“Mualliflik huquqi va turdosh huquqlarga oid xalqaro shartnomalar to‘plami”ning taqdimoti

15-may kuni Inson huquqlari uyida o‘zbek tilida nashr etilgan “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlarga oid xalqaro shartnomalar to‘plami”ning taqdimoti bo‘ldi. Tadbir Prezidentimizning “Inson huquqlari sohasida Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori va Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida tashkil etildi.

Taqdimot Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan San’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi bilan hamkorlikda o‘tkazildi. Unda davlat organlari, vazirlik va idoralar mas’ul xodimlari, doktorantlar, fuqarolik jamiyati faollari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori akademik Akmal Saidov taqdimotni ochar ekan, tadbirning asosiy maqsadi O‘zbekiston Respublikasi qo‘shilgan mualliflik huquqi va turdosh huquqlarga oid xalqaro shartnomalar normalarini o‘zbek tilida amaliyotda qo‘llash istiqbollariga e’tibor qaratishdan iborat ekanini ta’kidladi. Bunda madaniyat va san’at sohasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar samaralarini keng jamoatchilikka yetkazish masalasi ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 33-moddasida har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega, deb mustahkamlab qo‘yilgan bo‘lsa, 53-moddasida har kimga ilmiy, texnikaviy va badiiy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi, intellektual mulk qonun bilan muhofaza qilinishi, davlat jamiyatning madaniy, ilmiy va texnikaviy rivojlanishi haqida g‘amxo‘rlik qilishi kafolatlandi. Shuningdek, ijodiy faoliyatga doir munosabatlarning sohaviy qonunlarda mustahkamlanganligi har qanday shaxsga ijod bilan erkin shug‘ullanish, muallif bo‘lish va o‘z idrok-tafakkuri mahsulotlarini hech bir to‘siqsiz tarqatish imkoniyatini beradi.

Bu borada O‘zbekiston Prezidenti tomonidan 2021-yil 28-yanvarda “Intellektual mulk obyektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror qabul qilingan. Davlatimiz rahbari raisligida 2023-yil 22-dekabrda o‘tkazilgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida, jumladan, ta’lim muassasalarida intellektual mulk asoslarini o‘qitish bo‘yicha ham mutasaddi idoralarga aniq ko‘rsatmalar berilganini alohida ta’kidlash lozim.

Taqdimot davomida San’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini ximoya qilish palatasi Loyiha rahbari professor Boboqul Toshev “O‘zbekiston qo‘shilgan mualliflik huquqi va turdosh huquqlarga oid xalqaro shartnomalar normalarini qo‘llash masalalari” mavzusida ma’ruza qildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Oydin Abdullayevaning madaniyat va san’at sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar samaralari haqidagi fikr-mulohazalari tinglandi.

Raqamli texnologiyalar jadal rivojlanayotgan hozirgi sharoitda mualliflik huquqi obyektlaridan foydalanish ko‘lami izchil kengayib borayotganligiga e’tibor qaratildi. Ayniqsa, adabiy-musiqiy asarlar, filmlar, fonogrammalarni raqamlashtirish va Internet orqali keng tarqatish yanada jadallashgani qayd etildi.

Ayni jarayonlarda asarlarning daxlsizligini ta’minlash, ijodkorlarning asar yaratish ishtiyoqini yanada kengaytirish, ularni moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, buzilgan huquqlarini o‘z vaqtida tiklash juda muhim. Insoniyat tafakkurini o‘zgartiradigan zamonaviy asarlar yaratishda har bir inson yetarlicha huquqiy bilimga ega bo‘lishi zarurligi ham ta’kidlandi.

Shu nuqtayi nazardan, mazkur to‘plamga kiritilgan xalqaro universal konvensiya va shartnomalarning davlat tilida berilishi sohaga oid xalqaro normalarning mohiyatini chuqur tushunish va ularni amalda qo‘llash, milliy qonunchilikni xalqaro normalarga moslashtirish, sohaga oid qonunchilikni takomillashtirishga yordam beradi.

To‘plamdan O‘zbekiston Respublikasi qo‘shilgan mualliflik huquqi va turdosh huquqlarga oid konvensiya va shartnomalarning davlat tilidagi matni joy olgan. Shuningdek, mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni tartibga soluvchi sohaviy qonunlar hamda milliy normativ-huquqiy hujjatlar ro‘yxati joylashtirilgan.

Taqdimot yakunida yakdil e’tirof etilganidek, to‘plamda xalqaro-huquqiy hujjatlarning aynan davlat tilida berilgani xalqaro huquq normalari hamda zamonaviy muammolarni yaxshi anglash va ularning yechimini topishda qulaylik tug‘diradi. Shu bilan birga, bunday maqbul yechim huquqni qo‘llash amaliyotini birxillashtirishga xizmat qiladi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech