Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyatini yangicha tashkil qilish vazifalari belgilab olindi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 15-yanvar kuni Tashqi ishlar vazirligi hamda xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish avvalida davlatimiz rahbari mazkur uchrashuv jahonda keskin geosiyosiy o‘zgarishlar bo‘layotgan, davlatlar suverenitetiga xavf-xatarlar tobora kuchayib borayotgan murakkab bir paytda o‘tayotganini qayd etdi. Bunday sharoitda tashqi siyosat sohasidagi faoliyatni tanqidiy muhokama qilib, Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar ishini yangicha tashkil qilish zarurligi ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari tashqi siyosat borasida 2025-yil ko‘p jihatdan natijador bo‘lganini qayd etdi. O‘tgan yili 26 ta xorijiy davlatga oliy darajadagi tashriflar amalga oshirildi, yangi tariximizda ilk bor qator davlatlar rahbarlarining O‘zbekistonga tashriflari tashkil etildi. “Markaziy Osiyo plyus” formatidagi ko‘p tomonlama muloqotlar sermahsul bo‘ldi. So‘nggi yillarda 11 ta davlat bilan strategik sheriklik munosabatlari o‘rnatilib, ularning umumiy soni 19 taga yetdi, Qozog‘iston, Ozarbayjon va Tojikiston bilan ittifoqchilik munosabatlari yo‘lga qo‘yildi.
– Ochiq, pragmatik, puxta o‘ylangan va tashabbuskor tashqi siyosatimiz natijasida O‘zbekiston global tinchlik va diplomatiya markazlaridan biriga aylanib bormoqda, – dedi Prezidentimiz.
2017-yildan buyon xorijiy davlatlarda 16 ta yangi diplomatik va konsullik vakolatxonalari ochilib, ularning soni 60 taga, diplomatik aloqa o‘rnatilgan davlatlar soni esa 165 taga yetdi. Elchixonalar, konsullik muassasalari va xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalar shtatlari hamda Tashqi ishlar vazirligi xodimlarining ish haqi oshirilgani qayd etildi.
Shu bilan birga, “Barcha diplomatik vakolatxonalar mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanyaptimi?” degan masala o‘rtaga qo‘yildi.
– Hozirgi sharoitda elchi degani faqat siyosiy muloqot yurituvchi shaxs emas. Elchi – investitsiya va texnologiya olib keladigan, yangi eksport bozorlarini ochadigan, transport-logistika yo‘laklarini ishga soladigan, turistlar oqimini ko‘paytirib, qonuniy mehnat migratsiyasi uchun sharoit yaratadigan, eng asosiysi, fuqarolarimiz huquqlarini himoya qiladigan davlat vakilidir, – dedi Prezidentimiz.
Shu munosabat bilan elchilar uchun ular faoliyat yuritayotgan davlatlardan eksport tushumlari, turistlar oqimi hamda ushbu mamlakatlarga qonuniy mehnat migratsiyasi samaradorlik mezoni bo‘lishi qayd etildi.
Iqtisodiy diplomatiyani kuchaytirish orqali eksport va investitsiya hajmini oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar doirasida 2025-yilda umumiy qiymati 160 milliard dollarlik investitsiya loyihalari va savdo shartnomalari bo‘yicha bitimlar imzolandi. Tarixda ilk bor tashqi savdo aylanmasi 80 milliard dollardan oshib, eksport 33,5 milliard dollarga, xorijiy investitsiyalar esa 43 milliard dollardan oshdi. O‘tgan yili 75 ta davlatga eksport hajmi qariyb 4,5 milliard dollarga ko‘paydi.
Shu nuqtayi nazardan elchilarga Yaqin Sharq, Yevropa, Osiyo va Afrika davlatlari yo‘nalishlarida eksportni kengaytirish, sanoat, qishloq xo‘jaligi, kimyo, to‘qimachilik, issiqxona va xizmatlar sohalarida aniq loyihalar bilan ishlash vazifalari qo‘yildi. Ayrim bozorlarda O‘zbekiston mahsulotlarining nomi yetarlicha tanitilmayotgani qayd etildi.
Logistika xarajatlarining ortishi milliy mahsulotlar raqobatdoshligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani ta’kidlanib, Yevropa bozorlariga chiqishda tranzit yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish, logistika zanjirlarini qisqartirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Qishloq xo‘jaligi sohasida tejamkor texnologiyalar, innovatsion issiqxonalar tajribasini o‘rganish, ularni hududlarimizda joriy etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi. Shuningdek, kimyo sanoati mahsulotlari uchun yangi eksport bozorlarini ochish, standart va talablarni ishlab chiqaruvchilarga yetkazish, ko‘rgazmalar tashkil etish masalalari qayd etildi.
Yangi eksport yo‘nalishi sifatida Afrika qit’asi bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi. Shu maqsadda tegishli vazirliklar va elchilar ishtirokida aniq “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish topshirildi.
Elchilar loyiha topish, uni olib kelib, ishga tushirishdan manfaatdor bo‘lishi kerakligi qayd etildi. Aniq investitsiya yoki eksport loyihasini yakuniga yetkazgan elchilarni moddiy rag‘batlantirish amaliyoti joriy etilishi belgilandi.
Ayrim sohalarda elchilar va tarmoq rahbarlari mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanmayotgani tanqid qilindi. Xususan, xalqaro grantlar jalb qilish bo‘yicha salohiyat yetarli darajada ishga solinmagani qayd etildi. Agar vazirliklar va tarmoq rahbarlari elchilar bilan hamkorlikni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yganida o‘tgan yili qo‘shimcha ravishda yana kamida 200-300 million dollar grant jalb qilish mumkin edi.
Qayd etilganidek, xalqaro tashkilotlar va donor mamlakatlar har yili 200 milliard dollarga yaqin xalqaro grantlar e’lon qilmoqda. Ushbu resurslardan samarali foydalanish, grantlar bilan ishlash bo‘yicha yagona va tizimli yondashuvni joriy etish vazifasi qo‘yildi.
Shuningdek, AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Shveysariya, Xitoy, Yaponiya va Singapurdagi elchilar bilan birgalikda dunyodagi TOP-100 talikka kiruvchi yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalarini O‘zbekiston oliygohlariga hamkor sifatida jalb etish bo‘yicha aniq choralar ko‘rish zarurligi ta’kidlandi.
Bundan tashqari, tashqi iqtisodiy aloqalarni kengaytirishda hududlar va elchixonalar o‘rtasidagi hamkorlik yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagani qayd etildi. Viloyat hokimlari elchilar bilan birgalikda hududlarda ishlab chiqarilayotgan eksportbop mahsulotlarni tizimli ravishda xorijda ilgari surishi, mahalliy korxonalarning tashqi bozorlarga chiqishida faol ishtirok etishi zarurligi ta’kidlandi.
Navbatdagi ustuvor vazifa sifatida fuqarolarimizni xorijda qonuniy va yuqori daromadli ish o‘rinlari bilan ta’minlash belgilandi. Tartibli mehnat migratsiyasining geografiyasi kengayib borayotgani, lekin ayrim mamlakatlarda bu yo‘nalishda ish yetarli darajada tashkil etilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi va elchilarga tegishli topshiriqlar berildi.
Elchixonalar va konsulliklar fuqarolarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilishda faol bo‘lishi, har bir holat bo‘yicha malakali yuridik yordam ko‘rsatishi shartligi ta’kidlandi. “Kabinet diplomatiyasi”dan voz kechib, joylarda ishlash, vatandoshlar bilan bevosita muloqot qilish vazifasi qo‘yildi.
Turizm sohasida elchilarning rolini yanada kuchaytirib, turizm va madaniyat bo‘yicha ishlarga yangi yondashuv joriy etish, vizasiz rejimlardan samarali foydalanish, xalqaro autsorsing kompaniyalarni jalb etish zarurligi qayd etildi.
Shuningdek, tashqi siyosiy aloqalarni kengaytirish, oliy darajadagi tashriflarga puxta tayyorgarlik ko‘rish, diplomat kadrlarni qayta tayyorlash va istiqbolli kadrlar zaxirasini shakllantirish masalalari muhokama qilindi.
Tashqi axborot siyosati va mamlakat imijini oshirishda xalqaro OAV va maxsus media loyihalar bilan ishlash ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasining Tashqi siyosat faoliyati konsepsiyasini yangilab, uning ustuvor yo‘nalishlarini qayta ko‘rib chiqish, milliy manfaatlarni himoya qilish va xalqaro maydonda mamlakatimizning o‘rnini mustahkamlashga qaratilgan aniq vazifalarni belgilab olish zarurligi ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari qayd etganidek, yangi konsepsiya mamlakatimizning uzoq muddatli strategik maqsadlarini, ichki islohotlarimiz mantig‘ini, iqtisodiy diplomatiya, xavfsizlik, investitsiya, eksport, transport-logistika, suv va iqlim masalalaridagi milliy manfaatlarimizni yaxlit va o‘zaro bog‘liq holda aks ettirishi lozim.
Diplomatlarimizning xizmatlarini munosib e’tirof etish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan diplomat” faxriy unvonini ta’sis etish taklif etildi.
– Endi yangicha ruhda ishlaydigan, aniq natijalarga erishayotgan, O‘zbekiston manfaatlarini xalqaro miqyosda qat’iy himoya qiladigan diplomatlar davri keldi, – dedi davlatimiz rahbari yig‘ilish yakunida.
Yig‘ilishda xorijdagi elchilarning hisobot va takliflari tinglandi.
“Yangi O‘zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati
Ўзбекча
English
Русский