YANGI O‘ZBEKISTON: INSON QADRI USTUVOR, IJTIMOIY ADOLAT TA’MINLANGAN JAMIYAT SARI

(Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Butunjahon anjumani yakunlari bo‘yicha ayrim mulohazalar)

Biz keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda “Inson qadri uchun” degan tamoyil ustuvor bo‘lgan, ijtimoiy adolat ta’minlangan, ehtiyojmand aholi samarali himoya qilingan jamiyat barpo etmoqdamiz. Bu yo‘ldagi qat’iy pozitsiyamiz yangi Konstitutsiyamizda mustahkamlab qo‘yildi hamda mamlakatimizning ijtimoiy davlat sifatidagi maqomi e’lon qilindi”.

 

Shavkat MIRZIYOEV,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

 

Ochlik va qashshoqlikning kuchayishidan tortib iqlim beqarorligigacha bo‘lgan global muammolar chuqurlashib borayotgan bir paytda, 2025-yil 4-6-noyabr kunlari Dohada Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Butunjahon sammiti bo‘lib o‘tdi. Tobora ortib borayotgan tengsizlik, demografik o‘zgarishlar, jadal texnologik va ekologik yangilanishlar sharoitida Butunjahon sammiti global muloqot va hamkorlikdagi harakatlar uchun g‘oyat muhim maydon yaratdi.

Qatar davlati poytaxti – Dohada o‘tkazilgan ikkinchi Butunjahon sammitida dunyoning 40 dan ortiq davlat va hukumat rahbarlari, 170 nafar vazir, xalqaro tashkilotlar yetakchilari, yoshlar harakatlari liderlari, fuqarolik jamiyati vakillari hamda ekspertlar ishtirok etdi. Jami 14 mingdan ziyod ishtirokchining asosiy e’tibori ijtimoiy rivojlanish masalalarini oliy darajada muhokama qilish va ijtimoiy taraqqiyotga turtki berish, bunda global ko‘lamdagi barqaror rivojlanish yo‘lidan hech kim chetda qolib ketmasligini kafolatlash istiqbollariga qaratildi.

Ma’lumki, BMT Bosh Assambleyasining 2024-yildagi 78/261 va 78/318-rezolyutsiyalari bilan 2025-yilda Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Butunjahon sammitini o‘tkazishga qaror qilingan. Bundan maqsad xalqaro hamjamiyatning Ijtimoiy himoya to‘g‘risidagi Kopengagen deklaratsiyasi va Harakatlar dasturiga  va ushbu hujjatlar ijrosini ta’minlashga sodiqlikni tasdiqlash hamda 2030-yilgacha bo‘lgan Barqaror rivojlanish kun tartibi bajarilishini jadallashtirishdan iborat.

 

Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha birinchi Butunjahon Kopengagen sammiti yakunlariga nazar

 

Kopengagen deklaratsiyasi va Harakatlar dasturi dunyo davlatlari rahbarlari tomonidan 1995-yili bo‘lib o‘tgan Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha birinchi Butunjahon sammitida qabul qilingan. Bu hujjatlarda o‘nta majburiyat – qashshoqlikni tugatish, to‘liq bandlikni ta’minlash hamda inklyuziv, adolatli va barqaror jamiyatlar qurishning asosiy tamoyillari belgilab berilgan. Kopengagen deklaratsiyasining markazida ijtimoiy himoya turadi, zero u qashshoqlikni kamaytirish, tenglik va umumiy farovonlikni ta’minlashning kuchli vositasidir. Ijtimoiy ta’minot huquqini ro‘yobga chiqarish va ijtimoiy adolatni qo‘llab-quvvatlash uchun universal, inklyuziv va barqaror ijtimoiy himoya tizimlarini mustahkamlash lozim.

O‘tgan 30-yil davomida xalqaro hamjamiyat ijtimoiy rivojlanish sohasida qator majburiyatlarni ham o‘z zimmasiga oldi. Xususan:

birinchisi, 2000-yilda – Mingyillik rivojlanish maqsadlari (MRM) qashshoqlik, sog‘liqni saqlash va ta’lim masalalarini hal etish uchun qabul qilindi;

ikkinchisi, 2015-yilda – Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) ishlab chiqildi, ular yanada adolatli va barqaror kelajakka erishish yo‘llarini belgilab berdi;

uchinchisi, 2017-yilda – BMTning Qashshoqlikni tugatish bo‘yicha uchinchi o‘n yilligi (2018 – 2027-yillar) e’lon qilindi. Ushbu Dastur qashshoqlikni tugatishga oid xalqaro darajada kelishilgan rivojlanish maqsadlarini samarali va muvofiqlashtirilgan tarzda amalga oshirishga ko‘maklashish uchun ishlab chiqildi;

to‘rtinchisi, 2021-yilda – Umumiy kun tartibi qabul qilindi, u yangilangan inklyuziv ko‘p tomonlama hamkorlikka da’vat etdi;

beshinchisi, 2024-yilda – Kelajak uchun bitim imzolandi. U Global raqamli shartnoma va Kelajak avlodlar to‘g‘risidagi deklaratsiyani o‘z ichiga olgan bo‘lib, tinchlik va xavfsizlik, barqaror rivojlanish, iqlim o‘zgarishi, raqamli hamkorlik, inson huquqlari, gender, yoshlar va kelajak avlodlar bilan bog‘liq masalalarni qamraydi.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, global miqyosda Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida belgilangan 137 ta vazifaning 35 foizi reja bo‘yicha yoki o‘rtacha muvaffaqiyat bilan bajarilmoqda. Vazifalarning 47 foizi yetarli darajada tez sur’atda bajarilmayapti, 18 foizi bo‘yicha esa 2015-yildagi boshlang‘ich ko‘rsatkichlarga nisbatan orqaga ketish kuzatilmoqda.

Barqaror rivojlanish sohasidagi bir qancha maqsadlarga erishishdagi taraqqiyot notekis va cheklangan xususiyatga ega, biroq barcha hududlar va mamlakatlarda sezilarli yutuqlar qayd etilayotgani bu borada o‘zgarishlar bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Kopengagen deklaratsiyasi qabul qilinganidan keyingi 30 yilda dunyoda ishsizlik darajasi pasaydi va o‘ta qashshoqlik ko‘rsatkichlari ikki baravar qisqardi.

So‘nggi o‘ttiz yil ichida 1,5 milliard kishi qashshoqlikdan qutqarildi. Xususan, 2015-yildan buyon global pandemiyaning jiddiy oqibatlariga qaramay, butun dunyo bo‘ylab o‘ta qashshoqlik darajasi pasaydi va ishlaydigan kambag‘allar toifasiga kiruvchi shaxslar soni 20 millionga qisqardi.

Sog‘liqni saqlash ko‘rsatkichlari ham yaxshilandi: 2024-yilda inson umri davomiyligi – 1995-yil bilan solishtirganda 8,4-yilga uzayib – 73,3 yoshga yetdi. Bu birlamchi tibbiy-sanitariya yordami, immunizatsiya va kasalliklarga qarshi kurash choralarining kengayishi hamda bolalar ovqatlanishini yaxshilash natijasidir. Dunyo aholisining yarmidan ko‘pi (52,4 foizi) birinchi marta kamida bitta ijtimoiy himoya nafaqasi bilan qamrab olindi. Bu ko‘rsatkich 2015-yildagi 42,8 foizlik ko‘rsatkichdan yuqori hisoblanadi. O‘rta maktabning yuqori sinflarini bitirayotgan yoshlar ulushi 2015-yildagi 53 foizdan 2024-yilda 60 foizgacha ko‘tarildi va savodxonlik darajasi oshmoqda. Bundan tashqari, ta’lim sohasida gender tafovutining izchil qisqarishi kuzatilmoqda.

Shunday bo‘lsa-da, jiddiy muammolar saqlanib qolmoqda: BMT Taraqqiyot dasturining baholashiga ko‘ra, taxminan 800 million kishi hali ham o‘ta qashshoqlikda yashayapti. Dunyoda bir milliarddan ortiq odam hamon kambag‘allik sharoitida yashayotgan bo‘lsa, sayyoramiz aholisining 40 foizi ijtimoiy himoyadan foydalanish imkoniyatiga ega emas. Hanuzgacha sezilarli tengsizlik kuzatilmoqda, bu birinchi navbatda ayollar va yoshlarga ta’sir qiladi. Tarkibiy tengsizlikni bartaraf etish uchun iqtisodiy o‘sishning o‘zi yetarli emas: u iqlim o‘zgarishi, demografik muammolar va mojarolar tufayli yanada kuchaymoqda.

Texnologiyalar ijtimoiy birdamlikning zaiflashishi va ishonchning yo‘qolishini tezlashtirmoqda. Raqamli platformalar aloqani saqlab qolish imkoniyatlarini kengaytirsa-da, ayni paytda ular dezinformatsiya va nafrat tilining ta’sirini kuchaytirmoqda.

 

Ijtimoiy taraqqiyot bo‘yicha ikkinchi Butunjahon Doha sammiti:

mazmuni va imkoniyatlari

 

Kopengagen sammitidan keyin 30-yil o‘tgach, ikkinchi Butunjahon Doha sammiti hech kimni ortda qoldirmaslik va har bir insonga – yoshi, qobiliyati, jinsi yoki kelib chiqishidan qat’i nazar – munosib yashash va rivojlanish imkoniyatini berish bo‘yicha yangilangan global qat’iyatni amalda namoyon etdi.

Jahon yetakchilari Ijtimoiy taraqqiyot bo‘yicha ikkinchi Butunjahon sammitida Doha siyosiy deklaratsiyasini qabul qilib, yanada adolatli va inklyuziv jamiyat qurishga global sadoqatni tasdiqladi. Hujjatda ta’kidlanganidek, ijtimoiy taraqqiyot nafaqat axloqiy imperativ, balki tinchlik, barqarorlik va iqtisodiy o‘sishning zaruriy shartidir.

Sammit doirasida Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha yechimlar forumi muhokamalari, Ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash bo‘yicha global alyans yetakchilarining birinchi yig‘ilishi, "Ta’lim – yangi ijtimoiy shartnomaning asosi" nomli yuqori darajadagi tadbir, shuningdek, Fuqarolik jamiyati forumi, Xususiy sektor forumi hamda interaktiv "Yechimlar maydoni" kabi muhim tadbirlar bo‘lib o‘tdi.

Bugungi kunda 670 milliondan ortiq odam ochlikdan aziyat chekayotgan, 2,3 milliard kishi esa oziq-ovqat muammosini boshdan kechirayotgan bir paytda, Ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash bo‘yicha Global alyansning yuqori darajadagi birinchi yig‘ilishida inqiroz oziq-ovqat yetishmovchiligi bilan emas, balki tengsizlik, mojarolar va noto‘g‘ri siyosiy qarorlar bilan bog‘liqligi ta’kidlandi. Braziliyaning "Katta yigirmatalik"dagi raisligi davrida, ya’ni 2024-yilda tashkil etilgan Global alyansga 200 ga yaqin ishtirokchi – hukumatlar, mintaqaviy birlashmalar, xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlari kiradi. Uchrashuvning asosiy maqsadi – alyans ichidagi hamkorlikni kuchaytirish: ijtimoiy himoyani kengaytirish, qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash va iqlim o‘zgarishiga chidamli dehqonchilikka sarmoya kiritishdan iborat. Bu hukumatlarning "barcha uchun ijtimoiy rivojlanishga erishish maqsadida qulay iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, madaniy va huquqiy muhit" yaratish bo‘yicha majburiyatlarini tasdiqlovchi global chaqiriqdir.

Ijtimoiy adolat uchun Global koalitsiya forumida yashash minimumini oshirish, mehnat sohasidagi asosiy tamoyillar va huquqlarga rioya etish, ijtimoiy muloqotni mustahkamlash, ijtimoiy himoya qamrovini kengaytirish, istiqbolli kasb-hunar ta’limi tizimlarini yaratish bo‘yicha tashabbuslar qashshoqlikni tugatish, munosib ish o‘rinlari yaratish hamda ijtimoiy o‘zgarishlar va ijtimoiy integratsiyani rag‘batlantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Bugungi kunda yuqori daromadli mamlakatlar ijtimoiy himoyaga (sog‘liqni saqlashdan tashqari) yalpi ichki mahsulotning taxminan 16 foizini sarflaydi. Taqqoslash uchun, past daromadli mamlakatlarda bu xarajatlar yalpi ichki mahsulotning 1 foizini tashkil etadi. Bu esa investitsiyalar hajmini oshirish zarurligini ko‘rsatadi. Majburiyatlarga muvofiq, mamlakatlarga qamrovni har yili 2 foizga kengaytirishga intilish tavsiya etilmoqda.

Ta’lim qashshoqlik halqasini uzishda, munosib ish uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni shakllantirishda, shuningdek, tenglik va inklyuzivlikni ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shunday bo‘lsa-da, erishilgan yutuqlarga qaramay, millionlab bolalar hamon maktabga bormayapti va global inqirozlar, jumladan mojarolar, iqlim o‘zgarishi, pandemiyalar va raqamli tengsizlik mashaqqat bilan qo‘lga kiritilgan yutuqlarni yo‘qqa chiqarmoqda. Ijtimoiy sammitning Doha deklaratsiyasida umr bo‘yi ta’lim olish yondashuvi doirasida qashshoqlikni kamaytirish strategiyalarining asosiy tarkibiy qismi sifatida sifatli ta’limni joriy etishga da’vat mavjud. Doha deklaratsiyasida, shuningdek, kelajakdagi mehnat bozorlari uchun hayotiy ahamiyatga ega bo‘lgan "yashil" va raqamli iqtisodiyotga o‘tish uchun zarur ko‘nikmalarning muhimligi ta’kidlangan.

Doha siyosiy deklarasiyasi xalqaro hamjamiyatning 1995 yilgi Kopengagen deklaratsiyasi va 2030-yilgacha bo‘lgan Barqaror rivojlanish kun tartibi tamoyillariga sodiqligini va bunday yondashuvning davomiyligini tasdiqlaydi. Deklaratsiyada bir-birini to‘ldiruvchi uchta ish yo‘nalishi haqida so‘z yuritiladi. Bular: qashshoqlikni tugatish, barcha uchun bandlik va munosib mehnatni ta’minlash hamda yanada inklyuziv jamiyat yaratishdir. Doha deklaratsiyasi ijtimoiy adolatni tinchlik, xavfsizlik va inson huquqlari bilan bog‘laydi hamda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish sohasida shoshilinch choralar ko‘rishga chaqiradi.

Doha deklaratsiyasi qashshoqlik va ochlikka qarshi kurashish, ta’lim, sog‘liqni saqlash, iqlim o‘zgarishlariga bardoshlilik va gender tenglikni qamrab olgan keng qamrovli, o‘zaro bog‘liq yechimlarni talab etadi. Deklaratsiya qoidalarining bajarilishini nazorat qilish BMTning Iqtisodiy va Ijtimoiy Kengashi qoshidagi Ijtimoiy rivojlanish komissiyasiga yuklatilgan.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ta’biri bilan aytganda, "Doha siyosiy deklaratsiyasi – bu rivojlanish uchun turtki, umumiy ijtimoiy himoyani kengaytirish, sog‘liqni saqlash va ta’limdan teng foydalanishni ta’minlash hamda raqamli tafovutni bartaraf etishga qaratilgan insonlar uchun rejadir". BMT Bosh kotibi rivojlanish va iqlim tashabbuslarini moliyalashtirishdan foydalanish imkoniyatini ta’minlash uchun, ayniqsa qarz muammolariga duch kelayotgan rivojlanayotgan mamlakatlarda global moliyaviy tizimni zudlik bilan isloh qilish zarurligini ta’kidladi.

 

Yangi O‘zbekiston: global ijtimoiy taraqqiyot bo‘yicha

yangi tashabbuslar

 

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Butunjahon Doha sammitida so‘zga chiqib, global ijtimoiy adolat va barqaror taraqqiyotni mustahkamlashga qaratilgan bir qator taklif va tashabbuslarni taqdim etdi. O‘zbekiston rahbarining nutqida ta’kidlanganidek, "Bugungi kunda ijtimoiy farovonlikni ta’minlash, aholi turmushini yaxshilash borasida dunyo hamjamiyati va milliy hukumatlar birgalikda harakat qilayotgani e’tiborga molikdir. O‘zbekiston barqaror taraqqiyot sari barcha xalqaro hamkorlik formatlari va tashabbuslarini doim qo‘llab-quvvatlaydi”.

 Yangi O‘zbekistonda "Inson qadr-qimmati – oliy qadriyat" degan ustuvor tamoyil qaror topayotgan, ijtimoiy adolat, ehtiyojmand aholi qatlamlarini samarali himoya qilish ta’minlanayotgan jamiyat barpo etilayotgani alohida ta’kidlandi.

Dunyoda murakkab ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar yuz berayotgan va o‘zaro ishonchsizlik ortib borayotgan sharoitda O‘zbekiston Prezidenti global ijtimoiy siyosatni mustahkamlashga qaratilgan bir qator yangi tashabbus va takliflarni ilgari surdi.

Birinchi tashabbus Global ijtimoiy adolat fondini ta’sis etish. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda dunyoda 1,1 milliarddan ortiq kishi qashshoqlikda hayot kechirmoqda. O‘zbekistonda davlat xarajatlarining 70 foizdan ortig‘i aynan Barqaror rivojlanish maqsadlariga yo‘naltirilgan. Jahondagi ijobiy tajribalarni o‘rganish asosida kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha Yangi O‘zbekiston modeli ishlab chiqildi. Eng avvalo, o‘tish davrining muhim vositasi sifatida manzilli ijtimoiy daftarlar ("Temir daftar", "Ayollar daftari", "Yoshlar daftari", "Mehribonlik daftari") joriy etilib, barcha ehtiyojmand oilalar qamrab olindi. Natijada 2,3 milliondan ortiq ehtiyojmand oila, ayollar, keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar kafolatlangan ijtimoiy himoya bilan ta’minlandi. Bu 2017-yilga nisbatan to‘rt baravar ko‘pdir.

Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun global miqyosda rivojlanayotgan mamlakatlarga 4 trillion dollardan ortiq mablag‘ kerak bo‘lmoqda. Bunday sharoitda xatarlarni xolis baholash, rivojlanayotgan mamlakatlarning ijtimoiy dasturlariga moliyaviy resurslarni jalb etish, ularning samaradorligini oshirish bo‘yicha "kambag‘allikka qarshi kurashning yangi moliyaviy tizimi"ga ehtiyoj tug‘ilmoqda. Ushbu masalalarga yechim topish maqsadida O‘zbekiston Prezidenti 2026-yilda Xiva shahrida xalqaro moliya institutlari, donor tashkilotlar va hamkor davlatlar ishtirokida yuqori darajadagi anjuman o‘tkazishni taklif etmoqda.

Ikkinchi tashabbus Ijtimoiy mas’uliyat va munosib mehnat bo‘yicha global tashabbusni ishlab chiqish. Xalqaro mehnat tashkiloti hisobotiga ko‘ra, 2024-yilda global ishsizlik darajasi 5 foizni tashkil etgan. Yuqori texnologiyalar va sun’iy intellektning jadal sur’atlarda joriy etilishi butun dunyoda millionlab ish o‘rinlarining yo‘qolishiga sabab bo‘lmoqda. Bunday sharoitda Hukumat va biznes sektori o‘zaro ijtimoiy hamkorlar sifatida xodimlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratishlari lozim.

Shuni ta’kidlash joizki, so‘nggi sakkiz yil ichida O‘zbekiston iqtisodiyotiga 130 milliard dollarlik investitsiya jalb etildi, ko‘plab yangi ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirildi, doimiy ish o‘rinlari yaratildi. O‘tgan davrda milliy iqtisodiyotimiz 2 barobar o‘sgani, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad yil yakuniga qadar 3,5 ming dollarga yetishi muhim omil hisoblanadi. Har bir insonning huquq va erkinliklarini, mehnatni muhofaza qilishni, kafolatlangan ijtimoiy himoyadan foydalanishni ta’minlash uchun mustahkam qonunchilik bazasi yaratildi. Jumladan, yangi tahrirdagi Konstitutsiya, Mehnat kodeksi, "Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida"gi va "Kasaba uyushmalari to‘g‘risida"gi qonunlar qabul qilindi.

Uchinchi tashabbus O‘zbekistonda ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash bo‘yicha Global alyans sammitini o‘tkazish va ta’lim masalasini kun tartibidagi asosiy masala sifatida belgilash. Bugungi kunda savodsizlikning yillik iqtisodiy zarari 1,4 trillion AQSH dollariga baholanmoqda. Bu holat yosh avlod uchun ijtimoiy hayotda va mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishni qiyinlashtiradi hamda tengsizlikning keskin o‘sishiga olib keladi.

O‘zbekiston Ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash bo‘yicha Global alyansga rasman qo‘shildi, bu esa mamlakatda barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash bo‘yicha global sa’y-harakatlarni kuchaytirish yo‘lidagi muhim qadamdir. Ushbu qadam global oziq-ovqat xavfsizligiga oid tobora ortib borayotgan xavf-xatarlarga hamda O‘zbekistonning ochlik, qashshoqlik va tengsizlik bilan bog‘liq muammolarni hal etishda faol ishtirok etish istagiga mutanosibdir. Global alyansda ishtirok etish mamlakatga tajriba almashish, xalqaro sarmoyalarni jalb qilish va ushbu dolzarb masalalarni hal etish uchun boshqa davlatlar va tashkilotlar bilan qo‘shma dasturlarni amalga oshirish bo‘yicha noyob imkoniyatlarni taqdim etadi.

To‘rtinchi tashabbusO‘zbekistonda Migrantlar va ularning oilalarini ijtimoiy va huquqiy himoya qilish bo‘yicha xalqaro forum o‘tkazish va Global dastur qabul qilish. Hozirgi kunda dunyo bo‘ylab 300 milliondan ortiq migrant chet mamlakatlarda mehnat qilmoqda. Afsuski, ularning huquqlari buzilayotgan holatlar juda ko‘p uchramoqda. Shu bois, globallashuv sharoitida xavfsiz va qonuniy migratsiya jarayonlarini ta’minlash ko‘p qirrali vazifa bo‘lib, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi uchun ham turli ta’sir omillari va ularning oqibatlarini chuqur tahlil qilishni taqozo etadi.

Yangi O‘zbekistonda mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotining uzoq muddatli rivojlanish yo‘nalishini belgilaydigan keng ko‘lamli o‘zgarishlar jarayoni, shu jumladan, mehnat bozori, ayniqsa, tashqi mehnat migratsiyasi sohasidagi islohotlar boshlanib ketdi. Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasiga kiritilgan o‘zgartirishlar buning isbotidir. Ushbu yangilanishlarning maqsadi mamlakat fuqarolarining mehnat huquqlarini himoya qilish choralarini kuchaytirishdan iborat.

Fuqarolar uchun migratsiya jarayonining xavfsizligi, qonuniyligi va qulayligini ta’minlashning noyob mexanizmi yaratildi. U uch asosiy yo‘nalishni o‘z ichiga oladi. Bu o‘rinda: fuqarolarni tayyorlash, ularga til va kasb-hunar o‘rgatish; xorijda mehnat migranti sifatida bo‘lgan vatandoshlarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, ularga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish; mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan fuqarolarning bandligini ta’minlash, ularning ijtimoiy hayotga qayta moslashishi, xususan, ijtimoiy muhitga ko‘nikishi uchun sharoit yaratish yo‘nalishlari haqida so‘z bormoqda.

Sifatli ta’lim inson kapitalini rivojlantirish va uzoq muddatli istiqbolda kambag‘allikni kamaytirishning asosiy harakatlantiruvchi kuchi bo‘lib qolaveradi. Bolalarni maktabgacha ta’lim muassasalari bilan qamrab olish darajasi 27 foizdan 78 foizga oshirilishi natijasida 1 million nafar ayolga o‘z bilimini oshirish, kasb-hunar egallash va daromad topish imkoniyati yaratildi. So‘nggi besh yil davomida 800 mingdan ortiq fuqaro zamonaviy kasblarga o‘qitildi va yuqori daromadli ishlarga joylashtirildi. Pedagoglarning tajriba va bilim almashishi uchun yagona xalqaro platforma yaratish maqsadida O‘zbekistonda Butunjahon kasb-hunar ta’limi sammitini o‘tkazish taklif etilmoqda.

Beshinchi tashabbus – BMT rezolyutsiyasi bilan ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi, deb e’lon qilingan Orolbo‘yi mintaqasida Ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning yangi modelini ishga tushirish. Ekstremal ob-havo, cho‘llanish va biologik xilma-xillikning yo‘qolishi avvalo aholining zaif qatlamlari, fermerlar, mavsumiy ishchilar va ekologik jihatdan murakkab vaziyatdagi hududlar aholisi hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashni bandlik dasturlari bilan uyg‘unlashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar qabul qilish nihoyatda dolzarb vazifa hisoblanadi.

2024-yilda ilk bor o‘rtacha jahon harorati Selsiy shkalasi bo‘yicha bir yarim darajadan ko‘proq oshdi. So‘nggi o‘n yillik meteokuzatuvlar tarixidagi eng issiq davr bo‘ldi. Natijada bugun barchamiz iqlim inqirozlarining salbiy ta’sirini his etmoqdamiz – o‘rmon yong‘inlari va cho‘llanish miqyosining kengayishi, muzliklarning qisqarishi, suv resurslari taqchilligining kuchayishi, havo sifatining yomonlashuvi kuzatilmoqda.

Shu munosabat bilan Orolbo‘yi ekotizimini qayta tiklash bo‘yicha faol ishlar olib borilmoqda. So‘nggi yillarda Orol dengizining qurigan tubida jami 2 million gektar maydonni qamrab olgan sho‘rga chidamli cho‘l o‘simliklari ekildi. 2030-yilga kelib, butun hududning 80 foizigacha maydoni yashil o‘simliklar bilan qoplanadi.

Shuni ta’kidlash lozimki, Markaziy Osiyo mamlakatlari tomonidan Iqlim o‘zgarishiga moslashish strategiyasi ishlab chiqilib, bir ovozdan ma’qullandi. O‘zbekiston Orol dengizi qurishining oqibatlarini yumshatish, suvdan oqilona foydalanish, "toza" energiya manbalari ulushini kengaytirish dasturlari doirasida xalqaro tashkilotlar bilan samarali hamkorlik qilmoqda. Degradatsiyaga uchragan yerlar maydonini qisqartirish va iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish maqsadida "Yashil makon" loyihasi doirasida keng ko‘lamli ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Butunjahon sammitidagi ishtiroki asnosida Yangi O‘zbekistonda yoshlar siyosati nechog‘lik muhim ekani yana bir bor ta’kidlandi. Sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasida so‘zga chiqqan O‘zbekiston rahbari qarorgohi Toshkent shahrida joylashgan Tinchlik uchun butunjahon yoshlar harakatini tuzish tashabbusini ilgari surgan edi. BMTning "Yoshlar – 2030" strategiyasini faol amalga oshirayotgan o‘nta davlat qatoriga kirgan mamlakatimiz yoshlar siyosatidagi taraqqiyotda yetakchilik qilmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti yana bir bor "Xalqaro taraqqiyot yo‘lida ijtimoiy kelishuvni yangilash, har bir inson uchun munosib hayot tarzini yaratish" zarurligini ta’kidladi. O‘zbekiston sammitda qabul qilingan Doha siyosiy deklaratsiyasini to‘liq qo‘llab-quvvatladi va uni amalga oshirishda faol ishtirok etishga tayyorligini bildirdi.

 

Yangi O‘zbekiston – konstitutsiyaviy ijtimoiy davlat

 

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 1-moddasida ijtimoiy davlat prinsipi mustahkamlandi. Xususan, Asosiy qonunning 43-moddasida davlat fuqarolarning bandligini ta’minlashi, ularni ishsizlikdan himoya qilishi, kambag‘allikni qisqartirish choralarini ko‘rishi, fuqarolarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlashni tashkil etishi hamda rag‘batlantirishi belgilab qo‘yilgan.

Ta’kidlash joizki, kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy himoya bo‘yicha asosiy vazifalar hamda chora-tadbirlar qonunchilik va davlat strategiyalarida mustahkam o‘z aksini topgan. Jumladan, "Kambag‘allikdan farovonlikka" umummilliy dasturi muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Ushbu faoliyatni yuritish maqsadida, ilgari 6 ta davlat tashkilotiga yuklatilgan vakolatlarni birlashtirish asosida Ijtimoiy himoya milliy agentligi va "Inson" ijtimoiy xizmat ko‘rsatish markazlari tashkil etildi.

Muhimi, "O‘zbekiston — 2030" strategiyasiga muvofiq, 2026-yilga kelib kambag‘allik darajasini 2022-yilga nisbatan ikki baravarga kamaytirish, 2030-yilga borib esa kambag‘allikka tushish xavfi ostida bo‘lgan 4,5 million kishining daromadini oshirish va ijtimoiy sheriklik asosida 500 ming nafar malakali mutaxassis tayyorlash rejalashtirilgan.

So‘nggi 8-yil ichida mamlakatimizda 7 milliondan ortiq aholi kambag‘allikdan chiqarildi, kambag‘allik darajasi 35 foizdan 6,6 foizga tushdi. Faqatgina joriy yilning o‘zida 2 million 700 ming nafar fuqaroga ijtimoiy xizmat va yordamlar ko‘rsatildi. Jumladan, parvarishga muhtoj kambag‘al oila a’zolari uchun yangi turdagi ijtimoiy xizmatlar yo‘lga qo‘yildi, shuningdek, 50 ming nafar mehnatga layoqatli fuqaro ish bilan ta’minlandi.

Dunyoga tobora ochilayotgan, jadal ijtimoiy islohotlar yo‘lidan borayotgan Yangi O‘zbekiston "davlat – xalq uchun" tamoyiliga qat’iy amal qilib, global o‘zgarishlarning ajralmas qismiga aylanib bormoqda. Mamlakatimiz Barqaror rivojlanish maqsadlarining Global indeksi bo‘yicha eng ilg‘or beshta davlat qatoriga kirdi. BRMga erishish doirasida BMT bilan hamkorlikning yangi besh yillik dasturi imzolandi. Xalqaro hamkorlar bilan birgalikda sayyoraviy miqyosda bir qator tadbirlar, xususan, "Ijtimoiy rivojlanish va adolat yo‘lida parlament harakatlari" mavzusidagi Parlamentlararo ittifoqning 150-Assambleyasi, "Qashshoqlikdan farovonlikka" III xalqaro forumi, Samarqand xalqaro iqlim forumi o‘tkazildi.

Bugungi kunda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish, raqamli transformatsiyani ilgari surish, davlat xizmatlarini ko‘rsatishda innovatsion yechimlarni qo‘llash, davlat boshqaruvi institutlari samaradorligini tubdan oshirish bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajriba almashish har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. BMTga a’zo davlatlar Kelajak uchun paktni qabul qilish va yanada inklyuziv hamda samarali ko‘p tomonlama tizim asosida "ko‘p tomonlamalikning yangi asosini yaratish" majburiyatini olish orqali birdamlikni mustahkamlash uchun qadamlar qo‘ydi.

Xulosa qilib aytganda, ikkinchi Butunjahon Doha sammiti yakunlari shuni ko‘rsatmoqdaki, ushbu uchrashuv siyosat masalalari bo‘yicha yangi global konsensusga erishish, majburiyatlarni mustahkamlash va tenglik, birdamlik hamda umumiy farovonlikka barqaror o‘tish uchun asos yaratish yo‘lida ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish uchun ta’sirchan turtki bo‘lib xizmat qiladi. Binobarin, inson salohiyatiga sarmoya kiritish va asosiy xizmatlardan barcha foydalanishini ta’minlash uchun siyosiy irodani safarbar etish qashshoqlikka barham berish, tengsizlikni kamaytirish va hech kimni e’tibordan chetda qoldirmaslikning kalitidir.

 

Akmal SAIDOV,

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi direktori, akademik

«Yangi O‘zbekiston» gazetasining 2025-yil 15-noyabr kungi 236 (1562)-soni

Powered by GSpeech