Tabiatni asrash – insonni asrash degani

17-iyun – Jahon cho‘llanish va

qurg‘oqchilikka qarshi kurash kuni

 

Keyingi davrda O‘zbekistonda ekologiya sohasining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini rivojlantirishga katta e’tibor qaratildi. Yangi tahrirdagi Asosiy qonunimiz Muqaddimasida e’tirof etilganidek, biz «mamlakatimizning bebaho tabiiy boyliklarini  ko‘paytirishga hamda hozirgi va kelajak avlodlar uchun asrab-avaylashga  hamda atrof-muhit musaffoligini saqlashga astoydil ahd qilib», ushbu Konstitutsiyani qabul qilganmiz.

Bosh qomusimizning 49-moddasi to‘laligicha ekologiya va atrof-muhit himoyasiga oid normalardan iborat. Xususan, ushbu moddaning birinchi bandida: «Har kim qulay atrof-muhitga, uning holati  to‘g‘risidagi ishonchli axborotga ega bo‘lish huquqiga ega», deb qayd etilgan.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, davlatimiz rahbari tomonidan 2025-yil yurtimizda – Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili, deb e’lon qilingani bu borada g‘oyat muhim qadam bo‘ldi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Biz tabiat haqida so‘z yuritganda, ko‘pincha “ona tabiat” degan iborani ishlatamiz. O‘ylaymanki, bu shunchaki chiroyli, shoirona so‘z emas, balki uning zamirida chuqur hayotiy haqiqat bor. Biz mo‘tabar ona zotini qanday yuksak hurmat-ehtirom qilsak, o‘zimizni qurshab turgan tabiatga ham shunday munosabatda bo‘lishimiz zarur. Zero, tabiatni asrash – insonni asrash demakdir”.

O‘zbekiston Prezidentining 2025-yil 7-fevraldagi Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi doirasida yurtimizda ekologik barqarorlikka erishish, “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish, tarmoq va sohalarning uyg‘un “yashil transformatsiya”sini amalga oshirish hamda iqtisodiy o‘sishning yangi, “yashil rivojlanish” modelini tatbiq etish bo‘yicha qator muhim vazifalarni amalga oshirish belgilab olindi.

E’tibor bering: yaqinda BMT Bosh Assambleyasi "O‘rmonlardan barqaror foydalanish tamoyillariga muvofiq o‘rmonlashtirish va o‘rmonlarni qayta tiklash bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkilotining o‘n yilligi" rezolyutsiyasini qabul qildi. O‘zbekiston va Kongo tashabbusi bilan tasdiqlangan ushbu rezolyutsiyaga muvofiq, butun dunyoda “2027-2036-yillar – O‘rmonlashtirish  va o‘rmonlarni qayta tiklash o‘n yilligi”, deb e’lon qilindi.

Xalqaro hamjamiyat haqli e’tirof etganidek, O‘zbekiston daraxt ekish va ko‘kalamzorlashtirish masalalarini milliy, mintaqaviy va global miqyosda faol ilgari surib kelmoqda. Jumladan, 2024-yil avgust oyida O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi "Ekologik muammolarning samarali yechimi sifatida degradatsiyaga uchragan yerlarda, shuningdek, qurg‘oqchil hududlarda o‘rmonlardan barqaror foydalanishni, jumladan o‘rmonlashtirish va o‘rmonlarni qayta tiklashni rag‘batlantirish" rezolyutsiyasini qabul qilgandi.

O‘zbekiston har yili Navro‘z bayrami arafasida ko‘chat ekish uchun "Markaziy Osiyo yashil belbog‘i" mintaqaviy aksiyasini o‘tkazishni taklif etdi. Bundan maqsad ko‘kalamzorlashtirish borasidagi sa’y-harakatlarni yanada faollashtirishdir.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatda besh yil ichida bir milliard tup daraxt ekishni ko‘zda tutuvchi keng ko‘lamli "Yashil makon" umummilliy dasturi amalga oshirilmoqda. Bu maqsadlar uchun 2025-yilda qo‘shimcha 7,7 million dollar ajratiladi.

O‘zbekistonda Orol dengizining qurigan tubida ekologik ofat oqibatlarini yumshatish doirasida ikki million gektar maydonda o‘rmonzor barpo etildi. Ekilgan daraxtlar qum bo‘ronlarini to‘xtatishga, ekotizimni yaxshilashga va mahalliy aholi uchun daromad manbalarini yaratishga xizmat qilmoqda.

Aslida ham, xalqaro hamjamiyat media minbaridan yangragan bu e’tiroflar bejiz emas. Prezidentimiz  qayd etganidek, bugun nafaqat O‘zbekiston, balki dunyodagi ko‘plab mamlakatlar iqlim o‘zgarishlarining salbiy oqibatlarini yaqqol his qalayotir. Havo va suvning ifloslanishi, tuproq erroziyasi, cho‘llanish, qazilma yoqilg‘ilarni behisob ishlatish global isishga, tabiiy ofatlarning ko‘payishiga olib kelmoqda, atrof-muhit va aholi sog‘lig‘iga zarar yetkazmoqda. 

Bunday xatarlarga javoban O‘zbekistonda uch yil avval “Yashil makon” umummilliy loyihasi boshlangan va qo‘shni mamlakatlar bilan birgalikda Mintaqaviy iqlim strategiyasini amalga oshirishga ham kirishilgan. Toshkentda Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishlarini o‘rganish universiteti tashkil etilgani ayni yo‘nalishdagi muhim natijalardandir. 

Yanada e’tiborlisi, qisqa vaqt ichida O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan bu borada qabul qilingan ikkita muhim rezolyutsiyaning tashabbuskori bo‘ldi. Ayni vaqtda “yashil” energetika iqtisodiyot drayverlaridan biriga aylanmoqda.

Shuni ham qayd etish joizki, O‘zbekiston Prezidenti “Yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashishning samarali tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorini 2022-yil 10-iyun kuni, ya’ni 17-iyun – Jahon cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurash kuni arafasida qabul qilgani bejiz emas, Zero, ayni ezgu intilish yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish borasida O‘zbekiston va xalqaro hamjamiyatning yondashuvlari uyg‘unligidan dalolat beradi.

Bu haqda so‘z borganda, avvalo, 17-iyun – Jahon cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurash kuni tarixi haqida muxtasar to‘xtalish lozim. Ushbu xalqaro sana BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1995-yil 30-yanvarda ta’sis etilgan bo‘lib, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Cho‘llanishga qarshi kurash konvensiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan tanlangan.

O‘zbekiston Osiyo mintaqasidagi davlatlar orasida birinchilar qatorida BMTning Cho‘llanishga qarshi kurash konvensiyasiga a’zo bo‘lgan. Ushbu Konvensiya 1995-yil 31-avgustda O‘zbekiston parlamenti tomonidan ratifikatsiya qilinib, 1996-yildan kuchga kirgan. Bugungi kunda mazkur Konvensiyaga 196 ta davlat a’zo hisoblanadi.

Qurg‘oqchilik – ekinlarning hosildorligini yo‘qolishi, o‘rmon yong‘inlari va suv tanqisligi natijasida insonlar hayotining barbod bo‘lishi nuqtayi nazardan eng dahshatli tabiiy ofatlardan biridir. So‘nggi yillarda oziq-ovqat va suv tanqisligi, kuchli qurg‘oqchilik tufayli yuzaga kelgan o‘rmon yong‘inlari kuchaygan.

Yerning tanazzulga uchrashi va iqlim o‘zgarishi natijasida kuchaygan qurg‘oqchilik ayniqsa shiddatli tus olmoqda. Bunday tashvishli holat 2000-yilga nisbatan 29 foiz ko‘p va har yili 55 mln kishiga ta’sir qiladi. Eng achinarlisi, 2050-yilga borib qurg‘oqchilik dunyo aholisining to‘rtdan uch qismiga ta’sir qilishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi axborot xizmati ma’lumotlariga qaraganda, hozirgi kunda O‘zbekistonning 70 foiz yoki 31,4 mln gektar yeri qurg‘oqchil maydonlar bo‘lib, ular asosan tabiiy sho‘rlangan, ko‘chma barxan qumliklar va qumliklardan iborat cho‘l hamda issiq garmsel shamollari ta’siridagi hududlardir.

Orol dengizi suv sathining qurishi tufayli O‘zbekistonda yana qo‘shimcha 3 mln gektardan ortiq maydonda Orolqum paydo bo‘ldi. Natijada ushbu mintaqada ekologik muhit yomonlashib, cho‘llanish jarayonlari yanada kuchaydi va ko‘plab ijtimoiy muammolarni yuzaga keltirdi.

Mamlakatimizda 2017-yildan buyon CADI — “Markaziy Osiyodagi cho‘llar bo‘yicha tashabbus” loyihasi joriy etilmoqda. Loyiha Birlashgan Millatlar oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan amalga oshirilmoqda.

Ekspertlarning fikricha, yerlarni qayta tiklash bioxilma-xillikni saqlashga hissa qo‘shadi. Yerning isishiga ta’sir etuvchi atmosfera uglerodining yerda saqlanib qolishi tufayli iqlim o‘zgarishi jarayoni sekinlashadi. Shuningdek, bu iqlim o‘zgarishi oqibatlarining yumshashiga olib kelishi va “yashil” tiklanishga asos bo‘lishi mumkin.

Prezidentimizning 2019-yil 22-fevralda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish bo‘yicha ishlar samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada ulkan ahamiyat kasb etdi. Qaror mamlakatimizda cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish ishlari samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Mazkur qaror bilan O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasiga bir qator qo‘shimcha funksiyalar yuklatildi. Ayniqsa, yurtimizda cho‘llanishning oldini olish, o‘rmonlarni qayta tiklash va ihota o‘rmonlarini ko‘paytirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish, cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish masalalari bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan samarali o‘zaro xamkorlikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Mamlakatimizda cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi amalga oshirilayotgan tadbirlar haqida fikr yuritganda, xususan, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tomonidan 2019-2023-yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgani va amalga oshirilgani haqida to‘xtalish maqsadga muvofiq. Chunki yurtimiz uchun eng dolzarb qaynoq hududlar tanlab olingan mazkur “Yo‘l xaritasi” negizida qisqa muddat ichida bir qator ibratli ishlar bajarildi.

Misol uchun, Orol dengizining suvi qurigan hududida 2019-2022-yillarda qariyb 1,7 million gektar maydonda o‘rmon barpo etish va qayta tiklash tadbirlari amalga oshirildi. Bundan tashqari, Buxoro viloyatida Qizilqum cho‘llariga tutash hududlaridagi sug‘oriladigan vodiy yerlarni hamda infratuzilmalarni qum bosishidan saqlash maqsadida 200 ming gektardan ortiq maydonda Buxoro yashil qalqoni yaratilmoqda. Navoiy viloyatida esa 150 ming gektardan ortiq cho‘l yaylovlari holatini yaxshilash maqsadida saksovulzorlar barpo etilmoqda.

O‘z navbatida, davlatimiz rahbarining tegishli qarori bilan Qishloq xo‘jaligi vazirligiga yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar yuklatilgani diqqatga molikdir. Vazirlik, jumladan:

  • yerlar degradatsiyasi jarayonlari bilan kurashish sohasida yagona davlat siyosatini yuritadi;

  • ushbu sohada davlat dasturlari va istiqbolga mo‘ljallangan strategiyalarni ishlab chiqadi hamda ularni amalga oshirishda ishtirok etuvchi vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtiradi;

  • yerlar degradatsiyasi va cho‘llanishi, shu jumladan yerlarni tiklash, rekultivatsiya va melioratsiya tadbirlari, yaylovlardan almashlab foydalanish, ularni saqlash va fitomelioratsiyalash, qishloq xo‘jaligi ekinlarini almashlab ekish, o‘rmonlar va ihotazorlar barpo qilish jarayonlari monitoringini yuritadi;

  • yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish ishlarini olib borishga mas’ul korxona, muassasa, tashkilotlar rahbarlari va boshqa mansabdor shaxslar uchun bu bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar beradi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligida Yerlar degradatsiyasi jarayonlari bilan kurashish masalalari bo‘yicha departament va hududlarda Yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish bo‘limlari tashkil etilgan.

Xulosa qilib aytganda, yer yuzida global miqyosda iqlim o‘zgarishi, cho‘llanish jarayonlari kuchayib borayotgan hozirgi zamonda, ayniqsa, bizning kam o‘rmonli mintaqamizda, asosan qumli cho‘l hududlarida o‘rmonzorlar maydonlarini kengaytirish va yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish ulkan ahamiyatga ega.

Bu muhim omil, shuningdek, cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish bo‘yicha innovatsion loyihalarni ishlab chiqarishga keng tatbiq etish, aholining cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish bo‘yicha xabardorligini oshirish, yerlardan barqaror foydalanish dasturlarini amaliyotda qo‘llashni  ham taqozo etadi.

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech