Atoqli olimning ibratli hayotiga bag‘ishlangan kitob taqdimoti
2026-yil 5-may kuni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida yozuvchi Galina Dolgaya qalamiga mansub “Всё, что судбой предрешено” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Kitob Toshkentdagi “Sahhof” nashriyotida chop etilgan bo‘lib, uning taqdimoti atoqli olim, Beruniy nomidagi O‘zbekiston davlat mukofoti sovrindori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Hamid Sulaymonov tavalludining 115 yilligi munosabati bilan tashkil etildi.
Buyuk shoir, mutafakkir va davlat arbobi Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi keng nishonlanayotgan kunlarda taqdimoti o‘tkazilayotgan mazkur kitob o‘z hayotini ajdodimiz ijodi va faoliyatini o‘rganish, uning merosini dunyoga targ‘ib qilishga bag‘ishlagan olim Hamid Sulaymonov hayoti va ijodiga bag‘ishlangan.
Muallif o‘z kitobida olimning bolalik va o‘smirlik davridagi qiziqarli faktlarni keltiradi, uning shaxsiyati, qarashlarining shakllanishi, otasi Sulaymon Xo‘jaev qismati, Hamid Sulaymonovning 1950-yilda stalincha qatag‘onga uchragani, lekin qatag‘on dahshatlari uning irodasini buka olmagani, oqlangandan keyin o‘zbek mumtoz adabiyotini tadqiq etish bo‘yicha qator ibratli ishlarni amalga oshirgani, Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyiga asos solgani, Qo‘lyozmalar institutini tashkil qilish ishiga katta hissa qo‘shgani haqida hikoya qiladi.
Taqdimotda O‘zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasi a’zosi Akmal Saidov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Xalqaro aloqalar va badiiy tarjima bo‘limi bosh mutaxassisi Risolat Haydarova, Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi direktori Jabbor Eshonqul, jurnalist Shahnoza G‘aniyeva, olimning o‘g‘li, arxeolog olim Rustam Sulaymonov va boshqalar so‘zga chiqib, Hamid Sulaymonovning ibratli hayoti, Galina Dolgayaning ijod yo‘li, uning O‘zbekiston tarixiga bag‘ishlangan asarlari, tadbirda taqdim etilgan kitobda qalamga olingan voqealar haqida so‘z yuritdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi
Axborot xizmati
Ўзбекча
English
Русский