4 – 5-sentyabr kunlari Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘ninchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda, jumladan, “Noshirlik faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi va ma’qullandi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda noshirlik faoliyati sohasini takomillashtirishga, sifatli adabiyotlarni chop etishni qo‘llab-quvvatlashga, kitobxonlik madaniyatini ommalashtirishga qaratilgan izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Senatorlar tomonidan muhokama qilingan qonun ham ana shu islohotlarning mantiqiy davomidir.
So‘nggi 4-yilda mamlakatimizda nashriyotlar soni 3,5 barobarga ko‘payib, 590 taga yetdi, shundan 90 foizini (531 ta) xususiy nashriyotlar tashkil etmoqda. Bugungi kunga kelib nashriyotlarning ishlab chiqarish quvvati 2 barobar oshib, har yili o‘rtacha 11 ming nomda 40 million nusxada adabiyotlar nashr etilmoqda.
Sohani rivojlantirish maqsadida 25 million dollar miqdorida to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar kiritilgan. Shuningdek, 2025-yil 1-yanvardan boshlab nashriyot korxonalari foyda solig‘ini to‘lashdan 5-yil muddatga ozod etildi.
Shu bilan birga, sohada vujudga kelayotgan yangi ijtimoiy munosabatlar, olib borilgan o‘rganishlar natijalari “Noshirlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonunning ayrim normalarini takomillashtirish zarurati mavjudligini ko‘rsatmoqda.
So‘nggi paytlarda chop etilayotgan kitoblarda bolalarning yosh xususiyatlariga mos bo‘lmagan va ongiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan axborotlar aks etgani, ayrimlari amaldagi davlat standartlari talablariga mos kelmasligi, tarixiy faktlar noto‘g‘ri tarzda berilgani, noaniq va ilmiy isbotlanmagan ma’lumotlar bayon etilgani aniqlangan. Mazkur qonun “Noshirlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga nashriyot bosh muharririning huquqiy maqomini belgilashga, kitobxonlik madaniyatini rag‘batlantirishga qaratilgan tuzatishlar kiritishni nazarda tutadi.
Qonunda bosh muharrir nashriyot tahririyatining ijodiy faoliyatiga rahbarlik qilishi, nashriyotning mavzu rejalari ishlab chiqilishi hamda nashrlarning qonunchilik talablariga, noshirlik faoliyati sohasidagi texnik reglamentlar (milliy standartlar) talablariga muvofiq tayyorlanishi uchun mas’ul ekanligi belgilanmoqda.
Endilikda bosh muharrir lavozimiga oliy ma’lumotga va noshirlik faoliyatida kamida uch yil ish stajiga ega bo‘lgan shaxs tayinlanadi. Bosh muharrir tashkilotning muassisi (muassislari) yoki rahbari tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi. Bundan tashqari, nashriyot nashrlarini chiqarish to‘g‘risidagi qaror bosh muharrir tomonidan qabul qilinishi, u nashriyotning ijodiy faoliyati uchun javobgar ekanligi kabi normalar mustahkamlanmoqda.
Shuningdek, qonun bilan kitobxonlikni rag‘batlantirish kitobxonlik madaniyatini ommalashtirish va oshirish tamoyili sifatida belgilanmoqda.
Senatorlarning fikricha, ushbu qonun kitoblarni milliy standartlar asosida chop etishga, kitoblarda qonunchilik va ijtimoiy axloqqa zid mazmundagi axborotlarning tarqatilishining oldini olishga hamda jamiyatda kitobxonlik madaniyatini, nashriyotlarning ijtimoiy mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi.
Senatning Axborot xizmati ma’lum qilganidek, yalpi majlisda jamiyat hayotining barcha sohalari huquqiy asoslarini mustahkamlashga va mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaradorligini oshirishga, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 16 ta masala, shu jumladan, 9 ta qonun ko‘rib chiqildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 09.09.2025
- Ko'rishlar: 105
- Chop etish