XOTIN-QIZLARGA – ILM-FAN, ILM-FANGA ESA XOTIN-QIZLAR KERAK
11-fevral – Ilm-fan sohasidagi
xotin-qizlar xalqaro kuni
“Odatda biz ayolni avvalambor ona, oila qo‘rg‘onining qo‘riqchisi sifatida hurmat qilamiz. Bu, shubhasiz, to‘g‘ri. Ammo bugun har bir ayol oddiy kuzatuvchi emas, balki mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik o‘zgarishlarning faol va tashabbuskor ishtirokchisi ham bo‘lishi kerak”.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning ushbu fikrlari Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida xotin-qizlarimiz alohida o‘rin tutishini yaqqol anglatib turibdi. Binobarin, mamlakatimizda 2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi izchil amalga oshirilmoqda.
Keyingi yillarda O‘zbekistonda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ayollarning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida to‘laqonli ishtirok etishiga erishish, gender tenglik va reproduktiv salomatlikni ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan davlat siyosatini jahon hamjamiyati e’tirof etmoqda. Bu borada qo‘lga kiritayotgan yutuqlarimiz BMT, Xalqaro mehnat tashkiloti, YUNISEF, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan yuqori baholanmoqda.
Bularning barchasi bejiz emas. Chunki mamlakatimizda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga ustuvor ahamiyat qaratilayotgani natijasida oilaga, ayol zotiga bo‘lgan munosabat tobora yuksalib, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish hayotimizning ma’no-mazmuniga, asosiy maqsadiga aylangan. Ayni sohadagi ishlar, xususan:
-
ayollar huquqlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish;
-
ayollarni himoya qilishning institutsional asoslarini mukammallashtirish;
-
aholining gender tenglik va ayollar huquqlari to‘g‘risida xabardorligini oshirish;
-
huquqni qo‘llash amaliyotida ayollar huquqlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash uchun mas’ul mansabdor shaxslarni tegishli huquqiy normalar asosida o‘qitish kabi muhim yo‘nalishlarda olib borilmoqda.
Xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash alohida e’tibor markazida turibdi. Ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yo‘q yolg‘iz ayollarning o‘qish to‘lovlarini qoplab berish tizimi joriy etildi. Oliy o‘quv yurtlariga qabul qilishda ehtiyojmand oilalar qizlari uchun grantlar soni izchil ortdi.
Ilm-fan sohasida xotin-qizlar ishtirokini yanada kengaytirishga qaratilgan bunday oqilona yondashuv Yangi O‘zbekistonning milliy va xalqaro majburiyatlarini, xususan, Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar rejasi, Xotin-qizlarni kamsitishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya, Barqaror rivojlanish maqsadlarida belgilangan vazifalarni bajarishiga har tomonlama ko‘maklashishga xizmat qiladi. Zero, xalqaro hamjamiyat xotin-qizlarga – ilm-fan, ilm-fanga esa xotin-qizlar kerakligini muttasil ta’kidlab kelmoqda.
Ma’lumki, BMT Bosh Assambleyasining 2015-yil 22-dekabrdagi rezolyutsiyasiga muvofiq, 11-fevral – Ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar xalqaro kuni deb e’lon qilingan. Ushbu xalqaro sana butun dunyoda ayollar va qizlarning ilm-fan bilan to‘laqonli shug‘ullanishlariga teng imkoniyatlar yaratish, shuningdek, xotin-qizlarning huquqlarini kengaytirish uchun ta’sis etilgan.
I asrning birinchi choragi ortda qolganiga qaramay, afsuski, ayollar va qizlarning ilm-fan yo‘lida yuksalishlariga tizimli g‘ov-to‘siqlar va turli johilliklar haligacha xalal bermoqda. Bu holat, o‘z navbatida, bugungi dunyomizni buyuk iste’dodlardan mahrum etmoqda.
Ayniqsa, ilm-fan sohasida gender tenglik butun insoniyatning farovon kelajagini barpo etish uchun nihoyatda zarur bo‘lsa-da, bugungi kunda xotin-qizlar jahon ilmiy hamjamiyatining atigi uchdan bir qisminigina tashkil etayotgani achinarlidir. Bunday salbiy natija, jumladan, xotin-qizlarga ilm-fan bilan shug‘ullanish uchun nihoyatda cheklangan imkoniyatlar berilayotgani, ularning ilmiy tadqiqotlarini nashr ettirishga juda oz moliyaviy mablag‘lar ajratilayotgani va yetakchi universitetlarning rahbarlik lavozimlarida ishlayotgan ayollarning soni erkaklarga nisbatan ancha kam ekanligi kabi tashvishli omillar bilan bog‘liq.
Jahonda to‘rtinchi sanoat inqilobining muvaffaqiyatini ta’minlab beradigan aksariyat texnologiya sohalarida muayyan bilim va ko‘nikmaga ega mutaxassislar taqchilligi kuzatilayotgani sir emas. Shunga qaramay, xotin-qizlar oliy o‘quv yurtlarining muhandislik ixtisosligi hamda kompyuter va informatika fanlari yo‘nalishlari bo‘yicha bitiruvchilari orasida kamchilikni tashkil etadi.
Ilmiy izlanishlar olib borayotgan xotin-qizlar, odatda, istiqboli beqaror va oylik maoshi yuqori bo‘lmagan lavozimlarda ishlamoqda. Ularning tadqiqotlari mashhur jurnallar sahifalarida yetarli darajada yoritilmayapti va mehnatlari mansab pillapoyalaridan ko‘tarilishida inobatga olinmayapti.
Dunyoning ayrim mintaqalarida xotin-qizlarning ta’lim olishi o‘ta cheklanganligi yoki butunlay taqiqlanganligi holatlaridan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Shu ma’noda, xotin-qizlarning barcha ilmiy va innovatsion kashfiyotlarda tengma-teng ishtirokini ta’minlash orqaligina sayyoramizda ilm-fan butun insoniyatga xizmat qilishiga erishish mumkin.
Bu o‘rinda, albatta, xotin-qizlarni iqlim o‘zgarishidan toki sog‘liqni saqlash va sun’iy intellekt sohalarigacha bo‘lgan jamiki ilmiy jarayonlarga faol jalb etish haqida so‘z bormoqda. Zero, xotin-qizlarning ilm-fan bilan shug‘ullanishga haq va huquqlari bor.
Binobarin, ilm-fan sohasida xotin-qizlar qanchalik ko‘p bo‘lsa, bundan ilm-fan shunchalik ko‘p yutadi. Nega deganda, aslida ham, ayollar va qizlar ilmiy tadqiqot faoliyatiga xilma-xillik olib kiradi, ilm-fan asosiy kasbi bo‘lgan fidoyilar safini kengaytiradi va ilmiy-texnikaviy sohani yangicha qarashlar hisobiga boyitadi.
Ammo, hozircha jahonda, ayniqsa, sanoati rivojlangan mamlakatlardagi ilm-fan sohasida erkaklarning son jihatdan ustunligi odatiy hol hisoblanadi. Yana bir muammo shuki, xotin-qizlar zamonaviy texnologiyalarga taalluqli sohalarda ishlasa-da, mansab pillapoyalaridan ko‘tarilib borishda jiddiy to‘siqlarga duch kelmoqda. Masalan, kimdir homilador bo‘lgani uchun ta’tilga chiqib ketsa, yana kimdir rahbariyatning noxolis muomala-munosabatidan aziyat chekadi.
Keyingi yillarda korporativ dunyoda xotin-qizlarga nisbatan munosabat bir qadar o‘zgarayotgani kuzatilmoqda. Binobarin, ishchi kuchini diversifikatsiya qilish – daromadni oshirishning qulay yo‘li ekanini aksariyat kompaniyalar yetakchilari tushunib yetmoqda. Biroq xotin-qizlarning ilm-fan sohasida jadal sur’atlarda ilgarilashi yo‘lida hali-beri to‘siqlar bisyor. Shunday g‘ovlardan biri – zarur darajada ta’lim olish imkoniyatining cheklanganligidir.
YUNESKO ekspertlarining fikricha, xotin-qizlar raqamli iqtisodiyotning uzviy bir qismiga aylanishlari darkor. Toki, To‘rtinchi industrial inqilobda gender tengsizlik kabi nomaqbul an’anaga o‘rin qolmasin.
Binobarin, ilm-fan sohasida ayollar va qizlar xalqaro kunining ta’sis etilgani - shunchaki rasmiyatchilik uchun tenglik yoki alohida imtiyoz berish uchun emas. Ushbu sana inson kapitali samaradorligini oshirish, ilmiy qarorlar sifatini yaxshilash hamda transport, fan va barqaror taraqqiyotning kelajagini ta’minlashga qaratilgan muhim tashabbusdir.
G‘ulom MIRZO
Ўзбекча
English
Русский