Yangi O‘zbekistonning “yashil” taraqqiyot yo‘li

(Shavkat Mirziyoyev. Yangi O‘zbekistonning “yashil” taraqqiyot yo‘li” (Toshkent: “O‘zbekiston”, 2025. – 336 b.) kitobini o‘qiganda tug‘ilgan mulohazalar)

Yangi O‘zbekiston g‘oyasining muhim jihati – bu mamlakatimizning “yashil” taraqqiyot yo‘lidir. Bugun bu jihat butun Markaziy Osiyo davlatlari istiqbolining umumiy mezoniga aylanmoqda.

Yangi O‘zbekistonning “yashil” taraqqiyot yo‘li nazariyasi va amaliyoti O‘zbekiston Prezidentining global, mintaqaviy va milliy miqyosda yuz berayotgan iqtisodiy, siyosiy, ekologik, ijtimoiy-gumanitar jarayonlarga oid strategik qarashlari, konseptual g‘oya va yondashuvlari asosida shakllangan. 2025-yilda nashrdan chiqqan “Shavkat Mirziyoyev. Yangi O‘zbekistonning “yashil” taraqqiyot yo‘li” kitobida Prezidentning iqlim o‘zgarishi sabablari, oqibatlari, ularning jahon mamlakatlari barqaror rivojlanishiga tahdidi, mamlakatimiz va Markaziy Osiyo mintaqasida bunday salbiy oqibat hamda tahdidlarni bartaraf etish yo‘llari - “yashil” taraqqiyot maqsadlari va ularni amalga oshirishga qaratilgan amaliy sa’y-harakatlar tavsifiga bag‘ishlangan 2017-2025-yillarda yozilgan asarlari va nutqlarida aytilgan 310 ta iqtibos va 54 ta tashabbuslari to‘plangan.

Kitob uch bobni o‘z ichiga olgan va uch tilda: o‘zbek, ingliz va rus tilida nashr etilgan. Kitobda iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq tahdidlar, muammolar, “yashil” taraqqiyotga erishish mexanizmi, vositalari, amaliy choralari to‘g‘risidagi taklif va tashabbuslar globaldan mintaqaviy orqali milliyga qarab yo‘l olgan o‘ziga xos g‘oyalar trayektoriyasini hosil qilgan.

 

 “Yashil” taraqqiyot bashariyat tanlagan yo‘l”

 

Kitobning birinchi bobi global iqlim o‘zgarishi muammosi, uning oqibatlari, insoniyat buguni va kelajagiga tahdidlariga bag‘ishlangan. Prezident global iqlim o‘zgarishining asosiy sababi odamzodning minglab yillar mobaynida tabiat bilan muomalada yo‘l qo‘ygan xatolari, salbiy faoliyati natijasi ekanligini ta’kidlagan. Iqlim o‘zgarishi va ekologik vaziyatning keskinlashuvi oqibatida butun dunyoda tabiiy boyliklar va suv resurslarining tanqisligi, bioxilma-xillikning buzilishi, tabiiy ofatlar, qurg‘oqchilik va chang bo‘ronlarining tez-tez takrorlanib turishi, xavfli yuqumli kasalliklar tarqalishi, oziq-ovqat xavfsizligiga putur yetishi, mamlakatlarning iqtisodiyotiga jiddiy zarar yetishi, hayvonot va o‘simlik dunyosi ekotizimlarining zaiflashib borishi va boshqa jiddiy xatarlarni yuzaga kelmoqda.

Millatimiz sardori iqlim o‘zgarishi oqibatlarini bartaraf etish uchun barcha davlatlarni o‘zaro muvozanatli, integratsiyalashgan, tizimli yondashuvga va “yashil” taraqqiyot yo‘lidagi xalqaro hamkorlikka, cheklangan resurslardan oqilona va adolatli foydalanishga, iqlim o‘zgarishi oqibatlariga qarshi tezkor choralarni ko‘rishga chaqiradi. Bunda “yashil” texnologiyalar va innovatsiyalarga asoslangan iqtisodiyotni shakllantirish, uglerod neytralligi va “yashil” energetikaga o‘tish orqali iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlarini yumshatish, barqaror rivojlanish va aholi farovonligini ta’minlash muhimligi ta’kidlanadi. Prezidentimiz sayyora miqyosidagi fojia bo‘lgan Orol dengizi qurishi natijasida kelib chiqayotgan global oqibatlarni bartaraf etish masalasiga alohida e’tibor qaratgan.         

Davlatimiz rahbari iqlim o‘zgarishi oqibatlarini bartaraf etish uchun keng xalqaro hamkorlikka xalaqit berayotgan ziddiyatlarni muhokama qilgan. Jumladan, jahon miqyosidagi ishonch inqirozi, global xavfsizlik institutlari faoliyatidagi muammolar, xalqaro huquq normalaridan chekinish, geosiyosiy qarama-qarshiliklar tufayli o‘zaro muloqotning izdan chiqqanligi, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish sharoitida taraqqiy etgan va rivojlanayotgan mamlakatlar o‘rtasida katta texnologik tafovutlar mavjudligi eng katta to‘siqlar sifatida ko‘rsatib o‘tilgan.

Bunday ziddiyatlarni bartaraf etishning alohida yo‘llari, jumladan, xalqaro hamjamiyat sa’y-harakatlarini birlashtirish, muvofiqlashtirish va kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni birgalikda amalga oshirish, rivojlanayotgan mamlakatlarga yetakchi davlatlar va xalqaro institutlarning texnik ko‘magini kengaytirish, ekologik toza mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, “yashil” turizmni rivojlantirish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda ilm-fandan keng foydalanish kabi global choralar to‘g‘risida mulohaza yuritilgan.

 

“Markaziy Osiyo – “yashil” taraqqiyot va barqaror kelajak sari”

 

Kitobning ikkinchi bobida Markaziy Osiyo mintaqasida global iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlari o‘ta jiddiy tus olishi mumkinligi tahlil qilingan. Prezident ta’biri bilan aytganda, “Orol muammosi global miqyosdagi ekologik va gumanitar halokatdir”. U allaqachon Orolbo‘yi aholisi genofondi, hayoti va sog‘lig‘i bilan bog‘liq ayanchli oqibatlarga olib keldi. Bugun Orol inqirozi oqibatlarini bartaraf etish uchun barcha sa’y-harakatlarni safarbar etish shart.

Markaziy Osiyo mamlakatlari global isish, ekologik muvozanat buzilishi, me’yordan farqli ob-havo sharoitlari, tez-tez yuz berayotgan qurg‘oqchilik va chang bo‘ronlari, yerlarning shiddat bilan degradatsiyaga uchrashi va cho‘llanishi, bioxilma-xillikning  yo‘qolishi ko‘rinishida namoyon bo‘layotgan tahdidlarni o‘zida to‘liq his qilmoqda. Boshqa tarafdan, Markaziy Osiyoda energetika infratuzilmalarini rivojlantirish sur’atlari sanoatlashtirish va urbanizatsiya jarayonlari, shuningdek, demografik o‘sishidan orqada qolishi mamlakatlarimizning uzoq muddatli barqaror rivojlanishiga to‘siq bo‘lmoqda.

Davlatimiz rahbari bunday sharoitda O‘zbekiston va umuman Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari uchun barqaror rivojlanishga erishishning yagona to‘g‘ri yo‘li sifatida “yashil” taraqqiyot yo‘liga o‘tish ekanligini ta’kidlaydi.

“Yashil” taraqqiyot yo‘li - bu atrof-muhitga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish va tabiiy resurslardan samarali foydalanish orqali mamlakat yoki butun mintaqadagi ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot muvozanatini ta’minlash yo‘lini ifodalaydigan tushunchadir. “Yashil” taraqqiyotda innovatsion va ekologik toza texnologiyalarni joriy etish, yuqori energiya samaradorligiga erishish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish yo‘li bilan atrof-muhit mo‘tadilligiga mutanosib iqtisodiy o‘sishga erishish, pirovardida, odamlarning hayot sifatini oshirish nazarda tutiladi. Buning uchun barqaror o‘sishni ta’minlaydigan va yangi iqtisodiy imkoniyatlar yaratadigan investitsiyalar va innovatsiyalarni ishlab chiqarishga jalb etish muhim ahamiyat kasb etadi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari qayta tiklanuvchi energiyaning katta zaxiralariga ega bo‘lib, global energetik o‘zgarishlarga salmoqli hissa qo‘shishi mumkin. Buning uchun Markaziy Osiyoda umumiy energetika makonini shakllantirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni davom ettirish, “yashil” energetika va energiya tejamkor texnologiyalarni jadal joriy etishga alohida e’tibor qaratish, mintaqaning quyosh, suv, shamol energiyasi hamda “yashil” vodorodni ishlab chiqarish bo‘yicha ulkan salohiyatini birgalikda rivojlantirish lozim, degan to‘xtamga keladi Prezident.

Prezidentning ilgari surgan va ro‘yobga chiqayotgan “Yashil” taraqqiyot dasturi” iqtisodiyot tarmoqlarini transformatsiya qilish va raqamlashtirish, transport va energetika tarmoqlarida barqaror infratuzilmani yaratish, “yashil” sanoat quvvatlarini ishga tushirish, “aqlli” qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga qaratilgan.

“Muqobil energetika sohasiga investitsiya va texnologiyalarni jalb etmasdan va “yashil” vodorodni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymasdan turib, Markaziy Osiyo mintaqasini barqaror rivojlantirish mumkin emas. Biz qayta tiklanuvchi energiya resurslariga boy Markaziy Osiyo jahon energetika bozorlariga “yashil” energiya yetkazib beradigan yirik eksportchiga aylanishi uchun katta qadamlar tashlayapmiz. Markaziy Osiyoni “yashil” iqtisodiyot va “toza” energiya markazlaridan biriga aylantiramiz”, - deb ta’kidlaydi Prezident.

O‘zbekiston rahbariyati “yashil” taraqqiyot yo‘lida ko‘p vektorli xalqaro hamkorlikni rivojlantirishni ma’qul ko‘radi. Markaziy Osiyoning “yashil” taraqqiyot yo‘lidagi islohotlarni amalga oshirishida Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) va uning ixtisoslashgan muassasalari, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (SHHT), boshqa mintaqaviy tashkilotlar va alohida rivojlangan xorijiy davlatlar qatorida asosiy hamkorlardan biri Yevropa Ittifoqining o‘rni alohidadir.

Prezident buning quyidagi sabablarini ko‘rsatadi:

birinchi sababi, iqlim sohasidagi xatarlarga qarshi kurashishda, avvalambor, Yevropaning ilg‘or bilim va texnologiyalarini qo‘llagan holda maqsadli mintaqaviy loyihalarni amalga oshirish hisobidan ekotizimlar barqarorligini oshirish samarali natija beradi;

ikkinchi sababi, “yashil” taraqqiyot yo‘lida Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik Buyuk Ipak yo‘lini o‘zaro energetik bog‘liqlik orqali tiklash imkonini beradi;

uchinchi sababi, Yevropaga “yashil” energiyani eksport qilishni yo‘lga qo‘yish Markaziy Osiyoga katta iqtisodiy imkoniyatlar eshigini ochadi;

to‘rtinchi sababi, Yevropa Ittifoqi ko‘magida Markaziy Osiyo jahonning “yashil” iqtisodiy rivojlanish va “toza” energiya markazlaridan biriga aylanishi mumkin.

 

“Yangi O‘zbekiston barqaror rivojlanish va “yashil” taraqqiyot yo‘lida”

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining konseptual g‘oya va qarashlari asosida “yashil” taraqqiyot yo‘lining quyidagi jihatlarini alohida ko‘rsatib o‘tish mumkin:

birinchi jihati, Parij bitimi doirasida o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni to‘liq bajarish, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish va uglerod neytralligiga erishish, “yashil” va raqamli texnologiyalar, innovatsion ishlab chiqarish korxonalarini barpo etish, “yashil” texnologiyalarni keng joriy etish;

ikkinchi jihati, “yashil” texnologiyalar sohasidagi ilmiy tadqiqotlar va innovatsion ishlanmalarni qo‘llab-quvvatlash, sanoat korxonalarining shunday texnologiyalarga o‘tishini rag‘batlantirish va bu jabhada “yashil” moliyalashtirish tizimini rivojlantirish, iqtisodiyotga samarali “yashil” investitsiyalarni jalb qilish;

uchinchi jihati, “yashil” energetika sohasidagi loyihalarni amalga oshirish, yaqin o‘n yilda qayta tiklanadigan energiya manbalari ulushini 3 barobardan ziyodga ko‘paytirish, mamlakatimizni ishonchli, xavfsiz, iqtisodiy samarador va ekologik toza energiya manbalari bilan ta’minlash;

to‘rtinchi jihati, yangi tahrirdagi Konstitutsiya asosida tabiiy resurslar, jumladan, suv havzalari va yer osti zaxiralarini muhofaza qilishning huquqiy asoslarini takomillashtirish, gloabl iqlim o‘zgarishi sharoitida inson huquq va erkinliklarini ta’minlash choralarini ko‘rish;

beshinchi jihati, “yashil” taraqqiyot yo‘lidagi sa’y-harakatlarni umummilliy harakat darajasiga ko‘tarish, “yashil” urbanizatsiyani rivojlantirish hamda “yashil” ish o‘rinlarini yaratish, “Yashil makon” dasturi doirasida shaharlar hududlarining kamida 30 foizi ko‘kalamzor maydonlarga aylantirish;

oltinchi jihati, barqaror rivojlanish va “yashil” taraqqiyot yo‘lida butun dunyo bilan hamkorlikka doim ochiq bo‘lish;

yettinchi jihati, jamiyatda tabiiy resurslar va atrof-muhitga nisbatan ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish bo‘yicha an’anaviy qadriyatlarni qaror toptirish, yosh avlod qalbida ona tabiatga daxldorlik hissini tarbiyalash.

Atrof-muhitni musaffo saqlash barcha uchun milliy harakatga aylanishi kerak. O‘zbekistonda ekologik muammolarni bartaraf qilish va iqtisodiyot tarmoqlarini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish orqali yuksak taraqqiyot va farovon hayotga erishish uchun juda katta vazifalarni amalga oshirishimiz, xalqimiz bilan birgalikda mashaqqatli va sharafli yo‘lni bosib o‘tishimiz lozim bo‘ladi. Biz atrof muhitni asrash borasida ko‘plab hujjatlar, qarorlar qabul qilishmiz, keng miqyosli loyihalar ishlab chiqishimiz, zarur choralar ko‘rishimiz, ularni moliyalashtirish uchun mablag‘ yo‘naltirishimiz mumkin. Ammo bu sohadagi barcha ishlarimiz samarasi ushbu jarayonlarda fuqarolarimizning faol ishtiroki, tevarak-atrofga mas’uliyat hissi, boshqacha aytganda, jamiyatdagi ekologik madaniyatga bog‘liqdir. Mahallada, ko‘chalarda chiqindi tashlagan kishini ko‘rganda “bu ishingiz noto‘g‘ri bo‘ldi”, deydigan muhitni shakllantirishimiz, odamlarni bunga o‘rgatishimiz kerak. Bu – hammamizning ishimiz va insoniy burchimizdir, deb yozadi davlat rahbari.

Yurtboshimizning Yangi O‘zbekiston va Yangi Markaziy Osiyoning “yashil” taraqqiyot yo‘li faqatgina nazariy g‘oya, maqsadlar yoki orzular ifodasi bo‘lmay, balki islohotlarga izchillik, keng qamrovlilik baxsh etayotgan 54 ta tashabbuslar majmui shaklida ham namoyon bo‘ladi. Bu tashabbus va takliflarning muayyan qismi hayotga joriy qilinmoqda, boshqalari bo‘yicha esa tayyorgarlik bosqichi amalga oshirilmoqda. Bu taklif va tashabbuslar yaxlit tizimni tashkil etib, ularni miqyosiga qarab global, mintaqaviy va milliy tashabbuslarga tasniflash mumkin.

Prezidentimizning quyidagi global ahamiyatga ega tashabbus va takliflarini ko‘rsatib o‘tish lozim:

  • BMTning yangi ekologik siyosati asoslarini tashkil etishga qaratilgan Butunjahon ekologiya xartiyasini ishlab chiqish;

  • Parij shartnomasi doirasida Iqlim o‘zgarishiga moslashish sohasidagi Global hadli mexanizmni kelishish;

  • Iqlim tufayli yo‘qotish va zararlarni baholash bo‘yicha xalqaro markazni tashkil etish.

  • Bioxilma-xillik bo‘yicha Global hadli dasturning qabul qilinishini qo‘llab-quvvatlash;

  • BMT shofe’ligida Daryo ekotizimlarining butunligi va ekologik xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha majburiyatlar to‘g‘risidagi deklaratsiyani ishlab chiqish;

  • BMTning innovatsion agrosanoat “xab”ini yaratish;

  • BMT Bosh kotibining Suv resurslari bo‘yicha maxsus vakili lavozimini ta’sis etish;

  • Hayvonlarning ko‘chib yurishi uchun to‘siqlardan xoli ekologik yo‘laklarni yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini qabul qilishni qo‘llab-quvvatlash;

  • “Katta yettilik va yigirmatalik” formatlarida global miqyosda kam uglerodli iqtisodiyotga o‘tish masalalarini ko‘rib chiqishda rivojlanayotgan davlatlarning manfaatlarini inobatga olish;

  • BMTning 2050-yilga qadar atom energetikasi quvvatlarini uch baravar oshirish bo‘yicha kelishuvini qo‘llab-quvvatlash;

  • Jahon iqlim poytaxtlari alyansini tashkil etish va uning birinchi forumini Toshkentda o‘tkazish.

  •  BMT Bosh assambleyasining:

  • “Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish”;

  • “Markaziy Osiyo ekologik tahdidlar qarshisida: barqaror rivojlanish va farovonlik yo‘lida mintaqaviy birdamlikni mustahkamlash”;

  • “Degradatsiyaga uchragan va qurg‘oq hududlarda barqaror o‘rmonzorlarni barpo etish, daraxt ekish va ularni targ‘ib qilish – ekologik muammolarga qarshi kurashning samarali yechimi» rezolyutsiyalari.

To‘plam kitobxonni yurtboshimiz tomonidan asoslab berilgan Yangi O‘zbekistonning “yashil” taraqqiyot yo‘li strategiyasining mazmunini tushunishga yordam beradi. Mazkur kitob bilan tanishish jarayonida Yangi O‘zbekiston “yashil” taraqqiyot yo‘lining mintaqa va mamlakat rivojlanishidagi ahamiyati quyidagilarda namoyon bo‘ladi.

Birinchi ahamiyati, global iqlim o‘zgarishlarining salbiy oqibatlariga qarshi kurashish va “Yashil” taraqqiyot yo‘li Yangi O‘zbekiston doirasidan chiqib, Markaziy Osiyoni yagona “yashil” manfaatlar hududiga aylantirmoqda, bu asosda Markaziy Osiyo mamlakatlarining siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy-gumanitar integratsiyasi tobora chuqurlashmoqda. Mazkur jarayon Markaziy Osiyoni xalqaro munosabatlarning yangi faol ishtirokchisi bo‘lib maydonga chiqishida muhim rol o‘ynamoqda.

Ikkinchi ahamiyati, “Yashil” taraqqiyot yo‘li Yangi O‘zbekiston va Markaziy Osiyoni global hamkorlik maydoniga aylantirmoqda va o‘tmishda yurtimizning gullab-yashnashining, Sharq Renessansining asosiy omili bo‘lgan Yevropa va Osiyoni bog‘lab turuvchi “Buyuk ipak yo‘lini” qayta tiklash jarayonini tezlashishiga turtki bermoqda.

Uchinchi ahamiyati, “Yashil” taraqqiyot yo‘li Yangi O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini, jahonning “yashil” energetika, “yashil” sanoat, “yashil” texnologiyalar bo‘yicha yirik markazlaridan biriga aylanishini ta’minlaydi.

To‘rtinchi ahamiyati, “Yashil” taraqqiyot yo‘li Yangi O‘zbekiston va Markaziy Osiyo xavfsizligiga tahdidlarni, jumladan suv tanqisligi, ekotizim inqirozi, demografik muammolar, kambag‘allik, terrorizm va ekstremizmning tarqalishi, harbiy mojarolar xavfini bartaraf etish, Afg‘onistonning barqaror rivojlanishi va mintaqadagi muvozanatli aloqalarga kirishishini ta’minlash uchun geosiyosiy va geoiqtisodiy poydevorni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega.

Beshinchi ahamiyati, “Yashil” taraqqiyot yo‘li Yangi O‘zbekiston va umuman Markaziy Osiyo mamlakatlari aholisiga munosib turmush sharoitlarini yaratish, ijtimoiy davlatni va inklyuziv farovon jamiyatni bunyod etish, fan, texnologiya, innovatsiyalarni rivojlantirishning muhim sharti bo‘lib hisoblanadi.

 

“Biz Yerni ajdodlarimizdan meros sifatida emas, balki farzandlarimizdan qarzga olganmiz”

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqand xalqaro iqlim forumidagi nutqida “Bugungi kunda bizning vazifamiz – kelajak avlodlar barqaror, xavfsiz va farovon dunyoda yashashi uchun barcha chora-tadbirlarni ko‘rishdan iborat”, ekanligini ta’kidladi. Ushbu tarixiy nutqda quyidagi taklif va tashabbuslar olg‘a surildi:

  • o‘rmon xo‘jaligi va agrar sohaning moslashuvchanligini oshirish, shuningdek, “Ufq – Yevropa” dasturi doirasida oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash uchun ilmiy salohiyatimizni birlashtirish hayotiy muhim masaladir;

  • har yili Navro‘z bayrami arafasida daraxt ekish bo‘yicha “Markaziy Osiyoning yashil belbog‘i” mintaqaviy aksiyasini o‘tkazish maqsadga muvofiq;

  • moliyalashtirish, texnologiyalar va kompetensiyalarni safabar qilish maqsadida Toshkent shahrida Yevropa Ittifoqining “Suv – Energiya – Iqlim o‘zgarishi” deb nomlangan tashabbusining kotibiyatini tashkil qilish;

  • Markaziy Osiyoda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish borasidagi sa’y-harakatlarni birlashtirish va bu sohada mintaqaviy dasturni ishga tushirish;

  • bu rejalarning barchasini ekspertlar muhokamasidan o‘tkazish uchun Orolbo‘yi mintaqasida xalqaro forum o‘tkazish;

  • muzliklarning holati va mintaqadagi tog‘ ekotizimlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarni oldindan baholash uchun sun’iy yo‘ldosh orqali uzluksiz kuzatuvlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha “Kopernik” dasturi doirasida Yevropa Ittifoqi bilan yaqin hamkorlik qilish;

  • Toshkentdagi “Yashil universitet” bazasida yaratilgan Iqlim rezidensiyasi Markaziy Osiyoda kechayotgan iqlim jarayonlarini o‘rganish va monitoring qilish bo‘yicha umumiy ilmiy-ekspertlik platformasi bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

Shunday qilib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning asarlari va nutqlari Yangi O‘zbekistonning “yashil” taraqqiyot yo‘liga o‘tish nazariyasi va amaliyoti to‘g‘risida fundamental hamda amaliy bilimlarni o‘zlashtirishga, “yashil” taraqqiyot tamoyillariga asoslangan rivojlanish tajribasini o‘rganishga xizmat qiladi. Davlat rahbarining “yashil” taraqqiyot yo‘liga bag‘ishlangan strategik qarashlari, g‘oyalari va yondashuvlari milliy, mintaqaviy va global miqyosdagi tajribalar hamda amaliyotga asoslangan. Mazkur asar va nutqlarni mutolaa qilish mutaxassislar, ekspertlar, akademik doiralar hamda keng jamoatchilik uchun Yangi O‘zbekiston va Markaziy Osiyo “yashil” taraqqiyotining mazmun-mohiyatini keng qamrovli tushunish imkonini beradi.

 

A.X.Saidov,

akademik, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputati

«Oila va TABIAT» gazetasining 2025-yil 15-may, 19-soni

Powered by GSpeech