“Odam savdosi uyushgan jinoyatdir – ekspluatatsiyaga chek qo‘ying”

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 4-moddasida: “Hech kim qullikda yoki erksiz holatda saqlanishi mumkin emas; qullik va qul savdosining barcha ko‘rinishlari taqiqlanadi”, – deya qat’iy belgilangan bo‘lsa-da, bu jinoyat xalqaro xavfsizlikka tahdid sifatida hanuz saqlanib qolmoqda. Shu bois, Birlashgan Millatlar Tashkiloti har yili 30-iyul sanasini Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni sifatida nishonlaydi. Ushbu kunning

asosiy maqsadi – jamoatchilik e’tiborini zamonaviy qullikning eng og‘ir ko‘rinishlaridan biri bo‘lgan odam savdosi muammosiga qaratish, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish hamda jabrlanganlarni qo‘llab-quvvatlashdir.

“Odam savdosi” deganda kuch ishlatish, majburlash, o‘g‘irlash, aldash, hokimiyatni suiiste’mol qilish yoki zaifligidan foydalanish yo‘li bilan insonlarni yollash, tashish, yashirish yoki qabul qilish tushuniladi. Ushbu jinoyatning asosiy maqsadi – odamlarni majburiy mehnat, jinsiy ekspluatatsiya, organlarni noqonuniy transplantatsiya qilish yoki boshqa ekspluatatsiyaviy faoliyatga jalb etishdir.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, har yili 25 mlndan ortiq inson, asosan ayollar va bolalar odam savdosining turli ko‘rinishlaridan jabr ko‘radi. BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (UNODC) hisobotlarida ta’kidlanishicha, so‘nggi 15-yil ichida bolalar orasidagi qurbonlar ulushi uch baravar oshgan. Bu esa ushbu jinoyatning nafaqat inson huquqlariga, balki xalqaro xavfsizlikka ham jiddiy tahdid ekanini ko‘rsatadi.

AQSH Davlat departamentining 2023 yilgi Odam savdosi bo‘yicha yillik hisobotida O‘zbekistonda 2022-yilda 93 nafar qurbon aniqlangani, ularning 81 nafari jinsiy ekspluatatsiyaga uchragan ayollar va voyaga yetmagan qizlar ekani qayd etilgan. Mehnat ekspluatatsiyasiga jalb qilingan 12 nafar erkak esa asosan xorijda majburiy mehnatga jalb etilgan.

Shuningdek, 2023-yilda O‘zbekistonda Jinoyat kodeksining 135-moddasi (odam savdosi) bo‘yicha 126 ta sud hukmi chiqarilgan, ulardan 84 nafari ozodlikdan mahrum qilingan, qolganlari jarima yoki shartli jazolarga hukm qilingan. Qizig‘i, sudlanganlarning aksariyati (111 nafari) ayollar bo‘lib, bu jinoyat tarmoqlarida ayollarning vositachilik yoki jinoyatga majburlanish orqali qatnashayotganini ko‘rsatadi.

2024-yilda esa yanvar-may oylarida 69 ta sudlov hukmi chiqarilgan, ulardan 52 nafari ozodlikdan mahrum qilingan, qolganlari muqobil jazolarga tortilgan. Shu davrda 86 nafar qurbon aniqlangan, ularning 63 nafari ayollar, 14 nafari esa bolalar bo‘lgan. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilda odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar soni oldingi yilga nisbatan 22,9 foiz oshgan, bu esa muammo jiddiylashib borayotganidan dalolat beradi.

Odam savdosi bugungi kunda yiliga 150 mln AQSH dollari aylanmaga ega bo‘lgan noqonuniy “sanoat” sifatida tavsiflanadi. Ushbu faoliyat korrupsiya, noqonuniy migratsiya va terrorizmni moliyalashtirishga xizmat qilishi mumkin. Uyushgan jinoyat tarmoqlari global ta’minot zanjirlari, raqamli platformalar va migratsiya oqimlaridan foydalanib, o‘z faoliyatini kengaytirmoqda. Shu bois, bu jinoyatga qarshi kurashish nafaqat milliy, balki xalqaro darajada muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni talab etadi.

Odam savdosiga qarshi kurashda huquqni muhofaza qilish organlari va jabrlanuvchiga yo‘naltirilgan yondashuv hal qiluvchi ahamiyatga ega. Tergov organlari qonunlarni qat’iy qo‘llash, transchegaraviy hamkorlikni kuchaytirish va moliyaviy oqimlarni aniqlash orqali jinoyat tarmoqlarini yo‘q qilishga qaratilgan choralarni kuchaytirishi zarur.

2025-yilda Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kunining mavzusi – “Odam savdosi uyushgan jinoyatdir – ekspluatatsiyaga chek qo‘ying” – bizni yana bir bor global muammoga qarshi birlashishga chaqiradi. Ushbu muammoni bartaraf etish uchun faqatgina huquqiy majburiyatlar emas, balki xalqaro hamkorlik, jamiyatning faolligi va jabrlanuvchilarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan yondashuv zarur.

 

Shodiya ISMOILOVA,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi yetakchi mutaxassisi

«Iste’mol madaniyati» gazetasining 2025-yil 31-iyul kungi 13 (204)-soni

Powered by GSpeech