Raqamli texnologiyalar rivojlanish davrida inson huquqlarini ta’minlash va himoya qilish masalalari yangi mazmun kasb etmoqda. Jamiyat hayotining barcha sohalari – siyosat, iqtisodiyot, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va hatto shaxsiy muloqot jarayonlari raqamli muhitga ko‘chib o‘tmoqda. Shu bilan birga, insonlarning axborot bilan o‘zaro munosabatlari ham murakkablashib, axborot savodxonligi fuqarolik faolligi va huquqiy ongning ajralmas tarkibiy qismiga aylanmoqda.
Axborot savodxonligi zamonaviy insonning demokratik jamiyatda to‘laqonli ishtirok etish qobiliyatini belgilovchi asosiy omillardan biridir. Chunki bugungi kunda inson huquq va erkinliklarini faqat qonuniy hujjatlar orqali emas, balki raqamli axborot makonida ongli harakatlar orqali ham amalga oshirish talab etiladi. Shaxsning o‘z huquqlarini anglash, ularni amalga oshirish va himoya qilish qobiliyati ko‘p jihatdan uning axborotni topish, tahlil qilish, baholash, tanlash va undan to‘g‘ri foydalanish ko‘nikmalariga bevosita bog‘liqdir.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning fikricha, “ommaviy axborot vositalarida xolislik va qonun ustuvorligini ta’minlash, professional bilim va mahoratni oshirib borish, axborot tarqatishning zamonaviy usullarini o‘zlashtirish, aholi o‘rtasida axborot, bahs va muloqot madaniyatini shakllashtirish, jamiyatimizdagi turli illatlar, korrupsiya balosiga qarshi kurashish kabi dolzarb vazifalar bo‘yicha hali ko‘p ish qilishimiz zarur” deb aytganlari bejizga emas. Chunki, Inson huquqlari tizimida axborot olish erkinligi, fikr bildirish erkinligi va shaxsiy hayot daxlsizligi kabi huquqlar bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Axborot savodxonligi esa ushbu huquqlarni amalda ro‘yobga chiqarish vositasi bo‘lib, fuqarolarga haqiqiy va soxta axborotni farqlash, manipulyativ ma’lumotlardan himoyalanish va ongli qaror qabul qilish imkonini beradi.
Axborot savodxonligi, axborot va media manbalaridan samarali foydalanish, ularni to‘g‘ri baholash va talqin qilish ko‘nikmalari majmuasidir. YuNESKO ekspertlari fikricha, axborot savodxonligi insonlarning yolg‘on va dezinformatsiyaning farqlash ko‘inikmlarini shakllanishiga yordam beradi. Axborot savodxonligi tushuchasi 2007-yilda YuNESKO tomonidan kiritilgan bo‘lib, unda raqamli savodxonlik, tanqidiy fikrlash va ijodiy axborotdan foydalanish ham qamrab olingan. YuNESKO keltirgan statistik ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo aholisining 56 foizdan ortiq kishi ko‘pincha hozirgi yangiliklarni ijtimoiy tarmoqlardan kuzatadi va raqamli kontent yaratuvchilarni 60 foizdan ortig‘i tarqatayotgan ma’lumotlarning to‘g‘ri ekanigini tekshirmaydi. Shu boisdan axborot savodxonligi jamiyatimiz uchun muhim ahamiyatga ega, chunki axborot savodxonligi haqiqatga asoslangan ma’lumot olish va to‘g‘ri xulosa chiqarish ko‘nikmalarini shakllantiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 33-moddasi, BMTning Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi 19-moddasi hamda Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro Paktning 19-moddalarida insonning axborotga bo‘lgan huquqlari kafolatlangan. Axborot savodxonligi yolg‘on ma’lumot, dezinformatsiya, manipulyatsiya va hatto senzura tahdidlariga qarshi samarali vositadir. YuNESKO ekspertlari ta’kidlaganidek, axborot va media savodxonligi XXI asrning asosiy muammolari, noto‘g‘ri ma’lumotlar va yolg‘on axborotlar tarqalishini yengish uchun zarur ko‘nikmalarini beradi. Yaʼni bu ko‘nikmalar odamlarga maʼlumot manbalarini tanqidiy baholash, axborot ortida turgan manfaat va maqsadni aniqlash, faktlarni tekshirish imkonini yaratadi. Bugungi kunda misinformatsiyalar hayot uchun xavfli oqibatlarga olib kelmoqda: masalan, COVID-19 pandemiyasi boshida notoʻgʻri maʼlumotlar tufayli dunyo boʻylab deyarli 6 000 kishi nafas kasalligiga uchragan va taxminan 800 kishi vafot etgani qayd etilgan.
Bunday voqealar axborot savodxonligining hayotiy ahamiyatini yaqqol koʻrsatadi. Shu bois axborot savodxonligi odamlarni yolgʻon yangiliklarga ishonib qolmasdan, rasman tasdiqlangan va dalillarga asoslangan maʼlumotlarni izlashga o‘rgatadi. Axborot savodxonligi propaganda va manipulyatsiyaga qarshi ham kurashadi. Masalan, 2021-yili Media Savodxonlik Indeksida Finlyandiya “yolg‘on xabar va dezinformatsiyaning salbiy taʼsirlariga qarshi eng yuqori salohiyatga ega” deb eʼtirof etilgan. Bu misol shuni koʻrsatadiki, media-savodxonlikka katta eʼtibor berilgan jamiyat notoʻg‘ri axborot taʼsiriga chidamli qiladi. Shu tariqa, axborot savodxonligi ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan noto‘g‘ri maʼlumotlarga qarshi immunitet hosil qiladi.
Demokratiya uchun ham axborot erkinligi hayotiy ahamiyatga ega. YuNESKO munosabatiga koʻra, soʻz va matbuot erkinligi – jamiyat barqarorligi va taraqqiyoti uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Axborot va media savodxonligi inson huquqlarining oʻzaro bog‘liq elementi bo‘lib, har bir fuqaroning axborot olish va oʻz fikrini erkin ifoda etish huquqlaridan samarali foydalanishini taʼminlaydi. Axborotdan erkin foydalanish va tahliliy tafakkur yuki bilan insonlar oʻz haqlarini himoya qila olishadi: ular qonunlar, ijtimoiy jarayonlar, jamoat-siyosiy masalalar haqida aniq maʼlumot olish imkoniga ega boʻladi. Shu bois, axborot savodxonligi fuqarolarni huquqlarini yaxshi bilishga, ularni himoya qilish va targ‘ib qilishga tayyorlaydi.
Shuningdek, axborot savodxonligi jamiyatdagi ochiqlik, ishonch va ijtimoiy mas’uliyat muhitini mustahkamlashga xizmat qiladi. U fuqarolarga nafaqat o‘z huquqlarini anglash, balki davlat organlari faoliyatining shaffofligini ta’minlashda faol ishtirok etish imkonini beradi. Raqamli makonda to‘g‘ri axborot oqimini shakllantirish orqali axborot savodxonligi korrupsiya, yolg‘on ma’lumotlar va manipulyatsiya kabi salbiy hodisalarga qarshi ijtimoiy himoya mexanizmini yaratadi. Bugungi kunda axborot savodxonligini rivojlantirish ta’lim siyosati va inson huquqlarini targ‘ib qilish strategiyasining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lishi zarur. Maktabdan tortib oliy ta’limgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda raqamli tafakkur, axborot madaniyati va tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirish inson kapitalining sifatini oshiradi.
Axborot savodxonligini yuksaltirish nafaqat individual darajada, balki ijtimoiy barqarorlik, milliy xavfsizlik va davlat boshqaruvida samaradorlikni oshirish omili sifatida ham e’tirof etilishi kerak. Chunki fuqarolar axborot manbalarini tanqidiy tahlil qila olgan, raqamli makonda faol va ongli ishtirok etgan jamiyatda demokratik qadriyatlar barqaror rivojlanadi, inson huquqlari esa real mazmun bilan to‘ldiriladi. Shu tariqa, axborot savodxonligi XXI asrda nafaqat bilim va texnologiya masalasi, balki inson huquqlari, fuqarolik madaniyati va global taraqqiyotning asosiy omiliga aylanmoqda.
Navro‘zbek ASLONOV
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston
Respublikasi Milliy markazi,
tayanch doktoranti
«JАMIYAT» gazetasining 2025 yil 23 oktyabrь kungi 42-43 (961)-soni
- Qo'shildi: 24.10.2025
- Ko'rishlar: 245
- Chop etish
Ўзбекча
English
Русский