30-iyul – Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni
Kuni kecha Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT) jinoyatchilar butun dunyo bo‘ylab yuz minglab odamlarni tez sur’atlarda o‘sib borayotgan onlayn firibgarlikka jalb qilayotganini ma’lum qildi. XMTning bu ogohlantirishi 30-iyulda nishonlanadigan Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni arafasida yangradi.
Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, firibgarlik qurbonlarini odatda chet elda ish taklif qiluvchi soxta e’lonlar bilan jalb qilishadi. Belgilangan joyga yetib kelgach, ularning hujjatlari olib qo‘yiladi, qo‘riqlanadigan majmualarda qamab qo‘yiladi, doimiy kuzatuv ostida saqlanadi hamda zo‘ravonlik, tahdidlar va qarzga botirish yo‘li bilan internetdagi firibgarlik sxemalarida ishtirok etishga majburlanadi. Keyinchalik ularning ko‘pchiligi qiynoqqa solingani, jinsiy zo‘ravonlikka uchragani, och qoldirilgani va yakka tartibdagi qamoqda saqlanganini ma’lum qilgan.
Jinoiy faoliyatga majburlash maqsadidagi odam savdosi ko‘lami kengayishiga javoban, XMT Osiyo-Tinch okeani mintaqasi uchun 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan yangi Mintaqaviy chora-tadbirlar strategiyasini taqdim etdi. Hujjatda jabrlanuvchilar himoyasini kuchaytirish, profilaktika, transchegaraviy hamkorlik hamda jinoiy tarmoqlar faoliyatiga chek qo‘yish uchun sheriklik aloqalarini mustahkamlash ko‘zda tutilgan.
XMT 2022-yildan 2024-yilgacha 39 mamlakatdan, jumladan Indoneziya, Hindiston, Shri-Lanka, Efiopiya, Keniya va Bangladeshdan bo‘lgan 3500 dan ortiq odam savdosi qurboniga yordam ko‘rsatdi.
XMT qurbonlarni ozod qilish birinchi qadam, xolos, deb ta’kidlaydi. Majburan ushlab turish oqibatlari – og‘ir ruhiy jarohat, jamiyatda tamg‘alanish (stigmatizatsiya), hujjatlarsiz qolish va jinoiy javobgarlikka tortilishdan qo‘rqishdir. Tashkilot ularga himoyaga erishish, vataniga qaytish va jamiyatga qayta moslashishda yordam beradi, shuningdek, hukumatlar va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlik qiladi.
XMT mamlakatlarni odam savdosi qurbonlarini himoya bilan ta’minlash, ularning xavfsiz qaytishi va jamiyatga qayta moslashuvini kafolatlash orqali qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga, ayni vaqtda, odamlar xavf-xatarlarni anglab yetishi va yordam uchun qayerga murojaat qilishni bilishi uchun odam savdogarlarining usullari haqida xabardorlikni oshirishga qaratilgan kampaniyalarni kengaytirishga chaqiradi.
Dunyo jamoatchiligini global muammo sifatida tashvishga solayotgan — odam savdosi kabi illatlarning uchrab turishi o‘ta achinarlidir. Nega deganda, odam savdosi tufayli jismoniy shaxsning tovarga aylanishi mazkur qilmishning naqadar xavfliligi va o‘ta jirkanchligidan dalolat beradi.
Millat ham, chegara ham tanlamaydigan ushbu ijtimoiy xavfli qilmish tufayli yosh bolalar hamda ayollarning ham odam savdosi qurboniga aylanayotganiga aslo befarq qarab bo‘lmaydi. Shu ma’noda, odam savdosiga qarshi kurashish BMTning dolzarb faoliyat yo‘nalishlaridan biriga aylangani bejiz emas.
Buning dalili sifatida BMT odam savdosiga qarshi kurashish yuzasidan global reja qabul qilganini aytish mumkin. Ushbu hujjatda barcha davlatlar hamkorligini ta’minlash masalasi olg‘a surilgan, zamonaviy qullikni yo‘q qilish maqsadida jahon hamjamiyati birlashishga da’vat etilgan.
Milliy va xalqaro ekspertlar qayd etganlaridek, bugungi globallashuv sharoitida odam savdosi jinoyati nafaqat ayrim shaxslar, balki butun jamiyat xavfsizligi va barqarorligiga tahdid solmoqda. Dunyo bo‘yicha har yili millionlab insonlar odam savdosining qurboniga aylanmoqda va bu boradagi tashvishli raqamlar oshib bormoqda.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonning xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar bilan o‘zaro hamkorlik aloqalari yanada mustahkamlandi. Mamlakatimizda jismoniy va yuridik shaxslar xorijga chiqishining qonuniy tartibi yo‘lga qo‘yildi, bu boradagi huquqiy asoslar yanada takomillashtirildi. Shu asosda tadbirkorlik, tijorat ishlari, sayyohlik, o‘qish yoki ishlash maqsadida xorijiy davlatlarga borayotgan yurtdoshlarimizning huquq va manfaatlari himoyasi to‘liq ta’minlanmoqda.
O‘zbekistonda ushbu illatga qarshi kurashish borasida ham huquqiy, ham tashkiliy jihatdan tizimli ravishda salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, “Odam savdosiga qarshi kurash to‘g‘risida”gi qonun yangi tahrirda qabul qilindi, odam savdosiga oid jinoyatlar, bolalar mehnati va majburiy mehnat uchun javobgarlik choralari kuchaytirildi, milliy darajada odam savdosidan jabrlangan shaxslarni identifikatsiya qilish va qayta yo‘naltirish tizimi joriy etildi, O‘zbekistonda odam savdosiga qarshi kurashish konsepsiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi hamda ijro etilmoqda.
Bu haqda so‘z borganda, keyingi yillarda mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida barcha sohalarda, eng avvalo, inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash yo‘nalishida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidlash lozim. Bu yo‘nalishda parlament, hukumat va fuqarolik jamiyati institutlarining amaliy hamkorligi mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi.
Buning natijasida turli xavf-xatarlarga, shu jumladan odam savdosiga qarshi kurashish yo‘nalishida sezilarli yutuqlarga erishildi. Jumladan, odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha milliy qonunchilik takomillashtirildi, oxirgi 7-yilda ushbu yo‘nalishda 40 taga yaqin normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi.
Haqiqatan ham, yurtimizda odam savdosiga qarshi kurashishning mustahkam huquqiy asoslari yaratilgan. Fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, odam savdosiga qarshi kurashish, undan jabrlangan shaxslarni har tomonlama himoya qilish, majburiy mehnatning oldini olish va unga to‘liq barham berishning tashkiliy, huquqiy asoslarini mustahkamlash, bu borada davlat va nodavlat tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish, shuningdek, mazkur yo‘nalishlarda faoliyat yuritayotgan xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.
O‘zbekiston BMTning Odam savdosi va uchinchi shaxslar tomonidan fohishabozlikdan foydalanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyasiga 2003-yil 18-dekabrda qo‘shilgan. O‘z navbatida, 2008-yil 17-aprelda “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni amalga kiritilgan.
Inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblangan yurtimizda odam savdosi jinoyatiga qo‘l urgan kimsalarga nisbatan sudlar tomonidan qonuniy va adolatli jazo tayinlamoqda. Natijada qilmishga nisbatan jazoning muqarrarligi ta’minlanayotganini qayd etish darkor.
Bundan tashqari, milliy qonunchilikni odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirish bo‘yicha bir qator muhim chora-tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, qisqa davrda:
-
majburiy mehnatga barham berildi;
-
odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi ishlar tizimlashtirildi;
-
xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarimizning huquqiy himoyasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi;
-
o‘zbek paxtasiga qo‘yilgan boykot bekor qilindi;
-
xalqaro reyting va indekslarda O‘zbekistonning o‘rni yaxshilandi.
Mamlakatimizda majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan ishlar nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan yuqori baholangani va boshqa davlatlar uchun namuna sifatida e’tirof etilgani tahsinga sazovor.
Ayni chog‘da, O‘zbekistonda munosib mehnat tamoyillarini ilgari surish va yurtimizning barcha hududlarida ommalashtirish, mehnat munosabatlari sohasida xalqaro standartlarni keng joriy qilish hamda odam savdosiga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha amaliy ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Shu bilan birga, mamlakatimiz ijobiy imijini xalqaro maydonda faol ilgari surish masalasi tobora ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Buning uchun odam savdosi, majburiy mehnat va korrupsiyaga qarshi kurashish, huquq ustuvorligini ta’minlash kabi sohalarda O‘zbekiston jahon hamjamiyatining faol hamda namunali a’zosi sifatida o‘zini ko‘rsatishi kerak.
Prezidentimiz 2023-yil 30-iyunda qabul qilingan “Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida belgilab berilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishdan ko‘zlangan maqsad ham shundan dalolat berib turibdi. Ushbu hujjat odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurash sohasida, mamlakatimizning xalqaro maydondagi ijobiy imijini olg‘a surishda davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirishning ta’sirchan yangicha tizimini yaratish uchun xizmat qilmoqda.
Binobarin, odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida ham kechagi uslub, qotib qolgan qarashlardan voz kechish fursati allaqachon yetgan edi. Bugun odamlardan, Internetdan hech narsani yashirib bo‘lmaydi. Joylarda goh tibbiyot xodimlari, goh o‘qituvchilar, gohida esa tarbiyachilar turli xo‘jalik ishlariga majburiy ravishda jalb etilgani haqidagi xabarlar qulog‘imizga chalinib qoladi.
Bunday ma’lumotlarning biri tasdig‘ini topmayotgan bo‘lsa, tasdig‘ini topgan holatlarda tegishli mas’ul shaxslar qonun oldida javobgarlikka tortilmoqda. Qachonki, joylarda har bir katta-kichik rahbar bu masalada ham yangicha fikrlab, bugungi islohotlar talabiga mos ish olib borsa, shunda odam savdosi va majburiy mehnatni bartaraf etish bo‘yicha ishlarimiz samaradorligi yanada yuqori bo‘ladi.
Darvoqe, 30-iyul kuni – Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuniga bag‘ishlab muhim huquqiy va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish yaxshi an’anaga aylandi. Bunday uchrashuv va muloqotlar doirasida milliy, xorijiy va xalqaro ekspertlar ayni mavzuda o‘zaro fikr almashishlariga qulay sharoitlar yaratilmoqda.
Ushbu xalqaro sananing tarxiga muxtasar to‘xtalamiz. Ma’lumki, 2010-yil 30-iyulda BMTning Bosh Assambleyasi 64/293-rezolyutsiyasi bilan Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha BMTning Global harakat dasturi qabul qilingan. Mazkur Harakat dasturida ushbu jinoyatning oldini olish, jabrdiydalarning himoyasi, jinoyatchilarni ta’qib etish va barcha yo‘nalishlarda hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan. O‘z navbatida, 2013-yili BMT tomonidan 30 iyul – Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni, deb e’lon qilingan.
Yangi O‘zbekistonning bu boradagi davlat siyosati milliy salohiyatdan unumli foydalanish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga tayanishi juda muhim. Xususan, 2026-yil 30-iyunidan – 30-iyuliga qadar mamlakat miqyosida «30 kun – hamkorlikda odam savdosiga qarshi kurashish oyligi» tashkil etilib, aholi gavjum joylarda (aeroport, vokzallar) manzilli tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Bu haqda so‘z borganda, yurtimizda 2025-yil yakunlari va 2026-yilning birinchi choragida odam savdosi bilan bog‘liq jami 177 ta jinoyat ishi qayd etilganiga e’tibor qaratish lozim. Ichki ishlar vazirligi va Oliy Majlis Senati huzuridagi Milliy komissiya ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda majburiy mehnat va chaqaloqlar savdosi sezilarli darajada kamaygan bo‘lsa-da, shahvoniy ekspluatatsiya va raqamli texnologiyalar orqali aldash holatlari asosiy xavf sifatida saqlanib qolmoqda.
«Ijtimoiy fikr» markazining tizimli monitoring natijalariga qaraganda, mamlakatimizda:
-
87% fuqarolar odam savdosini jamiyat uchun jiddiy tahdid deb hisoblaydi;
-
61.3% aholi odam savdosi xavflari haqida to‘liq va yetarli darajada ma’lumotga ega;
-
73.1% respondentlar davlat va OAVning faolligi sababli so‘nggi 5-yilda ushbu illatga qarshi kurashish muhiti sezilarli darajada yaxshilanganini e’tirof etgan.
G‘ulom MIRZO
