2026-yil – korrupsiyaga qarshi kurashda “favqulodda holat” yili bo‘ladi
Munosabat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2025-yil 26-dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida korrupsiyaga qarshi kurashda keskin va qat’iy pozitsiyani e’lon qildi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, 2026-yil korrupsiyaga qarshi kurashda “favqulodda holat” yili sifatida belgilanadi.
“Takror va takror aytaman: korrupsiya — davlat taraqqiyotiga to‘siq bo‘ladigan, adolat va qonun ustuvorligini izdan chiqaradigan eng jiddiy tahdid. Korrupsiyaga yo‘l qo‘yish — islohotlarga xiyonatdir”, dedi Prezidentimiz.
Har yili dunyo bo‘ylab korrupsiya sababli taxminan 2,6 trillion dollar pul o‘g‘irlanadi. Bu butun dunyo yalpi ichki mahsulotining 5 foizidan ortig‘iga tengdir. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturiga ko‘ra, rivojlanayotgan mamlakatlar korrupsiya oqibatida rasmiy rivojlanish dasturlari orqali olgan yordamdan ko‘ra o‘n baravar ko‘proq pul yo‘qotadilar.
Korrupsiyaga qarshi kurash haqida so‘z borganda, shubhasiz, dunyo hamjamiyatining ushbu sohadagi “Bosh qomusi” bo‘lgan BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi eslanadi. Meksikaning Merida shahrida 2003-yil 9-dekabrda bo‘lib o‘tgan konferensiyada imzolash uchun ochiq deb e’lon qilingan Korrupsiyaga qarshi konvensiyaga bugungi kunga qadar dunyoning 192 ta davlati qo‘shilgan. O‘z navbatida, 2004-yildan boshlab 9-dekabr – xalqaro jamoatchilik tomonidan Butunjahon korrupsiyaga qarshi kurash kuni sifatida nishonlab kelinmoqda.
BMT Konvensiyasi korrupsiyani mahalliy muammodan transmilliy xavfsizlik masalasiga aylantirdi va ishtirokchi davlatlardan faqat jinoyatchilarni jazolashni emas, balki korrupsiyadan holi bo‘lgan adolatli tizim yaratishni talab qilmoqda. Binobarin, Konvensiya ishtirokchisi sifatida so‘nggi yillarda O‘zbekistonda ham korrupsiyaga qarshi kurash sohasida tub islohotlar amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimizda davlat boshqaruvida byurokratiyani qisqartirish, davlat organlari faoliyatini raqamlashtirish orqali korrupsiyaga imkon berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish, shuningdek, davlat xizmatlarini soddalashtirish bo‘yicha ishlar izchil davom ettirilmoqda. Aholi va tadbirkorlarga “xalq xizmatidagi davlat” tamoyili asosida xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.
Xususan, 120 turdagi hujjatlarni talab qilish, 160 dan ortiq litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilindi. Elektron davlat xizmatlari soni 15 karra ortib, 721 taga yetdi, ulardan foydalanuvchilar esa, 11 milliondan oshdi. Ushbu choralarning barchasi yurtimizda maishiy korrupsiya darajasining sezilarli darajada pasayishiga sabab bo‘ldi.
Korrupsiya darajasini baholash bo‘yicha xalqaro tashkilotlarning reyting natijalari ham O‘zbekistonda bu borada amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligini ko‘rsatmoqda. Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi ijobiy ishlar bilan bir qatorda, ushbu sohada to‘liq foydalanilmayotgan imkoniyatlar va e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan masalalar ham mavjud.
Shu nuqtayi nazardan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Murojaatnomasida, jumladan, 2026-yildan e’tiboran:
-
barcha davlat idoralarida komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat uchun mas’ul o‘rinbosar lavozimi joriy etilishi;
-
Hisob palatasi vakillari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, byudjet mablag‘lari talon-toroj qilinishi va mansab suiiste’molchiligiga qarshi ta’sirchan nazorat o‘rnatilishi;
-
Prezident Administratsiyasi Komplayens xizmati 1-yanvardan barcha davlat idoralarida ayni tizimni ishga tushirib, har bir holat yuzasidan Prezidentga bevosita axborot kiritib borishi belgilangani juda muhim.
Yanada muhimi, qonun oldida hamma tengdir. Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, “Lavozimim bor, menga hech kim tegmaydi”, deganlar qattiq adashadi. Hech bir idora, hech bir tashkilot, hech bir mansabdor nazoratdan chetda qolmaydi. Komplayens xizmatining ishiga to‘sqinlik qilish — korrupsiyaga sheriklik sifatida baholanadi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
Ўзбекча
English
Русский