15-iyul – Butunjahon yoshlar ko‘nikmalari kuni
Yoshlarni ish va zamonaviy ta’lim ko‘nikmalari bilan ta’minlash har bir mamlakatning ustuvor vazifalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Bu nafaqat iqtisodiy o‘sishda, balki barqaror ijtimoiy taraqqiyotga erishishda ham hal qiluvchi omil hisoblanadi.
BMTning ko‘rsatkichlariga muvofiq, 2022-yilda dunyo bo‘yicha yoshlar orasida ma’lum bir davrda tahsil olish, mehnat qilish yoki malaka oshirish bilan bog‘lanmagan yoshlar ulushi 23.5 foizni, ya’ni taxminan 289 million nafarni tashkil etgan. O‘z navbatida, 2023-yilda yoshlarning ishsizlik darajasi ulushi 21.7 foiz kamayib, bir oz ijobiy o‘zgarish kuzatilgan.
O‘zbekistonda ham yoshlarning zamonaviy ko‘nikmalarga ega bo‘lishi va mehnat bozorida o‘z o‘rniga ega chiqishi uchun izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Prezident tashabbusi bilan «Yoshlar daftari», «Ayollar daftari», «Temir daftar» kabi ijtimoiy dasturlar yo‘lga qo‘yildi va bu dasturlar orqali minglab yoshlarga ta’lim olish, kasbga ega bo‘lish, ish boshlash va o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishda amaliy yordam ko‘rsatilmoqda.
Texnologiyalar va ish o‘rinlarining kelajagi bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rovga asosan, ishsiz va ta’lim ko‘nikmalariga ega bo‘lmagan yoshlar soni 2017-yildan beri ko‘payib borayotgani kuzatilmoqda.
2030-yilga kelib, ishchilar malakalarining 40 foizi mehnat bozorining yangi talablariga va raqamli innovatsion sikllarga javoban o‘zgaradi, degan prognozlar ham mamlakatdagi ta’lim tizimini moslashuvchanlashtirish va zamonaviylashtirishga undamoqda.
Yoshlarni kelajakdagi ishchi kuchi sifatida tayyorlash nafaqat yuqori sifatli maktab va oliy o‘quv yurtlaridagi sharoitlarni yaxshilash bilan bog‘liq, balki texnik va kasb-hunar ta’limiga e’tiborni kuchaytirishni ham talab qiladi. Shu sababli O‘zbekistonda so‘nggi yillarda kasb-hunar ta’limiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Viloyatlar va tumanlarda yangi kasb-hunar maktablari va texnikumlar tashkil etilib, ularda yoshlarga raqamli texnologiyalar, zamonaviy sanoat, agrotexnika va xizmat ko‘rsatish sohalari bo‘yicha bilim va amaliy ko‘nikmalar berilayapti. Iqtisodiyotning ehtiyojlaridan kelib chiqib, ta’lim tizimi isloh qilinmoqda, dual ta’lim, ya’ni ish o‘rnida o‘qitish tizimi joriy etildi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 2014-yilda yoshlarga munosib ish va tadbirkorlik imkoniyatlarini yaratishda zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni o‘rgatishning dolzarb ahamiyatini e’tirof etgan holda, 15-iyul sanasini – Butunjahon yoshlar ko‘nikmalari kuni sifatida belgiladi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlarning zamonaviy mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishi, raqobatbardosh ko‘nikmalarga ega bo‘lishi va barqaror rivojlanish jarayonlarida faol ishtirokini ta’minlashdan iborat.
Dunyo hamjamiyati tomonidan bu sanani nishonlash orqali yoshlar ta’limi, kasbiy tayyorgarligi va imkoniyatlar tengligini ta’minlash masalasiga e’tibor qaratiladi. Bu maqsadlar O‘zbekistonda ham amaliy ifodasini topmoqda.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda yoshlar siyosati ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylandi. Xususan, Prezident tashabbusi bilan qabul qilingan davlat dasturlari, “Yoshlar daftari” tizimi, yangi avlod texnikum va kasb-hunar maktablari, “Yoshlar akademiyasi”ning tashkil etilishi — bularning barchasi yoshlarning bilimi, salohiyati va mehnatga tayyorgarligini oshirishga qaratilgan.
Shuningdek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida yoshlarning raqamli savodxonligini oshirish, innovatsion fikrlashni rivojlantirish, chet tillarini bilish darajasini ko‘tarish va tadbirkorlik salohiyatini kuchaytirish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan. Bu choralar xalqaro darajada tan olinayotgan “yashil iqtisodiyot”, raqamlashtirish va inklyuziv rivojlanish kabi tendensiyalarga mos keladi.
Shu jihatdan qaralganda, 15-iyul – Butunjahon yoshlar ko‘nikmalari kuni nafaqat global mulohazalarga chorlovchi sana, balki O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan yoshlar salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan keng qamrovli islohotlarning muhim qo‘shimchasidir. Bu sana — kelajak egalari bo‘lgan yoshlarning ilm, mehnat va ijod orqali o‘z o‘rnini topishiga rag‘bat va e’tirof kuni hamdir.
Mehnat bozorida muvaffaqiyatga erishishda, albatta, doimiy ravishda bilim va ko‘nikmalarni mustahkamlab borish, yangilikka ochiq bo‘lish, o‘z ustida ishlash va hayot davomida o‘qish tamoyiliga rioya qilish katta ahamiyatga ega.
Bir so‘z bilan aytganda, yurtimiz yoshlariga — mamlakatning navqiron egalari va ertangi kelajak bunyodkorlariga — zarur shart-sharoit va imkoniyatlarni yaratish degani, bu orqali yurtimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi va barqaror rivojlanish yo‘lida salmoqli hissa qo‘shish demakdir.
Chunki yoshlar – faqatgina demografik guruh emas, balki innovatsiya, yangilik va ijtimoiy o‘zgarishlarning asosiy harakatlantiruvchi kuchi hisoblanadi. Ularning intellektual salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish, ijodiy g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash va yetakchilik qobiliyatini rivojlantirish orqali jamiyat hayotida ulkan ijobiy o‘zgarishlarga erishish mumkin.
Millatning istiqboli va davlatning salohiyati aynan yosh avlodning qanday tarbiya topgani, qanday ta’lim olgani va qanchalik faol hayotiy maslakka ega ekani bilan belgilanadi. Shu bois, har bir yoshga o‘z iqtidorini namoyon etish uchun teng sharoitlar yaratish, bir tomondan, ijtimoiy adolat masalasi bo‘lsa, ikkinchi tomondan, milliy rivojlanishning uzviy shartidir.
Shu nuqtayi nazardan, yoshlarning ta’lim olishi, kasb egallashi, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi va jamiyatda faol ishtirok etishi uchun qulay va samarali muhitni yaratish davlat va jamiyatning yakdil mas’uliyati hisoblanadi.
Husniddin Xolmamatov,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi
Tahlil va tadqiqotlar bo‘limi bosh mutaxassisi
- Qo'shildi: 15.07.2025
- Ko'rishlar: 207
- Chop etish