Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan “Oila institutini mustahkamlashning dolzarb masalalari: farovon oila va barqaror kelajak” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.
“Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti direktori, professor Nodira Egamberdiyeva, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova va boshqalar mamlakatimizda oilalar manfaatini himoyalash, ularning farovonligini ta’minlash, kambag‘allikka barham berish, yosh avlodni har jihatdan sog‘lom va barkamol insonlar etib voyaga yetkazish, ularning ekologik bilimlarini oshirishga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Aytish kerakki, keyingi yillarda oilalarning ma’naviy-ma’rifiy, iqtisodiy, ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashning mustahkam huquqiy asosi yaratildi. Mazkur konferensiya esa sohadagi yutuqlar bilan birga mavjud dolzarb masalalarni batafsil muhokama etish imkonini bergani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
– Butun dunyoda joriy yilda 15 may – Oilalar xalqaro kuni “Oilaga yo‘naltirilgan barqaror rivojlanish” degan g‘oyani o‘zida mujassam etgani holda nishonlandi, – dedi Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktori, akademik Akmal Saidov. – Muqaddas Qur’oni Karimda ham oilaning mo‘’tabar ekani, ayollarning huquqlari alohida e’tirof etilgan. Bunday konferensiyalar oilalar manfaatlarini ta’minlashga oid dolzarb masalalarni atroflicha tahlil etish imkonini berishi bilan ahamiyatlidir.
– O‘zbekiston oilaviy qadriyatlarni asrash bo‘yicha dunyodagi yetakchi davlatlardan sanaladi, – dedi BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Sabine Mahl. – Bu borada qonuniy asoslarning yaratilgani oilalarni mustahkamlashda muhim rol o‘ynaydi. Biz O‘zbekistonda faoliyati oilaviy qadriyatlarni asrab-avaylashga qaratilgan tashkilotlar bilan birgalikda ishlashdan g‘oyat mamnunmiz.
– Darhaqiqat, O‘zbekiston gender tenglikni ta’minlash, oila, xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash, ularni ijtimoiy himoyalash borasida yetakchi mamlakatlardan sanaladi, – dedi UNFPAning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari Nigina Abaszade. – Oilada ta’lim, mehnat va boshqa huquqlar amalga oshadi, shakllanadi. Barcha transformatsiyalar eng avvalo, oiladan boshlanadi. Yer kurrasida aholi soni ortib borayotgani barobarida ayollarni ish bilan ta’minlash masalasi hamon dolzarbligicha qolmoqda. O‘zbekiston barqaror rivojlanish bo‘yicha o‘ziga xos muhim yetakchi kuchga aylanmoqda. Ayni paytda oilada zo‘ravonlikning oldini olish, farzandlarni boqish va parvarishlash, xotin-qizlar uchun yangi ish joylarini yaratish muhim ahamiyat kasb etadi.
– Institutimiz tomonidan “Mas’uliyatli ota-onalik” loyihasi mezonlari va uni joriy etish bo‘yicha 20 dan ortiq turdagi targ‘ibot materiallari, qo‘llanmalar ishlab chiqildi, – dedi “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti direktori, professor Nodira Egamberdiyeva. – Joriy yilda bu boradagi ishlarni yanada takomillashtirishga katta e’tibor qaratilmoqda.
Darhaqiqat, mazkur institut tomonidan oilaviy nizolarni sudgacha hal etish bo‘yicha 23 ta xorijiy davlat tajribasi o‘rganildi hamda mahallada oilaviy mediatsiyani joriy etishni uslubiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida metodik tavsiyalar ishlab chiqildi. “Farovon oila – kelajak poydevori” mavzusida 2 ta innovatsion va 10 ta amaliy loyiha hayotga joriy etildi. “Oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash” veb-platformasi, “Mening oilam” mobil ilovasi, erta turmush va erta tug‘ruq qayd etilgan hududlardagi o‘zgarishlarni elektron tarzda kuzatuv xaritasi va multimedia mahsulotlari yaratildi.
5 ta yo‘nalishda 500 ga yaqin ma’naviy qadriyatlar haqida xabar beruvchi “Oilaviy qadriyatlar majmuasi”ga dunyo mamlakatlaridagi oilaviy qadriyatlar tahlili, infografikalar va foydali resurslar joylashtirildi.
“Oila o‘quv platforma”si – https://oilamalaka.uz sayti ishga tushirildi. Unga oila institutini mustahkamlash, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy mavzularda 20 ga yaqin ma’ruza matni, prezentatsiya, tarqatma material, 12 ta videodars joylandi.
Anjumanda qatnashchilar “Yashil oila” modeli: xorijiy tajriba va milliy yondashuvlar, “Oilalar farovonligi va kambag‘allikni qisqartirish – demografik barqarorlik hamda ijtimoiy taraqqiyot mezoni sifatida”, “Mas’uliyatli ota-onalikni shakllantirishning mexanizmlari”, “Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorgarlik darajasini oshirishning ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va ma’naviy yechimlari”, “Oilada gender tenglikni ta’minlash – barqaror rivojlanish kafolati” kabi sho‘’balarda o‘zaro fikr almashish imkoniga ega bo‘ldi.
Nazokat Usmonova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA muxbirlari
- Qo'shildi: 16.05.2025
- Ko'rishlar: 366
- Chop etish