O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI KONSTITUTSIYAVIY SUDINING MAJLISI

2026-yil 10-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining “Advokatura to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 3-moddasi uchinchi qismi beshinchi xatboshisini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 29, 65 va 141-moddalariga muvofiqligini aniqlash haqidagi masala muhokama qilindi. 

Konstitutsiyaviy sud raisi Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov majlisda raislik qildi.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik  palatasi deputatlari, Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi,  Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), Bola huquqlari Ombudsmani, Biznes Ombudsman, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi, Oliy sud, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, Odil sudlov Akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti vakillari, shuningdek Konstitutsiyaviy sud huzuridagi Ilmiy-maslahat kengashi a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.  

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining sudyasi A.Raximov o‘z ma’ruzasida Inson huquqlari bo‘yicha  Milliy markaz murojaatining mohiyati, ish ko‘rilishiga sabab bo‘lgan holatlar yuzasidan majlis ishtirokchilariga ma’lumot berdi. 

Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazning murojaatida bayon etilganidek, “Advokatura to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 3-moddasining uchinchi qismiga ko‘ra, advokat quyidagilardan tashqari haq to‘lanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishga haqli emas:

ilmiy va pedagogik faoliyat; O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasidagi (bundan buyon matnda Advokatlar palatasi deb yuritiladi) va uning hududiy boshqarmalaridagi faoliyat; patent vakili va mediator sifatidagi faoliyat; shartnomaviy-huquqiy asosda davlat organlarining, xo‘jalik boshqaruvi organlarining, davlat muassasalari va tashkilotlarining yuridik xizmati xodimi sifatidagi faoliyat; hakamlik sudlarida va xalqaro tijorat arbitrajlarida (sudlarida) sudya sifatidagi faoliyat; sud boshqaruvchisi sifatidagi faoliyat (fuqarolik va iqtisodiy sud ishlarini yuritishni amalga oshirish bo‘yicha advokatlik faoliyati uchun litsenziya olgan advokatlar uchun).

Lekin, ko‘rsatilgan normada advokatni tadbirkorlik subyektlari va nodavlat notijorat tashkilotlari bilan shartnomaviy-huquqiy asosda ularning yuridik xizmati xodimi sifatidagi faoliyati nazarda tutilmagan.

Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazning fikricha “Advokatura to‘g‘risida”gi Qonun 3-moddasi uchinchi qismining beshinchi xatboshisini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyada belgilangan har kimga malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanadi (29-modda), O‘zbekiston Respublikasida barcha mulk shakllarining teng huquqliligi va huquqiy jihatdan himoya qilinishi ta’minlanadi (65-modda), degan konstitutsiyaviy normalarga muvofiqligini aniqlash lozim.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida har kimga malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanadi (29-moddaning birinchi qismi), O‘zbekiston Respublikasida barcha mulk shakllarining teng huquqliligi va huquqiy jihatdan himoya qilinishi ta’minlanadi (65-moddaning ikkinchi qismi), shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarga malakali yuridik yordam ko‘rsatish uchun advokatura faoliyat ko‘rsatadi (141-moddaning birinchi qismi). 

Sud majlisida Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari M.Tillaboyev va bo‘lim boshlig‘i O.Norboyev Konstitutsiyaviy sudga mazkur masalani kiritishga asos bo‘lgan holatlar, shuningdek boshqa vajlar, dalillar va ma’lumotlarni bayon qildi. 

Ko‘rib chiqilgan masala yuzasidan Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi J.Shirinov, Adliya vazirligi Notariat, advokatura va mediatsiya boshqarmasi  boshlig‘i M.Hatamov, Advokatlar palatasi raisi Sh.Sadikov, “FORSE OF JUSTICE” advokatlik byurosi direktori A.Vaxabov, “Yuristkadr” advokatlik firmasi rahbari S.Muxtaraliyev, Konstitutsiyaviy sud huzuridagi Ilmiy-maslahat kengashi a’zosi F.Otaxonovlar o‘zlarining fikr va mulohazalarini bildirishdi. 

Konstitutsiyaviy sud muhokama qilinayotgan masala yuzasidan tomonlar, mutaxassislar va ekspertlarning fikr-mulohazalarni eshitib, masalani chuqurroq o‘rganish va ishga oid materiallarni har tomonlama tahlil qilish va shundan keyingina bir to‘xtamga kelish mumkin degan xulosaga keldi. 

Raislik qiluvchi tomonidan Konstitutsiyaviy sud majlisi 2026-yil 12-iyun kuni davom etishi ma’lum qilindi.

 

O‘zbekiston Respublikasi

Konstitutsiyaviy sudi 

Powered by GSpeech