Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani amalga oshirish bo‘yicha Milliy harakatlar rejasi ishlab chiqilmoqda

Joriy yilning 23-oktyabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi BMTning Taraqqiyot dasturi (PROON), hamda O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda “2026-2030-yillarga mo‘ljallangan BMTning “Nogironlar huquqlari to‘g‘risida”gi konvensiyani O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirish bo‘yicha Milliy harakatlar rejasi” loyihasini ishlab chiqish mavzusiga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining o‘rinbosari Dilnoza Muratova, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakolatxonasi rahbarining o‘rinbosari Anas Fayyad Karman, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari idorasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘limi (OHCHR ROCA) Omer Fisher, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi xodimi Behzodbek Abduhakimovb, O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi rahbari Oybek Isakov kirish so‘zi bilan tadbirni ochib berdi.

BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasida belgilangan qoidalarning hayotda amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari Kengashlarining (2022-yil 19-dekabrdagi 2777–IV/KQ-442–IV-son) qo‘shma qarori bilan 2023-2025-yillarda O‘zbekiston Respublikasida Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyani amalga oshirish bo‘yicha Milliy harakatlar rejasi tasdiqlanganligi ta’kidlandi.

Tadbirning asosiy maqsadi O‘zbekiston Respublikasining 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan, Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi BMT Konvensiyasi qoidalarini to‘laqonli tatbiq etishga qaratilgan Milliy Harakatlar Rejasining yangi loyihasini keng jamoatchilik, xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslarning o‘zlari va ularning jamoat tashkilotlari ishtirokida muhokama qilish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish hamda amaliy takliflar bilan boyitishdan iborat bo‘ldi.

Seminarda davlat organlari xodimlari hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari hamda xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.

Milliy harakatlar rejasi loyihasini muhokama qilishga bag‘ishlangan tadbirning uchinchi bor muvaffaqiyatli tashkil etilayotgani mamlakatimizning ijtimoiy siyosatida nogironligi bo‘lgan fuqarolarning huquqlarini himoya qilish va qonuniy manfaatlarini ta’minlash masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilayotganini yana bir bor tasdiqlaydi. Ushbu davomiylik va izchillik tamoyillariga qat’iy amal qilinishi O‘zbekistonda inklyuziv jamiyat qurish, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun teng imkoniyatlarni yaratish va ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini qo‘llab-quvvatlash borasidagi davlat siyosatining qat’iy va o‘zgarmas ekanligidan dalolat beradi.

Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar Milliy Harakatlar Rejasining loyihasidagi quyidagi ustuvor yo‘nalishlarga e’tibor qaratdilar:

1. Huquqiy asoslarni takomillashtirish: Mavjud qonunchilikni BMT Konvensiyasi talablariga to‘liq muvofiqlashtirish va kamsitish holatlarini bartaraf etish.

2. Inklyuzivlikni ta’minlash: Infratuzilma, transport, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va xizmatlardan nogironligi bo‘lgan shaxslarning teng foydalanishi uchun sharoitlarni yaratish.

3. Ta’lim va bandlik: Inklyuziv ta’lim tizimini rivojlantirish, kasbiy ta’lim va nogironligi bo‘lgan shaxslarni ish bilan ta’minlash mexanizmlarini kuchaytirish.

4. Reabilitatsiya va abilitatsiya: Nogironlikni erta aniqlash, ijtimoiy reabilitatsiya va abilitatsiya tizimini zamonaviy standartlar asosida takomillashtirish.

5. Jamoatchilik ongini oshirish: Jamiyatda nogironligi bo‘lgan shaxslarga nisbatan ijobiy munosabatni shakllantirishga qaratilgan axborot-targ‘ibot ishlarini kuchaytirish.

Muhokamalar jarayonida nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat tashkilotlari vakillari tomonidan loyihaga kiritilishi zarur bo‘lgan qator amaliy takliflar ilgari surildi.

Xususan, Masalan, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun imkoniyatlar markazini ochish, qonun loyihalarini nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan majburiy ekspertizadan o‘tkazish, BMT Konvensiyasining Fakultativ protokolini ratifikatsiya qilish kabi takliflar alohida ta’kidlandi.

Seminar yakunida milliy harakatlar rejasining 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan loyihasini tayyorlashda ishtirokchilar tomonidan bildirilgan barcha taklif va mulohazalarni inobatga olish yuzasidan kelishuvga erishildi. Ushbu hujjatning qabul qilinishi O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda ularning jamiyat hayotida faol ishtirok etishi uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratishda muhim qadam bo‘ladi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech