Qiynoqqa qarshi yana bir huquqiy ta’sirchan chora

Joriy, 2025-yil 26-iyunda “Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qamoqqa olinganlarga nisbatan qiynoqqa solish hollarining oldini olishga qaratilgan qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun qabul qilindi. Qonun bilan “Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida”gi qonunga qo‘shimcha kiritildi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda fuqarolar huquq va erkinliklari kafolatlarini yanada kuchaytirish, jumladan, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash holatlariga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasi talabiga muvofiq, hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emas.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda, “hibsga olingan va jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslarga nisbatan qiynoqqa solish, ruhiy hamda jismoniy bosim o‘tkazish va boshqa g‘ayriinsoniy zo‘ravonlikka solish holatlariga qarshi prinsipial kurash boshladik. Fuqarolarni soxta dalillar, tuhmat va bo‘htonlar asosida javobgarlikka tortishdek nomaqbul amaliyotga barham berildi”.

Mamlakatimizda jazoni ijro etish xizmatini isloh qilish sohasida uzoqni ko‘zlagan, maqsadli va keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Xususan, mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari doirasini yanada kengaytirish, turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

Xususan, 2021-yil 26-iyunda O‘zbekiston Prezidentining “Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur qaror tufayli 26-iyun – Qiynoq qurbonlarini qo‘llab-quvvatlash xalqaro kuni yurtimizda milliy va xalqaro darajadagi tarixiy ahamiyatga molik sana sifatida nishonlanishi yaxshi an’anaga aylandi.

Qaror ijrosi doirasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha o‘quv kurslarini muntazam tashkil etib kelmoqda. O‘z navbatida, Prezidentimizning 2023-yil 7-fevraldagi qarori qiynoqqa qarshi kurash yo‘nalishidagi o‘quv mashg‘ulotlariga yangi ruh bag‘ishladi. Endilikda tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kursini doimiy ravishda tashkil etish ta’minlanmoqda. Shuni ham ta’kidlash joizki, mazkur mashg‘ulotlar BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari tavsiyalarini hisobga olgan holda o‘tkazilmoqda.

Shuningdek, 2022-yil 29-martda “O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga yetkazilgan zararni qoplash tartibini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Qonunga muvofiq, qiynoqqa solishdan jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zararni kompensatsiya qilish tartibi huquqiy asosda mustahkamlandi.

O‘zbekiston BMTning Qiynoqlarga qarshi konvensiyasini 1995-yilda ratifikatsiya qilgan. Bu borada qiynoqlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun zarur tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlarni yaratishga doir xalqaro majburiyatlarini bajarish yo‘lida tizimli va bosqichma-bosqich chora-tadbirlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda.

Bu o‘rinda 2024-yilda butun dunyoda, jumladan O‘zbekistonda ham BMTning Qiynoqlar va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala yoki jazoga qarshi konvensiyasi qabul qilinganining 45-yilligi keng nishonlanganini qayd etish lozim. Shu munosabat bilan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi o‘tgan yil davomida milliy va xalqaro hamkor tashkilotlar bilan birga aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan turli huquqiy-ma’rifiy  tadbirlar o‘tkazdi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligiga BMT Bosh Assambleyasining 2015-yil 17-dekabrdagi rezolyutsiyasi bilan qabul qilingan “Mahbuslar bilan muomala qilishning minimal standart qoidalari”ni (Nelson Mandela qoidalari) joriy qilinmoqda. Shu ma’noda, yangi qonun ham ushbu islohotlarning mantiqiy davomidir. Unda qamoqqa olinganlar tergov hibsxonasiga joylashtirilishidan oldin o‘sha yerning o‘zida majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi nazarda tutilgan.

Yangi qonun talabiga ko‘ra, qamoqqa olinganlar tergov hibsxonasiga joylashtirilishidan oldin, tergov hibsxonasiga olib kelingan paytdan e’tiboran 2 soat ichida hibsxonaning o‘zida majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Bu jarayonda qamoqqa olinganning roziligi bilan uning advokati ham ishtirok etishi mumkin.

Majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish natijalari bo‘yicha belgilangan namunadagi tibbiy ma’lumotnoma rasmiylashtiriladi. Tibbiy ko‘rik chog‘ida qamoqqa olinganning tanasida jarohat, shikastlanish va yaralar aniqlanganda, ular belgilangan tartibda qayd etilib, bu haqda qamoqqa olinganga ma’lum qilinadi va zudlik bilan prokurorga xabar beriladi.

Muxtasar aytganda, milliy qonunchilikdagi ushbu yangilik gumon qilinuvchi va ayblanuvchilarga nisbatan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala turlarini qo‘llash holatlarining oldini olishga xizmat qiladi. Bu, o‘z navbatida, mamlakatimizda insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizligi kafolatlari yanada mustahkamlanishiga, davlatimizning inson huquqlari ta’minlanishi bo‘yicha xalqaro hamjamiyat oldidagi nufuzi oshishida muhim turtki bo‘ladi.

Yana bir muhim jihat: yangi qonunning hayotga tatbiq etilishi fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini yanada oshirishni, ularning buzilgan huquq va erkinliklari, shuningdek, qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlaydi. 

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech