30-iyun – Yoshlar kuni
“Katta-katta davlatlar, dunyoning eng nufuzli kompaniyalari bugun bizga nega ishonmoqda? Nega milliardlab dollar investitsiya kiritmoqda? Bu, albatta, bejiz emas. Chunki, hamkorlarimiz yoshlarimizning ilm-fan, ta’lim, IT, madaniyat, san’at va sportdagi yutuqlarini ko‘rib, salohiyatimizga baho bermoqda, ertangi kunimiz poydevori mustahkam ekaniga ishonch hosil qilmoqda”.
Bu fikrlar 2025-yil 30-iyun – Yoshlar kunida Prezident Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan uchrashuvidagi nutqida ta’kidlandi. Davlatimiz rahbari shu kuni iqtidorli yoshlar bilan muloqot qilib, ularning innovatsiya, "yashil" iqtisodiyot, kreativ sanoat, tadbirkorlik va IT sohalaridagi ilg‘or ishlanmalari va yutuqlari bilan tanishdi.
Bundan sakkiz yil muqaddam O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan 30-iyun sanasi mamlakatimizda “Yoshlar kuni” deb e’lon qilindi. Birgina shu dalilning o‘zi ham keyingi davrda yurtimizda yoshlarning hayotda o‘z o‘rnini topishi uchun munosib sharoit yaratish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, kasbga yo‘naltirish va bandligini ta’minlash, tashabbuslarini rag‘batlantirishga katta e’tibor qaratilayotganini yaqqol tasdiqlaydi.
Yoshlar kuni bayrami munosabati bilan davlatimiz rahbarining navqiron avlod peshqadam vakillarini taqdirlashga oid farmon va qarorlari e’lon qilinishi yaxshi an’anaga aylandi. Bunda asosan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda alohida faollik ko‘rsatib, o‘zining bilim va qobiliyati, intiluvchanligi, tashabbuskorligi va samarali mehnati bilan yurtimiz taraqqiyotini yuksaltirish, jonajon Vatanimizning xalqaro miqyosdagi nufuzini yanada oshirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan yigit-mukofotlanayotgani tahsinga sazovor.
Prezident Shavkat Mirziyoyev navqiron avlod vakillari bilan bu galgi uchrashuvi asnosida ham bir guruh yigit-qizlarga davlat mukofotlarini topshirdi. Tadbir davomida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, salohiyati va iqtidorini yuzaga chiqarish bo‘yicha yangi tashabbuslar ilgari surildi, mamlakatning ertangi kunini belgilashga qodir g‘oyalar va yechimlar taqdim etildi.
Yoshlarga oid islohotlarni xalqaro hamjamiyat ham keng e’tirof etayotgani ta’kidlangani alohida ahamiyatga molikdir. Binobarin, O‘zbekiston BMTning “Yoshlar – 2030” strategiyasini jadal amalga oshirayotgan 10 ta davlat qatoriga kirgani, “Yoshlar taraqqiyot indeksi”da mamlakatimiz yoshlar siyosati sohasida eng tez sur’atlar bilan rivojlanayotgan davlat, deb topilgani, Buxoro shahri Turkiy dunyo yoshlari poytaxti, Toshkent shahri MDH yoshlari poytaxti maqomini olgani – bularning barchasi ana shu xalqaro e’tirof asoslaridir.
Shu kunlarda yurtimizda o‘tkazilayotgan Global yoshlar festivalida 30 dan ortiq davlatdan kelgan 300 nafardan ziyod yoshlar, 10 dan ortiq nufuzli xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etayotgani ham juda muhim. Prezident ushbu Forum nafaqat mamlakatimiz, balki butun dunyo yoshlari uchun samarali hamkorlik va o‘zaro tajriba almashish maydoni bo‘lib xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Haqiqatan ham, yoshlar masalasi har doim davlatimiz siyosati darajasidagi muhim masala bo‘lib kelgan. So‘nggi yillarda iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning iste’dodini yuzaga chiqarish uchun har bir hududda zarur shart-sharoitlar muhayyo qilinmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqida ta’kidlaganidek, sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday inson bo‘lib kamolga yetishi bilan bog‘liq. Bizning asosiy vazifamiz – yoshlarning o‘z salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratishdan iborat.
BMT Bosh Assambleyasi 1999-yil 17-dekabrdagi 54/120-sonli rezolyutsiya bilan Xalqaro yoshlar masalasi bilan shug‘ullanuvchi vazirlar konferensiyasining 12-avgustni – Xalqaro yoshlar kuni deb e’lon qilish haqidagi tavsiyasini ma’qullagan. Ushbu kunda jahon hamjamiyatining diqqat-e’tibori yoshlarga oid masalalarga yana bir bor qaratiladi.
Eslatib o‘tamiz, milliy qonunchiligimizga ko‘ra 30-iyun –O‘zbekistonda Yoshlar kuni etib belgilangan. Shuningdek, 2020-yil 30-iyunda Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini tubdan isloh qilish va yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshiruvchi vakolatli davlat boshqaruvi organi – O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi tashkil etildi.
Shuni alohida qayd etish kerakki, Oliy Majlis palatalari huzurida Yoshlar parlamentlari tuzilgani, Yoshlar masalalari bo‘yicha idoralararo kengash tashkil etilgani ham yurtimizda soha rivoji sari qo‘yilgan yirik amaliy qadamlar bo‘ldi. Yanada muhimi, ikki yillik konstitutsiyaviy islohot natijalaridir.
Keyingi yillarda yoshlarga oid 100 dan ortiq qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilingan. Oliy ta’lim muassasalari soni 3 barobarga oshirilib, yoshlarning oliy ta’lim bilan qamrab olinishi 42 foizga yetgan. Xotin-qizlar uchun shartnoma to‘lovlarini davlat tomonidan qoplab berish amaliyoti joriy qilinishi natijasida, ularning oliy ta’limdagi ishtiroki 11 barobarga oshgan.
Shuningdek, 1,5 mingdan ortiq iqtidorli yoshlar dunyoning nufuzli universitetlarida tahsil olmoqda. So‘nggi yetti yilda “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali 2,3 ming yoshlar xorijda o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ilmiy darajaga ega yosh olimlar soni 4 mingdan oshib, 2 barobarga ko‘paydi. Yosh olimlar umumiy soni qariyb 11 mingni tashkil etmoqda.
Mamlakatimiz boshqa sohalar qatori nufus jihatidan ham, mehnatga layoqatli yoshlarning ko‘pligi nuqtayi nazardan ham katta davlatga aylanmoqda. Yurtimiz aholisi 2040-yilga borib 50 millionga yetishi, jamiyatning yarmidan ko‘pini yoshlar tashkil qilishi kutilmoqda.
Yoshlarimizga munosib hayot sharoiti yaratish uchun esa barqaror iqtisodiyot, xavfsiz davlat, samarali boshqaruv, ijtimoiy kafolatlar bo‘lishi lozim. Shu ma’noda, ayni masalaning yechimi ham mustahkam huquqiy poydevor – O‘zbekistonning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasini qabul qilishni taqozo etdi.
Shu o‘rinda, avvalo, Asosiy qonunimizning alohida bobi – XIV bob “Oila, bolalar va yoshlar” deb nomlanganiga hamda undan yoshlarga oid qator normalar o‘rin olganiga e’tibor qaratish darkor. Bunday yangicha yondashuv, shubhasiz, Yangi O‘zbekistonda yoshlar siyosati ustuvor ekanligidan yaqqol dalolatdir.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada davlat tomonidan yoshlar huquqlari himoyalanishi va ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtiroki rag‘batlantirilishi kafolatlab qo‘yildi. Konstitutsiyamizning 79-moddasi birinchi bandida qayd etilganidek: “Davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta’minlaydi, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantiradi”.
Bosh qomusimizda, shuningdek, davlat yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik, xalqning boy madaniy merosidan faxrlanish, vatanparvarlik tuyg‘ulari shakllanishiga g‘amxo‘rlik qilishi belgilandi. Bu haqda Konstitutsiyaning 78-moddasi to‘rtinchi bandida shunday deyilgan: “Davlat va jamiyat bolalarda hamda yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlikni, mamlakatidan hamda xalqning boy madaniy merosidan faxrlanishni, vatanparvarlik va Vatanga bo‘lgan mehr-muhabbat tuyg‘ularini shakllantirish to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi”.
Yana bir muhim yangilik: yoshlarning ta’lim olishi, ijtimoiy va tibbiy himoyasi, uy-joyli bo‘lishi, bandligi uchun shart-sharoitlar yaratish – davlatning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida Asosiy qonunga kiritildi. Konstitutsiyaning 79-moddasi ikkinchi bandiga ko‘ra: “Davlat yoshlarning intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning ta’lim olishga, sog‘lig‘ini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi”.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyadan ilk marotaba uzluksiz ta’lim tizimi, uning har xil turlari va shakllari, davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari rivojini ta’minlash davlatning vazifasi etib belgilanganini ta’kidlash maqsadga muvofiqdir. Ta’limga oid normalar 50,51 va 52-moddalarda o‘z aksini topdi.
Bundan tashqari, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 53-moddasi birinchi bandida: “Har kimga ilmiy, texnikaviy va badiiy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlanadi. Intellektual mulk qonun bilan muhofaza qilinadi”, deb ta’kidlangan. Zero, intellektual salohiyatini yuqori, dunyoqarashi keng, mustaqil fikrlaydigan avlodni voyaga yetkazish va tarbiyalash davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridandir.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda davlat yoshlarga g‘amxo‘rlik masalasida o‘z zimmasiga g‘oyat muhim majburiyatlarni olgani alohida diqqatni tortadi. Eng asosiysi, mazkur konstitutsiyaviy normalar nafaqat O‘zbekiston yoshlari manfaati, balki butun jamiyatimiz va mamlakatimizning kelgusi taqdiri uchun nihoyatda ahamiyatlidir.
Yosh avlod haqida g‘amxo‘rlik ko‘rsatilar ekan, avvalo ular bizning tayanchimiz va ertangi kelajagimizning davomchilari ekanligi, yoshlarga oid qonunchilik tizimini zamon talablariga mos ravishda takomillashtirish qulay huquqiy va tashkiliy iqtisodiy imkoniyatlar barpo qilish, ularning kasb-hunar o‘rganishlari, mehnat qilishlari, erkin ijod qilishlari uchun barcha sharoitlarni yaratish ishlari diqqat markazimizda turadi.
Har qanday davlatning tarixiy taraqqiyot yo‘lidan ma’lumki, yurtning jadal rivojlanishi, muayyan yutuqlarga erishishi, xalqning farovon bo‘lishi o‘sha davlatda yoshlar ta’lim-tarbiyasi va kelajagiga beriladigan e’tibor darajasiga chambarchas bog‘liq. Shu ma’noda, jamiyatning faol qatlami sifatida e’tirof etiluvchi kelajak avlodga, yurt ravnaqini ta’minlovchi katta kuch, davlatning strategik resursi sifatida qaralayotgani bejiz emas.
Shunday qilib, davlatimiz rahbari yurtimiz yoshlariga qarata aytganlaridek, “Birinchi va ikkinchi Renessansni buyuk alloma va mutafakkirlarimiz yaratgan bo‘lsa, bugun tarix navbatni sizlarga bermoqda. Ishonchim komil, sizlar barcha sohalarda mamlakatimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishga qodirsiz. Sizlar Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari sifatida yangi tarix yaratadigan oltin avlodsiz!”
G‘ulom MIRZO
- Qo'shildi: 30.06.2025
- Ko'rishlar: 464
- Chop etish