Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

YANGI O‘ZBEKISTONDAGI BUYUK UYG‘ONISH NASIMLARI

Yaqinda taniqli o‘zbek siyosatshunosi va publitsisti, davlat va jamoat arbobi Qudratilla Mirsagatovich Rafiqovning «Millat shavkati» kitobi nashrdan chiqdi va uning ilk taqdimoti Jizzax viloyatining Zomin tumanida bo‘lib o‘tdi. Ushbu ma’naviy-ma’rifiy tadbir, xuddi uni o‘tkazishga asos bo‘lgan salmoqli kitobning o‘zi singari, mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy hayotida muhim voqeadir.

Yanada muhimi, ayni muhtasham asar O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35-yilligiga mo‘jaz va munosib sovg‘a bo‘ldi. Zero, bugungi kunda Yangi O‘zbekistonda milliy davlatchilik taraqqiyotini faqat iqtisodiy yoki siyosiy ko‘rsatkichlar bilan emas, balki millat tafakkuri va dunyoqarashi, ijtimoiy ongi va ma’naviy yuksalishi darajalari bilan ham baholash tendensiyasi tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shu nuqtayi nazardan qaraganda, «Millat shavkati» asari so‘nggi ikki yilda chop etilgan 12 publitsistik maqolaning shunchaki bir to‘plami emas, balki Yangi O‘zbekistonda kechayotgan keng qamrovli, shiddatli va tizimli islohotlarning ijtimoiy-siyosiy, huquqiy-falsafiy va ma’naviy-madaniy mazmunini anglashga xizmat qiluvchi yaxlit hamda salmoqli tahliliy mazmundagi siyosiy-publitsistik asardir.

Gap shundaki, biz muallifning yettinchi kitobi taqdimotida ishtirok etdik va bu asarlarning barchasi siyosiy publitsistika janriga mansub.

Siyosiy publitsistikaning xususiyatlari nimalardan iborat?

Siyosiy publitsistikaning asosiy o‘ziga xos xususiyatlari:

  • uning davr bilan hamnafasligi, ya’ni dolzarbligi;

  • ommaviyligi va ta’sirchanligi;

  • zamon ruhining aks ettirilishi;

  • shaxsiy va tarixiy tajribaning umumlashtirilishi;

  • shaxsiy munosabatning ochiq bildirilishida namoyon bo‘ladi.

Siyosiy publitsistika janrida ijtimoiy-siyosiy voqealar shunchaki bayon qilinmaydi, balki ularga baho beriladi. Shu yo‘l bilan siyosiy publitsistika jamoatchilik fikrini tizimli shakllantirishga xizmat qiladi.

Siyosiy publitsistikaning quyidagi 4 ta asosiy xususiyatini muxtasar tahlil qilib ko‘ramiz.

Birinchi xususiyati – ijtimoiy-siyosiy dolzarblik. Bu o‘rinda avvalo tezkorlik omiliga e’tibor qaratish darkor. Negaki, siyosiy publitsistika orqali muallif jamiyatdagi eng muhim va yangi siyosiy jarayonlarga zudlik bilan munosabat bildiradi. Siyosiy publitsistikaning ijtimoiy ahamiyati ham muhim bo‘lib, u shaxsiy muammolarni emas, butun jamiyat yoki davlat manfaatlariga daxldor mavzularni ko‘tarib chiqadi.

Ikkinchi xususiyati – ekspressivlik va ta’sirchanlik. Bunda, dastavval, siyosiy publitsistikaning emotsional jihatdan ta’sirchanligi nazarda tutilmoqda. Negaki, muallif ayni janrda o‘z pozitsiyasini his-tuyg‘ular, keskin tanqid yoki kuchli mantiqiy argumentlar orqali ifodalaydi. Siyosiy publitsistikaning da’vatkorligi ham e’tiborga loyiq bo‘lib, u ommani muayyan siyosiy g‘oya atrofida birlashishga, islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga yoki nohaqlikka qarshi turishga chaqiradi.

Uchinchi xususiyati – til va uslub rang-barangligi. Xususan, siyosiy terminologiyadan unumli foydalanilgan holda, matnda diplomatik, huquqiy va siyosiy atamalar faol qo‘llanadi. Ayni chog‘da, badiiylik va majoziylik ham e’tibordan chetda qolmaydi. Siyosiy publitsistikada fikrni xalqchil va tushunarli qilish uchun xalq maqollari, tarixiy shaxslar hayotidan misollar, o‘xshatish va kinoyalardan samarali foydalaniladi.

To‘rtinchi xususiyati – subyektivlik va ochiqlik. Siyosiy publitsistikada muallif pozitsiyasi yorqin ko‘rinadi. Siyosiy publitsist voqealar ortiga yashirinmaydi, aksincha, uning "men"i, siyosiy qarashlari va dunyoqarashi matnda yaqqol sezilib turadi. Bundan tashqari, tahliliy yondashuv chuqur va qamrovdor bo‘lib, voqealarning sabab va oqibatlari tahlil qilinadi hamda kelajakdagi siyosiy prognozlar ilgari suriladi.

Beshinchi xususiyati – siyosiy publitsistika zamon ruhiga hamohangligi va bashorat qilish layoqati bilan ham ajralib turadi.

«Millat shavkati» kitobi Qudratilla Rafiqovning so‘nggi 6-yilda chop ettirgan 6 ta asarining mantiqiy davomidir. Ushbu kitob muallifning 2024-2026-yillarda yirik davriy nashrlarda, xususan, «Xalq so‘zi» gazetasida e’lon qilingan hamda keng jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lgan shov-shuvli maqolasiga asoslangan.

Bu kitobda muallifning keng mushohada, chuqur tahlil va hayotiy kuzatuvlarga asoslangan publitsistik maqolalari jamlangan bo‘lib, ular o‘quvchini Yangi O‘zbekistonning buguni va ertasi haqida mustaqil fikr yuritishga undaydi. Asarning bosh g‘oyasi shundan iboratki, mamlakat taqdiri har bir fuqaroning shaxsiy mas’uliyati bilan chambarchas bog‘liqdir.

Muallif davlat qurilishini faqat infratuzilma yoki iqtisodiy o‘zgarishlar bilan emas, balki inson tafakkuri va dunyoqarashining o‘zgarishi bilan bog‘laydi. Kitobdan 12 maqola joy olgan va dastlabki maqolalarda Toshkent shahrida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari misolida tashqi qiyofa ortida jamiyat ruhiyati va milliy o‘zlikni anglash jarayoni tahlil qilinadi. Bunday yondashuv jahon siyosatshunosligidagi «nation building», ya’ni “millat qurilishi” nazariyasi bilan hamohangdir.

Ilmiy-nazariy jihatdan ta’rif beradigan bo‘lsak, «Nation building» (“millat qurilishi”) — tarqoq ijtimoiy guruhlar, qabilalar yoki etnik jamiyatlarni yagona, barqaror va mustaqil siyosiy tizimga (davlatga) birlashtirish jarayonidir.

Bu nazariyaning asosiy maqsadlari:

birinchidan, milliy o‘zlikni yaratish, shu maqsadda aholida ma’lum bir davlatga tegishlilik tuyg‘usini shakllantirish;

ikkinchidan, ijtimoiy jipslikka erishish uchun til, madaniyat va umumiy qadriyatlar orqali ichki nizolarning oldini olish;

uchinchidan, legitimlikni, ya’ni davlat institutlari va qonunlariga nisbatan xalq ishonchini ta’minlashdan iboratdir.

Ayni nazariyani amalga oshirish vositalariga quyidagilar kiradi:

  • ta’lim tizimi: yagona davlat tili, madaniyati va tarixni o‘rgatish;

  • ramzlar: davlat bayrog‘i, gerbi, madhiyasi va milliy bayramlarni joriy etish.

  • infratuzilma: hududlarni iqtisodiy va transport jihatdan bog‘lash.

Shu nuqtayi nazardan, Qudratilla akaning «Millat shavkati» asarining muhim jihati shundaki, muallif qamrovdor islohotlarning huquqiy yoki ma’muriy jihatlarini shunchaki takrorlashdek oddiy bayonchilik uslubiga chalg‘ib va o‘ralashib qolmaydi. Aksincha, ayni yangilanishlarning inson ongi, ijtimoiy munosabatlar va milliy g‘urur shakllanishiga ta’sirini chuqur ochib beradi. Bu, o‘z navbatida, kitobni nafaqat o‘tkir siyosiy publitsistik asar, balki noyob ijtimoiy-falsafiy va siyosiy-sotsiologik tadqiqot sifatida ham munosib baholash imkonini beradi.

Bugungi kunda Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining markazida «Inson qadri uchun» tamoyili turganini yaxshi bilamiz va teran anglaymiz. Mazkur kitobda ham aynan inson, uning tafakkuri, fuqarolik mas’uliyati va Vatan taqdiriga daxldorlik hissini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgani tahsinga sazovor.

Muallif asar davomida mamlakatimizdagi qurilishlar, jamoat tashkilotlari faoliyati, mehnat munosabatlari, milliy manfaat, fuqarolik jamiyati va davlat boshqaruvidagi o‘zgarishlarni bir-biri bilan bog‘liq jarayon sifatida tahlil qiladi. Bu, o‘z-o‘zidan, kitobning dolzarbligi va mavzular bo‘yicha yaxlitligini ta’minlaydi.

Shu ma’noda, kitob mamlakatimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar, inson huquqlarini ta’minlash, ijtimoiy davlat qurish, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish kabi ustuvor yo‘nalishlarning ma’naviy asoslarini anglashga ham xizmat qiladi.

Ayniqsa, muallifning xalq va davlat o‘rtasidagi ishonchni taraqqiyotning asosiy kapitali sifatida talqin qilishi bugungi siyosatshunoslikda dolzarb bo‘lgan “ijtimoiy kapital” nazariyasi bilan hamohang ekanligini ta’kidlash joiz.

Ushbu nazariyaning mazmun-mohiyati nimada?

Ijtimoiy kapital — bu jamiyatdagi insonlar, guruhlar va institutlar o‘rtasidagi ishonch, umumiy qadriyatlar hamda ijtimoiy tarmoqlar (aloqalar) tizimi bo‘lib, ular hamkorlikni va jamiyat rivojini ta’minlaydi.

Bugungi siyosatshunoslikda ushbu nazariya davlat boshqaruvi samaradorligi, demokratiya barqarorligi va iqtisodiy o‘sishni tushuntiruvchi asosiy omillardan biri hisoblanadi.

Asarda ko‘tarilgan asosiy g‘oyalar haqida fikr yuritganda, dastavval, Amir Temur davri buyukligi va bugungi kundagi «Yangi O‘zbekiston» g‘oyasi o‘rtasidagi ma’naviy-mantiqiy va mafkuraviy bog‘liqlik mahorat bilan ochib berilganini alohida ta’kidlash lozim. Shu bilan birga, milliy g‘ururni shakllantirish, Yangi O‘zbekistondagi islohotlarning qadriga yetish, tarixiy xotira va O‘zbekistonning davlat ramzlarini (xususan, Davlat gerbini) modernizatsiya qilish masalalari dadil hamda asosli tahlil etilgan.

 Muallifning gerbni sobiq sovet mafkurasi merosidan tozalash va zamonaviy taraqqiyotga moslashtirish haqidagi fikrlari ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgani bejiz emas. Shu voqelikning o‘zi ham kitobdagi mushohadalarning nechog‘lik jonli va hayotiyligidan dalolatdir.

Kaminaning ushbu kitob tahliliga bag‘ishlangan “Yangi O‘zbekiston – kechagi O‘zbekiston emas, bugungi xalqimiz ham kechagi emas” sarlavhali maqolasi “Xalq so‘zi” gazetasining 2026-yil 6-iyul sonida e’lon qilingan. O‘sha maqolada qayd etganimdek, kitobda “gerbimizdagi chambarakka alvon-la o‘ralgan «iftixorimiz ramzi» bo‘lgan paxta va g‘alla tasvirlari” muammosi yuzasidan mushohada yuritar ekan, muallif mutlaqo haq, deb o‘ylayman.

Bir tomondan, Yangi O‘zbekiston – paxta xomashyosi yetkazib beradigan qandaydir qaram o‘lka emas. Yurtimizda “paxta – oq oltin” deb hisoblanmay qo‘yilganiga ham ancha muddat bo‘ldi. Bugun voyaga yetayotgan farzandlarimizning uchtasidan biri, hoynahoy, paxta nimaligini bilmasligi ham tayin. G‘alla ham milliy timsolimiz emas, donning ehtiyojimiz uchun zarur qismini boshqa davlatlar qatori chetdan xarid qilamiz.

Ikkinchi tomondan, paxta va g‘alla tasvirlari «iftixorimiz ramzi» sifatida Davlat gerbiga eski gerbdan shundoqqina ko‘chirib olingan davrda bugungi dorilomon kunlarga yetajagimiz ham ko‘pchilikning tushiga kirmagan bo‘lsa kerak. Nega deganda, o‘sha vaqtlarda 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan o‘zbeklarning hayoti paxta dalasida o‘tgan. Institut, texnikum va maktablar taqa-taq yopilgan, nafaqat o‘quvchi-talaba va o‘qituvchilar, balki barcha ishchi-xizmatchilar yig‘im-terimga yalpi safarbar qilingan. Bayramlar, konsert va to‘ylar to‘xtatib qo‘yilgan. Oynayi jahon va radioning sanoqli kanallari ertadan-kechgacha faqat “chevar qo‘llar” hamda “zangori po‘lat etak”lar orqali terilgan hosil miqdori haqida gapirgan...

Bugun unday emas. Bugungi O‘zbekiston – kechagi O‘zbekiston emas, bugungi xalqimiz ham kechagi, ya’ni paxta dalasidan boshqa tashvishi bo‘lmagan xalq emas. Bugun Yangi O‘zbekistonning davri, yagona O‘zbekiston xalqining yangicha zamoni keldi. Binobarin, hammasi shunga mos ravishda YANGI bo‘lganiga ne yetsin!?.

Har qanday kitobning haqiqiy qiymati u kitobxonni o‘ylashga, mushohada qilishga, bahslashishga va mustaqil xulosa chiqarishga unday olishi bilan belgilanadi. Binobarin, «Millat shavkati» aynan shunday yetuk siyosiy-tahliliy asarlar jumlasidandir.

Ta’bir joiz bo‘lsa, ushbu kitobda Prezident Shavkat Mirziyoyevning boshqaruv laboratoriyasi chuqur ochib berilgan. Muallif e’tirof etganidek, “kuchli liderlar har qanday “o‘tish davri”da asosiy e’tiborni xalqning, millatning, jamiyatning tafakkurini o‘zgartirishga, o‘zi orzu qilgan ulkan maqsadlarga uyg‘unlashtirishga harakat qiladi, buni islohotlarining poydevori sifatida talqin etadi”.

Muallifning o‘ziga xos uslubi — tarixiy misollar, siyosiy tahlil va hayotiy kuzatuvlarni birlashtirgan holda, Yangi O‘zbekistonning buguni va istiqboliga oid tarixiy voqeliklarni sodda, ravon tilda bayon qilishi kitobning keng kitobxonlar ommasiga manzur bo‘lishiga xizmat qiladi.

Kitob avvalida ta’kidlanganidek, “bu tarixni barchamiz – O‘zbekiston xalqi birga bitmoqda. Uning shonli, yorqin bo‘yoqlarga boy bo‘lishida har birimizning hissamiz bo‘lishi lozim. Millatning ulg‘ayishi uchun har birimiz daxldormiz. Buning uchun insonda buyuk tuyg‘u – vatanparvarlik bo‘lishi kerak”.

Yana bir alohida jihat: kitobda Prezidentimiz tashabbusi bilan keyingi yillarda Markaziy Osiyo mintaqasi xalqaro maydonda o‘ziga xos qiyofaga ega mintaqa va alohida huquqiy subyekt maqomida namoyon bo‘layotgani teran talqin etilgan. Muallif bu borada so‘z yuritar ekan, AQSH eksperti Jennifer Brik Murtazashvilining quyidagi fikrlarini keltirgan: “... Markaziy Osiyoni boricha ko‘rish vaqti keldi. Bu endi postsovet hududi emas. U Yevroosiyo. Men Markaziy Osiyoga postsovet prizmasi orqali qarab kelingan deb o‘ylayman, unga Yevroosiyo superkontinentining yuragi sifatida qaralmadi...”

Kitob sahifalaridan yurtimiz kasaba uyushmalari faoliyatiga oid maqolalar ham o‘rin olgani bejiz emas. Chunki ayni vaqtda Q.Rafiqov O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining a’zosi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashining raisi hisoblanadi.

Aytmoqchimizki, muallif mohir siyosatchi sifatida faqat kitoblar yozish bilangina mashg‘ul emas. Aksincha, Q.Rafiqov Prezident Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan xalqchil siyosatni davlat hokimiyatining qonun chiqaruvchi tarmog‘i va fuqarolik jamiyati instituti tizimlaridagi o‘zining amaliy faoliyati bilan izchil qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

Xususan, Q.Rafiqovning bevosita rahbarligida Yangi O‘zbekistonning Yangi kasaba uyushmalari shakllandi, deyishga barcha asoslar bor. O‘tgan o‘n yillik davrda kasaba uyushmalari faoliyatiga doir huquqiy asoslar takomillashtirildi. Ayniqsa, 2019-yil 6-dekabrda “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi Qonun imzolangani hamda 11-noyabr – Kasaba uyushmalari kuni deb belgilangani muhim voqea bo‘ldi.

Yurtimizda ilk bor ish haqi uchun mintaqaviy va tarmoq koeffitsiyentlari, shuningdek, iqlim va yashash sharoitlari og‘ir va noqulay bo‘lgan hududlarda ishlash uchun xodimlarga qo‘shimcha ta’tilning minimal davomiyligi tasdiqlandi. Kasaba uyushma inspeksiyalari qayta tiklandi. Eng muhimi, mamlakatimizda bolalar mehnati va majburiy mehnat bartaraf etildi.

«Millat shavkati» kitobida atoqli davlat arboblari, siyosatshunoslar va olimlar, shoir va adiblardan iqtiboslar keltirilgan.  Muallif ulug‘ Sohibqiron Amir Temur kabi shavkatli ajdodlarimizning ibratli tuzuklari, Zangi ota singari aziz-avliyolarimizning hikmatlari, jadid bobolarimizning ezgu amallariga murojaat qilgan holda, tarixdan saboq chiqarish muhimligini uqtiradi.

Ishonchim komilki, mazkur kitob nafaqat siyosatshunoslar, davlat boshqaruvi sohasi mutaxassislari va olimlar, balki talabalar, yosh tadqiqotchilar hamda mamlakat taqdiriga daxldorlik hissini chuqur anglashni istagan har bir kitobxon uchun muhim manbadir.

Shu o‘rinda asarni mutolaa qilish asnosida tug‘ilgan 3 ta ilmiy xulosa va 3 ta amaliy taklifimni bildirmoqchiman.

Birinchi xulosa: «Millat shavkati» kitobi Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining ma’naviy-falsafiy asoslarini yorituvchi muhim siyosiy-publitsistik manba hisoblanadi. Muallif davlat siyosati, millat ruhiyati va fuqarolik mas’uliyati o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni ochib berishga muvaffaq bo‘lgan.

Ikkinchi xulosa: kitobda bayon etilgan ayrim fikrlarni yangi tahrirdagi Konstitutsiya, «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi hamda inson huquqlari sohasida qabul qilingan milliy strategiyalar bilan qiyosiy tahlil qilgan holda o‘rganish asarning ilmiy-amaliy ahamiyatini yanada kuchaytiradi.

Uchinchi xulosa: eng asosiysi, taniqli siyosatshunos Qudratilla Rafiqov o‘z kitoblarida, bir tomondan, Yangi O‘zbekistonni va ulug‘ Vatanimizning bunyodkor xalqini oshuftalik bilan tarannum etsa, ikkinchi tomondan, xalqimiz rahnamosi – Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning siyosiy portretini yaratish bilan bir qatorda, Yangi O‘zbekiston va Uchinchi Renessans zamonaviy loyihalari muallifi va asoschisi hisoblanuvchi davlatimiz rahbarining ma’naviy dunyosini ham ochib beradi.

Birinchi tavsiya. Kitob Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi tinglovchilari, universitetlarning huquqshunoslik va siyosatshunoslik yo‘nalishlarida tahsil oladigan talabalar uchun «davlatchilik tafakkuri», «siyosiy publitsistika» yoki «milliy taraqqiyot g‘oyalari» fanlariga qo‘shimcha adabiyot sifatida tavsiya etilishi o‘rinlidir.

Ikkinchi tavsiya. Kitobni ingliz va rus tillariga ilmiy tahrir asosida tarjima qilish lozim. Shunda uni bevosita o‘rganish imkoniga ega bo‘ladigan xorijiy tadqiqotchilar uchun ham Yangi O‘zbekistondagi islohotlarning ma’naviy va siyosiy mohiyatini anglash imkoniyati kengayadi.

Uchinchi tavsiya. Muallifning nafaqat «Millat shavkati» kitobi, balki boshqa siyosiy-publitsistik asarlarini ham O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Kengashi sihatgohlarida o‘qitishni yo‘lga qo‘yish lozim, deb o‘ylayman.

Bu xulosa va tavsiyalar kaminaning subyektiv fikrlaridir. Zero, tarixdagi barcha buyuk ishlar yurtga, xalqqa, umumma’noda aytganda, insoniyatga muhabbat negizida dunyoga kelgan.

 

Akmal SAIDOV,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik

“Yangi Oʻzbekiston” gazetasining 2026-yil 24-iyul kungi 149(1748)-soni 

Nashr sanasi 24.07.2026 Ko'rishlar 63
Ulashish