Inson huquqlariga rioya etish va uni himoya qilishning xalqaro standartlari: amaliyot va hisobot

Joriy yilning 29 aprelidan – 2 mayigacha Toshkent shahrida shu mavzuda to‘rt kunlik o‘quv mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan tashkil etilgan ushbu kurs inson huquqlarini ta’minlash sohasida faoliyat yuritayotgan davlat organlari va idoralari mutaxassislari uchun mo‘ljallangan.

O‘quv kursi O‘zbekiston Prezidentining 2023 yil 7 fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi doirasida amalga oshirildi. Mazkur tadbir Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risidagi Xalqaro konvensiyaning 60 yilligi, Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasining 30 yilligi, shuningdek, BMT Xavfsizlik Kengashi 1325-rezolyutsiyasining 25 yilligi munosabati bilan tashkil etildi.

Mashg‘ulotlarning asosiy maqsadi – inson huquqlari sohasidagi xalqaro va milliy normalar, BMT mexanizmlari, hisobot berish jarayonlari, ta’lim va amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlashdir. Unda O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini amalga oshirishda bevosita ishtirok etayotgan vazirlik va idoralar vakillari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar mutaxassislari – 20 dan ortiq tinglovchi ishtirok etdi.

Tadbirning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov so‘zga chiqib, inson huquqlari sohasidagi milliy islohotlar va xalqaro hamkorlikning ahamiyatini ta’kidladi.

Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori o‘rinbosari, yuridik fanlar doktori, professor Abdumannop To‘laganov inson huquqlari tushunchasi, uning tarixiy rivojlanishi va turlari haqida atroflicha ma’lumot berdi. O‘z navbatida, Toshkent davlat yuridik universiteti professori Govxerjan Yuldasheva BMTning inson huquqlari sohasidagi shartnomaviy organlari va O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlari haqida ma’ruza qildi.

Shuningdek, Milliy markaz doktoranti Shahlo Safarova “Inson huquqlari sohasida ta’lim: xalqaro va milliy tajriba” mavzusida ma’ruza qildi. Kunning ikkinchi yarmida Dilnoza Rahmatjonova va Robiya Arslonova tomonidan inson huquqlari sohasida ta’lim olish bo‘yicha elektron platformada amaliy mashg‘ulot o‘tkazildi.

Ikkinchi kunning dastlabki ma’ruzasini Milliy markaz bo‘lim boshlig‘i O‘tkir Ochilov taqdim etdi. U O‘zbekistonning BMT shartnomaviy organlari oldida hisobot berish amaliyoti, uning shakl va mazmuni, hisobot berish bosqichlari va tayyorgarlik jarayonlari haqida ma’lumot berdi.

Milliy markaz mas’ul xodimi Nodirbek Sultonov Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha milliy harakatlar rejasi to‘g‘risida ma’ruza qildi. Milliy markaz bosh mutaxassisi Husniddin Xolmamatov esa BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi qoidalarini joriy etish borasida olib borilayotgan ishlar va amaliy natijalar haqida axborot berdi.

Ikkinchi kunning davomida tinglovchilar “Inson huquqlari bo‘yicha 2030 yilgacha bo‘lgan Milliy strategiya” loyihasi bilan tanishdilar va milliy maslahatlashuvda ishtirok etdilar.

Uchinchi kuni Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi Xorijiy kadrlar fakulteti boshlig‘i, yuridik fanlar doktori, professor Alimjan Matchanov BMTning Qiynoqlarga qarshi konvensiyasi va uning milliy ijrosi bo‘yicha ma’ruza qildi.

Milliy markazning bo‘lim boshlig‘i Iqbol Abdumajidov BMTning Universal davriy hisobot jarayoni va tavsiyalarni bajarish mexanizmi haqida so‘zladi. Shuningdek, markaz bosh mutaxassisi Abbosbek Nabiyev Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt ijrosi hamda individual murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi haqida ma’lumot berdi.

Kursning oxirgi kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Abdulla Aslonov parlamentning inson huquqlari sohasidagi roli va xalqaro majburiyatlarga yondashuvlari haqida ma’ruza qildi.

Milliy markaz bo‘lim boshlig‘i Farxod Hayitboyev va bo‘lim mutaxassisi Xolmuhammad Abdurasulov tomonidan BMTning Xotin-qizlarni kamsitishga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyasi ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi.

Kun yakunida tinglovchilar test sinovlaridan o‘tdi. Ularning bilimi va amaliy ko‘nikmalari baholandi. Tadbirning yopilish marosimida barcha ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.

Mazkur to‘rt kunlik o‘quv kursi inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarni milliy amaliyotga integratsiya qilish, davlat organlari mutaxassislarining bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, hisobot tizimini kuchaytirish hamda inson huquqlari sohasidagi ta’limni raqamlashtirishga muhim hissa qo‘shishga qaratilgandir.

Tadbir ishtirokchilari mashg‘ulotlar sifatini yuqori baholab, amaliy foydasi va mazmundorligini alohida ta’kidladilar.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech