsiyaviy xulq-atvorni o‘zaro mujassam etgan holda, yangi tahrirdagi Konstitutsiya normalarini har bir shaxs va butun jamiyat hayotiga chuqur tatbiq etishda yoshlarning o‘rni va roli muhimligi haqida muxtasar to‘xtaldi. Zero, ulug‘ mutafakkir Abu Nasr Forobiy ta’kidlaganidek, bilim yaxshi xulq-atvor bilan bezatilgan bo‘lishi lozim.

Konstitutsiya – alohida huquqiy maqomga ega oliy darajadagi hujjat, jamiyat va davlat o‘rtasidagi o‘ziga xos noyob jamoatchilik shartnomasidir. Chunki fuqarolar aynan shu Asosiy qonun negizida tegishli davlat organlariga hokimiyatni boshqarish vakolatini ishonib topshiradilar. Shunday ekan, Konstitutsiya talablarini bajarish, ularga so‘zsiz va qat’iy rioya qilish har bir insonning e’tiqodiga aylanishi darkor.

Ushbu muloqot “Akademik va yoshlar” rukni doirasida tashkil etildi. Uchrashuv yakunida akademik A.Saidov o‘zining Konstitutsiyaviy huquq tarixi, davlat va huquq nazariyasi, inson huquqlari sohalariga oid yangi kitoblarini bilim dargohi kutubxonasiga taqdim etdi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech