Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

MOZIYDAN KELAJAK SARI

(Iqtisodiyot fanlari doktori, professor Sharofiddin Nazarovning “Evrilish nuqtalari: tarix va kelajak” kitobi to‘g‘risida mulohazalar)

 

Tarix – eng katta ustoz. Har bir xalq o‘z o‘tmishini teran o‘rgansa, ishonchli manbalar asosida moziy haqiqatlarini anglasa va ulardan ibratli xulosalar chiqarsa, to‘g‘ri yo‘ldan adashmay, farovonlik, baxt va saodat manzillari sari ildam qadam tashlaydi. Iqtisodiyot fanlari doktori, professor Sharofiddin Nazarov ham xalqimizning olis tarixiga nazar tashlab, o‘zining uzoq yillik o‘rganishlari va izlanishlarini umumlashtirib, moziy taloto‘plarini – elimiz o‘tmishining tanazzulu yuksalishlarini tahlil qilib, sermazmun va ta’sirchan kitob yozibdi. 2026-yilda “Firdavs-shoh” nashriyotida chop etilgan ushbu kitob “Evrilish nuqtalari: tarix va kelajak” deb nomlangan.

Kitobga davlatimiz rahbari Sh. M. Mirziyoyevning quyidagi so‘zlari epigraf qilib olingan: “Tarixni bilmasdan, o‘tmishni o‘rganmasdan turib kelajakni qurib bo‘lmaydi. Agar biz o‘z tariximizni yoshlarimizga to‘g‘ri o‘rgatsak, ularda milliy g‘urur va iftixor tuyg‘usi shakllanadi. Bu esa har qanday yot g‘oyalarga qarshi eng kuchli qalqondir”.

Fikrimizcha, muallifning ushbu kitobni yozishdan ko‘zlagan asosiy maqsadi, kitobning tub mazmun-mohiyati mazkur epigrafda to‘la ifodasini topgan. Ya’ni muallif asarda tarixiy voqea-hodisalarni sarhisob qilishnigina emas, balki ulardan yurtimiz istiqboli uchun manfaatli xulosalar chiqarishni ham maqsad qilgan.

Kitob O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35-yilligi hamda Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690-yilligiga bag‘ishlanganida esa o‘ziga xos mantiq mujassam. Ulug‘ hukmdor Amir Temur diyorimizda Ikkinchi Renessansni barpo etgan bo‘lsa, bugungi kunda erkin va mustaqil Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessans poydevori yaratilmoqda. Ushbu kitob xalqimizni yangi yuksalish va uyg‘onish davri sari ilhomlantirishi bilan ham ahamiyatlidir.

Kitob muallifi Sharofiddin Hakimovich Nazarov 1960-yilda Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida tug‘ilgan. Mehnat faoliyati davomida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tizimida, davlat boshqaruvi organlarida, shu jumladan Qashqadaryo viloyati hokimi o‘rinbosari sifatida iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda faol ishtirok etgan. Hozirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi lavozimida ish olib bormoqda.          Sh. Nazarov deputatlik bilan bir qatorda ilmiy-pedagogik faoliyatini ham davom ettirmoqda. Uning ilmiy tadqiqotlari mamlakatimizda milliy hisoblar tizimini joriy etish, makroiqtisodiy prognozlashtirish va hududlarni strategik rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan. 200 dan ortiq ilmiy va publitsistik maqolalari, qator monografiya va o‘quv qo‘llanmalari chop etilgan.

Iqtisodchi olim Sh. Nazarov “Evrilish nuqtalari: tarix va kelajak” kitobida o‘zbek milliy davlatchiligining Amir Temur saltanatidan boshlab to hozirgi kungacha bo‘lgan murakkab tarixiy yo‘lini aynan iqtisodiy nuqtayi nazardan tahlil qilgan. Kitobda xalqimiz tarixidagi tub o‘zgarishlarga sabab bo‘lgan siyosiy hodisalar – muallif ta’biri bilan aytganda “evrilish nuqtalari”ning iqtisodiy negizlari tadqiq etilgan.

Masalan, mamlakatimizning sovet hokimiyati davridagi tarixini tahlil qilar ekan, muallif quyidagi asosli fikrlarni ta’kidlagan: “O‘zbekistonning sovet davri iqtisodiy tarixidagi eng katta bo‘shliq, bu – respublika iqtisodiyotining ittifoq iqtisodiy salohiyati va rivojlanishidagi hissasiga haqiqiy ta’siri yashirilganligi hamda ishonchli ma’lumotlar asosida baholanmaganligidir. Umuman olganda, ittifoq tarkibida O‘zbekistonni iqtisodiy tanazzulga duchor etgan samarasizlik nafaqat iqtisodiy mexanizmlarning noto‘g‘ri ishlaganligi, balki iqtisodiyotda siyosiy va g‘oyaviy nazoratning kuchliligi, boshqaruv institutlarining inersiya bilan ishlashi, markazlashgan rejalashtirishdagi dogmatik yondashuvlarning “sirli zanjir” kabi yillar davomida yuzaga keltirgan tizimli muammolari va ularning oqibatlari edi, desak adolatdan bo‘ladi”.

Kitob ilmiy-ommabop uslubda yozilgan va xronologik tartibda joylashtirilgan, mantiqan bir-biri bilan uzviy bog‘langan va shakliga ko‘ra maqolani yodga soluvchi 18 paragrafdan iborat. Ayniqsa, “Yangi boshqaruv falsafasi”, “Tadbirkorlik fenomeni”, “Birlashtiruvchi kuch” nomli paragraflarda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar teran tahlil qilingan.

Masalan, “Yangi boshqaruv falsafasi” paragrafida muallif mamlakatimizda 2016-yildan boshlangan islohotlarning davlat boshqaruviga ta’sirini tahlil qilar ekan, davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish – bu nafaqat raqamlashtirish, balki, eng avvalo, amaldorlarning fikrlashi va dunyoqarashini o‘zgartirish bilan bog‘liq ekanini asoslab bergan. Boshqaruvdagi nomarkazlashuv, idoraviy to‘siqlarning parchalanishi va gorizontal aloqalarning o‘rnatilishi har bir qarorning oliy maqsadi – inson qadrini ulug‘lashni ta’minlashga hissa qo‘shishi ta’kidlangan.

Kitobning har bir paragrafiga alohida diqqatga sazovor epigraf berilgan. Bu epigraflar kitob muallifi aytmoqchi bo‘lgan mulohazalarni yanada ta’sirchan va tushunarli qilishga hissa qo‘shgan. Shu o‘rinda bir mulohazamiz ham bor: hikmatli so‘zlari epigraf qilib olingan davlat va jamoat arboblari, mutafakkir olimlarning shaxsini kitobxon uchun yanada aniqroq berish kerak edi. Masalan, kitobning “Evrilish nuqtasi” nomli paragrafida Malkolm Gladuellning: “Evrilish nuqtasi – bu g‘oya, trend yoki ijtimoiy xulq-atvor ma’lum bir chegaradan o‘tib, shiddat bilan tarqala boshlaydigan sehrli lahzadir”, – degan fikri berilgan. Albatta, bu insonni olimlar va ilg‘or ziyolilar tanishi mumkin, ammo oddiy kitobxonda “Malkolm Gladuell o‘zi kim?” degan tabiiy savol tug‘iladi. “Agar qo‘lingizdagi yagona asbob bolg‘a bo‘lsa, har qanday muammo sizga mix bo‘lib ko‘rinaveradi”, – degan aforizm muallifi Abraham Maslou yoki “Fikrlash orqali biz inqiroz, turg‘unlik, inqilob va urushlarning sababini ochib berishimiz kerak”, – degan hikmatli fikr egasi Bertold Brext haqida ham xuddi shunday mulohazani ta’kidlashimiz mumkin.

Kitob nomi nihoyatda o‘ziga xos: “Evrilish nuqtalari: tarix va kelajak”. Bu nomni o‘qiganda, eng avvalo, Frans Kafkaning “Evrilish” hikoyasini eslaymiz. F. Kafkaning ushbu hikoyasi o‘zbek tiliga tarjima qilinib, bir necha marta chop etilgan. Ayniqsa, mahoratli tarjimon Erkin Ernazarov “Evrilish” hikoyasini maromiga yetkazib tarjima qilgan. Kafkaning o‘zbek tiliga o‘girilgan hikoyalari to‘plam holida aynan “Evrilish” nomi bilan 2021-yilda nashr etilgan. Mazkur hikoyalar to‘plamiga so‘zboshi yozganimda mashhur nemis faylasufi Fridrix Nitsshening “Mangulik emas, mangu yashab qolish muhim” degan so‘zlaridan iqtibos keltirgan edim. Bugun Nitsshening mazkur fikrini  Sharofiddin Nazarovning “Evrilish nuqtalari: tarix va kelajak” nomli kitobiga nisbatan ham qo‘llamoqchiman. Sababi ushbu kitob nafaqat bugungi, balki kelajak avlodni ham tarixiy hodisalarni asosli tahlil qilish, ulardan saboq olish va zarur xulosalarni chiqarishga undaydi. Kitob o‘z ahamiyatini zamon o‘zgarsa-da, yillar o‘tsa-da saqlashiga, Nitsshe ta’biri bilan aytganda mangu yashab qolishiga tilakdoshman.

 

Akmal SAIDOV,

akademik

“MILLIY TIKLANISH” gazetasining 2026-yil 12-avgust 31 soni

Nashr sanasi 13.08.2026 Ko'rishlar 168
Ulashish