30-iyun – Xalqaro parlamentarizm kuni
Har yili 30-iyunda dunyo bo‘ylab Xalqaro parlamentarizm kuni keng nishonlanadi. Ushbu sana 2018-yildan buyon global miqyosda parlamentlararo muloqot va hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, parlament institutining tinchlik, demokratiya va barqaror taraqqiyotdagi o‘rnini yuksak e’tirof etish maqsadida nishonlab kelinmoqda.
Xalqaro parlamentarizm kuni ta’sis etilishida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga (MDH) a’zo mamlakatlarning Parlamentlararo Assambleyasi (PA) muhim tashabbuskor sifatida ishtirok etgan. 2017-yil bahorida bo‘lib o‘tgan MDH PAning 25-yilligiga bag‘ishlangan tantanali sessiyada tashkilot Kengashi Xalqaro parlamentarizm kunini ta’sis etish taklifi bilan chiqdi va bu borada Parlamentlararo Ittifoqqa (PI) rasmiy murojaat yo‘llashga qaror qildi.
Ushbu tashabbus tez orada xalqaro e’tirofga sazovor bo‘ldi. BMT Bosh Assambleyasining 2018-yil 22-maydagi 72-sessiyasi doirasida "Birlashgan Millatlar Tashkiloti, milliy parlamentlar va Parlamentlararo Ittifoqning o‘zaro hamkorligi to‘g‘risida"gi rezolyutsiya qabul qilindi. Mazkur hujjatda har yili 30-iyun sanasini Xalqaro parlamentarizm kuni sifatida nishonlash rasman belgilab qo‘yildi.
Bugungi kunda Parlamentlararo Ittifoq — eng yirik xalqaro parlamentlar tashkiloti sifatida — 182 ta milliy parlament va 15 ta hududiy hamda mintaqaviy a’zoni o‘z tarkibiga birlashtirgan. Bu orqali tashkilot dunyo bo‘ylab 6 milliarddan ortiq inson manfaatlarini ifodalovchi vakillik tuzilmasiga aylanib ulgurgan.
Xalqaro parlamentarizm kuni nafaqat parlamentlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, balki global miqyosda demokratik qadriyatlar, inson huquqlari, gender tengligi, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlarning faol rolini targ‘ib qilishga xizmat qiladi.
Shuningdek, ushbu sana munosabati bilan turli xalqaro forumlar, konferensiyalar, parlamentlararo uchrashuvlar, qonunchilik tajribasi almashinuvi kabi tadbirlar tashkil etilib, mintaqaviy va global xavfsizlik masalalarida parlament diplomatiyasining ahamiyati yuksak baholanadi.
Xalqaro parlamentarizm kunining 30-iyun sanasida nishonlanishi bejiz tanlanmagan. Ushbu sana tarixiy jihatdan muhim ahamiyatga ega bo‘lib, u xalqaro parlamentlararo hamkorlikning ilk poydevori qo‘yilgan kun sifatida e’tirof etiladi.
Aynan 1889-yil 30-iyun kuni Fransiyaning Parij shahrida dunyodagi eng qadimiy va eng yirik parlamentlar uyushmasi — Parlamentlararo Ittifoqning birinchi xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tgan. Bu tarixiy yig‘in o‘z davrida parlamentlararo muloqot, tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash yo‘lida ilk bosqich bo‘ldi. Shu boisdan ham ushbu sana xalqaro parlamentarizm tarixining rasmiy boshlanish nuqtasi sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.
Parlamentlararo Ittifoqning tashkil etilishi, o‘z navbatida, urushlarning oldini olish, xalqaro nizolarni siyosiy va diplomatik yo‘l bilan hal qilish, xalqaro huquqni mustahkamlash g‘oyalari asosida shakllandi. Ushbu tashkilotning ilk asoschilari qatoriga Fransiya, Britaniya, Italiya va Yevropadagi boshqa yirik mamlakatlarning ilg‘or siyosatchilari kirgan.
Dastlabki konferensiyada atigi 9 ta davlat ishtirok etgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib, Parlamentlararo Ittifoq tarkibi 182 ta milliy parlament va 15 ta mintaqaviy a’zoni o‘z ichiga olgan global tuzilmaga aylandi. Bugun, oradan 136-yil o‘tib, Parlamentlararo Ittifoq parlamentlararo hamkorlik, demokratik boshqaruv tamoyillarini ilgari surish, inson huquqlari va tinchlikni ta’minlash yo‘lida faoliyat yuritayotgan nufuzli xalqaro platforma hisoblanadi.
30-iyun sanasining Xalqaro parlamentarizm kuni sifatida nishonlanishi esa bevosita tarixiy uzviylik, qadriyatlar barqarorligi va demokratiya merosiga hurmat ramzidir. Shu nuqtayi nazardan qaralganda, O‘zbekiston Respublikasi parlamenti – Oliy Majlis ham ushbu xalqaro demokratik tamoyillarga sodiqligini namoyon etmoqda.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan chuqur va bosqichma-bosqich islohotlar, xususan, qonunchilik bazasini zamon talablari asosida takomillashtirish jarayonlari, xalqaro hamjamiyat tomonidan yuksak e’tirof etilmoqda. Bu boradagi yondashuvlar 2025-yilning 5–9-aprel kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Parlamentlararo Ittifoqning 150-Assambleyasi doirasida ham o‘z tasdig‘ini topdi.
O‘zbekiston mezbonlik qilgan ushbu yirik siyosiy anjuman mamlakatimizning xalqaro parlament diplomatiyasi maydonidagi nufuzini yanada oshirdi va global masalalarni hal etishda faol ishtirokchi sifatidagi rolini mustahkamladi. O‘zbekiston mezbonlik qilgan ushbu Assambleyada 140 dan ortiq mamlakatdan 2 mingdan ortiq ishtirokchi, jumladan, 100 dan ziyod spiker va vitse-spikerlar, 750 nafar deputat, 25 ta xalqaro va parlamentlararo tashkilot rahbarlari ishtirok etdi.
Bu — O‘zbekiston tarixida parlament diplomatiyasi sohasidagi eng yirik xalqaro tadbirlardan biri bo‘ldi. Assambleyada quyidagi ustuvor mavzular muhokama qilindi:
-
tinchlik va xavfsizlik yo‘lida parlament diplomatiyasi – jahon miqyosidagi ziddiyatlar fonida parlamentlararo muloqot va diplomatik yondashuvlar rolining ortib borayotgani ta’kidlandi;
-
ijtimoiy adolat va taraqqiyot – jamiyatlar o‘rtasidagi tengsizlikni bartaraf etish, barqaror taraqqiyotga erishishda parlamentlarning ishtiroki muhokama qilindi;
-
gender tenglik va ayollarning siyosatdagi ishtiroki – ayollarning qaror qabul qilish jarayonlaridagi ulushini oshirish zarurati qayd etildi;
-
parlamentlar kelajagi va unda yoshlarning ishtiroki – yosh avlodni qonunchilik faoliyatiga jalb etish, siyosiy yetuklikni shakllantirish masalalariga urg‘u berildi;
-
sun’iy intellekt odobi va raqamli inklyuziya – texnologik taraqqiyot fonida etik tamoyillar va raqamli tenglikni ta’minlash yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi;
-
barqaror rivojlanish va nizolar oqibatlarini yumshatish – iqlim o‘zgarishlari, qurolli mojarolar va tabiiy ofatlarning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini bartaraf etishda parlamentlarning roli ko‘rsatib o‘tildi.
Parlamentlararo Ittifoq Assambleyasida bir qancha tashabbuslar ilgari surildi. Xususan:
- Barqaror rivojlanish uchun mojarolarning ta’sirini yumshatish to‘g‘risidagi rezolyutsiya;
- Yoshlar va xotin-qizlarning siyosatdagi ishtirokini kengaytirish;
- Markaziy Osiyo mamlakatlari va Afg‘oniston uchun BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha mintaqaviy markazini tashkil etish;
- Falastinda “ikki davlat” yechimini ilgari surish to‘g‘risidagi rezolyutsiya qabul qilindi;
- Parlamentlararo Ittifoqqa yangi a’zolar qabul qilindi.
Parlamentlararo Ittifoq universal platformasi milliy parlamentlar o‘rtasidagi hamkorlik orqali demokratiya, inson huquqlari va barqaror rivojlanishni yuksaltirish yo‘lida harakat qilib kelmoqda. Tashkilot dunyo parlamentlarining hamkorligini ta’minlashda va inson huquqlarini ta’minlashda birdamlikni saqlashi bilan ahamiyatlidir.
Shu ma’noda, ayni sana — nafaqat parlament institutining ahamiyatini nishonlash, balki jahon miqyosida barqaror taraqqiyot, qonun ustuvorligi va fuqarolik ishtirokining kafolati sifatida parlamentlarning rolini mustahkamlash uchun muhim imkoniyatdir.
Og‘abek ABDURASULOV,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi xodimi
- Qo'shildi: 30.06.2025
- Ko'rishlar: 435
- Chop etish