Butun dunyoda 15-may — Xalqaro oila kuni sifatida keng nishonlanadi. Ushbu sana munosabati bilan mamlakatimizda joriy yil 10-maydan 10-iyunga qadar “Farovon oila sari” oyligi o‘tkazilmoqda.
Mazkur tadbir doirasida 16-may kuni Toshkent shahrida “Oila institutini mustahkamlashning dolzarb masalalari: farovon oila va barqaror kelajak” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Anjuman Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan o‘tkaziladi.
Konferensiyada 20 ga yaqin xorijiy ekspert, oila sohasida ilmiy tadqiqotlar olib borayotgan 80 dan ortiq olim, tegishli vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi. Shuningdek, 30 nafar milliy mutaxassis va xorijiy va xalqaro tashkilotlarning 12 nafar eksperti, o‘z ma’ruza va taqdimotlari bilan qatnashdi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining deputati Akmal Saidov ilmiy-amaliy anjumanning ochilish qismida “Oila instituti: xalqaro standartlar va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi” mavzusida ma’ruza qildi. Akademik A.Saidov, jumladan, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining alohida bir bobi, ya’ni “Oila, bolalar va yoshlar” deb nomlangan XIV bobi aynan oilaga bag‘ishlanganligiga e’tiborni qaratdi.
Oila – qutlug‘ dargoh. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda, «Har qanday inson uchun muhim va muqaddas qadriyat — bu uning oilasidir. Sog‘lom va mustahkam oila — davlat tayanchi va jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir. Kattaga hurmat, kichikka izzat, odamiylik, mehr-oqibat, ona Vatanga muhabbat va sadoqat kabi olijanob fazilatlar avvalo oilada qaror topadi».
So‘nggi yillarda mamlakatimizda oiladagi munosabatlarning qonunchilik asoslarini mustahkamlash, ota, ona va farzandlar huquqlarini himoya qilish, ko‘makka muhtoj oilalarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, ibratli oilalarni rag‘batlantirish, oilada uchrashi mumkin bo‘lgan zo‘ravonliklarga barham berish, gender tenglikni ta’minlash borasida huquqiy, tashkiliy va amaliy chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda. Bularning barchasi, shubhasiz, Yangi O‘zbekistonni barpo etish va Uchinchi Renessans poydevorini qo‘yish yo‘lidagi muhim qadamlardir.
Kun davomida ishtirokchilar ilmiy-amaliy konferensiya ishi doirasida sho‘balarga bo‘linib, o‘zaro qizg‘in munozara olib bordilar. Bunda “Yashil oila” modeli: xorijiy tajriba va milliy yondashuvlar”, “Oilalar farovonligi va kambag‘allikni qisqartirish – demografik barqarorlik hamda ijtimoiy taraqqiyot mezoni sifatida”, “Mas’uliyatli ota-onalik madaniyatini shakllantirish mexanizmlari”, “Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorgarlik darajasini oshirishning ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va ma’naviy yechimlari” hamda “Oilada gender tengligini ta’minlash – barqaror rivojlanish kafolati” mavzulari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Anjuman yakunida sho‘balarda oila institutini mustahkamlash, mas’uliyatli ota-onalikni shakllantirish, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, raqamli texnologiyalar ta’sirida oilaviy munosabatlarni barqarorlashtirish hamda milliy qadriyatlarga asoslangan farovon va barqaror oilalarni shakllantirish bo‘yicha ilmiy, uslubiy va amaliy yondashuvlar yuzasidan bildirilgan fikr-mulohazalar umumlashtirildi. Bu borada tegishli ilmiy-nazariy xulosalar ishlab chiqildi va amaliy takliflar ilgari surildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 16.05.2025
- Ko'rishlar: 376
- Chop etish