Til bilgan – el biladi. Bu bejiz aytilmagan, xorijiy tilni bilgan kishi dunyo kezadi, o‘rgangan tilida so‘zlashuvchi davlatlarning, xalqlarning tarixi, madaniyati, urf-odatlaridan ko‘proq xabardor bo‘ladi. Shu bilan birga, xorijiy tilni biladigan mutaxassis ikki va undan ortiq davlatlar, millatlar o‘rtasida turli sohada bo‘ladigan munosabatlarda vositachi vazifasini bajaradi.
Dunyoda 7 mingga yaqin til mavjud bo‘lib, hammasi ham yetarlicha himoyalangan emas. Ma’lumotlarga qaraganda, ularning 43 foizi yo‘qolib ketish arafasida. Bor-yo‘g‘i yuzga yaqin til ta’lim tizimida, davlatlar o‘rtasidagi aloqalarda qo‘llaniladi. O‘nga yaqini dunyoda rasmiy maqomga ega, xolos. BMT ham dunyo aholisining katta qismi so‘zlashadigan 6 tilda – ingliz, arab, rus, fransuz, xitoy hamda ispan tilida faoliyat olib boradi.
Ispan tili (ispancha: el espanol, el kastellano) – hind-yevropa tillari oilasining roman tillari guruhiga mansub. U ushbu til sohiblarining soni bo‘yicha dunyoda xitoy tilidan keyingi ikkinchi tildir. Dunyo bo‘yicha 590 million ispan tilida gaplashuvchilar bor. Shuningdek, ispan tili dunyodagi eng ko‘p o‘rganilayotgan ikkinchi til bo‘lib, uni kamida 22 million talaba o‘rganmoqda.
Ispan tilini bu qadar ommalashib ketishiga, avvalo, mashhur sayyohlar, dengiz qaroqchilari hamda ispaniyalik mustamlakachilar sabab bo‘lgan. Shunisi qiziqarliki, Amerika Qo‘shma Shtatlarining 50 ta shtatidan 23 tasida ispan tili, bor-yo‘g‘i 21 tasidagina ingliz tili amaldagi til hisoblansa, qolgan shtatlarda esa fransuz tili ustuvor mavqeini saqlab qolgan.
BMT tillari bayrami kuni ayrim davlatlarda jahonning mashhur shoir va yozuvchilarining tavallud kuniga bag‘ishlab belgilangan. Masalan, har yili 23-aprelda “Ispan tili kuni” nishonlanadi. Bu sana 23-aprelda vafot etgan mashhur ispan yozuvchisi Migel de Servantes Saavedra xotirasi bilan bog‘liq.
Migel de Servantes (Miguel de Cervantes Saavedra) – mashhur ispan adibi. U Ispaniyaning Alkala-de-Enares shaharchasida ko‘chmanchi tabib oilasida tug‘ilgan. “Sehrgarlar meni omaddan judo qilishi mumkin, ammo ular meni jasorat va erkdan mahrum qila olishmaydi” – bu so‘zlar Servantesning jahon adabiyotida mashhur “Don Kixot” romanidan olingan bo‘lib, tom ma’noda muallifning tarjimayi holini anglatadi. Servantes avval Italiyada yashaydi va o‘sha yerda 1570-yili harbiy xizmatga yollanadi. 1580-yili Ispaniyaga qaytib, hayotini yangi soha – teatrda qaytadan boshlaydi.
Servantes butun hayoti mobaynida she’r yozgan. Ammo u she’rlarini nasriy asarlari tarkibiga kiritib, qahramonlariga nisbat beradi. Faqat XX asrga kelib, uning shoir sifatida o‘ziga xos ovozi borligi kashf etildi.
ISPANIYA NIDOSI
Ey, ozod, tog‘lardan yuksak osmon,
Ko‘ngilni yoritib turasan hamon,
Ispaniya yashnar mehring nuridan,
Xalqim sevar seni ko‘ngil to‘ridan.
Til inson ijodiyotini, uning turfa xilligini takrorlanmas tarzda aks ettiradi. Til nafaqat aloqa, zehn va fikrlash vositasi, balki dunyoni qanday ko‘rishimizni belgilaydi va o‘tmish, bugun hamda kelajak o‘rtasidagi bog‘liqlikni ko‘rsatib beradi. Ona tillari har bir inson dunyoga kelganidan boshlab, unda garchi u ko‘plab tillar egasiga aylansa ham, hech qachon yo‘qolib ketmaydigan noyob iz qoldiradi. “Xorijiy tilni o‘rganish dunyoning boshqa ko‘rinishi, boshqacha yondashuvlar bilan tanishish usulidir”.
O‘zbekistonning ochiqlik siyosati, dunyo bozoriga faol kirib borayotgani, barcha sohalarda xalqaro hamkorlik kengayayotgani xorijiy tillarni bilishga ehtiyojni oshirmoqda. Bugungi kunda yurtimizdagi 25 ta oliy ta’lim muassasasida o‘qitish chet tilida olib borilmoqda. 2016-yilda ular atigi 7 ta edi. Xalqaro til sertifikati olgan bitiruvchi o‘quvchilar soni oxirgi 3-yilda 10 baravarga oshgan.
Lazizbek XOLIQULOV,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari”
jurnali bo‘lim boshlig‘i
«Iste’mol madaniyati» gazetasining 2025-yil 24-aprel kungi 7 (199)-soni
- Qo'shildi: 28.04.2025
- Ko'rishlar: 137
- Chop etish